OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Aleksandr Pushkin (1799-1837)

Aleksandr Sergeyevich Pushkin - buyuk rus shoiri, rus adabiyoti asoschisi, bir qator she'rlar, epik va lirik doston, novellalalar muallifi.

Pushkin 1799 yil 6 iyun kuni Moskvada dunyoga keldi. Tsarskoye Selodagi litseyda o`qish bilan Pushkin she'riyat olamiga kirib keldi. 1820 yili u "Ruslan va Lyudmila" dostonini yozdi. 1822 yili "Kavkaz asiri" asarini yozdi, shuningdek "Bog`chasaroy fontani" (1822), "Lo'li" (1823-24) kabi asarlar ham muvaffaqiyatli bo`ldi. "Boris Godunov" (1824-25) asari esa rus lirikasining buyuk namunasidir.

1826 yildan keyin Nikolay I davrida Pushkin ikkita uzun tarixiy dostonni yozdi: "Poltava" (1828), "Mis otliq" (1833), "Kapitan qizi" (1836)

Pushkin 1837 yil 10 fevralda Dantes bilan duelda Sankt Peterburgda vafot etdi.

SEN VA SIZ

Havoyi Siz o`rniga yanglish
Qiz nogahon Sen deya aytdi.
Shu dilbar so`z ko`nglimda yonish,
O`ylarimda orzu uyg`otdi.

Termulaman so`z derga ojiz,
Sehri tamom rom etgan meni.
Sirtda deyman: qanday yaxshisiz,
Qalbda esa: sevaman Seni.

HOFIZDAN

Jang shavqini dilda uyg`otma,
Yonma, yigit, zafar, shon bilan.
Qonli harbga o`zingni otma
Karabaxlik olomon bilan.

Balki seni o`ldirmas qotil,
Maydon aro, qilichlar aro.
Barnoliging ko`rgan Azroil
Yubormagay bemahal qazo.

Bir narsadan qo`rqaman faqat:
Oshno bo`lib jangda beboklik,
Senda qolmas dilbar nazokat,
Bu mayinlik, go`zallik, poklik.

EPIGRAMMA

Ta’na bilan jonimga tegding,
Javob senga muxtasar, oshnam.
Ha, men ishchan emasman, lekin
Sen omilsan yalqovlikda ham.

EPIGRAMMA (2)

Illatlari haddan ziyoda,
Nopok yashab keldi bu odam.
Gunohlarin yoysa dunyoda
Joy qolmagay qo`ymoqqa qadam.

Insof kirdi unga nihoyat,
Asta-sekin yo`l topdi to`g`ri.
Mana endi durust, xayriyat,
Nomi bo`ldi qartaboz o`g`ri.

KAR

Kar karni kar qozining hukmiga to`g`riladi,
Kar dedi: Bu kar mening molimni o`g`irladi.
Kar karga javob berdi: Bekor aytibsan, ey kar,
Sen aytgan u qo`riqqa yetti pushtim don ekar.
Kar qozi hukm qildi, pok ish bulsin, bir yo`l bor,
Yigitni uylantiring, qiz bo`lsa ham gunohkor.

Erkin Vohidov tarjimalari 

MEN SIZGA ACHINMAYMAN

Men sizga achinmayman, vafosiz sevgilarda
Behuda oqib o'tgan bahorimning yillari!
Men sizga achinmayman u otashin naylarda
Ehtiros-la kuylangan, ey tunlarning sirlari.

Men sizga achinmayman, bevafo do'st, jo'ralar,
Bazmlarning tojlari, davrada aylangan jom.
Men sizga achinmayman, xiyonotkor go'zallar,
Meni xayol band etgan, xursandchilik qilmas rom

Qayda, qayda qoldingiz, yoshlikdagi orzular,
Va qalbning sokinligi erkalatgan kezlari1!
Qani avvalgi otash, ilhom baxsh etgan zavqlar,
Keling, keling, mushtoqman, bahorimning yillari.

SADOQATLI GREK QIZI

Sadoqatli grek qizi, yig'lama, yoring
Dushman o'qi ko'ksin teshib shon bilan o'lgan.
Sen emasmi, kuzatarkan o'z bahodiring,
Qonli shuhrat janglariga yo'llanma bergan?
Dil sezarkan ayriliqning og'ir hijronin,
So'ng bor ochdi yoring senga issiq quchog'in,
Go'dagiga baxt tiladi tiyolmay yoshin,
Lekin, qora yalov erk-la hilpirab ketdi.
Xuddi Aristogitonday qilich o'ynatib,
Jangga o'zin otdi-marding yiqila turib
Juda buyuk va muqaddas ish qilib ketdi.

....GA

Yoq, yo'q, muhabbatning jo'shqin ra'yiga
Endi men bo'lmasman telbalarcha qul.
Ozor ham bermayman dil oromiga
Yonish, o'rganishga hech qo'ymayman yo'l,

Bas endi, shaydolik yetar! Va ammo,
Ne uchun xayolga tolmayin bir zum,
Nogahon samoviy, nozli, musaffo
Qiz ko'z oldimdan o'tarkan mas'um?

Tomosha qilmoqqa totli shavq bilan
Nahotki, qolmadi zarra ijozat?
Sukutda kuzatmoq, nigor izidan,
Tilamoq mumkinmas baxtu saodat.

Nahot tilab bo'lmas hayot ne'matin
Unga halovatu orom va shodlik?
Hattoki barnoning qalbiga yaqin
Rafiqa atovchi kimsaga tole?

VIDOLASHUV

Xayolimda dilkash qiyofang
Erkalayman bukun so'nngi bor.
Qalbda umid uyg'otib arang,
Qo'rqoq, g'amli huzurla sevging
Eslamoqni qildim ixtiyor.
O'tib borar umrimiz yillar —
O'zgartirib har ikkimizni,
Endilkda shoirga sendan
Sovuq qabr epkini yelar,
Va sen uchun shoir ham so'ngan.
Yuragimning so'nggi vidosin
Qabul etgin, e yiroq jonon:
Go'yo beva qolgan bir xotin,
Jo'natarkan quvg'inga do'stin,
Sukut ichra qolgan do'stsimon.

KECHIRARMIKINSAN

Kechirarmikansan orzumdagi rashk,
Ishqdagi bu sifat telba yonishni?
Sodiqsan! Ne uchun sevasan, yakkash —
Fikru xayolimga qo'rquv solishni.

Jazmanlar qurshagan sening atrofing,
Ko'rinmak istaysan barchaga dilbar.
Goh munis, goh ma'yus sening nigohing
Hammaga nechun puch umid baxsh etar?

Aqlimni band etib, o'zimni maftun,
Bu baxtsiz sevgimga ishonchim komil,
Ko'rmaysan, shovqinli gurungda butun
Suhbatga begona iztirobda dil, —

Tanholik hasratin chekaman tolib,
Mahrumman iltifot va shavqatingdan...
Ketmoqchi bo'laman: qo'rqib, yolvorib
Ko'zlaring qidirmas mening izimdan

Ishvali so'zlar-la qilmoq bo'lib rom,
Meni gapga tutib qolsa bir jonon. —
Sen beg'am, osuda, quvnoqsan mudom,
Bu ta'nang men uchun o'limdan yomon!

Gapirchi ne uchun mening raqibim,
Menu sen ikkovni ko'rarkan xilvat,
Senga nechun sirli qiladi ta'zim?..
Ayt-chi, kim beribdi bunga ijozat?

So'yla-chi! Ne uchun to'lg'anar rashkda,
Ne uchun oqarar jamoling ko'rib?
Ne uchun kun va tun o'rtasi paytda
Onangsiz, sen tanho olasan kutib?!

Lekin men sevimli... Men-la qolganda
Shu qadar munissan, shu qadar dildor1!
Bo'sang o't! sen ishqdan suhbat ochganda
Samimiy yuraging etilar izhor1!

Senga kulgilidir mendagi azob
Va lekin sevasan yetadi aqlim.
Azizim, qiynama, hech qolmadi tob.
Bilmaysan, naqadar kuchlidir ishqim,
Bilmaysan, qanday zo'r menda iztirob.

...GA

Esimdadir ajib dam hali:
Ko'z oldimda bo'lding namoyon,
Pok go'zallik dahosi kabi,
Bir lahzalik xayol, tushsimon.

G'am-alamdan dilim yonganda
Tushlarimda ko'rdim chehrangni,
Hayotdagi bo'm-bo'sh suronda
Kelib turdi tovshing jarangi.

Yillar o'tdi. Isyon bo'roni
Xayollarim sovurdi dildan.
Va unutdim dilbar sadongni,
O'chdi aziz chehrang yodimdan.

Quvg'inlikning changida nursiz
G'amga to'lib kunlarim botdi;
Xudo, ilhom, ko'z yoshisiz,
Ishq, iztirob, hayotsiz oqdi.

