OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sobit Muqanov (1900-1973)

http://ziyouz.com/rasmlar/worldlit/sabit_muqanov

Atoqli qozoq yozuvchisi Sobit Muqanov Kustanay oblastiga qarashli Presno-Gorkovsk rayonida batrak oilasida dunyoga keldi. 17 yoshigacha kishilar eshigida batraklik — podachilik qildi. So‘ng savodini chiqarib, birinchi qozoq gazeta-jurnallari redaktsiyalarida ishladi. U Olmaotadagi oliy o‘quv yurtida adabiyotdan dars berdi, darsliklar yozdi.
Sobit Muqanov o‘nlab she’riy to‘plamlar, «Navro‘z kuni» (1937), «Oq ayiq» (1938) dostonlarini e’lon qildi. 
S. Muqanovning hikoya, povest va romanlari qozoq prozasini taraqqiy ettirishda katta ahamiyatga ega. Uning qishloq xo‘jaligini kollektivlashtirish voqealarini aks ettiruvchi «Temirtas» (1935), «Boy o‘g‘li» (1931) romanlari, «Bo‘tako‘z» (1938) nomli yirik tarixiy asari o‘ttizinchi yillar qozoq adabiyotida salmoqli o‘rin tutadi.
Ulug‘ Vatan urushidan so‘nggi yillarda Sobit Muqanov «Hayot maktabi» (1952), «Sirdaryo» (1947) romanlarini va «Polvon cho‘loq» (1947) povestini yaratdi.
Sobit Muqanov Qozog‘iston Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi, yirik jamoat arbobidir. U 1936—1951 yillarda Qozog‘iston yozuvchilar soyuzini boshqardi. Sobit Muqanovning «Bo‘tako‘z», «Hayot maktabi» romanlari o‘zbek tiliga tarjima qilingan.


O’RMONDA YOZ

Dimog‘ni yoradi og‘ochlar isi,
Tomirlar yayradi, yayradi ko‘ngil.
O’t-o‘lan, yog‘ochu yaproqlar tusi
Ko‘zlarni oladi tovlanib ming xil.

O’rmonga yog‘ildi ertangi ziyo,
Ta’zimga tutindi daraxtlar birga.
Yosh titroq yaproqlar oralab go‘yo
Oltindan tangalar to‘kildi yerga.

Zag‘chalar qag‘-qag‘i, chumchuqlar churqi
Urmonni to‘ldirdi, naqadar xushhol.
Quloq tut bir nafas, aziz o‘quvchi,
Ne sozlar tinglaysan va bo‘lasan lol.

Har yerda o‘rmalar qurtu qumursqa,
Ortmoqlab boradi nasibasini..
Chiqqanday shodiyona ajib yumushga,
Insonday biladi nashidasini.

Yoz keldi yarqirab, sepini yoydi,
Qay tomon qarasang ochilar bahring.
Shunday soz kunlarda ko‘ngil ulg‘aydi,
Shunday baxt yurtida keng, erkin bag‘ring.

Turob To‘la tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.