OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ibroyim Yusupov (1929-2008)

http://ziyouz.com/images/stories/jahon_adab/ibrayim_yusupov.jpgIbroyim Yusupov (1929–2008) ijodi XX asrning ikkinchi yarmi – XXI asr boshlaridagi qoraqalpoq adabiyoti tarixida yorqin sahifani tashkil qiladi. 
Ibroyim Yusupov 1929 yili Chimboy tumanidagi Ozod qishlog‘ida tavallud topdi. 1949 yil Qoraqalpoq davlat pedagogika institutini bitirgach, 1961 yilgacha shu oliy dargohda o‘qituvchi bo‘lib ishladi. 1961–1962 yillarda “Amudaryo” jurnalining bosh muharriri, keyingi uch yil mobaynida Najim Dav-qorayev nomidagi til va adabiyot institutida ilmiy xodim, 1965–1980 yillarida Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasining raisi, 1980–1988 yillarda “Erkin Qoraqalpog‘iston” (sobiq “Sovet Qoraqalpog‘istoni”) gazetasida bosh muharrir, shuningdek, keyingi yillarda Tinchlik qo‘mitasining Qoraqalpog‘iston bo‘limiga (1988–1994), Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markaziga (1994–2000) raislik qildi. 
Uning she’rlari 40-yillarda matbuotda e’lon qilina boshlandi. Bolaligida qoraqalpoq xalq og‘zaki ijodi namunalarini, Sharq adabiyotlari hamda mumtoz adabiyotimiz namoyandalarini, talabalik yillarida esa rus va jahon adabiyoti durdonalari bilan yaqindan tanishib, ularning asarlaridagi badiiyat sirlarini qunt bilan o‘rgandi. Shoir o‘zining ilk asari “Vatanim” she’ri e’lon qilingan paytdan (1946) boshlab, shu bugungacha “Baxt lirikasi” (1955), “Kunchiqar yo‘lovchisiga” (1959), “O‘ylar” (1960), “Yetti navo” (1962), “Dala orzulari” (1966), “Ko‘ngil ko‘ngildan suv ichar” (1971), “To‘maris” (1974), “Ilhom”, “Tashvishlarga boy dunyo” (1987), “Tuzli shamollar” (1988), “Ko‘ngildagi keng dunyo” (1989), “Bekligingni buzma sen...” (1995), “Har kimning o‘z zamoni bor” (2004) kabi she’riy to‘plamlarini nashr ettirdi. Uning ikki jildlik “Tanlangan asarlar” to‘plamlari ikki marotaba – 1978–79 va 1992 yillarda nashr qilingan. Turli yillarda chop etilgan to‘plamlarda shoirning “O‘rtoq muallim”, “Akatsiya gullagan yerda”, “Aktrisaning iqboli”, “Gilamchi ayol”, “Eski favvora ertagi”, “Dala armonlari”, “To‘maris”, “Bulbul uyasi”, “Farishta oy”, “Poseydonning g‘azabi”, “Vatan tuprog‘i” va boshqa doston (poema)lari e’lon etilgan. 
Bundan tashqari Ibroyim Yusupov bir qator pesa va publitsistik maqolalarning ham muallifi hisoblanadi. Shoir ko‘plab qardosh xalqlar va jahon adabiyoti mumtoz shoirlar asarlarini qoraqalpoq tiliga tarjima qilib, sayrata olgan tarjimondir. U A.S.Pushkin, M.Yu.Lermontov, T.Shevchenko, J.G.Bayron, I.V.Gyote, G.Geyne, F.Shiller she’rlarini, Shekspir sonetlarini, Alisher Navoiy va Hofiz g‘azallarini, Umar Xayyom ruboiylarini qoraqalpoq tiliga yuksak mahorat bilan tarjima qilib, milliy adabiyotimizni badiiy-g‘oyaviy, shakliy jihatdan turli asarlar ila boyitdi.