Mana, qalbga oshno bo'ldi nay,
Ko'z oldimda bo'lding namoyon,
Go'zallikning sof parisiday,
Bir lahzalik ajib tushsimon.

Ruhim yana uyg'ondi bu dam,
Yana unda tirildi najot;
Yana dilda xudo va ilhom,
Ko'z yoshi-yu muhabbat, hayot.

AGAR SENI ALDASA HAYOT

Agar seni aldasa hayot
Sen noumid bo'lma hech qachon.
G'amli kunga qilgin itoat,
Xushnud kunlar keladi, ishon!

Qalb kelajak ishqi-la yashar;
Bu kunimiz qayg'u va dog'li:
Bari oniy, o'tishga shoshar,
O'tgan esa, hamisha totli.

QONIMDA YONADI ORZU OTASHI

Qonimda yonadi orzu otashi,
Sen mening dilimga solding jarohat;
Bo'sa ol:sharobu boldan ham shirin
Sening bo'salaring,bag'ishlar rohat.

Kel, mehru sevgi-la boshimga egil,
Beisyon, oromda tin olsin jonim:
Quvnoq, kun botguncha ufqqa yengil,
Quyulguncha tunning tumanlari jim.

O'YLADIMKI

O'yladimki, yurak unutdi
Muhabbatning ezgu azobin,
Dedim o'tgan barisi o'tdi,
O'tdi. Qaytib kelmaydi tag'in.

O'tib ketdi zavqda, qayg'uda
Va havoyi yengil umidlar...
Ammo o'tkir husn oldida
Tushdi yana larzaga ular.

Zulfiya tarjimalari

O‘TINCH

O‘zing asra endi meni, tumorim,
Quvg‘in chog‘larimda meni asray qol.
Qalbimni chulg‘asa shubha va malol,
O‘zing asra endi meni, tumorim.

To‘lqinlar buzishib sabru qarorim,
Tegramni chulg‘ashib olsalar mutloq,
Bulutlar solsalar vahshiy qaldiroq,
O‘zing asra endi meni, tumorim.

Begona ellarda yozib xumorim,
Erinchak sukunat qo‘ynida qolsam,
Olovli jang hissin qalbimga solsam,
O‘zing asra endi meni, tumorim.

Sirli va muqaddas oftob uzorim,
Aldoqchi, g‘aroyib, laziz tuyg‘ular...
Xiyonat ko‘kida botdilar ular...
O‘zing asra endi meni, tumorim.

O‘tgan xotiralar . dildagi zorim,
Qalbim jarohatin tirnamasin, bas,
Alvido, umidlar, tinch uxla, havas,
O‘zing asra endi meni, tumorim.

HAMMASI TUGADI

Hammasi tugadi, oramiz ochiq...
So‘ng bor qo‘llaringni o‘parkan, pari,
Sha’ningga to‘qiyman mungli bir qo‘shiq,
Tinglayman javobing: .Tugadi bari....
Endi aldovlarni qilmasman rasm
Va seni alam-la axtarmoq nechun?!
O‘tdi... o‘tganlarning unut hammasin,
Sevgi yaralmagan faqat men uchun.
Sen yoshsan, qalbingning go‘zal mahali,
Sevimli bo‘larsan ko‘plarga hali...

HIKMAT

Kulbada bittagina sham yonib turar edi.
Ravshan bo‘ldi yoqishgach yana bitta shamchiroq.
Bejiz emas, qadimgi donolar deyar edi:
To‘y yaxshiyu va lekin kengashli to‘y yaxshiroq.

YANGILIK

Xo‘sh, dunyoda nima gap, qanaqa yangilik bor?..
U esa tura berdi bejavob, yutib nafas.
Oxir dedi: .O, do‘stim, ezmalik kimga darkor,
Sen . ahmoqsan, bu esa aslo yangilik emas..

TO‘G‘RI BASHORAT

Kasalim tuzalarmi?.. Sher eshakdan so‘radi.
Eshak esa o‘ylamay dedi: .Ayo shoh jahon,
O‘lmasangiz, yashaysiz, o‘lmaganlar turadi..
Ikki karra ikki . to‘rt, bu eshakka ham ayon.

DUNYO

Shundoq edi bu dunyo, shundoq bo‘lur hamisha,
Ko‘hna bir haqiqatning do‘koni yopilmaydi:
Dono odam juda kam, garchi ko‘p ilm pesha,
Bisyordir tanish-bilish, lekin do‘st topilmaydi.

Abdulla Oripov tarjimalari

* * *

G'ussali tun pardasin osmish
Mudroq osmon ravoqlarida.
Vodiylarni sukunat bag'riga bosmish,
O'rmon oppoq tuman quchoqlarida.
Sal shildirar emanzor soyasida shoshgan soy,
Sal pichirlar uyquchan shabboda barg-o'tlarda.
Suzib yurar kattakon oqqush yanglig' to'lin Oy -
Kumushrang bulutlarda.

...Bunda ko'rdim: sarviga chirmashibdir majnuntol, 
Soyalari jimirlar suvning billur mavjida. 
Dalalar malikasi nilufar mag'rur, xushhol, 
Dabdabasi, ziynati, go'zalligi avjida.

G'adir-budur tog'lardan tushar b?bosh sharshara, 
Marvarid daryo bo'lib oqar, qaynashar, 
U yonda, sokit ko'lda pari qizlar sho'x, sara,
Erinchoq to'lqinlarni sachratishar, o'ynashar.

* * *

Bo'ron, zulmat osmonni tutar, 
Qor quyuni qiladi o'yin. 
Dam hayvondek bo'kirib o'tar, 
Dam go'dakday yig'loqi bir un.

Eski tomdan poxol tortadi, 
Guvlab, birdan soladi shovqin, 
Darchamizni kelib qoqadi - 
Dam kech qolgan yo'lchiday yupun.

Ko'hna kulbam, kichkina uyim 
Ham g'amgin, ham zulmat qo'ynida. 
Sen nimaga, bechora buvim, 
Jimjit qolding oynak tagida?

Charchatdimi bo'ron uvlashi, 
Z?rikdingmi, buvim yo esa? 
Yo mudratgan duging tovshimi, 
Horidingmi yoki bo'lmasa?

Kel, ichaylik, mehribonginam, 
Sho'rlik yoshligimning hamrohi...

DENGIZGA

Alvido, zo‘r qudrat – asov g‘alayon!
Yashil to‘lqinlarning so‘ng daf’a surib –
Ko‘zlarim oldida qaynaysan chunon,
Mag‘rur go‘zalliging bilan barq urib.

Undoving g‘avg‘oli, shovqining g‘amli,
Qulog‘im solaman so‘ng qatla men ham,
Go‘yoki pichirlar, chorlar alamli,
Xayrlashuv payti yaqin do‘st, hamdam.

Orzuli bu ko‘nglim istagan qirg‘oq,
Sening sohilingda kezardim sarson,
Kezar edim sokin, tumanli, charchoq,
Ezgu niyatlarim qiynar edi jon!

Naqadar yoqardi: bo‘g‘iq ovozing
Va teran sadoli chaqiriqlaring,
Kechqurungi sukut va o‘jar nozing,
Hayajon g‘azabing – baqiriqlaring!

Baliqchining yengil yelkan kemasi –
Istasang ko‘ksingda saqlanar omon,
Yuzar to‘lqinlarda, yo‘qdek vahmasi,
Lekin sen boshlasang ulkan g‘alayon –
G‘arq bo‘lar kemaning gala-galasi.

Mangu ketay devdim, bo‘lmadi imkon;
G‘amgin, harakatsiz, ko‘ngilsiz qirg‘oq,
Seni shodiyona qutlay olmadim,
Tizma tog‘laringdan hatlay olmadim,
Shoirona qochmoq bo‘lgandim yiroq!

Sen kutding, chorlading... men kishandaydim,
Ruhim qanotlandi behuda, bekor.
Qudratli orzuga maftun bandaydim,
Shu sabab men qoldim qirg‘oqlarda zor.

Nimani ayayman! Qayga bu zamon –
Men yo‘l solar edim beparvo, beg‘am?
Bitta ilinj sening go‘shangda hamon
Ko‘nglimga hayratlar solar dam-badam...

U bitta qoyadir, shon sag‘anasi...
U yerda uxlaydi sovuq uyquda –
Ulkan xotiralar hammasi.
Napoleon hayoti so‘ngan yer shu-da!

U yerda azobda bo‘ldi u halok,
Uning orqasida dovul singari –
O‘zga daho uchdi, dilni aylab chok,
Aqlimizning o‘zga bir hukmdori.

Ketdi, erkinlik-chi, yig‘ladi yo‘qlab,
Qoldirdi tojini jahonga, esiz! –
Shovqin sol, po‘rtana, uni ulug‘lab,
U sening qo‘shiqching edi-ku, dengiz!

Unda barq urardi timsoling ayon,
Ruhan xuddi senday yaralgan edi.
Senday teran, g‘amgin, senday pahlavon,
Senday bo‘ysunmas, zo‘r inson edi.

