OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sobir Rustamxonli (1946)

Shoir, publitsist, olim va jamoat arbobi. U 1946 yilda Yordamli tumanining Hamarkent qishlog‘ida tug‘ilgan. O‘rta maktabni bitirgach, Boku Davlat universitetining filologiya bo‘limida o‘qigan. "Qishloq yo‘li” degan ilk she’ri 1964 yilda "Ozarbayjon yoshlari" gazetasida bosilgan. "Adabiyot va injasan’at" gazetasida, "Yozuvchi" nashriyotida bosh muharrir, Ozarbayjon respublikasi Davlat matbuot qo‘mitasida rais bo‘lib ishlagan (1967— 1993).
1990 yilda deputat bo‘lib saylandi; u "Vatandosh hamraylish" partiyasi raisi, Milliy Majlis depugatidir. Qirq yildirki, u o‘z she’rlari, o‘tli publitsistik asarlari, adabiy-ilmiy maqolalari bilan Ozarbayjon adabiyoti va jamiyatining rivojlanishiga, o‘z xalqi milliy tushunchasining shakllanishiga, yuksalishiga xizmat qilib kelmokda.
Uning "Tanimoq istasang" (1970), "Sevgim, sevinchim" (1974), "Xabar kutib" (1979), 'Tanja qapusi" (1981), "Yasha, ona tilim" (1983), "Qon yoddoshi" (1986), "Umr kitobi" (1989), "O‘lganda bayroqqa o‘ralurmen", "Ichimdagi dard og‘ochi", "Bu yurt menga tanish", "Zamon mendan kechar" (1995) kabi yigirmadan ortiq kitoblari bosilgan. Bu asarlarning ko‘pchiligi rus, turk va boshqa chet tillarga tarjima qilingan. Ayniqsa, "Umr kitobi" bir necha turkiy tillarga ag‘darilgan va ozarbayjondagi kitobxonlar mehrini qozongan.


CHIDOLMAYMAH

Erkin o‘sgan tog‘ o‘timan,
O‘rganga hech chidolmayman.
Achchiq so‘z-la jon achitib
Turganga hech chidolmayman.

Kesib yolg‘on qo‘li bilan,
Osib talon yo‘li bilan,
Holim ilon tili bilan
So‘rganga hech chidolmayman.

Yo‘limizni bura-bura,
Ko‘ksimizni yora-yora,
Suyakdan ko‘shk qura-qura
Yurganga hech chidolmayman.

Mol yig‘aver, yo‘ldan ozgan.
Biroq o‘lim qabring qazgan.
Ey baxtimni qora yozgan,
Qorangga hech chidolmayman!...

Orzularim yonar bir o‘t,
Orzularim o‘sar bir o‘t,
Dunyo iti, naridan o‘t,
Hurganga hech chidolmayman!...
1985 yil


SO‘ZING QOLDIMI?

Men bilan har yerda tortishma, sotqin,
Haqdan so‘ylamoqqa so‘zing qoldimi?
Sotding bu millatning paxtasin, neftin,
Bozorga solgani bo‘zing qoldimi?

O‘zga qo‘g‘irchog‘i, o‘zga sasisan,
Asillar tinganda, aks sadosisan,
Qo‘ldan qo‘lga o‘tgan pul qog‘ozisan,
O‘z ranging qoldimi, yuzing qoldimi?

Elni parchalading, malaysan yotga,
Sen ham zamon qilgan bir yanglish, xato.
Aql maydonida pul o‘tmas, otam,
Tikka olishmoqqa tizing qoldimi?

Yovni sevintirding, bizni bo‘zlatding,
Yotga gul uzatding, menga tosh otding,
Millatning o‘tini dushmanga sotding,
Endi isinmoqqa ko‘zing qoldimi?

Kelgan farmonlarga har jumlang to‘la,
G‘o‘daygan, shu kunga qoldingmi? O‘l-a!
Pok vijdon so‘zini og‘zingga olma!
Boshdan ayrilgansan, esing qoldimi?

Sizlar kuladirsiz, men g‘am toshiman,
Har siniq ko‘ngilning suhbatdoshiman,
Men qoya yozuvi, qon yoddoshiman,
Boq, milliy yo‘llarda izing qoldimi?


SINMA

G‘am yurakni qish etar.
G‘amni ko‘klar eshitar.
Bu ham Alloh ishi-da,
Tonma, qardoshim, tonma!

Boy berganim bu chog‘dir,
Nomard, sotqin qochog‘dir.
O‘zing qazgan o‘chog‘dir,
Yonma, qardoshim, yonma!

O‘z yo‘limiz shul emish,
O‘z ruhimiz qul emish,
O‘ng qo‘limiz so‘l emish,
Aldanma, sen aldanma!

Endi ko‘z yoshing artgil,
Endi har yo‘lingni bil!
Chumolini yana fil —
Sanab, qo‘rqib, pislanma!

Tulki kelar qasdingga,
Qarg‘a kelar po‘stingga,
Dunyo kelar ustingga —
Sinma, qardoshim, sinma!
1994 yil


XALIL RIZO
(Marsiya)

Qirq yil o‘z kafaningni o‘z bo‘g‘zingda tashiding,
Ko‘ksingni handaq etding, handaqlarda yashading,
Menga faqat do‘st emas, qoni bir qardosh eding,
Daftari o‘choqtoshi, yo‘l toshi Xalil Rizo!
Nasimiyning, Jovidning yo‘ldoshi Xalil Rizo!

Yog‘iy o‘ydi ko‘zlarni Kalbajarda, Lochinda,
Xalq ikki yo‘l boshinda, Vatan olov ichinda,
Millatning botir so‘zi qalamining uchinda,
O‘lkasiday so‘zi qon, ko‘ksi qon Xalil Rizo!
Tiriklay shahid yurgan qahramon Xalil Rizo!

Yurak to‘zmas, bu yurtni bo‘ldi chala-yarimlar,
Ko‘zida g‘am bulog‘i, ko‘zida yildirimlar,
Tobutda ham Tabriz deb hayqirar — tinglar kimlar...
Qalam-la tosh sindirgan, tog‘ yorgan Xalil Rizo!
Tabrizdan, Qorabog‘dan nigoron Xalil Rizo!

Bolalarday soddadil, dohiyday ruhi sinmas,
Egri do‘stdan ezilib, tog‘ bossa-otib, tinmas,
Terisi shilinsa-da iymoni hech shilinmas,
Karvon chekmagan dardni chekkan bir Xalil Rizo!
Boshni millati uchun tikkan bir Xalil Rizo!

Endi uncha farqi yo‘q ne yaxshilik, yomonlik,
So‘zning yo‘li mangulik, umr yo‘li bir onlik,
Senga makon berarkan, shon topdi qabristonlik,
Kulgusi o‘zini-da kuldirgan Xalil Rizo!
Bardoshi o‘limni ham o‘ldirgan Xalil Rizo!

Yuragini siqardi o‘rgimchaklar dunyosi,
Qo‘rqoqlar, sotqinlarning qafasi tor dunyosi,
Dushmanga fursat bergan kunning murdor dunyosi,
Qalamida jahonni silkitgan Xalil Rizo!
Ummondek to‘lqin otib, hurkitgan Xalil Rizo!

Terding Turon chechagin Turkistonlar sasindan,
Oltoydan Oqdengizga yurishlar havosindan,
Ozodlik ruhing uchdi umring tor qafasindan,
O‘tim, o‘t qo‘riganim, Uluturk Xalil Rizo!
O‘limidan tug‘ilgan, ey buyuk Xalil Rizo!..

Tohir Qahhor tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.