SHE’RIYAT SHAYDOLARIGA
To‘lg‘anib to‘lqin urma, hissiyotim,
Taqdirga boshim egma — bu hayotim.
Ash’orim nurli qanot — dil bayotim,
She’riyat shaydolarin yodidaman.
Hislarim, ayro yo‘lda bo‘zlamagin,
Olatasir gaplarni so‘zlamagin,
Yaxshini de, yomonni ko‘zlamagin,
Qadrimni bilganlarning yodidaman.
Chechakka burkanmasin so‘li-sog‘im,
Axir mening bozordan qaytgan chog‘im,
Sanoqli qolgan o‘zi do‘st-o‘rtog‘im,
Sabrimni sinaganlar yodidaman.
Qayg‘urib, o‘ksimagin, hissiyotim,
Toliqib, horib qoldi uchqur otim,
Imonqulning zuryodi — asl zotim,
Dardimni bilganlarning yodidaman.
Hislarim ko‘k toqida kezgan chog‘da,
G‘ayurdan, nopoklardan bezgan chog‘da,
Nomardning nayrangini sezgan chog‘da,
Qalbimni bilganlarning yodidaman.
Hissiyot qanotida sargashtaman,
Goh behishtda, goh biyobon-dashtdaman.
Vaqti kelsa, tuproqdan ham pastdaman,
She’riyat shaydolarin yodidaman.
OYDIN YO‘L
Hofiz Jo‘lbo‘ldi Aliboyevga
Cho‘lponim deb kuylasang,
Asal tomar tanglayingdan.
Iqtidoring tufayli
Omad o‘pdi manglayingdan.
Ko‘ksuluv deb kuylasang
Ushaldi orzu, armon.
Oshiq bilan ma’shuqqa,
Qo‘shig‘ing bo‘ldi darmon.
Qo‘bizni chertgan chog‘ing,
Muxlislaring lov yonar,
Ko‘z o‘ngimda bu olam,
Atlasdayin tovlanar.
Aliboy o‘g‘li Jo‘lbo‘ldi,
Shaydolaring mo‘l bo‘ldi.
Tangrim bergan ovozing,
Senga oydin yo‘l bo‘ldi.
O‘ZING SAQLA...
Salima Sharipovaga
Oramizda dilgir, ochiq,
Bir qiz bo‘lsa,
Menga o‘xshab arg‘inchalish
Gibrit bo‘lsa.
Bizlar unday dadil, shaddot,
Bo‘lolmasdan,
Erkaklar ham bir ayolni,
Ko‘rolmasdan,
G‘iybat, bo‘hton, fisqu fasod
Gapni yozsak.
O‘ng-tersini ajratolmay,
Chapni yozsak.
Oyzoda ham shundaylardan
Yig‘lagandi.
Qalbi torlar dunyosiga,
Sig‘magandi.
Endi uni qidirgaymiz
Ertaklardan.
O‘zing saqla subuti yo‘q
Erkaklardan.
Kaminaning Salimaga
Aytar so‘zi:
Seni asrab-avaylasin,
Tangrim o‘zi...
“KIMGA AYTAY?”
Aytimdan parcha
Yaydoq otning yolin ushlab,
Chopganimni kimga aytay?
Yetti yotga, begonaga,
Yoqqanimni kimga aytay?
Molu, dunyo to‘plamay
Sochganimni kimga aytay?
Yaxshilikdan — yomonlik
Topganimni kimga aytay?
Yoshligimdan bezib erta,
Qochganimni kimga aytay?
Qari-qartang olamiga,
Shoshganimni kimga aytay?
Tahqirlanib, o‘ksinib,
Ketganligim kimga aytay?
Ta’na-dashnom so‘ngakka
Yetganligin kimga aytay?
O‘z holimcha jumboqni
Yechganligim kimga aytay?
Bilib qolib, bilmaganlar,
Kechganligin kimga aytay?
“Visir-visir” gaplardan
Cho‘kkanligim kimga aytay?
Ko‘z yoshimni yashirib,
To‘kkanligim kimga aytay?
Dushmanlarga tik boqib,
Kuyganimni kimga aytay?
Ozurda jon tashvishin
Tuyganimni kimga aytay?
Va qadrimga yetmaganni,
Suyganimni kimga aytay?
Go‘daklarning “ingasiga”
Zor bo‘lganim kimga aytay?
Tirnog‘iga intiq bo‘lib,
Hor bo‘lganim kimga aytay?
Yostiq bilan dardlashib,
Yig‘laganim kimga aytay?
Shunday ko‘rkam dunyoga
Sig‘maganim kimga aytay?
Bevafoga qo‘l siltab,
Qo‘yganimni kimga aytay?
Ushuk urgan guldayin,
So‘lganimni kimga aytay?
Qirg‘izchadan Tursunboy Adashboyev tarjimalari.