Dunyo bo‘shab qoldi... endi sen meni
Qayon olib chiqar eding, okean?
Insonlar taqdiri har yerda birdir,
Qayda farog‘at bor bo‘lsa, posbon –
Ma’rifat yo zolim u yerda, ayon...

Yaxshi qolgil, dengiz! Unutmayman hech,
Sening tantanali bu jamolingni,
Qulog‘imda turar, jaranglar har kech,
Hamisha tinglayman g‘alayoningni.

O‘rmonlar va jimjit sahrolar tomon –
Yorqin xotiralar ola ketaman.
Qoyalar, ko‘rfazlar, to‘lqin va suron,
Soya, jilolaring esda tutaman.

BOXUS QO‘SHIG‘I

Nimadan tindi, hey, shodumon ovoz?
Yangra, boxusona qo‘shiq, yangroq soz!
Bor bo‘lsin sarvinoz qizlar, jononlar!
Bizni nazokat-la sevgan juvonlar,
Qani, qadahlarni to‘ldira boshlang!
Jaranglab tursin,
Boda ko‘pirsin –
Noyob uzuklarni tagiga tashlang!
Ko‘taring bir yo‘la, sipqaraylik oq,
Bor bo‘lsin muzalar, bor bo‘lsin idrok!
Sen ey, ezgu oftob, porla yorqinroq!
Yorug‘ tong otganda, mana bu chirog‘,
Rangi uchib, lip-lip so‘nganisimon,
Soxta donishmandlik so‘nar beomon –
Porloq aql quyoshi oldida albat.
Yasha, ey oftob, yo‘qolsin zulmat!

* * *

Kuylama yonimda, o, sohibjamol,
Gruziyaning g‘amgin qo‘shig‘in, hayhot,
Kuylasang yodimga tushadi darhol
Yiroq sohil va o‘zga hayot.

Hayhot, hech shafqat yo‘q bu qo‘shig‘ingda,
Xotiramga solar olis sahroni
Ham oydin kechada – oy yorug‘ida
Yiroqdagi qizni – sho‘rlik siymoni...

Aziz, mash’um xayol chiqar yodimdan,
Unutilar seni ko‘rganda dildor,
Sen kuylaysan, tag‘in men ko‘z oldimda
Tasavvur etaman o‘shani takror.

Kuylama yonimda, o, sohibjamol,
Gruziyaning g‘amgin qo‘shig‘in, hayhot,
Kuylasang yodimga tushadi darhol
Yiroq sohil va o‘zga hayot.

Mirtemir tarjimalari

HAYKAL

Haykal qo‘ydim o‘zimga muhtasham va ulug‘vor,
Xalq qadami uzilmas zamonlar o‘tur garchand.
U mag‘rur qad ko‘tardi tavoze bilmay zinhor,
Aleksandr qubbasidan ham baland.

Yo‘q, batamom o‘lmasman — qo‘shiqqa ko‘chgan qalbim
Jismim birla tuproqda chirib ketmas hech qachon.
Olamda shoir zoti qolarkan, so‘nmas qadrim —
Aslo meni tark etmagay shuhrat-shon.

Dovrug‘im-la chulg‘anur poyoni yo‘q ulug‘ Rus,
Undagi barcha elga bo‘lgum suyuk, mukarram —
Meni yodlar hur naslim hamda sahroyi tungus,
Fin xalqiyu dashtlar do‘sti qalmoq ham.

Xalqning mehru e’zozin toabad qozonganman —
Sozim-la yuraklarda ezgu hislar qo‘zg‘atdim.
Men Erkni ulug‘ladim shu qabih zamonamda,
Mazlumlarga shafqat hissin uyg‘otdim.

Ey, ilhomim parisi, tangri hukmin et ado,
Malomatdan cho‘chima, gulchambar deb chekma g‘am.
X.amdu sano, tuhmatga hargiz bo‘lgin beparvo,
O’chakishma nodon bilan sira ham.

TIKLANISH

Bir musavvir beburd qalb bilan
Bo‘yab tashlab daho asarni,
Tahqirlangan surat ustidan
Berar o‘zi bilgan ranglarni.

Ammoki bu soxta bo‘yoqlar
Ko‘chib tushar vaqt o‘tgan sayin;
Asar tag‘in namoyon bo‘lar
Hech bir zaxa ko‘rmagandayin.

Xuddi shundoq — gumrohlik, xato
Yuragimdan chekinar, ayon.
Va unda ilk — dilbar, musaffo
Kunlar tag‘in bo‘lar namoyon.

* * *

Senga ismim mening ezgudir nechun?
U so‘nar qirg‘oqqa urilgan behol —
Xazin to‘lqinlarning suroni misol
Yo singib o‘rmonga yo‘qolgandek un.

Yodgor sahifada qolajak u ham
Jonsiz harflar ila unut zaylda —
Qabr toshi uzra begona tilda
Bitilgan imlodek nursiz va mubham.

Unda ne mujassam? Kechmish shan-surur
Navqiron hislarga ko‘milgaydir bot:
U sening qalbingga baxsh eta olur
Na o‘tli hayajon, na zo‘r xotirot.

Ammo g‘amli ayyom, anduh chekkan payt
Sen uni zikr ayla xayolan yuksak.
Va mening yodimni barhayot deb ayt,
Bor deb ayt dunyoda men yashar yurak...

Mirpo'lat Mirzo tarjimalari 

* * *

Tikilaman ko‘rganda, darhol
Idrokimni yo‘qotib va lol:
Yagona ko‘z mening boshimda,
Oy yuzingiz yonar qoshimda,
Agar taqdir ko‘rmasa malol,
Ega bo‘lsa edim yuz ko‘zga,
Bari bilan qarardim sizga.

Hamid Olimjon tarjimasi
 
BOG‘CHASAROY FONTANI

Men ham ko‘plar kabi ko‘rgandim bir chog‘,
Ba’zilar endi yo‘q, o‘zgalar yiroq…
Sa’diy

Qovoq solib o‘tirar Garoy.
Lablarida kahrabo chilim.
Dahshatli xon atrofida jim
Bosh egib tek turardi saroy.
Jimjit edi butun koshona:
Hamma xonning xafa yuzidan,
G‘am va o‘yli g‘azab izidan
Payqar edi mubham nishona.

Ammo mag‘rur sohibi farmon.
Qo‘llarini bir siltab soldi:
Barcha sekin tarqaldi har yon.
Ko‘shklar aro bir o‘zi qoldi:
Erkin nafas oldi siynasi.
To‘lqinlanib buzmay sukutni
O‘ynab turgan ko‘rfaz oynasi
Aks etgandan qora bulutin
Uning jiddiy manglayi ayon
Dil to‘lqinin aylardi bayon.

U mag‘rur dil ne g‘am-la o‘lmish,
Qanday fikr bilan band bo‘lmish
Yana Rus-la jang qilmoqchimi,
Yo Polshani tang qilmoqchimi,
Nega xafa, ne u sindirar,
Va yo qonli o‘chmi yondirar.
Yoki qo‘shin aylamish isyon.
Yoki tog‘li xalq janglaridan,
Genuyaning‘ nayranglaridan
Tashvish tortib o‘ylanarmi xon?

Yo‘q, endi u charchab qolmishdir.
Zerikmishdir shuhrat, zafardan.
Berahm qo‘l ortiq tolmishdir.
Xayol uzoq qondi safardan.
Nahot, haram ichra xiyonat,
Nahot, yelga uchib diyonat,
Asira qiz jinoyat qilmish,
Kofirga dil inoyat qilmish?

Yo‘q, G‘aroyning‘ xotinlari hech
Bunday ishga jurat qilmaslar,
Mungli nola chekib erta-kech,
Yomonlikni asti bilmaslar.
Oyna uyda o‘sar gul kabi,
Oy yuzlari zindon ichra berk,
Zulm ostida go‘yo qul kabi
Ularda had yo‘kdir, yo‘qdir erk,
Oyu yillar navbatma-navbat
G‘amgin oqin bilan o‘tarlar.
Bildirmasdan yoshlik, muhabbat
Barchasini olib ketarlar.

Kunlar birday kechadir g‘amda,
Bitta-bitta imillar soat.
Yalqovlik amr etar haramda,
Kam ko‘rinar safo-farog‘at.
Yosh juvonlar qayg‘uga to‘lib,
Bir ish qilib ovunmoq bo‘lib,
Zeb berishib kiyim kiyishar,
Gaplashishar, o‘ynab yeyishar.
Yoki o‘ynoq suvlar sasida,
Toza, shaffof zamzamasida
To‘p-to‘p bo‘lib sayr etishadir
Chinorlarning‘ zich soyasida.
Ortlarida ularni poylab,
Yovuz og‘a yurar hay-haylab,
Undan qochish, berkinish bekor:
Hasadli ko‘z, ding qulog‘i bor.

