Chimkent viloyati, Lenger tumani Qashqasuv qishlog‘ida tavallud topgan. Yetti yillik maktabni tamomlagach, “Yulduz” kolxozida traktorchiga yordamchi, keyin viloyat gazetasida adabiy xodim, Qozog‘iston radiosida katta muharrir, Bosh muharrir bo‘lib ishladi.
Chimkent Davlat pedagogika institutida tahsil oldi. Keyinchalik “Jalыn” jurnalida Bosh muharrir, Qozog‘iston Yozuvchilar uyushmasi boshqarmasida kotib vazifalarida faoliyat ko‘rsatdi.
Mustaqillik yillarida Qozog‘istonning Qirg‘izistondagi elchisi lavozimida xizmat qildi.
Qozog‘iston halq shoiri. Uning she’riy va dramatik asarlari el orasida katta shuhrat qozongan.
OYSHA
Oysha yangam suygan yorin kuzatdi jang maydonga...
So‘ng sig‘inib yashadi ahd-paymonga.
Urush bitdi.
Shunqori, eh, qaytmadi.
Uch yil kutdi,
Besh yil kutdi...
U birovga noumid gap aytmadi.
Hasratini o‘z qalbiga berkitdi,
Shu orada tag‘in to‘rt-besh yil o‘tdi.
Nursiz umid og‘ushida dil qonab,
Kutaverdi u kun sanab, oy sanab.
Qismatidan unsiz achchiq nola bo‘p,
Ko‘kragida miltirardi sovuq o‘t.
Jilla qursa,
Jilla qursa, xudoy-ov,
Hovurini bosmoqlikka farzand yo‘q.
Umid payvast vujudini ezdi g‘am.
Yolg‘iz jonga yoqmas lekin kulgu qam.
Yo‘q, bo‘lmadi.
Yillar o‘tib, axiyri
Turmush qurdi u bir qari chol bilan.
Ilk kecha u tinch uxladi
Va bag‘ridan go‘yoki
Arigandek bo‘ldi zaqqum g‘am-dardi...
Lekin tongda... Evoh, marhum kuyovi
Derazani chertardi.
Oysha sho‘rlik kuydi tamom bu xo‘rlikdan yozg‘irib,
Toshdek qotdi,
Qo‘rquv tilin lol qildi,
Keyin ilkis sochin yoyib yuborib,
Ostonaga yiqildi.
Yiqildiyu ho‘ngrab-ho‘ngrab yig‘ladi,
Yurak-bag‘rin tig‘ladi,
O‘z-o‘zini qora yerga bulg‘adi.
...Asil sevgi — shunaqadir, turlanmaydi lahzada,
Hijronlardan, azoblardan kuysa-da...
Shu on Oysha o‘rnidan bot turdi-da,
Bir fikr-la chirmab aqlu shuurni,
Tog‘ tubida sapchib yotgan g‘azabnok
Oqsuv yoqqa jon halpida yugurdi.
Shunaqadir asl sevgi kamoli,
Shunaqadir asl sevgi zavoli...
Oqargancha yotar edi qirg‘oqda
U sho‘rlikning tushib qolgan ro‘moli...
DIYDORLASHUV
Bolaligim lavhalarin eslab shan,
Qashqasuvning yoqasida turdim man.
Gohi unsiz, goh ko‘pirib serg‘ulu —
Oldimizda oqardi u moviy suv.
Biz ham shundoq asov, shaddod edik, ha,
Bir mahallar onamizning bag‘rida.
Kunlarimiz o‘tardi sho‘x suronda,
Janjallashsak, yarashardik bir onda.
Biz begona bo‘lib g‘araz-kinlarga,
Yetib keldik shu muborak kunlarga
O‘shal onlar yodingdami, ey nigor,
Yo qalbingda qolmish faqat gard-g‘ubor?
Tong kabi sof kulgung bilan sen shirin —
Ko‘ksimda o‘t yoqar eding yashirin.
Qani o‘sha totli xayol, totli sir,
Bari yulduz yog‘dusidek so‘nmishdir.
Nechun so‘nmish? Aytolmayman men ayon.
So‘ng sochilib ketdik bizlar har qayon.
Jo‘shqin edi u chog‘ orzu-tilaklar,
Qoldi faqat xotiralar yurakda.
...Bolaligim lavhalarin eslab shan,
Qashqasuvning yoqasida turdim man.