Ibroyim Yusupov nasr va dramaturgiya sohasida ham qalam tebratdi. 1963 yilda uning “Qari tutning kuzi” nomli hikoyalar, ocherk va publitsistik maqolalar to‘plami bosmadan chiqdi. Shoir “Qirq qiz” pesasini, (Amet Shomuratov bilan birgalikda), 1966 yilda “O‘mirbek laqqi” komediyasini, 1986 yili “Iskandar podshoning tushi” dramasini, 1973 yili “Ajiniyoz” operasi librettosini yaratdi.
Ibroyim Yusupov adabiy tahlil, she’riyatning munozarali muammolari, badiiy tarjima masalalariga bag‘ishlab bir qancha mazmundor maqolalar yozib, hozirgi zamon qoraqalpoq adabiyotshunosligi faniga ham ulkan hissa qo‘shdi. Uning “Lirika haqida munozara” (1956), “Urushdan keyingi qoraqalpoq poeziyasi” (1956), “Xalq shoiri Abboz Dobilov” (1958), “Dala Orfeyi” (1957), “Qoraqalpog‘iston – Mahtumqulining ikkinchi shoirlik vatani” (1958), “Mahtumquli va qoraqalpoq adabiyoti” (1957), “Mahtumquli asarlarini tarjima qilishdagi ba’zi bir anglashilmovchiliklar haqida” (1983) kabi maqolalari shular jumlasidandir.
Shoir O‘zbek adabiyoti bilan abadiy do‘stlik mavzusi Ibroyim Yusupov ijodidagi eng yorqin sahifalarni tashkil qiladi. U ijodkor, tarjimon, matbuot xodimi, jamoat arbobi sifatida o‘zbek adabiyoti va madaniyatining yirik vakillari bilan do‘stlashdi, ijodiy muloqotlarda, safarlarda birga bo‘ldi. G‘afur G‘ulom, Oybek, Zulfiya, Komil Yashin, Hamid G‘ulom, Ozod Sharafiddinov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Omon Matjon singari ijodkorlar bilan ijodiy munosabatlari har doim yangi-yangi mazmun va ibratli voqealar bilan boyib bordi. Uning o‘zbek tilida “Buloqlar qaynaydi” (1960), “Oltin qirg‘oq” (1962), “Sahro orzulari” (1967), “Cho‘l to‘rg‘ayi” (1972), “Rahmat senga, zamonim” (1979), “Qoratol” (1988), “Mening yigit vaqtim, sening qiz vaqting” (2009) kabi she’riy to‘plamlari chop etilgan bo‘lsa, rus tilida “Pesni gornogo ruchya” (1960), “Meridian? serdsa” (1966), “Glaza yashirits?” (1973), “Stixi” (1976), “Zvon stremeni” (1981), “Stremlyus vsey dushoy” (1986), to‘plamlari qirg‘iz va turkman tillarida bir qator kitoblari nashr qilindi. Uning she’rlari qozoq, ukrain, belorus, gruzin, latish, bolgar va boshqa xalqlar tillariga tarjima qilingan.
Unga Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi faxriy unvoni berildi. Berdaq nomidagi davlat mukofotiga loyiq ko‘rildi. U uzoq yillar mobaynida O‘zbekis-ton hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy Majlislariga deputatlikka saylandi. Shoir O‘zbekiston Respublikasining “El-yurt hurmati”, “Do‘stlik” ordenlari, bir qator hukumat faxriy yorliqlari va medallari bilan mukofotlandi. Unga 2004 yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan “O‘zbekiston Qahramoni” oliy unvoni berildi. 


