Qalijon Bekxojin 1913 yil 15 dekabrda Pavlodar shahrida dunyoga kelgan. 1938 yilda Abay nomidagi Qozog‘iston Davlat pedagogika institutini tamomlagan. Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi.
Q.Bekxojin ko‘plab lirik she’rlar, dostonlar muallifi. “O‘rmon qizi” (1939) dostonida xalq orasidan chiqqan iste’dodli yoshlar obrazi mehr bilan chiziladi. Shoir Qozog‘iston Davlat mukofotining sovrindori. “Qozog‘iston xalq yozuvchisi” unvoni va boshqa ko‘plab mukofotlar bilan taqdirlangan.
Uning “Sheru" (1944), “Ko‘klam” (1948), “Qahramonlik qo‘shig‘i” (1949), “Do‘stlik ovozi” (1954), “Maryam Yegor qizi” (1956), “Olti cho‘qqi” (1973) va boshqa kitoblari chop etilgan.
O‘SHA KO‘ZLAR
Ko‘zlar
yurak oynasidir aslida,
Qorachig‘da aks etadi borlig‘ing.
Men yonganman chaqnoq ko‘zlar vaslida,
Men ko‘zlarda ko‘rdim qalb ayyorligin.
Ko‘zlar borki,
to‘la siru sinoat,
Uqay deya dil qulfimni ochganman.
Uqolmasam...
yana qilib tsanoat,
Chaqnoq ko‘zlar izlaridan ko‘chganman.
Ko‘zlar borki,
quyosh bo‘lib boqadi.
Suydiradi,
kuydiradi beomon,
Ko‘zlar borki,
jon—taningni yoqadi.
Ko‘zlar borki,
ko‘rmay deysan hech qachon.
Cho‘g‘ ko‘zlarga bolalikdan oshnaman
Va ularga umr bo‘yi sig‘indim.
Duch kelganda sovuq nigohlarga man,
O‘tli ko‘zlar qarashini sog‘indim...
... Nursiz ko‘zlar
qay yurakni yondirgan,
Ko‘p ko‘rganman ko‘zlardagi ranglarni.
Ko‘zlar borki,
tub-tubiga singdirgan
Qilmishlarin ustasi faranglarning.
O‘tli ko‘zlar oshig‘iman bir umr,
Ular kirgan yuragimga beso‘roq.
O‘sha ko‘zlar bag‘ishlaydi yog‘du-nur,
O‘sha ko‘zlar borki,
quyosh, tong uyg‘oq.
Safar Barnoyev tarjimasi.
SOG‘INDIM
Sog‘indim men Tattimbet*ning kuylarin,
Shu’lasiday mayin yozning kunlarin.
Yellar chaldi ko‘l qamishin surnaydek,
O‘sdim shunda tinglab oqquv unlarin.
Nafasiday erka go‘dak chog‘imning
Tattimbetning totli sasin sog‘indim.
Yel-la o‘ynab, yugurardim ushlashga
Shu’lalarin iforli gulbog‘imning.
Qo‘k maysada kapalakday o‘ynadim,
O‘ylasam men baxt haqida o‘yladim.
O‘sha baxtim — senda o‘tgan xush damlar,
Shu damlarning sururiga to‘ymadim.
Chalg‘itmasdi meni ermak, na sas-da,
Bor vujudim tuyg‘ularga payvasta.
O‘zimda yo‘q, o‘zgalardan qizg‘anib
Qarar edim qulun, toyga havasda.
Yurar ekan qo‘y-qo‘zilar ma’rashib,
Yosh buzoqlar — qir-adirda yayrashib,
Shodlanardim men chaqnasa chaqmoqlar,
Jilg‘a chopsa qirlardan, yo‘l talashib.
Menga issiq chekkadagi tor kulbam,
Lekin men-chun hamma uydan u ko‘rkam.
Jimirlaydi ko‘kda milt-milt yulduzlar,
Termulsam men kechalari darchamdan.
Tegmasa-da menga o‘rin to‘ridan,
Shu bir kulba keng ma’voday ko‘ringan.
Endi sig‘mam oltin naqshli qasrga,
Bu nimasi — bormi mendek kerilgan?
Jahon kezgan yarim asr yoshimning
Tatgimbetda o‘tkazdim eng asilin.
Unda g‘amsiz, sho‘x-shan edi yuragim,
Olchi edi doim mening oshig‘im.
Unda bunday xo‘rsiniqni kim bilgan,
Bolalik-la yurgum derdim ming yil man.
Dali edim va chapani u paytlar,
Uzr aytardi menga ortiq so‘z qilgan.
Ketdim sendan, o‘tdi uchqur yillar ko‘p,
Toqqa chiqdim, mevalari totli deb.
Oq soch shoir nomin oldim, ne nafdir,
Bolaligim qoldi senda, Tattimbet!
Qirlar kezib, baxt qushini ovladim,
O‘lan aytib, tog‘larga ham dovladim.
Biroq hamon o‘sha bola chog‘imday
Ko‘k maysaga kelar biram ag‘nagim.
Bolalikday bo‘lib erka va xushxon,
Shu’ladayin mayinmisan sen hamon?
Balki qayta yoshararman, boladay
Maysazorda chopsam urib men javlon.
Bari sadqa, sening erka bolangman,
Dashtlaringga jonim yayrab borarman.
“Tentagim” deb, yellar suysa manglaydan,
Cho‘poning bo‘p qirlaringda qolarman...
____________
* XIX asrda yashab o‘tgan taniqli bastakor.
Mirpo‘lat Mirzo tarjimasi