OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mixay Eminesku (1850-1889)

Rumin she’riyatining eng mashhur shoiri sifatida tanilgan Mixay Eminesku (rum. Mihai Eminescu) 1850 yilning 15 yanvarida Ruminiyaning tarkibidagi Moldova knyazligiga qarashli Botashani shaharchasida tug‘ilgan. Uning kelib chiqishi armani bo‘lmish otasi o‘rtahol zamindor bo‘lib, dehqonchilik bilan shug‘ullanardi. Yosh Mixay Avstriya-Vengriya imperiyasi tarkibiga kirgan (bugun Ukrainaning g‘arbida) Chernovtsi shahridagi nemis gimnaziyasida ta’lim oladi. 1866 yili uning sevimli o‘qituvchisi o‘limi munosabati bilan ilk she’ri jurnalda chop etiladi. Shu yili uning bir turkum she’rlari «Familia» («Oila») jurnalida bosiladi. Gimnaziyadagi tahsilini oxiriga yetkazmay, Mixay Venaga boradi va universitetda erkin tinglovchi sifatida filologiya, falsafa va huquqshunoslik yo‘nalishidagi darslarga qatnasha boshlaydi. 1872 yili Berlinga borib 2 yil davomida tahsilini davom ettiradi. 1874 yili vataniga qaytib, dastavval gimnaziyada o‘qituvchi, keyinchalik Buxarestga borib «Timpul» («Vaqt») gazetasibilan hamkorlik qiladi. Ayni o‘sha yillari ijodining cho‘qqisi sifatida baholangan «Luchaferul» («Tong yulduzi» dostonini yozadi. Shoir 1889 yilning 15 iyunida Buxarestda vafot etgan.

PINHONA SEVDIM MEN…

Pinhona sevdimu ohim sir tutdim,
Aziz bo‘lay, dedim senga jon qadar.
Ko‘zlaringga boqib, dilimda kadar,
Ko‘zlaringdan baxtli mujdalar kutdim.

Ortiq sabr yo‘qdir… Xoksor dardimni
So‘zlarim ko‘marlar sirli ohangga,
Ul oshiq yurakda yongan alanga
Kuydirib, yondirib yuborsin meni.

Mana, boq, lablarim tashna, yorilgan,
Ko‘zimda jafoning qora sarobi –
Nahot qora o‘lim yagona do‘stim?

Nafas ber, uyg‘onay, bitsin azobim,
Hislarim uyg‘onsin ko‘ksimni yorgan,
Boshingni qo‘y-da, quch – isisin ko‘ksim.

KOSHKI BIR BOR…

Koshki bir bor qo‘lingni
Bossam edi ko‘ksimga.
Mijja qoqmay tikilsam
Yana sening ko‘zingga.

Seni quchsam, orzuning
Zahru og‘usin ichsam
Va ketib olislarga,
Sendan tamom voz kechsam.

Agar ketsam, bilsang, bas,
O‘limni izlab ketdim.
O‘lim – mening taqdirim,
Uni men o‘zim bitdim.

CHORBOQQA U IZINI BURDI

U chorboqqa izini burdi,
Men ham kirdim uning izidan.
To‘xtab, menga yuzini burdi,
Ko‘zim olib qochdim ko‘zidan.

So‘ng nimadir aytdim g‘o‘ldirab,
Qiynab ishqning chorasiz dardi.
U esa bog‘ ichiga qarab
Soqov kabi sukut saqlardi.

Unga yaqin kela boshladim,
Goh ko‘rib, goh ko‘rmasdan uni.
U qizarib siltab tashladi,
So‘ngra chetga itardi meni.

Yelkasidan quchdimu asta
Ko‘zlariga boqdim umidvor,
Suzilardi ko‘zlari mastday,
Oqarardi yuzi misli qor.

Ammo, sira parvo qilmasdim,
Va yuziga yuzimni qo‘yib,
Lablaridan sarmast o‘pardim,
Ko‘zlaridan o‘pardim to‘yib.

Bosar edim ko‘ksimga mahkam,
Sovir edi ko‘ksimda qonim.
— Xafa qilib qo‘ymadimmi, ayt
Sevasanmi sen meni, jonim?!

Savolimga jim shivirladi:
— Ha, sevaman, seni jondan ham,
So‘ng tabassum qilarkan, dedi:
— Faqat sho‘xsan, sho‘xsan judayam!

Xurshid Davron tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.