OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Aleksandr Blok (1880-1921)

http://ziyouz.com/images/poets/aleksandr_blok.jpgUlug‘ rus shoiri Aleksandr Blok o‘zining qisqa umrida  boshidan Rossiyaning muhim voqealarini kechirdi va bu uning o‘tli she’riyatida o‘z aksini topdi.  Shoirning ota — onasi erta ajrashib ketishgan bo‘lishsa — da, Blok hamisha otasining «qoni»ni sezib yashadi. Shoirning onasi Aleksandra Andreevna Beketova ajoyib adiba edi. Onasi bilan o‘rtasidagi ruhiy va ma’naviy yaqinlik, mehr  —  muhabbat bolaligidan to umrining oxirigacha yuragidan o‘chmadi. U Beketovlar oilasida o‘sdi. Bu uyning eng yaqin do‘stlari, mehmonlari   —  Gogol, Nekrasov, Turgenev, Saltikov  — Shedrin, Dostoevskiy kabilar bo‘lib, Beketovlar oilasi tom ma’noda ilm, adabiyot va san’at bilan yashashardi. Yosh Blok bolalikdan to umrining oxirigacha yozuv stolidan ayrilmadi. Shoirning bobosi  —  Andrey Nikolaevich Beketov  Peterburg universiteti rektori, mashhur botanik olim yoz mavsumida gerbariylar yig‘ish bilan mashg‘ul bo‘lar, bu ishda  kichik  Blok  bajonidil,  g‘urur  hissi  bilan yordamlashardi. 
Blok hayotida Rossiyaning shimoliy poytaxti Peterburgdagi uylari va Moskvadan unchalik uzoqda bo‘lmagan Shaxmatova qishlog‘i muhim o‘rin tutadi. Yosh Blok hamisha qish kunlarini Peterburgda, yozni Shaxmatovada o‘tkazar, uning eng go‘zal asarlari, she’rlari osoyishta Shaxmatova qishlog‘ida dunyoga kelardi. Klassik adabiyot ruhida tarbiyalangan Aleksandr Blokda «yangi adabiyot» ta’siri kuchli kechadi. U butunlay yangi, qudratli so‘z san’atkoriga aylanadi.
Blok  hayoti uning nozik yuragini muhabbat va sadoqat tuyg‘ulari bilan to‘ldirgan sevgilisi, keyinchalik bir umrlik rafiqasiga aylangan Lyubov Dmitreevna Mendeleeva  —  ulug‘ kimyogar olim Dmitriy Mendeelevning qizi  nomi bilan chambarchas bog‘liq. Ular bir — birlarini sevib, ardoqlab, tushunib, qo‘llab —  — quvvatlab yashadilar. 
Blok qoldirgan ulkan adabiy meros teranligi bilan umumbashariy ahamiyat kasb etadi.

***

Cherkovning xorida qo‘shiq aytdi qiz
O‘zga yurtda jondan to‘yganlar haqda.
Kemalarni qaytib bermagan dengiz,
Sevinchni unutib qo‘yganlar haqda.

Ovozi gumbazlar uzra sayr etdi,
Nurda tovlantirar yelkasin malak.
Har kim qorong‘uda ko‘rdi, eshitdi
Qanday kuylaganin nurda oq ko‘ylak.

Barchaga tuyuldi  —  shodlik bo‘lajak,
Joyidan qo‘zg‘alar ul kemalar ham.
Yorug‘ hayot ila baxtga to‘lajak
Begona ellarda horigan odam.
Shirin edi ovoz, nafis edi nur,
Faqat yiroqlarda sirli ufq bor.
Haqning eshigida go‘dak yig‘laydur  — 
Hech kim qaytib kelmas degan qo‘shiq bor.

YOLG‘IZLIK

Shamol. Muzlab boradi daryo,
Daryo bo‘ylab uvlaydi shamol.
Bahor yaqin, toshlardan sado
Sizib kelar bamisli xayol.

