OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Adam Mitskevich (1798-1855)

http://www.ziyouz.com/images/stories/jahon_adab/adam_mitskevich.jpgShoir Adam Mitskevich 1798 yil 24 dekabrda Polshaning Zaose qishlog‘ida, advokat oilasida dunyoga keldi. U davr Polsha zamini o‘z atrofidagi qo‘shnilari tomonidan taqsimlab olingan paytlar edi. Albatta bunday sharoitda hayot alg‘ov-dalg‘ov, ilg‘or fikrli kishilar mamlakat nomini tiklab olish harakati bilan band edi. 
Mitskevich Vilno universitetiga kirgan 1815 yilda uning vatani qaytadan taqsimlanib, Rossiyaga bo‘ysunuvchi Polsha qirolligi tashkil topdi. Talaba yigit esa faqat filologiya fanini o‘rganish bilan chegaralanmay, ijtimoiy hayotga ham boshi bilan sho‘ng‘ib ketadi: u milliy mustaqillik va siyosiy ozodlik uchun kurash olib borayotgan do‘stlarining jarchisi bo‘lishga harakat qilib, yangroq she’rlari avval qo‘lma-qo‘l, so‘ng matbuot orqali tarqala boshladi. Oliy ma’lumot olib, muallimlik qilgan paytlarida ham u vatanparvarlar harakatining markazida bo‘ldi.
Rossiya hukumati anoyi emas, edi albatta: bu harakatning eng faol ishtirokchilari qo‘lga olinib, jazoga tortiladi. Safdoshlarining yaxshi sir saqlaganliklari sababli shoir ustidan yengilroq hukm chiqarilib, u Rossiyaning ovloq o‘lkalariga badarg‘a etiladi. Uning bir dardi ikki bo‘ldi: sal avval Adam o‘z jonidan ortiq sevgani – Marila Vereshchakdan ayrilgan, badavlat ota-onalar qizlarini graf Putkamerga uzatib yuborishgan edi.
Mitskevich 1824 yil 25 oktyabrida yo‘lga chiqib, Neva daryosi o‘z qirg‘oqlarini buzib, quturayotgan kunlarda Peterburgga yetib keldi. Uni Shimoliy jamiyatning Rileyev, Bestujev kabi atoqli a’zolari o‘z bag‘irlariga oldilar, ijodlari bilan o‘rtoqlashdilar. Shoir Odessa va uning atroflarida bir yilcha yashab, qaytib kelganida esa, uning do‘stlari dekabrist sifatida qamoqqa olinib, tergov qilinayotgan edi.
Shundan so‘ng, asta-sekin, Mitskevich va Pushkin o‘rtasida yaqinlik, bora-bora qilin do‘stlik tug‘iladi, ijodiy hamkorlik boshlanadi. Darvoqe, men ham ushbu turkumdagi “Sardor”, “Budris va o‘g‘illari” degan she’rlarni Pushkin tarjimasi asosida o‘zbekchalashtirganma.
Adam Mitskevich umrining eng gullagan chog‘larini sargardonlikda o‘tkazgan bo‘lsa ham, xayolan doim el-yurti bilan yashadi. Shoir o‘z ko‘ksida olib yurgan vatani uning dostonlarida ayniqsa ko‘zgudek aks etib turadi. Masalan, “Grajina” XIV asrga chekinib, feodallarning noahlligini, hatto o‘z shaxsiy foydasini o‘ylab, yovga o‘yinchoq bo‘lishlarini kuyinib hikoya qiladi. Faqat ona tuproq xatar ostida qolgandagina polyak va latviyaliklar ruslar bilan birlashib, qadlarini tiklab oladilar. Bu mavzuni shoir “Konrad Vallenrod” dostonida ham davom ettiradi, kishining baxti vatan va xalq baxtiyorligidan tug‘ilishi haqida fikr yuritadi.
Xalq o‘zining urf-odatlari bilan tirik. Mitskevich o‘n yildan ortiqroq mehnat qilib, baribir bitirolmay ketgan “Dzyadi”, ya’ni “Arvoh yo‘qlov” dostonida faqat o‘tganlar ruhini obod qilish bilan chegaralanmay, o‘zi surgunda kezgan yo‘llarning achchiq-chuchugini ham o‘rtoqlashadi. Shoirning oxirgi yirik asari – “Pan Tadeush” (uni she’riy roman, hatto epopeya deb ham atashadi) polyaklar nihoyat bir uya atrofida asalariday birlashib, yangi va yangicha hayot boshlaganlariga umid va ishonch bilan yo‘g‘rilgan. Bu asarlarni o‘qir ekanmiz, iste’dodli ijodkor qalamini yuksak maqsad yo‘naltirib tursagina mehnat mevasi hech so‘lmas ekan, degimiz keladi.
A.Mitskevich 1855 yil 26 noyabr kuni Istanbulda vabo kasaliga chalinib, hayotdan ko‘z yumadi.