U hiylakor, u laganbardor.
Har bir ishdan voqif, xabardor.
Unga ko‘ra o‘rnashmish mangu
Abadiy bir tartib saroyda,
Unga xonning izmi har joyda
Yagona bir qonundirki, u
Uni Qur’on farzidek bilar;
Dilda saqlar va bajo qilar.
Uning ko‘ngli sevgi istamas,
U but kabi sezgidan mahrum,
U hissizlik domida mahkum,
Na ko‘z yoshi, na yumshoq nafas,
Na ta’naga bermas e’tibor;
Asiralar chekkan ohu zor
Unga asti qilmaydi ta’sir;
Pinagini buzmaydi taqir;
Yolvorishga quloq solmaydi;
Haqoratni qilmaydi pisand.
Hech na uni yumshatolmaydi,
Tosh qalbi-la mag‘rur va xursand.

Unga xotin odati ma’lum,
U ko‘p ko‘rmish, har yerda har zum.
Hurlikda ham, erksizlikda ham
Yumshoq nigoh, ko‘zlardagi nam
Ko‘ngliga hech hokim bo‘lolmas.
U ularga ortiq ishonmas.
Soch yozishib haram qizlari —
Asiralar cho‘milar ekan,
Sehr sochgan go‘zal yuzlari
Chashmalarda ko‘milar ekan.
Qip-yalang‘och qizlarga loqayd,
Bee’tibor termilib, shu payt
U poyloqchi hozirdir yana,
Tutqunlarga nozirdir yana.

Kechalari barg ham mizg‘iru,
U uxlamas. Ohista bosib,
Har eshikka bir quloq osib,
Haram ichra tanho izg‘ir u;
Kim dam olar, kim tushda ingrar,
Kim oh tortar— hammasin tinglar
Uydan uyga bildirmay ko‘chib
Keng tashlaydi u makkor domni;
Birontasi sandirab, cho‘chib
Tilga olsa begona nomni,
Yo mabodo do‘stiga bir oz
Taqdiridan koyib, qilib roz
Dildagini aylasa izhor,
Balolarga bo‘lar giriftor!

Garoy nega tinmay chekar g‘am?
Chilim o‘chib qolmish qo‘lida.
Botinolmay dam olgani ham
Ostonada, xonning yo‘lida
Imo kutib turadir og‘a,
Ibo tutib turadir og‘a.
O‘yga botgan hukmdor turar:
Oldidag‘i darcha ochiq, u —
Ko‘ngli cheksiz qayg‘uga to‘lgan.
Indamasdan ohista yurar
Kechagina sevimli bo‘lgan
Xotinlarin qabriga to‘g‘ri.

Xonni kutib, ko‘rish ko‘yida,
O‘ynab turgan fontan bo‘yida
Ipak gilam uzra o‘ynashib,
Bir to‘da sho‘x qizlar osuda
O‘ltirishar edi yayrashib:
Bolalarday shodlanib, suvda
Marmar tubda ko‘ringan liqqa
Gir-gir yuzib yurgan baliqqa
Termilishar edi yayrashib.
Gohilari unga ataylab
Oltin sirg‘a tashlardi boylab.
Joriyalar atrofda xushbo‘y
Sharbat tashib yurardi. Nogoh,
Shirin qo‘shiq, jaranglagan kuy
Bor haramni ayladi ogoh:

T a t a r q o‘ s h i g‘ i

I
Yig‘i, jafolarni boshdan ko‘tarib
Tangri o‘zi berar har kimga ehson:
Baxtiyordir, yillar so‘nggida qarib
Makka borib ziyorat qilgan inson.

II
Baxtiyordir Dunay sohillarini
Qoni bilan taqdis etgan bahodir.
Jannat qizi yozib kokillarini
Unga shirin kulgi bilan boqadir.

III
Ammo, Zarema, eshitgil tag‘in,
Dunyo va rohatga bermay e’tibor.
Xuddi gulday seni o‘z quchog‘ida
Erkalatgan hammasidan baxtiyor.

Ular kuylar. Ammo qani u,
Muhabbatning yulduzi qani.
Haram ko‘rki — kunduzi qani.
Qayda qoldi Zarema bonu?

Hayhot, uning‘ gul rangi so‘lmish.
Hayhot dili qayg‘ug‘a to‘lmish,
Maqtovlarga solmaydi quloq,
Ko‘zlarida yosh buloq-buloq,
Yashin urgan xurmodek qaddi
Bukilmishdir, yo‘q endi haddi.
Hech na unga yoqmasdan qoldi,
Chunki, Garoy boqmasdan qoldi.
Vafosizlik qildi xon… Ammo,
Ey gurji qiz, sen-la chiroyda
Kim tenglashar? Hattoki oy-da
Da’vo qilsa, bo‘lur muammo.

Chambar qilgan soching, ey pari,
Ilon kabi yurak yoradir.
Yarqiragan ko‘zing javhari
Kundan yorug‘, tundan qoradir.
Dil dardini kimlarning sasi
Sendan kuchli bayonlay bilar?
Kimning shirin-shakar bo‘sasi
Senikidan jonlilik qilar?
Senga bir yo‘l ko‘ngli tushgan er
Qanday qilib boshqa ko‘rkni der?

Lekin, loqayd, zolim Garoyxon
Haramiga Polsha qizini
Asir qilib olgandan buyon.
Sendan nari tutib o‘zini,
Xo‘rlab seni tashlab qo‘ydi-yu,
O‘zi g‘amgin, tunlar beuyqu
Tanholikni ayladi odat.
Qo‘llaringdan ketdi saodat!..

Yosh Mariya yaqindagina
O‘zga diyor ko‘kini ko‘rdi:
Gulday ko‘rki bilan qizgina
O‘z yurtida gullab yururdi.
Faxrlanar edi u bilan
Qarib qolgan otasi har on,
Lobarim,— deb, maqtanuv bilan
Erkalatar edi bearmon.
Uning bola erki chol uchun
Qonun edi, tinglardi butun…
Cholni qiynar edi bir tilak:
Istardiki, baxor kunidak
Ochiq bo‘lsin qizining‘ baxti,
Xushnud kechsin umrbod vaqti,
Zarragina qayg‘u ham uni
Ranjitmasin,— der edi u chol.
Hech bir narsa biron dam uni
Lanj etmasin,— der edi u chol.
Hatto erga chiqqanida ham
Xotirlasin,— derdi,— tush kabi
O‘tib ketgan, g‘unchaday sabiy
Betashvishu beozor, beg‘am
Yashnab yurgan qizlik chog‘ini,
Osmonday keng erk quchog‘ini.

Uning‘ yumshoq sevimli nozi,
Tabiati, laziz ovozi,
Yonib turgan moviy ko‘zlari,
Dona-dona shirin so‘zlari
Bir-biridan jozibadordi;
Hammasida ajib kuch bordi.
Ochiq qo‘lli, saxiy tabiat
Ayamagan edi borini;
San’at bilan u najib xilqat
Bezar edi gul diydorini.
Sehr to‘la arfa bilan qiz
Uy bazmini jonlantirardi.
Amaldorlar, boylar izma-iz
Orqasidan izlab yurardi.

Yigit-yalang «Oh…» deb o‘yida,
Azob chekar edi ko‘yida.
Lekin, go‘dak bola edi u,
Ko‘ngli ishqni bilmasdi aslo.
Na kamu ko‘st, na g‘am, na qayg‘u,
Yuragini tilmasdi aslo.
Otasining qasrida ozod
O‘rtoqlari bilan o‘ynab shod,
Uchar qushday hur va xursanddi.
U ko‘pdanmi bu yerda bandi?

Bir vaqt tatar to‘plari mahkam
Daryo kabi Polshani bosdi;
Xirmonlarga tushgan yong‘in ham
Bu qadar tez yoyilolmasdi.
Kunpayakun bo‘lib urushda
Yetim qoldi gullab yotgan yurt,
Bu berahm yovuz yurishda
Faryod soldi qonga botgan yurt.
Butun atrof qayg‘uga toldi:
U kulgilar, o‘yinlar bitib,
Erkalatgan qo‘yinlar bitib,
Hashamatli saroy bo‘sh qoldi.

Mariyaning uyi jimjit, bo‘sh…
Uy ma’badi ichra bir to‘da
Mumiyalangan o‘liklar xomush
Rohat qilib, sovuq uyquda
Knyazlikka maxsus nishon-la,
Oltin toj-la, haybatli shon-la
Yotar ekan, u yerda yana
Paydo bo‘lmish yangi sag‘ana…

Ota go‘rda, asoratda qiz.
Koshonada baxil bir voris
Amri farmon berib yuradir,
Tavqi la’nat ostida, beor
Xarob bo‘lgan yurtni aylab xor
Badnom etib, yerga uradir.
Hayhot! Saqlar qo‘ynida quldek
Bog‘chasaroy yosh knyaz qizin,
Erksizlikda yosh to‘kar, guldek
Sarg‘aytirib Mariya yuzin.
Ayaydi u baxtsizni xon:
Uning munggi, u chekkan fig‘on
Uyqusini bezovta qilib,
Garoyga hech bermaydi omon.
Bechoraga xon rahmi kelib,
Qat’iy haram qonunlarini
Yumshoq tutar unga ataylab.

