OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Aqushtap Baqtigereeva (1944)

O‘rol viloyatidagi Oqyoyiq tumanida tavallud topgan. 1961 — 1966 yillarda Qozog‘iston Davlat Qizlar Pedagogika institutining filologiya fakultetini tamomlagan.
Viloyat va Respublika miqyosida o‘tkazilgan oqinlar aytishuvida bir necha marta g‘olib chiqqan. She’rlari Moskvadagi “Detskaya literatura” nashriyotida chop etilgan.
Uning “O‘rimtol” (1967), “Noz” (1959), “Quvonchim, inkorim” (1971), “Seni o‘ylayman” (1973), “Oqqanot” (1975), “Baxt qo‘shig‘i” (1978), “Yoyiqqizi” (1980) va boshqa to‘plamlari e’lon
qilingan.

BULBUL

Bog‘ qo‘ynida bulbul sayrar damo-dam,
Kuylar oqib kelar tonggi havodan.
Sayraydi u to‘lib-toshib tinmasdan,
Butun borliq masrur ajib navodan.

Navo kerak qirga ayni ko‘klamda,
Navo kerak oq cho‘qqiga bu damda.
Nima yetsin ajoyib, sha’n umrda
Bir bulbulday masrur sayrab o‘tganga!

KO‘NGLIM MENING

Ko‘nglim mening beg‘arazdir — angla, bil,
Qoshimga sen har qandayin paytda yel.
So‘rab kelgin kunda ming bor suyunchi,
Yaxshi gapdan, ezgulikdan aytib kel.

Uyqum, mayli, buzilsa ham yarim tun,
Darvozamni qoqavergin berib un.
Ko‘ylagimning asilini sen uchun
Suyunchiga mamnun berib yuborgum.

BILMADINGMI?

Sen meni ko‘p ko‘rgansan
Buvimning orqasida.
Sen meni ko‘p ko‘rgansan,
Maktabning partasida.

Ko‘rgansan ko‘klam kezi
Oq Yoyiq yoqasida.
Qir-adirda gul tergan
Qizlarning orasida.

Bog‘larda ko‘rding meni,
Chamanlarda ko‘rding sha’n.
Eding sen o‘sha paytlar
Sodda yigit, uyatchan.

Har so‘zingga kulardim,
Kelgan chog‘lar ro‘para.
Endi seni qo‘msayman,
Diydor uchun yo‘q chora.

Sog‘inib sezmay qobman,
Umrning o‘tganini.
Bilmadingmi o‘sha qiz
Seni ko‘p kutganini?

QIZG‘ALDOQ

Ko‘kka belangan qirlarning
Chechaklarini ko‘p terdim.
Cho‘g‘dek tovlangan qizg‘aldoq,
Sovg‘asimisan ko‘klamning?

Ko‘kday yashnadim kulib men,
Quvondim gulni yulib men. ’
Ko‘klamni suygan qizg‘aldoq,
Zorimiding bo‘z yigitning?

Mujdasi bo‘lib bahorning.
Bag‘rida unding qish-qorning
Ayta qol menga, qizg‘aldoq,
Sirdoshimiding qizlarning?

* * *

Kuzda ketgum oralab bog‘lar ichin,
Maftun aylar ko‘klamning gulzori chin
Saxiy yozin xush ko‘rgum keng dalaning
Qishni esa suyaman oq qori-chun.

Bu diyorga mahliyo bo‘lib chindan.
Suv ichaman Irtish va Yoyig‘indan.
Titrab ketar yuragim barg uzilsa
Bemavrid bu kengliklar qayinindan.

OG‘ALAR

Sizlar osmon bo‘lsangiz,
Bizlar xumor qaraymiz.
Sizlar doston bo‘lsangiz,
Yodlamoqqa yaraymiz.

Sizlar chiqqan cho‘qqiga
Mahliyomiz biz har chog‘.
Sizlar tikkan bayroqqa
Tushirmasmiz aslo dog‘.

Mirpo‘lat Mirzo tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.