FILARETLAR QASIDASI

Tinmasin hayot hech, gupirsin!
Dunyoga kelganmiz bir marta:
Qalbimiz singari ko‘pirsin
Billuriy qadahlar qo‘llarda.

Davrada charx urgan ol sharob –
Yoshlikka egizak ilhomchi!
Yuksalsin, har qadah – bir oftob,
Qolmasin tubida bir tomchi!

Polyakning sharobi – bolimiz,
Emasmiz yot tillar oshig‘i.
Tutashar dillarga dilimiz,
Yangrasa ona-xalq qo‘shig‘i.

Kitobiy gaplarni suymaymiz!
Ajdodlar sabog‘i bebaho:
Quvnasak – yunonday quvnaymiz, 
Jang qilsak – rimliklar rahnamo.

Keldi qonunpazlar! Ey, mezbon,
Qo‘yaver qadahni o‘rtaga:
Haq erur buguncha zo‘ravon,
Haqiqat zo‘r kelur ertaga.

Hurriyat dardini tortganlar
Buguncha nafasin yutadi.
Ahillik tuzini totganlar
Dil yozmoq damini kutadi!

Po‘latni bukolgan kishilar
Zamonni ham oxir bo‘lajak:
– Ofarin sizlarga, yaxshilar, –
Deb Baxus ol sharob tutajak!

Dilbarin tabarruk tilidan
Tabarruk so‘z tatib kimyogar,
O‘shanda minnatdor elidan
Tashakkur tinglagay donolar.

Arximed – yulduz-la muttasil
Sirlashib yashagan zo‘r odam.
Lekin u o‘z tayanch nuqtasin
Topolmay ko‘z yumdi dunyodan.

Nyuton qo‘li ham qisqargan, 
Qisqadir jahonni quchmoqqa,
U yo‘riq so‘rasin bizlardan,
Ahd etsa yangi yo‘l ochmoqqa.

Qalbi muz sayyora emasmiz,
Samoviy xarita ne darkor? –
Kuchanib ovora emasmiz,
Kuch emas, ishonchda hikmat bor.

Qalbimiz qo‘rini o‘lchagan
Qo‘llarni bosajak qaltiroq:
Bir –
 zaif ikkiga nisbatan,
Ikki-chi? Birlikdan zaifroq!

Onlar ham, hayot ham gupirsin!
Dunyoga kelganmiz bir marta:
Qalbimiz singari ko‘pirsin
Billuriy qadahlar qo‘llarda.

Vujudda qonimiz to‘ngmasin
Bo‘sh o‘tib umrning bir oni
Va Feli nigohi so‘nmasin,
Deb kuylar Filaret o‘g‘loni.
 

KEMACHI

O, hayot ummoni, dahshatsan, dahshat!
So‘lim siynang uzra chiqqandim yo‘lga,
Hayqira boshlading taratib vahshat!
Yurib bo‘lmas ekan na ort, na oldga,
Qo‘llarga itoat etmagach murvat!

O‘zin baxtli sezar kemachi-malloh,
Go‘zallik va Mehr ko‘rsatganda yo‘l:
Borliqni zimiston quchganda nogoh,
Shu ikki farishta cho‘zib unga qo‘l,
Orzu sharobi-la etarkan ogoh.

Mehr qadahini ko‘tarsang agar,
Shuhrat cho‘qqisiga yetmog‘ing oson,
Bu boda kayfidan tug‘ilgay zafar;
Malloh-chi, Go‘zallik jilmaygan zamon,
Ezilib ketsa-da, yo‘lini topar.

Afsuski, Go‘zallik yuz ko‘rsatib sal,
G‘oyib bo‘lishi ham mumkindir tezda.
Umiding iplari bo‘laru chigal,
Yetimday sezasan o‘zni shu kezda
Va alam qalbingga soladi changal.

Samoviy Go‘zallik tark aylagan chog‘
Zulmatda bo‘ron-la olishmoq azob:
Qo‘l izlab, xarsangga yo‘liqasan goh,
Yo muz quchog‘ida bo‘lasan xunob,
Qanday chidar bunga tirik jon, evoh?!