Tund poyloqchi na kun, na tuni
Qiz oldiga kirmaydi poylab;
Yotar paytda joyiga uni
Uning g‘amxo‘r, parvoli dasti
Olib chiqib yotqizmas asti;
Mariyaga nigoh tikmakka
Botinolmas uning kir ko‘zi;
Joriyasi bilan qiz yakka
Xilvat uyda cho‘milar o‘zi;
Asiraning g‘amgin oromin
Buzib qo‘ymay, bo‘lmay, deb zomin
Xon o‘zi ham qo‘rqar ichida:
Haramning bir yiroq burchida
Unga yashash ijozat etgan,
Go‘yo, unda samoviy bir jon
Yashiringan, uzlatga ketgan.

U yerda hech tinmasdan hamon
Aziz qizning‘ oldida butun
Chiroq yonib turar kunu tun.
U yerda qiz ko‘nglin yupatib
Mas’ud kechgan o‘tgan zamon-la
O‘z yurtini dilga eslatib,
Umid yashar yuvosh imon-la.
U yerda yosh to‘kar tinmay qiz
Kundoshlardan narida, yolg‘iz.
Lekin atrof g‘arq bo‘lmish yaksar
Tentaklarcha bir ishrat ichra.
Mo‘‘jiza-la ajralgan hujra
Yosh sanamni berkitib asrar.
Ozg‘in o‘ylar qurboni u dil,
Buzuq kayflar orasida ham,
Bir garovni saqlaydi har dam
Bir ilohiy his-la muttasil…

Tun qoraydi, bosdi qorong‘u
Tavridaning gul bog‘larini;
Bor olamni mast qildi uyqu,
Gullar yig‘di yaproqlarini,
Uzoqlardan bulbul zorini
Eshitaman: oy diydorini —
Ko‘rsatadir yulduz ketidan;
Ko‘m-ko‘k, toza osmon betidan
Nur to‘kadir gulzor bog‘larga,
Vodiylarga, o‘rmon, tog‘larga.
Bog‘chasaroy ko‘chalarida
Kechki paytlar oq ro‘mol o‘rab,
Oppoq oydin kechalarida
Bir-biridan hol-ahvol so‘rab,
Gaplashishib o‘tirish uchun
Oddiy tatar xotinlari tek
Lipillashib yengil soyadek
Uydan uyga kezishar butun.

Saroy tingan, uxlagan haram
Tinch rohatga cho‘mib parvosiz:
Tun tinchligin biron narsa ham
Buzolmaydi. sodiq muhofiz
O‘zi kezib chiqib bor-yo‘qni,
Yotmish; ammo tinch qo‘ymas tashvish
Hatto unda uxlagan ruhni.
Xiyonatni kutib xavflanish
Orom bermas asti ham bunga:
Goh kimningdir shitirlagani,
Goh birovning pichirlagani,
Goh qichqiriq eshitilar unga.
Bekorlarga aldanib birdan
Sapchib turar, qaltiroq bosar;
Atrofiga tinch quloq osar…

Hamma sokin, sas yo‘q bir yerdan:
Marmar hovuz ichra o‘ynashar
Faqat bulbul dili poralar,
Faqat shirin kuy favvoralar
Sevimli gul uzra kuylashar…
Bular uni uzoq band etar,
Yana takror uyquga ketar.
Qanday xushdir bilguvchilarga
Sharq kechasin qora chiroyi!
Payg‘ambarni sevguvchilarga
Qanday shirin boqadir oyi!

Ularning‘ uy-o‘choqlarida,
Maftun etar gul bog‘larida,
Oy ostida sirlarga to‘lgan,
Tinchlik bilan hamsuhbat bo‘lgan,
Shahvat bilan dardu farog‘at
Tashib yotgan haramlarida,
Kechalarning tinch damlarida
Qanday ko‘rk bor, qandayin rohat!
Xonning hamma xotinlari tinch
Uxlar edi, bittasi notinch,
Uxlay olmay, o‘rnidan turib,
Eshigini ochdi-yu, asta,
Bitta-bitta ohista yurib
Tashqariga chiqdi birpasda…

Kushday mudrab, ko‘zi ilinib
Qari og‘a oldida yotar.
Agar bu ish unga bilinib
Qolsa, umri qayg‘uga botar…
Oh, u cholning‘ qattikdir qalbi.
Yalinganga bermas e’tibor:
Uyqusi ham aldamchi, ayyor!
Yonboshidan sekin, ruh kabi
Sezdirmasdan o‘tib ketdi u.
Bir eshikka borib yetdi-yu,
Titrab sekin ochdi qulfini…

Ichkariga kirdi, ham uni
Sirli vahm bosdi shu zamon.
Ajablanib boqdi to‘rt tomon:
Shamdon yonar, to‘kar so‘nik nur,
Yaltiraydi burchakda bir but,
Qiz yotadir, yuzida sukut,
Ko‘ksida xoch porlab ko‘rinur.
Ey gurji qiz, bular hammasi
Eslatdilar senga moziyni,
Go‘yo o‘tgan kunlarning sasi
Aytgan kabi bo‘ldi rozini.
Ko‘z o‘ngida tinch rohat bilan
Uxlab yotar u knyaz qizi,
Qizlikka xos harorat bilan
Anor kabi qizarib yuzi.
Oshkor ekan sarin yosh izi,
Zaif kulgi ostida yonar:
Yomg‘ir yuvib, o‘chib ketgan rang
Oyning xira nurida arang.
Xuddi shunga o‘xshab tovlanar.

Go‘yo, jannat o‘g‘li osmondan
Uchib tushib, uxlab yotganday.
Asiraga achinib jondan
Uyqusida yig‘lab yotganday…
A, Zarema, ne bo‘ldi senga!
Chidolmadi, qalbi siqildi,
Beixtiyor yerga yiqildi.
Va yalinib: «Achingil menga.
Rad etmagin arzimni!» — dedi,
Uning so‘zi, u chekkan fig‘on
Uxloq qizni cho‘chitib shu on
Tinch uyqudan uyg‘otgan edi.
Knyaz qizi turib, oldida
Begona bir xotinni ko‘rdi;
Ko‘rqib, unga qarab oldi-da,
Hayajon-la qaltirab so‘rdi;
«Kimsen? Tunda, tanho nechun sen
Bu yerdasen?» — «Senga keldim men
Meni saqla; taqdirim uchun
Menga faqat qoldi bir chora…
Rahm aylasang, yo‘qolsa zora
Umrim ufqin qoplagan tutun.
Baxt qo‘ynida ko‘p huzur qildim,
Na qayg‘uni, na g‘amni bildim…
O‘tdi orom bergan u soya,
Tingla, halok bo‘lmayin zoe,
Men bu yerda tug‘ilganim yo‘q,
Mening yurtim yiroqdir, yiroq…
O‘tgan kunlar, u dardli firoq,
Yodimdadir hali ham to‘liq.
Yodimdadir gullagan bog‘lar,
Osmon bilan o‘pishgan tog‘lar,
Tog‘dan oqqan irmoqlar, soylar,
O‘tib bo‘lmas o‘rmon-to‘qaylar;
Yodimdadir kechgan saodat,
O‘zga qonun, o‘zga bir odat.

Ammo, qanday taqdir-la nechun
O‘z yurtimdan ayrilganimni,
Bu yoqlarga qayrilganimni
Bilmayman men; faqat, qora tun
Yelkan uzra turgan odamu
Hamda dengiz esimda xolos…
Shu choqqacha qo‘rqinch va qayg‘u,
Alamlardan men edim xalos.
G‘avg‘odan chet tinchlikda xandon
Haram ichra gullab yurardim,
Itoatli ko‘ngil-la har on
Ishq darsini kutib turardim;
Bu yashirin orzularim tez
Ushaldilar. Konli urushdan
Charchab dahshat sochgan yurishdan
Qaytib keldi haramg‘a xunrez.
Ta’zim qilib, xonning‘ oldiga
Biz hammamiz chikdik. U menga
Diqqat bilan indamay, so‘zsiz
Ochiq, nurli nazarin soldi,
So‘ngra, meni chaqirib oldi…

Shundan beri biz kami ko‘stsiz
Tinim bilmay, rohatda masrur
Nafas oldik baxt bilan har dam;
Biron yo‘l ham na fitna, na dam;
Na tuhmatu na shubha, qusur,
Na azobli rashkning sitami.
Na xafalik va na alami
Bizga tashvish sololmagandi,
Vaqtimizni ololmagandi.
Mariya, sen duch kelding unga.
Bir ko‘rishda xush kelding unga…
Shundan berli ko‘ngli toraydi.
Jinoyatli o‘y-la qaraydi!