Asov daryo yuvib qirg‘oq betini,
Qaylargadir oshiqardi betinim.
Goh daf’atan entikardi tortib oh,
Yillar yodin eslagandek banogoh.
Ul nigorning qo‘llarida ushbu on —
Tek turmayin bijirlardi mitti jon.
Men go‘dakni suymoq bo‘ldim egib bosh,
Lekin nigor mijjasida ko‘rdim yosh.
Va u tomchi tomdi billur mavjlarga,
Vidolashgan yanglig‘ qaytmas damlar-la.
Nimadir deb xo‘rsindi u o‘sha dam,
Biroq buni anglay olmay qoldim man.
MEN HAQIMDA O‘YLADINGMI?..
Entikdingmi bog‘lar
Chechak taqqanda,
Qushlar navo gulxanini yoqqanda?
Hapriqdingmi — meni kelib qoldi deb,
Bir yo‘lovchi eshigingni qoqqanda?
Oq bulutlar kezsa ko‘kda sargardon,
Kokilingni silab o‘tsa yel shodon,
Turdingmi sen qora yo‘lga termilib,
Shirin umid og‘ushida lol-hayron.
Kechmish yillar girdobida bo‘lib xun,
Chekdingmi sen hajr dardin tunu kun?
Qirmiz oqshom qirga chiqib jimgina
Terdingmi yo gul-chechaklar men uchun?
Sabring tugab, dilingni qon etdingmi?
Rahm etsa gar kelar-da, deb kutdingmi?
Xilvatlarda sen yangangdan yashirib,
Menga atab ro‘molchalar tikdingmi?
Yolvoraman, sog‘ bo‘l, qayda yurma sen,
O‘ylaringni ishqim nuri bezasin.
Menga atab tikkan bo‘lsang ro‘molcha,
Xatga solib jo‘natmading nega sen?
Yo‘lga qarab sarg‘aydingmi, so‘ldingmi?
Qattiq o‘ksib, ginalarga to‘ldingmi?
Yoki mendan umid uzib, yot-o‘zga —
Birovlarga suyumli yor bo‘ldingmi?
Asl sevsang, firoq tog‘in yiqarsan,
Ojiz ersang, hasratlarda biqarsan.
Bilgim kelar — o‘yladingmi men haqda,
Balki sira o‘ylamagan chiqarsan?
Xayolingdan haydalganim nahot chin,
Yo‘q edi-ku yuragingda zarra kin.
Qadrim mening past bo‘ldimi shunchalar,
Ayovligim, unutolding qandoq sen?
Bari mumkin.
Ishq kiprikni qilar nam.
Ayri ketmoq mumkin ko‘ngil berib ham.
Bari mumkin, faqat mening haqimda
O‘ylamadim der bo‘lsang, hech ishonmam!
OG‘A
Rost, biz tug‘ilmadik bitta onadan,
Menga tug‘ishgandan a’losiz biroq.
Ne tong, yuksaklarni ko‘zlar har odam,
Men Sizga taassub qilaman har choq.
Ko‘rdim, imoningiz begard, beg‘ubor.
Zotan munavvardir diyonat yo‘li.
Og‘a, zamindagi ezgu insonlar
Ko‘rinadi menga xuddi Siz bo‘lib.
BAXTLI BO‘L
Mag‘rur ko‘nglim talpingani-suygani,
Qo‘shiq eding men-chun — shomlar ko‘nganda.
Turib-turib qaytar edim uyga men,
Derazangning yog‘dulari so‘nganda.
Qarolmasdim botinib hech ko‘zingga,
Lekin ko‘ngling entikishin ilg‘ardim.
Seni hamroz etolmadim o‘zimga,
Yonsa hamki yuragimda ishq-dardim.
Balki shundan ketding ortga qaramay,
Ketding uchib, o baxt qushim, ayt, qayon?
Kaptari-la xayrlashgan boladay
Tole tilab qolaverdim men nolon.
* * *
Aytsam deyman dildagi bor so‘zimni,
Begona ham peshvoz kulib kelgan on.
Haqmanki, men qadrlayman o‘zimni
Va shu bois mag‘rurdirman har qachon.
Umr haqda ko‘p o‘yladim, to‘lg‘andim,
Do‘stlar, do‘stlar, mendan umid uzmanglar.
Meni har chog‘ haqiqat deb kuyungan
Fidoyilar qatoridan izlanglar.
Mirpo‘lat Mirzo tarjimalari