Men-ku, zulmat quchib, o‘kirsa hayot,
Qutulishim mumkin bir imo qilib...
Lekin o‘zgalar-chi? To‘lqinda, hayhot,
Na o‘lar, na qolar: borar osilib,
Nahot shu yashash deb atalur, nahot?!

Menga deydilarki, hayot – o‘tkinchi,
Men esa ishonchdan olaman madad.
Chalg‘itib tursa-da o‘lja ilinji,
Nurin tarayverar abadul-abad, –
Ruhiyat yulduzin buzilmas tinchi.

Sohildan keldimi bu baqir-chaqir?
Hah, do‘stlar yo‘qlabdi qoyada turib.
Tavba, quchsa hamki tuman-toshbag‘ir,
O‘pqon-la olishib yotganim ko‘rib,
Og‘rib ketmadimi ko‘zingiz, axir?!

Hozir bo‘la qolsam to‘lqinga taslim,
Tushunmasangiz ham neligin bo‘ron,
Garchi yo‘q hech kimdan hech qanday qarzim,
Tilingiz zahriga bo‘lardim nishon
Va ta’na toshidan qutulolmasdim.

Azoblar ro‘yxati bo‘lmasdi tamom:
Kemamning hamrohi – yomg‘ir, do‘l, chaqmoq.
Menga tomoshabin aytmasin ahkom,
Hakam qalbimdadir, hakamim – iloh.
– Siz qayting, men yo‘lda etaman davom.


GUMON

Ko‘p ham kuyinmayman seni ko‘rmasam,
Esim og‘ib qolmas ko‘rganimda ham.
Lekin yo‘llarimiz tushganda yiroq,
Timdalay boshlaydi dilimni firoq.
Bu sirning sababin izlayman gohi:
Ishqibozlikmikin, ishqmikin yoki?!

Siyoqing ohista bo‘lganda g‘oyib,
Netay, xotiramni qolsam-da koyib,
Shukrona aytaman, men bilan bugun
Shu yorug‘ dunyoda borliging uchun.
So‘ng qiynar so‘kilib uyqumning choki:
Ishqibozlikmikin, ishqmikin yoki?!

Sening ostonangni izlab topguncha
Jafolar chekdimmi axir ozmuncha?!
O‘sha dardlarimni hali ham bir bor
Kuylab, etolmadim o‘zingga izhor.
Yo‘limni yoritgan aql chirog‘i
Ishqibozlikmikin, ishqmikin yoki?!

Dardingni olayin jonga ulab jon,
Senga sog‘lig‘imni etay armug‘on.
Iljayma, so‘zlarim havoyi emas,
Men uchun bir umr yashnab yursang bas.
Ayt-chi, qo‘rsligingning bormi izohi:
Ishqibozlikmikin, ishqmikin yoki?!

Qo‘lingni ohista qo‘limga olsam
Va orzu bag‘riga cho‘mib-yo‘qolsam,
Uyqu neligini bilmagan gumon
Sho‘rlik yuragimda uyg‘otar to‘fon,
Aqlimni shoshirar uning so‘rog‘i:
Bu olti misrali otashin nafas
Ilhom parisining in’omi emas,
Bilmadim, satrlar odimlab vazmin,
Qanday kelib qoldi qofiya, vazn;
Shoirni shu qadar etgan sayroqi
Ishqibozlikmikin, ishqmikin yoki?!
 

IKKI SO‘Z


Bir so‘z aytolmay tilim bo‘lar lol
Uchratib qolsam avloqda seni.
Balqimay turib ko‘zingda xayol,
Uqqim keladi dilingdagini.
“Ne so‘z aytar?” deb boqaman mahtal,
Sen lablaringni ochmasdan avval
Uqqim keladi tilingdagini.
Ko‘zim intizor, qalbim intizor,
Buni o‘zing ham tushunasan, yor.
Eng noyob so‘zlar jo‘ngina bo‘lar:
“Seni sevaman, seni sevaman!”
Deganlaringni eshitgim kelar.

So‘nib qachondir hayot degan sham,
Arshi-a’loni aylasak vatan,
Yorim, hattoki o‘sha yerda ham
To‘ymay termulib xumor ko‘zingga,
“Seni sevaman” degan so‘zingga
Bo‘lardim albat o‘zim xaridor
Hamda tinglardim takror va takror.
Uni eng noyob qo‘shiqday qonib,
Tongdan kechgacha jo‘shib va yonib:
Ha, million-million jilvalar ila
Taralaversin go‘yoki shu’la
“Seni sevaman” degan ashula!


“QRIM SONETLARI”DAN

KO‘ZLOV CHO‘LDAN TOQQA KO‘Z TASHLAB...

