OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Zelimxon Yoqub (1950)

Zelimxon Yoqub 1950 yilda Gurjiston Jumhuriyatining Kapanakchi qishlog‘ida ziyoli oilasida dunyoga kelgan. O‘rta ma’lumotni o‘z qishlog‘ida olgan. 1972 yilda Bokudagi Ozarbayjon Davlat universitetini bitirgan.
1973— 1978 yillarda "Ozarkitob" sistemasida kitob sotuvchi, bosh sotuvchi, iguba mudiri bo‘lib ishlagan. 1975—1985 yillarda Ko‘ngilli Kitobsevarlar jamiyatida muharrir, 1986— 1994 yillarda "Yozuvchi" nashriyotida bo‘lim mudiri bo‘lib ishlagan.
Shoirning 15 dan ortiq she’riy tuplami nashr etilgan. "Ko‘nglimning ovozi" (1980), "Yo‘lim eldan boshlangan" (1981), "O‘t olgan o‘choqlar" (1989), "Biz bir ishqning rishtasimiz" (1989), "Ziyorating qabul bo‘lsin" (1991), "Shoir hayqirig‘i" (1995), "Bir qo‘li tuproqda, bir qo‘li haqda" (1997), "Bu yashil daraxtning osti bizniki" (2000), "Seni sevmak uchun keldim dunyoga" (2003) kabi kitoblari shular jumlasidandir. Uning "Shoir tolihi" nomli to‘plami frantsuz tilida, "So‘z jomi" kitobi gurji tilida, "Zelimxon Yoqubning hayoti va bir dasta she’rlari" nomli kitobi olmon tilida chop etilgan.


DINIMNING OTI SEVGI

Tillar ayirar bizni, dinlar ayirar bizni,
Shaytonlar nifoq solar, jinlar ayirar bizni,
Sevgilar emas, g‘azab, kinlar ayirar bizni,
Hayotimning, umrimning dinimning oti sevgi,
Mening bitta dinim bor, dinimning oti sevgi.

Ruh odamga berildi. Odamni ruh yaratdi,
Basharni qutqarish-chun kemani Nuh yaratdi,
Savashni, qon-qirg‘inni, qora kunni yaratdi,
Hayqirig‘im, sasimning, unimning oti sevgi,
Mening bitta dinim bor, dinimning oti sevgi.

Hizr, Dovud, Sulaymon, Muso, Iso, Muhammad,
Hammasi etu tirnoq: ishq va sevgi, muhabbat,
"Vahdati vujud" dedi, tanga inondi vahdat,
Namoz, qiblam — yo‘nalgan yonimning oti sevgi,
Mening bitta dinim bor, dinimning oti sevgi.

Sevgi quyosh kabidir: o‘ngga, tersga bo‘linmas,
Tariqatga, mazhabga, sinf, darsga bo‘linmas,
Inglizga, olmonga, rusga, forsga bo‘linmas,
Turkimning, arabimning, chinimning oti sevgi,
Mening bitta dinim bor, dinimning oti sevgi.

Ildizim, butog‘imning, tizimning, tirgagimning,
Ruhimning, nafasimning, jonimning, yuragimning,
Tandirim, tog‘oramning, tuzimning, churagimning,
Sunbulimning, dalamning, tanimning oti sevgi,

Tug‘ilganimda sevgi, o‘lmagim ham sevgidir,
Hayotimning, qalbimning, so‘ngimning oti sevgi,
Ruhimning, nafasimning, jonimning oti sevgi.
Mening bitta dinim bor, dinimning oti sevgi.


MENGA UMID KABI BOQ

Menga umid kabi boq: tiklayman gumoningni,
Menga bir nur kabi boq: tarqatgum tumaningni,
Menga inonch kabi boq: yo‘l bermay xiyonatga,
Menga sevgi kabi boq: aylanay muhabbatga.

Menga sahar kabi boq: o‘grilay sabohingga,
Menga sevinch kabi boq: nuqta qo‘ygum ohingga,
Menga bahor kabi boq: yashillanay, ollanay,
Menga kuzak kabi boq: shiralanay, bollanay.

Menga hayot kabi boq: qaynay, yosharsin yoshim,
Boq, menga ko‘z tikishgan: otam, onam, qardoshim.
Basharti menga boqsang barmoqlar orasidan,
Qutulolmam hech qachon yuragim yarasidan...

Demak, qalbimga qadar, demak siynam dog‘isan...
Bu ketishda ey inson!
Na men balandlashaman, na sen yuksalajaksan!


XALIL RIZO

Qorabog‘ urushida halok bo‘lgan shoir, general Xalil Rizo 23.06.1994 yilda tuproqqa berilarkan:

Senga qanday alla aytay, sof imonim Xalil Rizo,
Sensiz kuylab o‘tgan emas biron onim Xalil Rizo.

Ostim ustimga aylandi, tuman tutunga aylandi,
Dunyo qasdimga aylandi, oqdi qonim Xalil Rizo.

Saroylarim vayron bo‘ldi, jon erigan shamga do‘ndi,
Tim qorong‘i shomga do‘ndi nurli tongim Xalil Rizo.

Sensiz qancha tog‘lar yarim, butun edim, qoldim yarim,
Guldan shira tortmas arim, to‘lmas shonim Xalil Rizo.

Ovchi otgan bir ov bo‘lding, sochimdagi qirov bo‘lding,
Jonimdagi olov bo‘lding, yondi jonim Xalil Rizo.

Miraziz A’zam tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.