AYT SEN AJINIYOZNING QO‘SHIQLARIDAN

Ayt sen Ajiniyozning qo‘shiqlaridan,
Yig‘lasin yor ishqi bag‘rin teshganlar,
Bo‘zlasin yurtidan ayri tushganlar,
Ayt sen Ajiniyozning qo‘shiqlaridan.

Sozin sabo yodlab, so‘zin yel bilgan.
Bir shoir dunyoga keldiyu ketdi,
Majnuntol ortidan oyga termulgan,
Bir dilbar tushimga kirdiyu ketdi.

Qo‘shiq daryo-daryo nur bo‘lib oqsin,
Sevgisiz qalblarga ishq o‘tin yoqsin,
Qiz yigitga jilva-noz bilan boqsin,
Ayt sen Ajiniyozning qo‘shiqlaridan.

Ayt sen “Bo‘zatov”ni nag‘maga solib,
Dili yonmaganning bag‘ri tosh bo‘lsin,
Qoraqalpoqning ko‘hna dardi qo‘zg‘alib,
Bu kunga boqqani sari mast bo‘lsin. 

Shoir kezgan cho‘lda bo‘stonlar qator,
Bekor bo‘lib ketdi zamon nobakor,
Bir ilhom parisin ko‘rdim ishvakor,
Ayt sen Ajiniyozning qo‘shiqlaridan.

Men uni tinglasam qolmay toqatim,
Ko‘nglimda sayragan mastona bulbul.
Men uni tinglasam tuqqan elatim,
Yer jannati bo‘lib ko‘ringay butkul.

Yulduzlarni yerga qaratmoq bo‘lsang,
Yomon shoirlarni uyaltmoq bo‘lsang,
Agar men o‘lganda tiriltmoq bo‘lsang,
Ayt sen Ajiniyozning qo‘shiqlaridan.

Abdulla Oripov tarjimasi



KEGAYLI

Ko‘nglim xursand go‘zal boqqa kirganday,
To‘lqin urib suving oqar, Kegayli.
Oydiningda baliq javlon urganda,
Ko‘zim senga maftun boqar, Kegayli.

Yoqang selkillaydi qamish, urug‘dan,
Bolalik chog‘imni o‘ylab turibman.
Suvingga sochilgan uvildiriqdan,
Urchigan bir baliqchangman, Kegayli.

Yozda o‘ynab qumlog‘ingda qirg‘aloq*, 
Qishda otdik muzlaringda sirg‘anoq.
Sochi qirqiq, bo‘yni oriq va quvnoq,
Qora bola esingdami, Kegayli?

Balki chiqib ketgandirman esingdan,
Holbuki bir menmi urchigan sendan,
Bolalik chog‘ida o‘tar har kimdan,
Bari esda qolavermas, Kegayli.

Ishq bahori goh xursand, goh nolalik,
Yigitlikning qizgan qonin tan olib,
Qirg‘og‘ingdan o‘ynab qoldi bolalik,
O‘z yo‘lidan oqdi umr, Kegayli.

Birga o‘sgan biz tentaklar ko‘p edik,
Oydiningda birga suzgan to‘p edik,
Ona Vatan ishga desa, “xo‘p!” dedik,
Shudir hayot chin ma’nosi, Kegayli.

Baland sohilingga men chiqdim tag‘in,
Quchay issiq ona tuproq quchog‘in,
Novcha teraklarin, mevali bog‘in,
Ovulimning baxti, ko‘rki, Kegayli! 

Sharqing Tog‘jap, g‘arb tomoning Arshondir,
Issiq bag‘ring “oq oltin”ga makondir,
O‘zaningdan to‘lib oqqan suv – qondir,
Suving sening obihayot, Kegayli.

Sen kabi mavj urib oqmasa shoir,
Xalq qalbiga yo‘lni topmasa shoir,
Shoirman deb chirangani bir puldir,
Hozir shuni o‘ylab qoldim, Kegayli.

Shuhrat  tarjimasi

_________
 * Q i r g‘ a l o q – suvning sayoz yeri, qumloqda o‘ynaladigan o‘yin.


MENING YIGIT VAQTIM, SENING QIZ VAQTING


 B...ga

ToshDU desam, darhol tushadi esga,
Mening yigit vaqtim, sening qiz vaqting.
To‘g‘ri samolyotdan tushdim-da, kechda,
Yotoq joyingizning eshigin qoqdim.

Nukusda ekanda sen meni kunda,
Hatto soat sayin sog‘inar eding.
Bu gal sen ko‘rdingu meni Toshkentda,
Ma’yus miyiq tortib “senmisan” deding.

Gulshanda ochilgan bir toza gulday,
Chiroyingga chiroy qo‘shgan ekansan.
Quvonchimni qay tarz aytishni bilmay,
Yutinib, termulib boqar edim man.

Ketdik qo‘l ushlashib ko‘chani bo‘ylab,
Unsiz kelayapmiz. Esnab qo‘yasan.
“Jonim, aytgil, kelayapsan ne o‘ylab?
Erta uchrashamiz qayerda, qachon?!”

“Erta qo‘lim tegmas... Imtihonim bor...”,
Deding o‘ynab yo‘g‘on buraming bilan.
Navoiy teatri xalq bilan bisyor,
Sen kirgach u butkul yashnab ketdi sha’n.

