OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Jarasqan Abdirashev (1948-2001)

1948 yilda 7 mart kuni Qizil O‘rda viloyatining Orol tumani, “Omon o‘tkel" ovulida dunyoga kelgan. 1963 — 1965 yillarda Qazali Qishloq xo‘jaligi texnikumida o‘qigan. 1965 — 1969 yillarda Qozog‘iston Davlat universitetining jurnalistika fakultetida o‘qigan. “Qozoq adabiyoti" gazetasida,“Jalыn” bayozi tahririyatida, “Julduz” jurnalida xizmat qilgan.
Oltmishinchi yillarning o‘rtalarida adabiyot maydoniga kirib kelgan yosh Jarasqan qozoq she’riyatida o‘ziga xos ovozi, tarjimonlik mahorati, xalqchil she’riyati ila dong qozondi.
Uning tarjimasida qozoq o‘quvchilari R. Tagor, P. Elyuar, M. Bsisu, Ya. Kupala, Ye. Yevtushenko, R. Rojdestvenskiy, N. Dorizo, B. Okujava singari taniqli shoirlarning she’rlari bilan tanishganlar.

OQ BULOQLAR

Oq buloqlar.
Oshiqqan oq buloqlar.
Hozir Ko‘klam.
Oldda Yoz.
Chopqillab qol.
Zilol suving kutar tashna uyg‘ongan bog‘,
Kurtaklaru gul hididan
yayrar dimog‘.
To‘lqinlaring shoirlarni sog‘intirdi,
Seni eslab qalblariga to‘lqin kirdi.
Kumush kulging taraldilar she’rlar bilan,
Yo‘llaringga peshvoz ular qirda bu dam...
Kutmoqdadir sayozlashgan ko‘llar seni,
Kutmoqdadir ilhaq taqir cho‘llar seni,
Bosh ko‘tarib termiladi boychechaklar —
Qizilqumning tashna bag‘ri ssni kutar.
Xayol surgan cho‘ng nuroniy boqqan misol,
Qurib qolgan ming-ming jilg‘a kutar visol.
Tashna ular.
Oshiqqan oq buloqpar.
Hozir Ko‘klam.
Oldda Yoz.
Chopqillab qol.
Ko‘rging kelsa qozoqning keng dalasin
Va farzandi sanalmoqni istasang sen,
O‘tging kelsa qush ucholmas sahrosidan,
O‘pging kelsa qirg‘oqlarni — o‘pilmagan,
Armoningni ko‘mmoq bo‘lsang yiroqlarga,
Qo‘shilmoqni istasang oq saroblarga,
Oq buloqlar.
Oshiqqan oq buloqlar.
Hozir Ko‘klam.
Oldda Yoz.
Chopqillab qol.
Ufq ortiga berkinadi Oftob hozir,
Qizargani uning — xayr deganidir...
Shunday o‘tib boradi vaqt, qaytmaydi.
Seni mangu o‘z erking-la o‘ynatmaydi.
Kuz ham kelar, mavjing so‘nib, sen tolarsan,
Qish ham kelar, muz ostida yo‘qolarsan.
Oq buloqlar.
Oshiqqan oq buloqlar.
Hozir Ko‘klam.
Oldda Yoz.
Chopqillab qol.

TUQQAN OVUL TUTUNI

Vatan — mening to‘kislagim, butunim!
Men bilaman: yurtim baxti, quti kim?!
Erta nahor turib eldan ertaroq,
Eslayman men ovulimning tutunin!..

U bamisli jimirlagan ko‘ldaydir!..
(Hamon meni o‘z yoniga kel deydir!..)
Oq uylarda ko‘k ro‘molday yelvagay,
Sarin yelda hilpirashin ko‘rsang bir!..

Cho‘qqilarga oltin oftob qo‘ngan on,
Shabnamga nur chayib yutgum men chandon!
O‘xshataman shunda moviy tutunni
Bayrog‘iga tiriklikning begumon!

Qut-fayzini qo‘shib ezgu tilakka,
She’rlarim-la ko‘tardim men yuksakka.
Uzoqlarda o‘ralaman to mudom -
Shu yoqlarga olib uchgan yurakka!

So‘zlarimga moviy osmon kafil, tan,
Shu tutunning isi menga ajib, sha’n.
Kengliklarda ko‘zin ochgan men uchun —
Shu tutundan boshlanadi cho‘ng Vatan!

OXIRGI O‘LAN

Oxirgi,
eng oxirgi,
so‘nggi o‘lan,
buncha noxush,
buncha sovuq noming nedan?!

Baribir hech qo‘rqmayin,
titramay hech,
men senga yaqinlashib bormoqdaman.
Taqdirning azal-azal nozi ma’lum,
toqati yo‘q bunga hech ba’zilarning...
Sirlarim — dil tubida garchi borsan,
ma’lummas lekin qachon yozilaring.

Sen meni bexos bir kun toparmisan,
tepamda chaqmoq bo‘lib qotarmisan?
Chirqirab qolarmisan bosh ustimda,
sen o‘zing ko‘zlarimni yoparmisan?
Va yoki yetkazgali shum xabarni
xalqimga qora kiyib choparmisan?!.

Bahslashib tabiatning zongi* ila,
yozgaydir asl oqin qoni ila.
Xo‘shlashmoq hayot bilan oson emas,
o‘lurman men chin o‘lim shoni ila.
Ishonch-la chiqdimmi, bas, yo‘lga dadil,
kelajak ko‘ziga men boqqum adil!

Goh bo‘lar misli chaman o‘ngu so‘lim,
o‘ylarim chechak ochar,
kuyga to‘lib...
eslatar lek ertamni beixtiyor
har o‘lan - xuddi so‘nggi o‘lan bo‘lib.
So‘nggi on qay manzilda topar meni,
bu so‘nggi o‘lanimda yozgum neni?

To mudom sof tutdimki imonimni,
solgayman men unga bor imkonimni,
Bilmadim, ko‘tararmi duch kelgan kas,
ketsam gar orqalatib armonimni!..

Qarshingda bosh egarlar, olgancha tin,
tanqidchi tosh otmagay senga, tayin.
Yurarsan Uyushmada, davralarda,
“Do‘stingiz qadrin biling!” degandayin.

Ko‘z yoshi vujudidan oqib sim-sim,
yorim ham o‘qir o‘krab har bir baytim.
Mung‘ayar do‘stlar tugul, yovlarim ham
g‘arazdan kuyub-yongan - tirik paytim.

Sen o‘jar sururimga doim yorsan,
demayman, nomim mangu qoldirarsan.
Daf’atan ko‘zi tushgan loqayd qalbni,
chorasiz teran o‘yga toldirarsan.

Hislarim mangu qaynab-toshar senda,
Dardini tuygay balki bashar senda.
“Hayot!” deb yonib o‘tgan yuragimning
So‘nmas bir hayqirig‘i yashar senda!
_________________
* Zong - qonun.

Mirpo‘lat Mirzo tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.