OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ramiz Askar (1954)

1954 yilda Omosiya tumanining Krrachanta qishlog‘tsda tug‘ilgan. Qorachanta litseyini tamomlagach, 1972 yilda Boku Davlat universitetiga kirgan, 1975 yilda Moskva Davlat universitetiga utkazilib, uni 1978 yilda tamomlagan.
Mehnat faoliyatini 1978 yildan Ozarbayjon radiosida boshlagan. So‘ngra "Bugungi Ozarbayjon" jurnalida, "O‘tlar yurti", "Hurriyat", "XXI asr" gazetalarida, 2000—2006 yillarda Boku Davlat universiteti turkologiya kafedrasida ishlagan. Hozirgi vaqtda shu kafedraning mudiridir.
Ramiz Askar professor, filologiya fanlari doktori, mashhur tarjimondir. Bir qancha monografiyalar, 1500 ga yaqin ilmiy maqolalar muallifi. Turkiya, AQSh, Rossiya, Germaniya, Xitoy, O‘rta Osiyo, O‘rta Sharq mamlakatlarida o‘tkazilgan xalqaro konferentsiyalarda ma’ruzalar qilgan.
Qardosh turkiy adabiyotlarning eng yaxshi namunalarini, jumladan "XX asr o‘zbek she’riyati antologiyasi"ni Ozarbayjonchaga tarjima qilib, chop ettirgan. Bundan tashqari u zamonaviy o‘zbek shoirlarining asarlarini tarjima qilib, Ozarbayjon matbuotida davomli suratda chop etgirib kelmokda. 2011 yilda "Boburnoma"ni Ozarbayjonchaga tarjima qilib, nashr qildirdi va O‘zbekistonning xalqaro Bobur mukofoti bilan takdirlandi.
Bundan tashqari Ramiz Askar Turkiyaning "Yangi O‘rxun", 'Turk dunyosiga xizmat", Turkmanistonning "Oltin asr" mukofotlariga sazovor bo‘lgan.


YUBOR

Ustozlarim — turkolog olimlar Bilga xonim va Ahmad Bejon Erjilasunlarga, o‘g‘illari Sotuq Bug‘raning fojiali vafoti munosabati bilan

Yo‘q bu dardning chorasi,
Dunyoda u bor — bu bor.
Bitmas ko‘ngil yarasi,
Yoqsin, jigarga yubor.

Duo qilib Allohga,
Ohlarni ulab ohga,
Oqshom yubor sabohga,
Tunda saharga yubor.

Nahot cho‘kdi saroyi,
Botdimi quyosh, oyi?
Sotuq Bug‘roning joyi —
Chinga, safarga yubor.

Bilgam, Ahmadim bejon,
Qanday chidar bunga jon?
Bo‘l darding, yarmin bu on
Ramiz Askarga yubor.


G‘AMI

Do‘stlarim Fikrat Nag‘makor va Tohir Qahhorga

Bitdi ko‘klam, bitmadi lek gul g‘ami, gulshan g‘ami,
Ketdi do‘st-yor, ketmadi lek el g‘ami — ulkan g‘ami.

Tindi epkin ham bo‘ronu, tindi dengizda to‘fon,
Ammo tinmas ruhda hech ul yel g‘ami, yelkan g‘ami.

Keldi qahrim, yetmadi chun sevgilimga xatlarim,
Ketdi ul yor, ketmadi lek yor g‘ami, dushman g‘ami.

Botdi oy, lek botmadi zulmatda ruhim yulduzi,
Yetdi tongga yetmagan ul nur g‘ami, ravshan g‘ami.

Ey Ramiz Askar, o‘limga tayyor askar senmisan?
Har zamon tayyormenu dilda yurt, maskan g‘ami.


YORING SO‘Z BERDIMI?

Yor senga so‘z berdimi?
So‘z berdi, so‘z oldi-da.
Qalbini tez berdimi?
Berdiyu tez oldi-da.

Yor senga dil berdimi?
Berdi, qaytib oldi-da.
Yashnagan gul berdimi?
Guli so‘lib qoldi-da.

Yor seni yig‘latdimi?
Yig‘latdi, kuldirdi-da.
Hech seni aldatdimi?
Aldadi, o‘ldirdi-da.

Dardingni yor bildimi?
Bildiyu bildirmadi.
Sen-la olg‘a jildimi?
Jildiyu jildirmadi.

Qani ishqing gavhari?
Sotdi bilib-bilmasga.
Qani u sevgan yoring?
Ketdi borsa kelmasga.

Tohir Qahhor tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.