OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mahambet O‘temis o‘g‘li (1804-1846)

Mahambet O‘temis o‘g‘li Ichki Bo‘key o‘rdasi, Beketay aymog‘i (hozirgi O‘rol viloyati, Joybek tumani)da tug‘ilgan. 1824-1829 yillarda Orenburgda o‘qigan.
Yoshligidan she’r yoza boshlagan Mahambet mahalliy amaldorlarning kirdikorlarini fosh qiluvchi asarlari uchun 1829-1831 yillarda qamoqda o‘tiradi. Qamoqdan chiqqandan keyin 1836-1837 yillarda bo‘lib o‘tgan qo‘zg‘olonga mashhur xalq himoyachisi Isatoy Taymanov bilan birga rahbarlik qiladi.
“Janggirga”, “Boymag‘ambet sultonga”, “Yeravul otga egar solmay”, “Ulkan armon”, “Yoyiqning bo‘yi ko‘k yaylov", “Otadan tug‘ilgan ardoqli er” kabi she’rlarida u hukmron to‘dalarning xalqqa o‘tkazayotgan jabr-zulmlari, zolimliklarini qattiq tanqid qiladi. U qozoq she’riyatidagi to‘lg‘ov, qo‘shiq va terma kabi lirik janrlarni xalqchillik, hikmat hamda falsafiy ohanglar bilan boyitdi.
Mahambet she’rlari og‘izdan-og‘izga o‘tib, xalq orasida keng tarqaldi. Ular XX asrga kelib maxsus yozib olindi va alohida kitob holida nashr etildi. Mahambet she’rlari qozoq she’riyatiga jangovarlik, ijtimoiy-siyosiy mavzu va falsafiy yo‘nalish olib kirdi. Ular siyosiy lirikaning noyob namunalaridir.

YOLG‘ON DUNYO

Qo‘g‘ali ko‘llar, qum, suvlar
Kimlarga manzil bo‘lmagan?
Qirg‘oqdagi gujum tol
Kimlarga soya bermagan?
Shoyi ro‘mol o‘ragan
Go‘zallar kimdan qolmagan?
Eng sara, uchqur tulporlar
Kimni yo‘lga yayov solmagan?
Qulonlar ichmas balchiq suv
Kimlarga sharbat bo‘lmagan?
Sadog‘ini sariqto‘t bosib,
Yov izlagan mard erning
Qayda boshi qolmagan?
Ichaylik-da, kiyaylik,
Minaylik-da, tushaylik,
O‘ynaylik-da, kulaylik,
O‘ylasang, hey yigitlar,
Ushbu yolg‘on, shum dunyo
Kimlardan ham qolmagan?!

ARG‘UMOQQA O‘Q TEGDI

Arg‘umoqqa o‘q tegdi —
Kuragining tagidan.
Er yigitga o‘q tegdi —
Bexos naq ko‘kragidan.
Munkayib yotib ko‘p ichdim
Yozning ko‘lmak suvidan,
Netay, dunyo ekan bu!
Chorasiz ketib boraman
Yonimda askar kamidan.
Men yurtimning oriman,
Bir go‘zalning yoriman.
Sag‘rimga qamchi tekkanda,
Chopmay qandoq chidayin!
Ildizi kesilgan tik terak
Misoli men qularman!

YOYIQNING BO‘YI KO‘K MAYSA

Yoyiqning bo‘yi ko‘k maysa,
Uni o‘rib, joylarmiz.
Mag‘rur o‘mrov otlarni
Unga kunda boylarmiz.
Xudo ishni o‘nglasa,
Omad kulib boqqanda
Bosib kelgan yovlarni
Qo‘yday qilib haydarmiz.

QIZG‘ISH QUSH

O, qizg‘ish qush, qizg‘ish qush!
Qanoting qizil, bo‘yning to‘s.
Isatoydan ayrilib,
Yolg‘izlik-la bo‘ldim do‘st.
O, qizg‘ish qush, qizg‘ish qush!
El qo‘rigan men edim,
Men-da ayrildim elimdan.
Ko‘l qo‘rigan sen eding,
Sen-da ayrilding ko‘lingdan.
Osmonda uchgan qizg‘ish qush!
Seni ko‘ldan ayirgan —
Lochin qushning tepkini.
Meni eldan ayirgan —
Xon Jangirning epkini.
Kimga dardim aytayin?..
Azoblarda o‘tdi-ku
Mahambetning ko‘p kuni!!!

Mirpo‘lat Mirzo tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.