Xiyonat-la yetkazib ozor
Eshitmaydi hech xitobimni,
So‘ramaydi asti tobimni.
U noladan, fig‘ondan bezor;
U eskiday menga topinmas,
Menda endi eskiday boqmas,
Na shirin so‘z va na ko‘hna his,
Go‘yo bitgan, go‘yo topilmas.
Jinoyatga bedaxlsan sen,
Men bilaman, ayb senda emas…

Tingla meni: chiroyliman men.
Menga hech kim tenglasha olmas.
Bir sengina haramda butun
Raqib bo‘la olarding‘ menga:
Ammo, aytib qo‘yay men senga,
Tug‘ilganman ehtiros uchun,
Sen men kabi seva olmaysan;
Sovuq ko‘rking bilan sen nechun
U bir ojiz dilni qiynaysan?
Na haqing bor, na hadding sening,
Qo‘y Garoyni menga; u mening.

Bo‘salari yonar betimda,
Issig‘i bor hali etimda,
Menga qat’iy qasamyod etgan.
Borlig‘im-la ko‘pdan armonin.
O‘y va xohish, butun farmonin
Birga qo‘shgan, ittihod etgan:
Xiyonati meni o‘ldirar,
Xazon etar, gulday so‘ldirar…
Men yig‘layman: ko‘rgin, tizzamni
Buqdim endi qarshingda, mana,
Sarg‘aytirma mening‘ yuzimni,
Yalinaman, qaytarib yana
Sevinchimni, oromimni ber.
Ul burungi Garoyimni ber…
Menga zarra etma e’tiroz:
U meniki: senga asirdir,
Yo‘llaringda ko‘zi basirdir.
Xoh tahqir-la, xohi qilib roz,
Ne istasang, aylagil shuni,
Ammo, bezdir o‘zingdan uni.
Ont ich… (Garchi, men Qur’onni deb,
Muhabbatni hamda xonni deb,
O‘z dinimni otgan bo‘lsam ham,
Ammo, mening onamning dini
Sening dining edi) kel, meni
Xalos ayla, yod etki qasam,
O‘sha dil-la ont ich Garoyni
Zaremaga qaytarmoq uchun…
Ammo tingla: esla xudoyni,
Gar, yo‘q desang, xanjarning‘ kuchin
Ko‘rsatmoqqa qodirman oz-moz,
Zero, mening vatanim Kavkaz».

Shu so‘zlarni aytdi-da, birdan
G‘oyib bo‘ldi darrov u yerdan,
Ta’qib etmoq uchun izma-iz
Botinolmay, dov qilmay dili,
Orqasidan chiqolmadi qiz,
U azobli ehtiros tili
Beayb qizga asti ma’lummas:
Ammo, uning ovozi, u sas
Sal anig‘u ajoyib edi,
Qo‘rqinch edi, g‘aroyib edi.
Qanday yoshlar, qandaydir faryod
Bu xo‘rlikdan aylaydi ozod?
Ne kutadir uni? Nahot, u
Qolgan achchiq yosh kunlarin, bu —
Asoratda o‘tkazadir xor?
Ey xudoyim, ey parvardigor!
Agar Garoy baxtsizni mangu
U mahbusday unutsa edi,
Yo, g‘amlardan xalos aylab u,
Tez o‘limga yuz tutsa edi,
Qanday shodlik bilan g‘am to‘lgan
Bu jahonni otar edi qiz!
Ko‘pdan o‘tgan hayotning laziz
Lahzalari, ko‘pdan yo‘q bo‘lgan!
Ne bor endi unga dunyoda!
Vaqti yetdi, kutarlar uni:
Katta ochib tinchlik qo‘ynini
Chaqirarlar uni samoda.

Kunlar o‘tdi, ketdi Mariya,
Tarki umr etdi Mariya.
Ko‘pdan orzu etgan olamni
Yangi malak kabi yoritdi.
Ammo, uni, go‘zal sanamni
Nelar siqdi? Nelar horitdi?
Nechun, nechun daf etdi tobut?
Nelar uni ayladi nobud?
Asoratmi, hasratmi, g‘ammi,
Erksizlikda tortgan sitammi,
Kasallikmi yo boshqa bir sir,
Kim biladi? O‘lmish bexabar…

Latofatli Mariya o‘lmish…
U yosh g‘uncha ochilmay so‘lmish!..
Bo‘shab qolmish tumraygan saroy;
Uni yana qoldirmish Garoy;
Yana o‘zga qirg‘oklar tomon,
Yovuz yurish boshlamish yomon,
Tag‘in to‘fon, bo‘ronlar aro
G‘amgin uchar qon qusar xunrez.
Ammo, uning yuragi qora,
Olovlanar unda boshqa his.
U ko‘p choqlar to‘qinishlarda
Qilichini tikka ushlar-da,
Yana birdan qotib qolardi,
Jinnilarcha nazar solardi
Atrofiga bo‘zarib, go‘yo
Vahimaga to‘lganday dili,
Allanelar g‘o‘ldirab tili
Yosh to‘kardi bamisli daryo,
Unutilgan u sodiq haram
Xon yuzini ko‘rmaydi bu dam;

Unda, azob qo‘ynida mahkum.
Sovuq muxsiy qo‘lida mazlum.
Qarimoqda xotinlar g‘amda.
Ko‘pdan ular ichra haramda
Gurji xotin ko‘rinmas; uni
Muhofizlar daryoga otgan,
Bechora suv ostiga botgan…
Knyaz qizi mahv o‘lgan tuni
Bajarilib bu qonli sazo
Ko‘zin yumgan Zarema… Evoh,
Qandaygina bo‘lmasin gunoh,
Ko‘p dahshatli bo‘lgan bu jazo!
Kavkaz oldi tuproqlarini,
Rusiyaning tinch qishloqlarini
Urush bilan qilib ming vayron
Tavridaga qaytib keldi xon.

Saroyning chet burchini saylab.
Mariyaga esdalik aylab
Marmarlardan yasatdi fontan.
Tepasiga xoch o‘rnatilmay,
Musulmonlar oyi osilmish.
(Bu albatta, bo‘lmag‘ur bir ish:
Nodonlikning‘ aybi butunlay).
Yovuzlar bor, kechib ko‘p yillar
Hali uchib ketmagan ular
Hali marmar hovuzdan suvlar
Qirg‘oqlardan toshib guvillar.
Tinim bilmay, to‘xtamay bir on
Dona-dona yosh to‘kar fontan:
O‘g‘li harbda jon bergan ona
Xuddi shunday yig‘laydi yana…
O‘tmishning bu rivoyatini
U yoqlarda qizlar bilishgan,
So‘ngra g‘amgin haykal otini
«Yosh fontani», bo‘lsin deyishgan.

Men shimolni tashlab nihoyat,
Bazmlarni ko‘pga unutib,
Bog‘chasaroy tomon yo‘l tutib,
Mudroq ko‘shkni qildim ziyorat;
Xalq ofati, jangari tatar
Ishrat qilib, bazmlar qurgan
Urushlardan so‘ngra bexatar
Bekami ko‘st farog‘at surgan
Tinch uylarda, bog‘larda sezdim —
Xamon rohat yashar kunu tun;
Suvlar o‘ynar, gul chechak otar,
Tok zanglari tovlanib yotar,
Devorlarda yarqirar oltin.
Men u yerda tinmay oh urib,
Yig‘lab, haqiq tasbeh o‘girib,
Bahorida yashnamay so‘lgan
Xotinlarning‘ makoni bo‘lgan
Panjarali darchalar ko‘rdim,
Kungurali parchalar ko‘rdim.

Ko‘rdim xonlar qabristonini;
Xo‘jalarning‘ so‘ng makonini.
Go‘rlardagi marmar ustunlar
Go‘yo taqdir haqida sekin
Hazin-hazin taratib unlar
So‘zlaganday tuyuldi… lekin,
Xonlar qani? Qayda u haram?
Butun atrof mukaddas va jim,
O‘zgarmishdir… ammoki, u dam
Bu bilan band emasdi dilim:
Oq gullarning‘ mayin nafasi,
Fontanlarning‘ kuylagan sasi
Jazb ayladi, qildi faromush,
Ixtiyorsiz, menda aqli hush
Nomuayyan to‘lqinga tushdi.
Shunda saroy ichida bir qiz
Soya kabi sirli va izsiz
Ko‘z oldimda lipillab uchdi!..

Do‘stlar, kimning soyasin ko‘rdim?
Ayting menga, men sizdan so‘rdim:
Kimning shakli meni o‘sha chog‘
Ta’qib etgan edi? Kim edi?
Hayhot! Butun atrof jim edi.
Mariyaning toza jonimi,
Yo, Zarema rashk bilan to‘lib
Bo‘sh haramda bir ko‘lka bo‘lib
Ko‘z oldimda o‘tgan onimi?