Sayyoh va Mirzo

S a y yo h

Nahot bu alp tog‘ni yaratmish olloh
Farishtalar uchun taxt o‘rnatay deb?!
To‘sib turganmikin yo‘lni yoki dev,
Bevaqt botmasin deb yulduzlar nogoh?!
Tog‘ ufqi lovullar go‘yoki o‘choq,
Yo o‘t tushdimikin Shohinshaharga?
Yoki yo‘l ko‘rsatib sayyoralarga,
Yoqib qo‘yganmikin xudoyim mayoq?

M i r z o

U yerga chiqqanman. Unda qishu yoz
Daryo, buloqlarni sug‘orar Ayoz,
“Uh” desam, qor yoqqan og‘zimdan yerga.

Bulutni poralab yana yuksalsam,
Tegay deb qolgandi yulduzga sallam,
Bu – bizning Chodirtog‘, bildingmi?

S a y yo h

 Eh-ha-a!


HARAMDAGI QABRISTON

M i r z o – s a y yo h g a

Muhabbat bog‘ini quritdi olloh,
Meva berishini kutmasdan gullar;
Rohat dengizida yayramas ular,
Faqat bosib yotar bag‘riga tuproq.

Tanlar vaqt qa’rida bo‘lsa-da g‘oyib,
Kimdir dastor qo‘yib qabr boshiga,
Qay bir kofir esa qabr toshiga
Marhumlar ismini yozibdi o‘yib

Bir umr to‘rt devor ichra asrab jon,
Kun ko‘rib bu shaffof chashmalar aro,
O jannat gullari, bo‘ldingiz xazon.

Bugun poyingizga, bamisli gado,
Ko‘z yosh to‘kib kelgach g‘ayridin mehmon,
Xobgohingiz ochdim, kechirsin Xudo!


AYIQTOG‘

Ayiqtog‘, kiftingdan boqaman xushhol
Sen tomon yugurgan niliy to‘lqinga:
Bosh urgach, aylanib kumush yolqinga,
U bir dam havolab, to‘kilar behol.

Sal o‘tmay, sohilda ko‘tarar g‘ovur
Navbatdagi to‘lqin undan ham battar.
So‘ng, poda-baliqday, iziga qaytar,
Poyingda qoldirib shag‘al yoki dur.

Sevgi ham, ey hofiz, ajoyib narsa,
Ko‘zingni tindirar zabtiga olsa,
Yana borliq yashnar boshlasang navo.

Ovozing bo‘g‘olmas momaqaldiroq,
She’r-qo‘shig‘ing esa yangrar avjliroq,
Mangu o‘lmaslikka yo‘llanmanamo.


SARDOR

Tun yarimdan o‘tganda, bedor,
Uyga qaytdi safardan sardor.
Shubha o‘rtab uni xuddi cho‘g‘,
Xizmatkorlar damin o‘chirib,
Eshik ochib, pardani surib
Qarasaki, malikasi yo‘q.

G‘azabidan olayib ko‘zi,
Tomog‘iga tiqildi so‘zi.
So‘ng moshguruch mo‘ylovin burab,
Yeng shimarib, mushtin tugdi-yu,
Malaylarga zahrin sochdi u:
“Yaramaslar, o‘zi nima gap –

Qayda qoldi qulf-kalitlar,
Qayga ketdi qo‘riqchi itlar?
Men hammangni... Yo‘q, yo‘q, biring tur,
Qanorqop va arg‘amchini ol,
O‘qlab uzat miltiqni darhol,
Bir boplayki,.. Qani, endi yur!”

Ketdi devor panalab sardor,
Pisib borar yonida dastyor.
Boqqa kirib, boqsalarki jim,
Hamon obod favora bo‘yi,
Bir yigitni tinglagan ko‘yi
O‘ltirardi oq kiygan xonim.

Yigit kuyar: “Hayotim bitdi,
Orzum uyi nuradi-ketdi,
Men davlatim degan neki bor, –
Oppoq siynang xilqatlarin ham,
Otash kafting lazzatlarin ham
Sotib oldi tillaga sardor.

Seni izlab gado bo‘ldim men,
Darding chekib ado bo‘ldim men!
Netay, burding mendan yuzingni.
Kuymadi u izingdan yurib.
Hamyonining vahmini ko‘rib,
Quchog‘iga otding o‘zingni.

Uchib keldim zulmatda bugun
Ko‘zlaringga bir boqish uchun.
Keldim dardim izhor etgani,
Yangi uyda yangi baxt tilab, 
O‘sha momiq qo‘llaring silab,
So‘ng boshimni olib ketgani”.

