Qasham Nasafzoda 1959 yilda Ozarbayjonning Imishli mintaqasida tug‘ilgan. Ta’lim fakultetini tamomlagan. Tafakkur universitetida katta muallim vazifasida ishlagan. "Ozarbayjon" jurnalining she’riyat bo‘limini boshqargan. Ozarbayjon Yozuvchilar uyushmasining Boshqaruv hay’ati a’zosi, Bolalar adabiyoti sektsiyasining rahbari bo‘lgan.
"Sevgining so‘ngini so‘ylamang menga", "Uxlayotgan dengiz rasmi", "Bir kelin dolga bilan yonma-yon", "Sevishni istayman yangidan", "Kulimsagan daraxt", "She’rimning dastasi", "Seni eslaganimda", "Alvido, dunyoga kelgunga qadar" kabi va boshqa kitoblari nashr etilgan. She’rlari rus, ingliz, frantsuz, golland, turk va boshqa yigirmadan ortiqtillarga tarjima qilingan.
2004 yilda Madridda "Xalqaro Qizil Priz" mukofotiga, 2006 yilda Tavfiq Mahmud mukofotiga, 2008 yilda Rasul Rizo Xalqaro she’riyat mukofotiga loyiq ko‘rilgan.
O‘G‘LIM, ESHIKNI OCH, ESHIKDA BIR SHAMOL O‘LDI
Balki kecha butoqni sen sindirgandirsan...
O‘g‘lim, eshikni och, eshikda bir shamol o‘ldi.
Balki kecha sen bir daraxt ekmagandirsan,
Bas nega o‘lmasin eshigimizda shamol?
Balki bir daraxtning kamaygandir yaprog‘i
Oyog‘ini qaerga tirasin shamol?
Shamolning suvrati edi — qizlarning sochlari...
Qani sochlar?
Uchib ketmish shamolning tirgagi.
Shamol kerak otga tegsin uchun, ot qani?
Shamol kerak sochga tegsin uchun, soch qani?
Sevishganlar orasidan o‘tish uchun shamol kerak,
O‘tib bo‘ldi deysan o‘g‘lim, oh, eshikda bir shamol o‘lgan.
Shamol odamga tegar, o‘sa boshlar
Chaqaloq bir kurtak kabi
Ustki butoqlari chiqar.
Shamol kerak qo‘ldan tutib turg‘azishga,
O‘tdan yuksalar,
Dunyoga bir yashil yaproqdan esar.
Kerak deraza oynasiga shamol,
Cho‘qqiga intilgan bir bola paypog‘iga tegar.
Esdi, esdi tayanishga qo‘l topmadi.
Biroz ko‘rinishga bir qil topmadi,
Atrin tashimoqqa bir gul topmadi,
Bir paypoq ko‘rmadi cho‘qqida siypalashga,
Qani, qani bolalar?
Bir yo‘l topmadi to‘zini to‘zg‘itishga
Yo‘lni bosibdi o‘tlar.
O‘tlarning ustida surishdi shamol
Tura olmadi oyoqqa.
O‘g‘lim, eshikni och, eshikda bir shamol o‘ldi ...
U shamolni yig‘latgan eng ko‘p sening
Shamol kabi yuksalgan toring bo‘lajak.
IKKI SAHIFA
Qishloq yonidagi eski tegirmon
Ko‘z o‘ngimda hamon,
Yodimda qolgan yomon
Omon, omon, voh omon.
Otam-la keltirgandik bug‘doy torttirishga,
Endigina o‘tgandim yettinchi sinfga,
Qo‘limda adabiyot kitobi,
Bir varag‘ini qat-qat qilib buklagandim
Yangi darsning joyini.
Tirik bir soat chirillardi
Qat-qat buklaganim varaqdan.
Bir kelin ham bor edi qishloqlik, ersiz.
Qo‘llari bug‘doy toylari-la band
Bir oz hadikli
Yuzlari oq, ko‘ylagi chitdan.
Tegirmonchi
Don qabul qiluvchi bobo,
Oriq, mo‘ylovli
Qora chigirtka kabi kishi
Chiqar yuqori, sakrar quyiga.
Mo‘ylovi, qoshini qoplagan un
kun shu’lasida yiltillaydi,
Ko‘zlari kalamush ko‘zlariday miltillaydi.
Tegirmonchi
Don qabul qiluvchi bobo,
U yoqqa chopdi,
Bu yoqqa chopdi,
Birdan pastlikka yotdi,
Atrofni kuzatdi,
Kutilmaganda pastdan tepaga
Kelinga tikildi.
Bir ko‘zining ajinlari
oq varaq kabi qat-qatlandi.
Bas, ne edi u ko‘zlarni qat-qatlagan?
Kelin yerga kirib ketgudek edi.
Yuragim baliq kabi tipirlardi.
Uyga qaytdim
Qulog‘imda tegirmon ovozi
Yodimda esa ikki sahifa:
Biri adabiyot kitobimda qat-qat buklangan varaq.
Ikkinchisi tegirmonchining varaq kabi
qat-qatlangan ko‘zlari.
KATTALAR SANAMASI
Yaxshiyamki, men senga telefon qildim
Yaxshiyamki, telefonni o‘chirib qo‘yding
Yaxshiyamki, sababini surishtirmadim
Yaxshiyamki, endi meni sevmasligingni
Aytaqolding...
Yaxshiyamki, men seni o‘ldirmadim
Yaxshiyamki, yaqinimga kelmading sen ham
Yaxshiyamki, men ham seni quvib solmadim
Yaxshiyamki, sen ham qochmading
Yaxshiyamki, men chiqib bu tarafga ketdim
Yaxshiyamki, sen ham chiqib u tarafga ketding.
Miraziz A’zam tarjimalari