Zar ko‘ylak cho‘g‘ sochib yonar ustingda,
Sen aytding “Avf et, tobim yo‘q”, deding.
Va marmar zinadan epchil tushding-da,
Ketding... Men sen uchun begona edim.

So‘nggi “Kazbegim”ni tutatib olib,
Uzoq tentiradim anhor bo‘yida.
Majnuntol shoxlarin suvlarga solib,
Sening sochlaringni solar o‘yimga...

ToshDU desam, hamon tushadi esga,
Mening yigit vaqtim, sening qiz vaqting...
Senga yana qaytib ozor bermasga,
Bel bog‘lab, jonimni o‘tlarga yoqdim.

Ochiq derazalar imlardi “kel” deb,
Bog‘lar derdi “qayg‘u chekma, yigitim”.
Yurakni tirnardi “Tanovar” yig‘lab,
Shamollar izg‘irdi xazonni titib...

Halima Xudoyberdiyeva tarjimasi



* * *

Endi men Toshkentga borganda doim,
Senga ko‘rinmasga tirishar edim.
Bir kuni duch keldik, nogoh muloyim,
“Rostdan bu senmisan, senmisan”, deding.

Ayni sahar chog‘da ochilgan guldek,
Qiz bo‘lib jur’atga to‘lgan ekansan.
Hind qo‘liga tushgan asrandi fildek,
Unsiz yetagingda ketaverdim man.

Tovusday tovlangan o‘zbek qizlari,
Do‘stlik ehtiromin ko‘rsatib shu on.
Eski do‘stlarimdek kulishib bari,
Yozdi oldimga talabalik dasturxon.

ToshDU – bilim bog‘i, yoshlar do‘stligi,
Qancha ko‘ngillarga nur berar yog‘dung!
ToshDU ming-ming qiz, yigitlar yoshligi,
Mening yigit vaqtim, sening qiz vaqting...

Yangiboy Qo‘chqorov tarjimasi



BU DUNYO

Bu dunyo besh kunlik, yolg‘onchi demak,
Avvalgilar aytgan so‘zinda bordir.
“Oshiqadi bizdan qolgancha” demak,
Bevafolik kulgan yuzinda bordir.

Tangrim bul dunyoni yo‘qdan bor etdi,
Bandam yayrasin deb lolazor etdi.
Lekin g‘ofil banda o‘zidan ketdi:
Ko‘pinda insof yo‘q, ba’zinda bordir.

Mol-mulk deb odamzod bir-birin qirgan,
Shayton g‘ulg‘ulasi haq yo‘ldan urgan.
Bul yerda yoziq yo‘q dunyoda turgan,
Har balo odamning o‘zinda bordir.

Bu dunyo yolg‘onchi emas chininda,
“Nafsingni tiy”, deya aytgan burunda.
Bir hovuch tuproqqa to‘lgan so‘nginda,
Ochko‘zlik odamning ko‘zinda bordir.

Oshiq Ayoz haq yo‘lidan yurmasa,
Bu dunyoning go‘zalligin ko‘rmasa.
Bul so‘zga vaqtida ma’ni bermasa,
Ulkan pushaymonlar izinda bordir.


TUG‘ISHGANLIK

Tarixlarga guvohli so‘z,
Har bir dardga davoli so‘z,
Muqaddas so‘z, duoli so‘z:
Tug‘ishganlik, tug‘ishganlik.
Or-nomus, vijdoni sherik,
Moli bilan joni sherik,
Tomirdagi qoni sherik,
Qon-qardosh so‘z tug‘ishganlik.

Bir o‘choqqa o‘t yoqtirgan,
Bir yaylovda mol boqtirgan,
To‘y-hashamda ot choptirgan,
Rizqi yo‘ldosh tug‘ishganlik.

Bir tandirga non yoptirgan,
Zarur narsangni toptirgan,
Bevaqt eshik qoqtirgan,
Tug‘ishganlik, tug‘ishganlik.

O‘zbekni o‘z og‘am etgan,
Ulkan baxtni in’om etgan,
Bir qozonda osh damlatgan,
Mehri issiq tug‘ishganlik.

Suvimni daryodosh etgan,
Elimni do‘st-qardosh etgan,
Turkmanga nag‘madosh etgan,
Xosiyatli tug‘ishganlik.