To‘xtatolmas qiz yosh bulog‘in,
Yigit o‘par boshu oyog‘in.
Barglar aro sardor va dastyor
Ikki o‘qni miltiqqa joylab,
Bamisoli o‘ljani poylab,
Yaqinlashar, otishga tayyor.

Shu payt, nogoh bo‘lganday kasal, 
Dastyor bola taysalladi sal:
“Yaramayman, xo‘jam, bu ishga,
Ko‘zim xira, qo‘lim qaltiroq,
O‘qlolmadim hatto yaxshiroq
Ham ojizman tepki bosishga!”

“Malayvachcha, o‘chir uningni,
Ko‘rsataman hali kuningni, –
Der xo‘jayin, - mo‘ljallash lozim:
Bekachangni sen ol nishonga –
Biroz ko‘tar, endi – sal yonga...
Tinchitaman yigitni o‘zim!”

Uning so‘zi bo‘lmasdan ado,
Yangrab ketdi “qars” etgan sado, –
Nahot dastyor qoldi shoshilib,
“Adashdimi” mo‘ljaldan ayyor:
“Oh” dedi-yu, quladi sardor,
Manglayidan darcha ochilib.


GULGA CHO‘MDI DARAXTLAR YANA

Gulga cho‘mdi daraxtlar yana,
Xush bo‘y tarar borliq tun bo‘yi.
Emanzorda qilar tantana
Bulbul, hatto chigirtka kuyi.

Lekin chulg‘ab boshimni xayol,
Dard ezadi mening yelkamni.
Yuragimda kezar bir savol:
– Kim men bilan kutgay ko‘klamni?

Oy nurida chayqalib shu payt,
Kuylay boshlar qandaydir mashshoq.
Derazamni ochsam, oh, netay,
Ko‘z yoshlarim bo‘ladi buloq.

Bu – yor vasfi, sevgi dostoni,
Ishq deb hofiz yaratgan inju.
Lekin so‘nmas qalbim afg‘oni:
Dardin axir kimga aytsin u?

Ne kunlarni boshdan o‘tkazdim,
Ona yurtga etolmay safar.
O‘zgalarga aytmagan dardim
O‘zim bilan qabrga ketar.

Sham oldida bir kun bukib tiz,
Mushtni qisib, sen bilan birga,
Qalbim, barin kuyga solarmiz,
Tushirarmiz yoki satrga.

O‘ylarim – qush, o‘ylarim – bolam,
O‘ylarimdan taralar oh-zor;
Shu farzandlar tashvishi bilan
Beva qalbim bir umr abgor.

Bahor o‘tar, o‘tar saraton,
O‘tar-ketar qoru yomg‘ir ham.
Erimagay ammo hech qachon
Yuragimda cho‘kib yotgan g‘am.


MOVIY MUHIT UZRA


Moviy muhit uzra, samo bag‘rida
Terilib turardi qoyalar qator.
Aksi muhrlanib dengiz qa’rida,
Go‘yoki ko‘zgudan boqar beg‘ubor.

Moviy muhit uzra, samo bag‘rida
Poyga qilar edi bulutlar saf-saf.
Aksi o‘rmalardi dengiz qa’rida,
Qora dud taratgan jinlarga o‘xshab.

Moviy muhit uzra, samo bag‘rida
Bulutlar ko‘ksini tiladi yashin.
Aksi lip etadi dengiz qa’rida
Va uzoqqa bormay, so‘nadi tag‘in.

Moviy muhit uzra qo‘nib halovat,
Go‘yoki mudrardi ko‘rfaz nihoyat.

Men-chi, bo‘lsam hamki yuragi dog‘liq,
Dilimning tubida yashaydi poklik ...
Qora qoyalardan yuraman yiroq,
Nurni aks ettirish menga ma’qulroq ...

Qoyalar bu yerda turajak mangu,
Bulutlar sug‘orib yurajak mangu ...
Shu yerda lipillar chaqmoq ham mamnun ...
Faqat mening kemam yo‘ldadir har kun.


KO‘Z YOSHIM SHASHQATOR ...

Ko‘z yoshim shashqator, yog‘ar beg‘ubor
Olis hamda xolis bolaligimga,
So‘ngra yuvar quyun yigitlik uyin,
So‘ng – yetuklik fasli, g‘am-alam vasli:
Ko‘z yoshim shashqator – yog‘ar beg‘ubor ...

Rus tilidan Husniddin Sharipov tarjimalari 

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.