Esimdadir shunday bir chiroy,
Xuddi shunday sevimli nigoh…
Dil o‘shanga ketar butunlay,
Surgunda ham g‘ussasi, evoh,
Qalbimdadir, tillarimda — oh…
Ey aqlsiz! Bo‘ldi! Endi bas,
G‘ussa chekma, hech foyda bermas.
Bebaxt ishqning‘ notinch, noiloj
Oromiga bermishsan xiroj.
Hushingni yig‘, to‘siqlarni buz,
Tokaygacha sen ojiz mahbus
Kishanlarni o‘pib yotasan?
Tokaygacha yengil tor bilan,
Bu olamda ohu zor bilan
Jununingni oshkor etasan?

Men muzaning muxlisi, yori,
Men tinchlikning‘ murid, xushtori
Tezda butun shuhrat o‘ylari
Ham sevgini tamom unutib,
Yana sizga tomon yo‘l tutib
Ko‘raman, ey Solgir bo‘ylari!
Xotiralar asiri bo‘lib,
Men boraman o‘sha yoqlarga,
Dengiz bo‘yi baland tog‘larga.
Yana Tavrid suvlari to‘lib
Xursand etar haris ko‘zimni,
Hur sezarman yana o‘zimni.
Sehrli yurt, diyda yupanchli!
Yuragimning erka quvonchi!
U yerlarda harna jonlidir:
O‘rmon, vodiy, gulistonlik qir,
Uzumlarki, yoqut, kahrabo,
Teraklaru suvlar salqini;
Erta bilan quyosh yolqini
Taralganda, esganda sabo,
Ayiq tog‘ning‘ aylanasida
Zangor havo yarqirar ekan,
Tiniq, ko‘m-ko‘k suvning pastida
Qizil nurlar barq urar ekan,
Toklar oshib, qirg‘oq yo‘llardan
Uchar ekan yo‘lchining toyi,
Uning hissin o‘ngu so‘llardan
Jazb etadi bu yer chiroyi!..

Usmon Nosir tarjimasi
 
DO‘STLARIMGA

Parvardigor baxsh etmish sizga
Oltin kunduz, oltin kechalar,
Xumor qizlar ko‘z tutmish sizga
Sinchkov nigoh dilga o‘t qalar.
O‘ynang, kuylang, mening do‘stlarim!
Sho‘x oqshomlar o‘tkinchi, bir zum.
Tashvish bilmas baxtingizga jim
Ko‘zyosh bilan qilgum tabassum.
 1816
 
 KAZAK

Yarim tunda bir safar
Tuman va zulmat aro,
Daryo bo‘ylab jim o‘tar
Chapani kazak tanho.
 
Qora telpak chakkada,
Choponi changga botgan.
To‘pponcha yon, chekkada,
Qilichi yerga tekkan.
 
Sodiq ot, jilov holi
Qadami shahdam-shahdam;
To‘lqinday uzun yoli
Olislarga boqqan dam.
 
Uchrar bir-ikki uylar,
Yiqilgan yog‘och devor;
Qishloqqa borar yo‘llar,
Bu yon qalin qayinzor.
 
“O‘rmonda topilmas qiz,–
O‘yladi chapdast Denis, –
Go‘zallar uyda bu kez
Tunda yurmaslar yolg‘iz”.
 
Jilovni siltar donlik,
Poshna-la niqtar, onda,
Ot chopar misli o‘qdek,
Yog‘och uylar tomonga.
 
Bulutda oy tovlanar
Olis osmon-falakda;
Darchadan olovlanar
Go‘zal ma’yus va yakka.
 
Mard ko‘rib go‘zal qizni;
Yuragi dukillaydi.
Ot chapga burar izni –
Va darcha tiqillaydi.
 
“Tun qorayar tobora,
Yashirindi oy tunga.
Tezroq bo‘l, bekam, qara
Suv bersang-chi, otimga.”
 
“Yo‘q! Navqiron yigitga
Qo‘rqqum yaqin borgani,
Qo‘rqqum uydan chiqishga,
Otingga suv bergani”.
 
“Oh! Albatta, go‘zal qiz,
Do‘st bo‘lgin undan ko‘ra!”
“Tun go‘zalga xavf hargiz”.
“Baxtim! Qo‘rqmagin sira!
 
Ishon, bekajon, yetar;
Yolg‘on qo‘rquvni tashla!
Oltinga teng vaqt ketar;
Kel, albatta, yo‘l boshla!
 
Bedovga o‘ltir, sen-la
Olisga boray, albat;
Baxtli bo‘lasan men-la:
Do‘st bo‘lsa, har yer jannat”.
 
Sho‘rlik qiz netar? Ko‘ndi
Yengdimi qo‘rquv, badkor;
Birga ketardi endi,
Kazak bo‘ldi baxtiyor.
 
Yelishib, kezdi dunyo.
Bir-birin sevdi, albat;
Ikki hafta qildi vafo,
Uch haftada xiyonat.
 1815

 DARCHA

Yaqinda, bir oqshom mahali,
Tuman quchgan cho‘lning qamari.
O‘z yo‘lida suzgani sari,
Bir qiz ko‘rdim – darchadan nari.
O‘yga cho‘mib yolg‘iz o‘ltirar,
Entikadi, hadik bor dilda,
Ko‘zlarda xavotir… termular
Do‘m pastiga, qorong‘u yo‘lga.
 
“Bu yoqqa!” – besabr pichirlab,
Qiz uzatdi qo‘lin, hoynahoy.
Darcha asta-asta qisirlab …
Zulmat ichra yashirindi oy.
“Baxtli, – dedim dilimda hijron, –
Visol seni kutmoqda bu dam.
Axir qachon bir go‘zal oqshom
Ochilgaydir darcha menga ham?”
 
 YANGILIK

— Yangiliklar bormi? “Xudo haqqi, yo‘q”.
— Yo‘q, aldama: bari senga ayon-ku,
Uyat, o‘rtog‘ingga ko‘zing qilib lo‘q
Ag‘yorday, doimo diling pinhon-ku,
Xafamisan mendan yo, og‘a, uzr?
O‘jar bo‘lma: menga bitta gap ayt, bas...
“Oh, meni tinch qo‘ygin, bilganim shudir:
Ahmoqsan, bu esa yangilik emas.”
 1813-1817
 
 * * *

Kechiring, vafodor emanlar!
Kechir, sokin dalalar bag‘ri.
Havoyi dilxushi zamonlar
Hayotimning chopqir kunlari!..
Kechir, Trigorsk, baxt meni
Doim qarshi olgan ey, makon!
Mehringizni kech angladimmi
Sizni mangu tark etajak on?
Sizni olib ketgum xayolda
Ammo shunda qolgaydir qalbim.
Balki (shirin orzum xayolda!)
Dalalarga men yana qaytgum,
Trigorsk yonbag‘irlari
Ham sersoya jo‘kazor bag‘ri,
Aql, shodlik, go‘zallik sari,
Erk va do‘stlik oshig‘i kabi.
 1817-1820
 
 * * *

O‘rmon etagida, vodiyga yaqin,
Ajib bir go‘shada, jilg‘asi zarrin,
Vidolashdi Alina, navqiron Edvin;
Eshitgandim so‘nggi bo‘salar sasin.
 
Oy chiqsa ham – Alina ul go‘shada,
Kutar, ko‘ksi titraydi sog‘inchidan.
Tong otsa ham – qiz ko‘z tikar o‘shanda,
Bo‘m-bo‘sh yo‘lga, oq tumanlar ichidan.
 
Jilg‘a bo‘ylab, o‘shal tol soyasida,
Ko‘rgan ekan qo‘shni qishloq cho‘poni,
Mahzun to‘lqinlarning oynasida,
Otash kunda poda haydagan oni.
 
Yillar o‘tdi – o‘tdi shu ko‘cha-kuydan;
Ko‘zim tushdi – qaytib kelardi Edvin.
o‘amgin kelar, emanzorga vodiydan
Ajib ul go‘shaga, jilg‘asi zarrin.
 
Edvin boqar – o‘shal tolning ostida
Taqsir rohib kutar edi bu zamon,
Undadir qabr, yangi xoch tik ustida,
Xochda esa qurigan chambar, xazon.
 
