Ilyos Jonsug‘urov Toldiqo‘rg‘on viloyatining Oqsuv tumanida dunyoga kelgan. Uning ijodi qozoq adabiyotida ko‘p qirraliligi, badiiy baquvvatligi bilan e’tiborni tortadi. Ayniqsa, shoirning dostonlari qozoq she’riyatida katta o‘rin egallaydi. Ular ko‘pdan beri adabiyotshunoslar va o‘quvchilar diqqatini jalb qilib keladi.
Shoir o‘n beshga yaqin doston yaratgan bo‘lib, ular ichida “Kampeske”, “Tuxum," “Kuy”, “Kuychi”, “Dala”, “Qulager” kabi dostonlari haqli ravishda xalq orasida mashhur bo‘lib ketgan.
BO‘RONDA
Qor zo‘rayib qattiq bo‘ron harsillaydi,
Yeru ko‘kda izg‘irin charsillaydi.
Qo‘y yig‘ilib, to‘dalanib pana istar,
Boshini qorga tiqib qaltillaydi.
Suyanib qo‘y qoshida tayog‘iga,
Toymasni qirov bosib — yaltillaydi.
Sho‘rlikning oyog‘ida to‘zgan choriq,
Paytavasi osilib, halpillaydi.
Ayozga o‘mrovini ochib turar,
Bamisli qovurg‘asi qarsillaydi.
Vujudin sovuq yamlab-yutaman der,
Har yoqdan achchiq shamol anqillaydi.
Bo‘yniga yopishgan qor qotar zumda,
Iyagida sumalak shalpillaydi...
Issiq ichik, tulki tumoq, qo‘njli etik —
Duysekboy do‘ng boshida salqinlaydi.
“Nariga qo‘yni qo‘zgab qo‘ysang-chi” deb,
Toymasga zug‘um qilib shang‘illaydi.
“Yeganing osh bo‘lmasin, bachchag‘ar!” deb,
Qarg‘adek qor ichida qarqillaydi.
YAYLOV
Gilamin yoyib tashlar bunda bahor,
Ufqla to‘kib turar tog‘lar viqor.
Yaylovning yoz lavhasin ta’rifida
Mening bir dildan aytar o‘lanim bor.
Tuni — oltin, kunida — kumush ranglar.
Buloqlari marjon sochib, kuydek yangrar.
Yel esib gul-giyoxdar mavjlanadi,
Bazmda yayragandek yosh-yalanglar.
Kishnaydi qulun, toylar ahyon-ahyon,
Bo‘zto‘rg‘ay bo‘zlab qolar kuydirib jon.
Qo‘ylarning bir chetida — ko‘kalamda
O‘tirar qatiq ichib beg‘am cho‘pon.
Yam-yashil qarag‘ayzor yaylov oldi,
Qaliman va Beysenbek qayda qoldi?
O, ular hov ana-ku — halinchakda,
Havoda tebranishib qiy-chuv soldi.
Adirda yellar kezar davron surib,
Xotinlar kuvi pishar yayrab yurib.
Osmonni bulut qoplar onda-sonda.
Yaylovni cho‘miltirib — yoshartirib.
Boybicha halak boyga qimiz tutib,
Boyning-chi, joyidadir rangi-quti.
Dimog‘ni yorgudayin sarxush qilar
Tong payti anqib kelgan og‘iz suti.
Tikilib bo‘y yetgan qiz bo‘ylariga,
Erk berib bebosh ko‘ngil o‘ylariga —
Qo‘zini urintirgan shu Ja’far toz,
Elovsiz bo‘p ishiga — qo‘ylariga.
Qamish chiy ustida qurt yiltillaydi,
Biya sog‘gan yosh kelin qiltillaydi.
Epkinning zabtidan shipshiydam o‘tov
Gadoyning kulbasidek qirsillaydi.
Yilqichi dil tuyg‘usin zavqqa yo‘yar,
Qo‘shiqning safosiga qirlar to‘yar.
Va uni eshitgan har navrasta yosh
Oh tortib, sochin ko‘zdan surib qo‘yar.
Mol-yilqi ketib qolmas daydib har yon,
Ularni bir manzilga yig‘moq oson.
Hovridan tushmay qozon — tong yorishsa,
Sug‘ur tosh uzra chiqib o‘qir azon.
Shirindir tun uyqusi bu payt tashda,
Qimizlar sipqorilar nahor-nashta.
Gullarning iforiga to‘lib ko‘ngli,
Oq suluv bir chekkada tikar kashta.
DO‘MBIRA
Sayragin bir, do‘mbira!
To‘kil, to‘kil, navolar,
Tog‘ suviday shildira,
Kuyga to‘lsin havolar!
Bulut soya solmasin
Yashil adir, qir uzra!
Tinglamagan qolmasin
Qo‘shig‘ing, kuying sira,
Sayra, sayra, do‘mbira!
Qo‘sh ichak ip, uch quloq,
To‘qqiz parda do‘mbira,
O‘ynar senda o‘n barmoq
Qulunday chop, guldira.
Bo‘zla-bo‘zla, bo‘z ohang,
Dildan g‘amni sidira,
Sayra, sayra, do‘mbira!
Mehnatkash el kuychisi,
Qulog‘imni bir yayrat,
Ko‘nglimga shavq qondira,
Totli-totli kuy tarat,
Zavqlaringni do‘ndira,
Sayra, sayra, do‘mbira!
Xoksor dillar malhami,
Soch nurlarning jarangin,
Ko‘kayimni qondira,
Sen qo‘shiqlar ayt yangi,
Yuraklarni yondira,
Eski g‘amni so‘ndira,
Sayra, sayra, do‘mbira!
YOMG‘IRDA
Yomg‘ir, yomg‘ir
Shivalamas — sho‘rg‘alar.
Ovul seldan
Mol-jonini qo‘rg‘alar.
Uy isimas,
Chunki o‘tin yana yo‘q.
To‘qlar to‘qdir,
Yo‘qlarda boshpana yo‘q.
Ibroyimning
Ovuli anavi uylar.
“Xudoyim ham
Faqat Ibroyimni o‘ylar”.
Qo‘rasining
Chetidagi kulbada
Bolalarning
O‘ltirganin g‘amzada —
Kim ko‘radi?
Qayg‘uruvchi jon bormi?
Ko‘k gumburlar...
Yomg‘ir yog‘may qo‘yarmi?
Yana yomg‘ir
O, chelaklab quydi-ku!
Yo‘q yomg‘irmas —
Och, yupunlar yoshi bu!
Mirpo‘lat Mirzo tarjimalari