Qozoqlarga toy so‘ydirgan,
Qirg‘izlarga qo‘y so‘ydirgan,
O‘tov tiklab, bosh qo‘ydirgan,
Himmatli so‘z – tug‘ishganlik.

Daryoni daryoga qo‘shgan,
Fazolarning sirin ochgan,
Bir oiladek uyushgan,
Mangu yasha, tug‘ishganlik.

 Oydin Hojiyeva tarjimalari



BIR ODAMNI BIR ODAM

Qanday yaxshi, birodar,
Odamzodning yuragi – 
Bir odamni bir odam
Jondek yaxshi ko‘radi.

Bir odamni bir odam,
Sevib qolar tanishsa.
Bir odamni bir odam,
Sog‘inar ayro tushsa.

Birov ketsa oradan,
Birov unga yig‘laydi.
Bir odamdan bir odam,
Borib kengash so‘raydi.

O‘q otilsa birovga,
Jonin qo‘yib garovga.
Yetib borar suyovga,
Bir odamni bir odam.

Yaxshilik gul ocharmi,
Xalqlar totuv yasharmi,
Suymaganda agarda,
Bir odamni bir odam!

Sipqorib mehr kosasin,
Toshyuraklar yumshasin,
Doim sevib yashasin,
Bir odamni bir odam!

 Ma’ruf Jalil tarjimasi



NAVOIYGA

Sen armonsan cho‘lga bitgan bog‘ bo‘lib,
Soyali, mevali bir daraxt bo‘lib.
Zamonlar dovuli chayqagan sayin,
Jamoling qulf urgan zarvaraq bo‘lib.
Yetti iqlim guzarida bir gumbaz,
Davrlarning ofatidan yiroq bo‘lib – 
Ul turar. O‘tar takabbur podsholar,
Dunyoga yaxshi-yomon qo‘noq bo‘lib.
Go‘zallik iqlimin etding nurafshon,
Zulmatda porlagan shamchiroq bo‘lib.
Avlodlar hurmating bajo keltirur,
Seni eslab yurar vaqtichog‘ bo‘lib.
Sahro gullarini sochay poyingga,
Navoiyni suygan qoraqalpoq bo‘lib.
Ibroyim der: ulug‘ ruhing oldida
Bosh egayin shogirding Berdaq bo‘lib.

 Muhammad Ali tarjimasi



QORAQALPOQNI KO‘P MAQTAMA KO‘ZIMCHA

 Bir xalq ko‘rdim, yuragi 
 qovurg‘asidan ko‘rinar
Mixail Lukonin

Qoraqalpoqni ko‘p maqtama ko‘zimcha,
Qarmoqqa tez tushadigan baliqman.
Har kimning bor ojiz joyi o‘zicha,
Cho‘rtanimday sal anqovroq xalqman.

Bu kishini ko‘zga maqtashdan ko‘ra,
Yaxshisi so‘k, topib nafli nuqsonin.
“Qoraqalpoq yaxshi xalq-da!” deganda,
Bobom yechib berib ketgan chakmonin.

Yolg‘iz otin so‘yib berib qo‘noqqa,
Yayov qolib bu el talay bo‘lgan zor.
Shuni aytib agar yana maqtasang,
Muruvvatlar qilib tashlar ustuvor.

Bekligi ko‘p jo‘shib ketsa bu millat,
Dostonlarni to‘qir go‘yo matodan.
Barcha xalqni qoraqalpoqdan chiqazib,
O‘z tarixin boshlar Odam Atodan!

Mehnat desa yeng shimargan polvonday,
Aravada tog‘ keltir de, keltirar.
Do‘stlik desa, yulduz topib olganday,
Oq ko‘kragin ezgulikka to‘ldirar.

Yomon ko‘rsa, “seni yomon ko‘rdim!” deb,
To o‘zingga aytmaguncha tinmaydi.
Bir pul topsa, “mana, men boy bo‘ldim” deb,
Barin yumshab qaytmaguncha tinmaydi.

Shumlik qilsa sir oldirar boladay,
Ko‘ngilchanlik, bo‘shligiga kuyaman.
Lekin uning poyoni yo‘q daladay,
Azamatlik keng fe’lini suyaman.

