Qoraqalpog‘istonning Qo‘ng‘irot tumanidagi “Qo‘ng‘irot” sovxozida tavallud topgan. 1954 — 1959 yillarda Toshkentda Nizomiy nomidagi Pedagogika institutida qozoq tili va adabiyoti fakultetida o‘qigan. Ilk she’rlarini bolalikda yoza boshlagan. Ilk turkum she’rlari “Yosh davron” nomli to‘plamda chop etilgan.
1974 yilda “Qumdagi minoralar” to‘plami uchun Qozog‘iston Yoshlari uyushmasining mukofoti berildi (vafotidan keyin).
Tirikligida uning “Hayotga sayohat" (1955), “Men senga oshiq edim” (1970), “Omonat” (1975) singari kitoblari chop etilgan.
To‘legen Aybergenov 60-yillar she’riyatiga yaraqlab kirib kelgan yorqin iste’dod edi. Uning lirik, falsafiy she’rlari qozoq yoshlari orasida keng shuhrat qozonib, ularning so‘nmas muhabbatiga sazovor bo‘lgan.
* * *
Qiringdan otam yo‘rg‘ada
Yo‘rtib bir o‘tdi, Kegayli.
Men otam izin qo‘rg‘alab,
Manzilga yetdim, Kegayli.
Dashtingda onam qiz kunin
Qizdirib o‘tgan, Kegayli.
Kelgum deb qaytib, qir gulin
Uzdirib ketgan, Kegayli.
Suv olgan joyda buvimning
Sirg‘asi qolgan, Kegayli,
Sirdoshi qolgan, Kegayli,
Mungdoshi qolgan, Kegayli.
Amu narigi betidan
Orqalab keldim ko‘p o‘yni.
Yuraging issiqo‘ti-la
Qarshi ol meni, Kegayli!
YURAK SO‘ZI
Yuraman yo‘l bilan men ezgu,
Beraman jilo ko‘llarga.
Guvillab yotgan dengizni
Ag‘darib quygum cho‘llarga.
Ergashib ko‘pning ko‘chiga,
Yaylovga chiqqum qo‘y haydab.
Shodumon dala to‘shida
Chalqancha yotgum men yayrab.
Gohi zaminni sel chayur,
To‘ladi borliq fayz-qutga.
Yemg‘irli kun naq mo‘rcha-yu,
Yuvingum men oq bulutga.
KO‘L
Suluv bo‘p ketasan qush, g‘ozing kelsa,
Men suzgum oydiningda yozing kelsa,
Yotganday bo‘lasan bir yayrab kulib.
Suvingni jimirlatib yellar yelsa.
Birgina qaynoq yoz-chun sen bordaysan,
Qushlarga qizigi ko‘p bozordaysan.
...Qushnimas, yorug‘ kunni suyasan-ov.
Bejiz sen ko‘k osmondan ko‘z olmaysan.
KO‘KLAMDA
Ko‘klamni qo‘msab dillar eziladi,
Unda gullar qizlar-chun uziladi.
Osmonda ezgulikning nomin yozib,
Turnalar qator-qator tiziladi.
* * *
Shodlikka to‘la chog‘im eng
Utkazdim senda, qir oshdim.
Tolega ochib bag‘rim keng,
Shivirlab turib sirlashdim.
Ko‘ngli qo‘klamdek qurch gavda —
Og‘am-la fikr alishdim.
Yoz kelbat yorqin jengeyga
Hazilim aytib tanishdim...
Yurakda kadar-nolish yo‘q,
Ilk sevgi dilni jazb etgan.
Ko‘rindi menga olis bo‘p
Qoshimda turgan bo‘y yetgan.
Ne tongki, dili pok do‘stlar,
Bo‘z bola kunlar o‘tdi-ku.
Xandon-da kulgan ko‘p qizlar
Armon bo‘p qolib ketdi-ku...
QIZIM MENING
Uylandim. Bolaligim biroq qochdi,
Oldimda yangi hayot kulgan chog‘i.
Umrimga sen kelding-da gulin ochdi —
Mening yosh oilamning qizg‘aldog‘i.
Ko‘nglimga sehrin quyib dala, ko‘lning,
Sen menga ota nomin ola kelding.
Yotganday gulg‘unchasi orzuimning,
Aylanib beshigingga boraverdim.
Ko‘p tortgan azobimdan onaginam
Quchog‘in ochdi senga ko‘proq bu dam.
Kim bilsin,
Yillar bo‘yi intiq kutgan.
Seni, o, shiringinam, oy yuzginam.
Sen tug‘ilib — nuqul u kulaverdi,
Qalbiga qaerdandir quvvat keldi.
Xirgoyi boshlab har kun tong-sahardan
Vujudi kuyga to‘lib yuraverdi...
Mirpo‘lat Mirzo tarjimalari