OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sovet Jamang‘arayev

CHO‘PON UYIDA

Oq yuzli kelinchak kuymanar,
Goh o‘tov pardasin yopadi.
Ustida oq ko‘ylak, hilpirar,
Yel o‘ynab, poyini o‘padi.

Nozik qad, kiyim-bosh yarashib,
Ko‘rganning ko‘zini oladi.
Qo‘y-qo‘zi qolsami ma’rashib,
Quvonch-la intilib qoladi.

Keraga — tol yog‘och qalqinar,
Eh, shamol, oldimi ulog‘ni.
Qir qimiz bo‘yiga burkanar —
Anqiydi, yorgudek dimog‘ni.

Ko‘ngilda xushbaxtlik jaranglar,
Jarangi quloqqa yoqadi.
Oq bilak, oq o‘tov — ohanglar —
Qirlarda qo‘shiqday oqadi.

QIZILQUM

Kuning iliq, tuning oydin — Qizilqumsan,
Bo‘ri chiqmas o‘ru soydin — Qizilqumsan.
Odam mehri, zamon tafti tafting olar,
Yashnagansan, arib qayg‘ung — Qizilqumsan.

Tuya o‘rkach kabi siyrak yaydoq qolgan,
Uyon-buyon ne ariqlar yo‘llar solgan.
Ochilgansan, sinashtaga sirlaring yo‘q,
Kuchog‘ingni gul, chechaklar o‘rab olgan.

Butalarning novdalarin torlar misol,
Yelib o‘ynab, o‘rinlatib chalar shamol.
Hamma narsa kuylar bunda, tinglar bunda,
Sehrlanib bandi bo‘lar nogoh xayol.

Quyon suyak guling qizday qarqiraydi,
Yaproqlari yal-yal yonib, yarqiraydi.
Silkinishib, imo qilib saksovullar
Yo‘lovchini xushhol etib, hol so‘raydi...

Qozoqchadan Tursun Ibrohimov tarjimasi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.