Toyin maqtab, otin minsang sinamas,
Men bu elning xush xulqiga bergum tan.
Mening qalbim Jayhun bilan hamnafas,
Sal narsaga jo‘shadigan xalqman.

Yaxshi so‘z jon ozig‘idir, naql bor,
Xushomadga har kim havas o‘zincha.
Shundayam, bir o‘tinchim bor, odamlar:
Qoraqalpoqni ko‘p maqtamang ko‘zimcha

 Omon Matjon, Yangiboy Qo‘chqorov tarjimasi



JAYHUN SHAMOLLARI

Otajon Xudoyshukurovga

Qayda yursam sog‘intirar,
Ona yurtim tomonlari,
Xayolimda sahar-sahar,
Esar Jayhun shamollari.

Atirgul terib cho‘llardan,
Gulirayhon chamanlardan,
Bizning bul go‘zal ellardan
Esar Jayhun shamollari.

Paxtakor xalq mehnat ahli,
Martabali idrok, aqli,
Hayot jo‘sh ursa ne chog‘li,
Esar Jayhun shamollari.

O‘zbekiston – shonli diyor,
Bulbullar ishqinda yonar,
Hamma faslinda navbahor,
Esar Jayhun shamollari.

Umr qisqa, manzil uzoq,
Yillar bizdan ketar yiroq.
Mangu qo‘shiq kabi yangroq,
Esar Jayhun shamollari.

El mehri so‘nmas yuzingdan,
Ulug‘ daryoyi azimdan,
Qoraqalpoq, Xorazmdan,
Esar Jayhun shamollari.

Ibroyim der, el nafasi,
Amuning sirli sharpasi,
Umrimning boqiy sabosi,
Salom, Jayhun shamollari!

Muallif tarjimasi



SOG‘INISH

Sahar vaqti chiqsam Ma’shuq tog‘iga,
Sharqdan kulib boqdi Zuhro yulduzi.
Kumush buloqlarning sho‘x qaynashi ham
Seni esga soldi Amuning qizi.

Tog‘dan bulutlarni haydasa shamol,
Silkib turgandaysan menga oq ro‘mol,
Suv ichishga kelgan yeldek sho‘x marol
Senga o‘xshab ketdi Amuning qizi.

Go‘yo cho‘ng Elbrus osmonga tekkan,
Bulutlar mahliyo, boshini eggan,
Bahor bayramida oq ko‘ylak kiygan
Paytlaring yod etdim Amuning qizi.

Shamol shildiratsa tollar yaprog‘in,
Seni keldimi deb aldandim tag‘in,
Kakliklar gurlashib uchgani sayin
Xandangni eslatar Amuning qizi.

Ko‘rsam jimirlagan suvlarin soyning,
Tinglab cho‘pon chalgan shodon surnayin,
Shunda bir sen bo‘lib shodligim, qayg‘um,
Ko‘z oldimda turding Amuning qizi.

Narzan buloqlari qandayin shinam,
Sening ko‘ngling yanglig‘ tiniq va ko‘rkam,
Tog‘lar uyg‘onadi, qalbimda bir g‘am –
Orzuyim o‘zingsan, Amuning qizi.

Sog‘inching tugatdi bor toqatimni,
Tosh ustida turdim o‘qib xatingni,
Yozsam yosh emanga o‘yib otingni,
Tog‘lar yodlab oldi Amuning qizi.

Beshtov jilvalanib turar qoshimda,
Bulutlar o‘rmalar xarsang toshida,
Har kim kuyar bo‘lsa sevgi yoshida,
Mendek bo‘lib kuysin Amuning qizi.

Pyatigorsk



HAZIL

Seni sevishimga kim qilar gumon?
Sevaman hattoki chumchug‘ingni ham.
Derazang oldida boqib men tomon
Hurpaygan qopqora mushugingni ham.
Uying oldidagi uch tup oq terak,
Uchrashuv onida qoldirgan izin.
O‘pkalab yurmagin, go‘zalim, biroq,
Itingni aslo yo‘q ko‘rgani ko‘zim.
Sevgi sevgimidir qo‘rqsa gar itdan,
Shunday bo‘lsa hamki kuydim, na qilay?
Eshigingga endi yetdim degan dam
Oyoqdan oladi, qilganday atay.

 Nosir Muhammad  tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.