Tosh yonida o‘y suradi u  — 
Yuragida achchiq iztirob.
Qachonlardir burgutsimon bu
Nigohlarda bugun kul — sarob.
Qalqib ketdi kech tushar chog‘i 
Ko‘z o‘ngida jonlandi o‘tmish.
Unut bo‘lmas g‘amning qirg‘og‘in
Besas soya, sharpalar tutmish.

Mutloq yolg‘iz, u mutloq g‘arib,
Uni olam unutgan go‘yo.
Qarib borar, boradi qarib,
Hasrat ado qiladi, ado…

Ko‘rinadi tubi yo‘q zulmat,
Iblis yovlar qilishmas shafqat.
Qayda umid, qayda harorat,
Qayda do‘stlar, qayda muhabbat?!

Nahot tashlab ketdi barisi,
Nahot qismat edi bu qayg‘u?
Nahot qalbda armon nafasi
Va tonglarni kutmoq beuyqu?
Qayga oqdi orzular? Nening
Qarshisida o‘zni yo‘qotdi?
Eslar ekan yugurik umrin
O‘tmish o‘ylar uni uyg‘otdi…

Shirin edi bu dam horg‘inlik,
Yengil quvonch kezar ruhida.
Xush yoqardi dilga sokinlik,
~am sezinmas shamol uhida.

Na xushomad, na shuhrat darkor,
Unutgisi keladi ishqni.
Xotiralar hamisha bedor
Bulutlarday quchadi ufqni.

To‘ldi minor bag‘riga sado,
Go‘zal va keng shahar yo‘llari.
Oqdi kulrang va olis samo
Ostidagi o‘tli yillari…

Sizib chiqar toshlardan sado,
Yana dilni chulg‘aydi xayol.
Shamol.Muzlab boradi daryo,
Bahor chog‘i uvlaydi shamol…

***

Sho‘rlik, xushomadgo‘y badbaxtlar…
Lir


Derazaning ortida yovqur,
Telbalanib bo‘kirar bo‘ron.
Bulutlarni haydaydi yomg‘ir,
Shamol tinmas tilsiz, beomon.

Dahshatli tun! Bundayin tunda
Achinaman yuraksizlarga.
Nadomatlar aytaman chindan
Balchiqda ham keraksizlarga.

Jafokashning tolesi  —  zulmat , 
Yo yomg‘ir — la olishmoq. Yo, rab!
Derazaning ortida faqat
Bo‘kiradi shamollar ingrab!

***

Yelamiz,elamiz, hur go‘daklarim,
Aziz yurt sari!
Tabiat kuylaydi, sof yuraklarim,
Bizniki bari!

Kenglikda  —  ko‘z ilg‘ab bo‘lmas falaklar,
Tutun va changlik!
Yelamiz, tabiat hur go‘daklari,
Dala va kenglik!

Yelishar, yelishar… ~aramdan oshib,
Chor  —  atrof  —  dala.
Bepoyon ufqni bag‘riga bosib,
Yer titrar palla.

Yelishar qoshiga quyoshning, mayning.
Ozod pallalar
Issiq quchog‘iga bosmoqda zamin
O‘z bolalarin…

Mehribon ona yer chaqaloqlarin
Erkalab quchdi.
Bahoriy ufqda qo‘ng‘iroqlarning
Kuylari uchdi…

Ularni imlaydi qorong‘u tunlar,
Eng sovuq tunlar.
Ularga ko‘rinar tezoqar kunlar,
Sanoqsiz kunlar…

***

O, odamzod nasli, senga alvido!
Tumanda dengizlar suzar parishon.
Qizil dengiz ichra eng sovuq havo,
Tumanni tark etdim. Salom, yangi tong!

Xalqlar, yana xalqlar ko‘ziga boqsam,
Goho ko‘rinmaydi na o‘t, shon, biroq
Shu muzni yurakda eritib oqsam,
Quyoshning nurida tong otsa oppoq!

