Ozarbayjon xalq shoiri Rustamzoda Sulaymon Aliabbos o‘g‘li (Sulaymon Rustam) No‘vxoni qishlog‘ida temirchi oilasida tug‘ilgan. 1928 yili Ozarbayjon Davlat universitetining sharq fakultetiga kirgan, so‘ngra 1929 yilda Moskva Davlat universitetining adabiyot va san’at fakultetiga o‘tkazilgan.
Ozarbayjon Davlat akademik drama teatri direktori, "Adabiyot gazetasi" bosh muharriri, Ozarbayjon Oliy Kengashi raisi bo‘lib ishlagan. 1989 yil 10 iyunda Bokuda vafot etgan.
TUG‘ISHGAN SHAHAR
Toshkent, qadim shahar, quloq sol bir oz,
Qardoshing, Bokuning shoir o‘g‘liga.
"Jon", deydi, bag‘ringda kuylagan bu soz,
Bog‘ingda, bog‘changda joy ko‘rsat unga.
Tilimdan tushmaydi shuhrating, oting,
Suhbatda men nuqul sha’ningni deyman.
Ko‘zimdan bir lahza yiroq bo‘lmading,
Men seni har qayda Vatan atayman.
Birdir bayrog‘imiz, birdir orzumiz,
Birdir qo‘shig‘imiz el orasida.
Payqar sof ishqimni har yigit, har qiz,
Shoir ko‘ksimdagi so‘z daryosida.
Ey, zangor do‘ppili, gul kiygan shahar,
Ona beshigisan qahramonlarning,
Manglayda quyoshday porlaydi zafar,
Issiq quchog‘isan mard insonlarning.
Men senga maftunman yillardan beri,
Mening armonimda, tilagimda sen.
O‘zbek qardoshimning dilbar shahari,
Tuqqan shaharimday yuragimda sen.
Maqsud Shayxzoda tarjimasi
O‘RNINI BOSA BILMAS
Men qo‘llari qabariq, vatanimda bir bog‘bon,
Bog‘chamning gullarini yot qo‘llar uza bilmas.
Kezib yursin jonimday aziz yorim xiromon,
Ishqimning sharorasin ko‘r ko‘zlar ko‘ra bilmas.
Yuragimning ko‘zidir mening dunyoga darcham,
Ko‘rganlarim naqsh bo‘lib dilga yozilar har dam.
Dunyoning qo‘shiqlari bari bo‘lganda ham jam,
Bir ona allasining o‘rnini bosa bilmas.
Zulfiya tarjimasi
ISYON KUTAR
Uzoq ellarning mehnatkash yoshlariga
Vujudingni ezar ekan qayg‘u alam, asorat,
Bas qil bunday yotmoqlikni, qo‘zg‘al, tur, bu na holat!
Yana ofat changal solar, ana ko‘rib turibman,
Nahot seni uyquda-yu g‘aflat aro ko‘rib turibman,
Qani go‘zal, olov yoshlik, dushmaningga hamla qil,
Isyon ko‘tar, yana isyon, bu kurashni sharaf bil!
Ruhlaringni kemirmasin u "madaniy" zotlar, tur.
Ko‘zlaring och, ey qardoshim, atrofga boq, qani yur!
Yana dahshat tuzog‘ini qo‘ymoqdalar, ana boq.
Yana senmi qon qusarsan? Qanday dahshat, bu evoh!
Mana bizda bahor fasli, gul-chechagu nur, quyosh...
Nega sening ko‘zlaringdan yosh oqadi, achchiq yosh?
Nega boyqush yayrab yurar sening ona yurtingda?
Haqqing olmoq niyat bo‘lsa yosh qalbingda, qaddingda.
Oyoqqa tur, uni yo‘q qil, g‘animatdir har bir dam.
Ko‘r-chi, nima talab etar sendan yangi bu olam:
— Isyonchi bo‘l, isyonchi bo‘l, isyonchi bo‘l beomon!
Sharqning yongan chirog‘ini qayta yondir, ey inson!
Tur, yig‘lama, yoshlaring art, qiynalmasin axir jon.
Isyon ko‘tar, isyon ko‘tar, do‘stlaring-la yonma-yon!
Zanjirlarni parchalab ot, seni kutar hurriyat,
Isyon bilan, isyon bilan, yo‘l topadi haqiqat!
Shuhrat tarjimasi
NE HOJATDIR...
Maroqli o‘tarkan majlisda suhbat,
Palov ne hojatdir, osh ne hojatdir?
"Og‘zi bo‘sh" odamlar oldida gullab
Etmak o‘z siringni fosh ne hojatdir?
Axir u Vatanga ko‘ngil bermagan,
Bir gul undirmagan, bir gul termagan,
Fitna-yu fasoddan yuz o‘girmagan,
Qabrining ustiga tosh ne hojatdir?
Bodani qo‘lidan sira qo‘ymagan,
Maqtovu shuhratdan ko‘zi to‘ymagan,
Vatanni tuymagan, elni tuymagan —
Yuraksiz odamga bosh ne hojatdir?
Oydin Hojieva tarjimasi