***

Deraza ortida kezinmas shamol,
Ichkarida esa shamlarim o‘chdi.
Kimdir kirib keldi besas, bemahal
Menga yaqinlashdi, yelkamdan quchdi.

Qayrilib qaradim. Faqat osmonga 
Shunday tikilaman ruhimda titroq.
Burilib boqadi u men tomonga,
Olisdan ko‘rinar vazmin va quvnoq.

Na ro‘yo, na tuman edi u dilbar,
Neni anglamadim, yo anglab yetdim.
U yonimga keldi atay bu safar  — 
O‘shal sirlarimiz shivirlab ketdi…

***

Oyparast misoli xayollar sursam:
Ona tuproq o‘lim bilmasa, deyman.
Loqayd, riyokorlar insofga kirsa,
Qurbimiz yetmas ish bo‘lmasa, deyman.

Garchang og‘ir tushlar bo‘g‘ar umrni,
Garchand dimiqtirar bu tush beomon.
Ehtimol, qaysidir sho‘x yigit sirni
Ochadi  —  men haqda so‘ylaydi oq tong.

Agar g‘amg‘in tortsa uning ko‘zlari,
Qudratli yuragi g‘ussaga botsa,
Gunohidan o‘ting! Ne tong, so‘zlari
Dillarda ezgulik va nur uyg‘otsa!


NOMA’LUM QIZ

Dimiqqan shom. Mayxona uzra 
Yovvoyiroq havo kezinar.
Sarxush oqqan tovushlarda ham
Bahor o‘yi, o‘ti sezinar.

Olislarda  —  dala hovlining
To‘zonlarga to‘lar ko‘chasi.
Issiq hidi keladi nonning,
Go‘dak yig‘lar unda kechasi.

Haramlarning ortida har kech
Sanqiy boshlar masxarabozlar.
Xonimlar — la xarobazorda
Sayr etishar, hatto soz sozlar.

Suzar muzli halqalar ko‘lda,
Ayol dodlar, hech kimning ishi
Yo‘qday! Ko‘kda behis, beparvo
Evriladi oyning gardishi.

Ko‘rinadi har shom yolg‘iz do‘st
Qo‘limdagi jom ichra faqat.
Sirli, achchiq ta’mli nafasdan
Mening kabi chayqalar karaxt.

Yonimdagi qo‘shni stolda 
Mudroq malay qaqqayib turar.
Quyon ko‘zli mayxo‘r ayollar
Gunohini yolg‘iz Haq bilar.
Har oqshomda aynan bir paytda
(Yo tushimga kirarmikan bu?)
Derazadan sirg‘alar tuman,
Shohilarga o‘ralgancha U  —  

Mayxurlarni oralab o‘tar,
Har vaqt yolg‘iz, har vaqt ohista.
Tuman, atir hidi urinar,
Derazaning yoniga asta

O‘ltiradi. Shohi ko‘ylaklar
Tovlanadi boqqanim sari.
Tillo uzuk, tillo baldoqlar,
Zanjirlaydi meni ul pari…

Zanjirlaydi meni tobora,
Yuzidagi qayg‘u ortidan
Ko‘rinadi  —  beqiyos kenglik,
Ajib qirg‘oq uning ortida…

Ochilmagan sirlar ochildi,
Qo‘llarimda  —  nening otashi?
Yuragimga sanchildi yomon
O‘tkir mayning hasratli yoshi.

Uchayotgan parlar singari
Xayollarim sarxush va uyg‘oq.
Tubsiz, moviy ko‘zlarning yurti  — 
Olislarda shovullar qirg‘oq.

Yurakdagi sirlarim bilan
Sharob ichra to‘kilaman jim.
O, sarxushlik, sarxushlik, haqsan!
Gunohimni bilar xudoyim…

Oygul Suyundiqova tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.