Dil ezilib, qo‘rquv kelar o‘yiga
Bu yerda kim? – bitikni o‘qirkan jim,
Bosh egib... yiqilar rohib poyiga
Va eshitdim uning so‘nggi nafasin...
 1819
 
 MENING... ISHQIY SHE’RIM

Ey, siz sevgi olovida yonmaganlar,
Unga boqing, anglagaysiz muhabbatni.
Ey, siz sevib, ko‘ngli sovib, to‘nmaganlar,
Unga boqing: his etgaysiz yana baxtni.
 1819
 
 AJNABIY QIZGA

Sen anglamas so‘zlar, ohlarda,
Bitarkanman vido ash’orim,
Ammo xushhol ishtibohlarda
E’tiboring so‘rgum, dildorim:
Azizam, qalbim hech so‘nmagay,
Tuyg‘um so‘nmas firoqlarda jim
Iltijo qilmoqdan tinmagay
Yolg‘iz senga, senga azizim.
Boqsang hamki o‘zga har kimga,
Ishon faqat qalbimga manim,
Avvalgiday ishonding unga,
Anglamay ham iztiroblarin.
 1822
 
 * * *

Hammasi tugadi: oramiz ochiq.
Poyingga tiz cho‘kib so‘nggi bor,
Alamli so‘zlarim aytoldim, dildor.
Tugadi... – eshitdim, javobing achchiq.
Aldamasman yana o‘zimni minbad,
Hijronda ortingdan bormam izma-iz.
Balki unutarman barini, shaksiz –
Menga yaralmagan ekan muhabbat.
Sen navnihol go‘zal: sof qalbingda cho‘g‘,
Hali seni sevar shaydolaring ko‘p.
 1824
 
 * * *

Qonimda yonadi istak gulxani,
Sen bois qalbimda g‘ussa va titroq,
Bo‘sa ol: men uchun bo‘salar ta’mi
Asal va sharobdan ko‘ra totliroq.
Men sari boshingni ega qol ma’yus,
Roziman, o‘lsam ham shu halovatda,
To so‘nib borarkan quvonchli kunduz,
Bosib kelar tungi soya, odatda.
 1825
 
 UZUM

Sira yo‘qdir gullardan arzim,
Bahor o‘tgach, bo‘lguvchi xazon;
Lek novdada tovlangan uzum,
Tog‘ poyida yetilgan jonon.
 
Yashil vodiy huri, dilrabo
Oltin kuzning dilxush bog‘iday;
Uzun-uzun, nozikdir, go‘yo
O‘n yetti yosh qiz barmog‘iday.
 1824
 
 * * *

Ahvol qalay, og‘aynichalish?
Kofir kabi ranging oqarmish,
Sochlaring ham turibdi tikka!
Balki suluv bilan bir chetda
Tutildingmi, devordan nari,
Shunda seni o‘g‘ri singari,
Quvishdimi qorovullari?
Yo qo‘rqdingmi och arvohlardan,
Yoki og‘ir, cho‘ng gunohlardan,
Yonib azob chekarmisan sen,
Ajib she’rlar bitarmisan sen?
 1825
 
Ruschadan Humoyun Akbar tarjimalari
 
QISH ERTASI

Naqadar ajoyib kun: ayoz va oftob!
Hali sen uyquda, go‘zal mohitob –
Latofatli do‘stim, paytidir, uyg‘on:
Ochgil nozli suzuk ko‘zlaring sekin,
Shimol Avrorasi qarshisida sen
Shimol yulduzidek bo‘lgin namoyon!

Yodingdami, o‘tgan oqshomgi quyun,
Xira ko‘kni zulmat qoplovdi butun;
Osmonda nimrang dog‘ oy kabi suzar,
Sarg‘ayib boqardi bulutlar aro,
Sen ham o‘ltirarding g‘amgin, benavo –
Bugun esa... oynakdan tashlagin nazar:

Quyosh nurlaridan tovlanib ming bor,
Serhasham gilamday yotar oppoq qor,
Cheksiz moviy osmon ostida ko‘rkam,
Qorayib ko‘rinar shaffof bir o‘rmon,
Yam-yashil archalar unda bepoyon,
Muzlarning tagida yarqirar suv ham.

Yop-yorug‘ turardi butun bir xona,
Kahrabo nuridan berib nishona.
Charsillab yonardi pechdagi o‘tin,
Mazza xayol surish yotib o‘rinda,
Ammo bilasanmi: chanaga shunda
Bo‘z otni qo‘shishni amr etaymikin?

Ertalabki qorda sirg‘anib, toyib,
Uchqur ot jilovin juda bo‘sh qo‘yib,
Aziz do‘stim, yelib boramiz shahdam,
Kezamiz bo‘shagan dala – har yonni,
Kun-kecha barglari quyuq o‘rmonni,
Men uchun qadrdon sohillarni ham.

KUYDIRILGAN MAKTUB

Alvido, ey ishq maktubi! Amr etdi dildor,
Ko‘zim qiymaydi-yu, qo‘lim bormadi zinhor
Quvonchimni tashlash uchun o‘tga ko‘p zamon...
Vaqt-soati yetib keldi: ishq maktubi, yon!
Shaylanganman: ta’sir etmas hech narsa menga,
Varaqlaring yemirmoqda ochko‘z alanga...
Bir nafasda!.. Lovullaydi... to‘zg‘igan tutun.
Ko‘tarilib, oh-zorim-la yo‘qolur butun.
Vafodordan judo bo‘lgandagi taassurot,
O‘tga tushgan surg‘uch qaynab biqillar... hayhot!
Shunday bo‘ldi! Varaqlandi qora sahifa,
Yengil kuldi maktubdagi ezgu qiyofa –
Oqaradi... yurak qisar. Ey mo‘‘tabar kul,
G‘am-g‘ussali taqdirimning sevinchi butkul
Qayg‘uli shu ko‘ksimda qol men bilan mangu...

* * *

Jonajon yurtining moviy osmoni
Ostida zoriqdi, so‘ldi sarvinoz...
Xazondek qovjirab yoshgina joni,
Soyasi ustimda etadi parvoz;
Ammo oramizda mislsiz g‘ov bor,
Men tuyg‘u uyg‘otdim qalbda behuda:
Loqaydlab o‘limdan qildi xabardor,
Men ham uni loqayd tingladim juda.
Uni benihoya sevardim axir;
Otashin yurak va his bilan butun,
Ko‘yida zoriqib bo‘lib muntazir.
Azob-uqubatdan go‘yo bir majnun!
Qani g‘am, qani ishq? Ko‘nglimdan, hayhot,
O‘tgan totli kunni etish uchun yod,
U sho‘rlik, soddadil bir soya uchun
Sira topolmasman na ko‘z yosh, na un.

HAYOT ARAVASI

Ba’zida yuk og‘ir bo‘lsa ham,
Uchib ketar arava qushday.
Epchil yamshik qish fasli shahdam
Haydab borar ustidan tushmay.

Ertalabdan aravada biz,
Erinchaklik, rohatdan bezib,
Bosh yorguday yeldiramiz tez,
Qichqiramiz: chu!

Kun yarmida qolmas bu shiddat;
Toliqamiz, qo‘rqinch ko‘rinar –
Qiya tog‘lar, jarliklar g‘oyat,
Qichqiramiz: sekinroq, xumpar!

Avvalgicha olib borar u,
Ko‘nikamiz oqshomga yaqin.
Yotoqqacha bosadi uyqu,
Otlarni vaqt quvlaydi lokin.
 
YOLVORISH

O, agar bu rost bo‘lsa, tunda –
Bitganida odamning umri,
Qabrlarning toshiga shunda
Yalt-yalt tushsa ko‘kdan oy nuri,
O, agar bu rost bo‘lsa, shundoq
Bo‘sh qolsa tinch mozorning bari –
Men Layliga bo‘lib ko‘p mushtoq:
Chorlayman: kel, do‘stim, men sari!

Avvallari ko‘ringaningday
Mahbub ruhi, bo‘lgil namoyon,
So‘nggi g‘amdan o‘zgarib chiroy,
Rangsiz, holsiz, qish kunisimon.
Kel, yengil kuy yoki shamol, yo –
Olisdagi yulduz singari,
Kel, misoli dahshatli siymo,
Menga farqsiz: kelgil men sari!

O, seni men chaqirishim bu,
Sevgilimni kek bilan xazon –
Etganlarga ta’na emas-ku,
Yoki meni ahyon va ahyon –
Qiynagandan shubhalar qahri,
Tobut sirin fosh etish emas...
G‘amgin deyman: sevaman payvast,
Senikiman, kelgil men sari!

* * *

Qo‘l bilan tiklab bo‘lmas haykal qo‘ydim o‘zimga,
Xalqning kelar yo‘lini o‘t-o‘lanlar qilmas band;
U mag‘rur qad ko‘tardi bosh egmasdan ta’zimga,
Aleksandr qubbasidan ham baland.

Yo‘q, butunlay o‘lmayman – qalbim yashar liramda,
Tuprog‘im-la chirimay, yashaydi u toabad,
To biron shoir-poir qolar ekan olamda,
Meni sira tark etmaydi shon-shuhrat.

Ovozim-la chulg‘anur poyoni yo‘q ulug‘ Rus,
Undagi el-elatlar meni yodlaydi har dam.
Mag‘rur slavyan nasli, bugungi avom tungus,
Fin xalqiyu dashtlar do‘sti qalmoq ham.

Uzoq zamon xalq mehriga bo‘lajakman musharraf,
Zotan, rubobim bilan ezgu hislar tug‘dirdim.
Shu yovuz zamonamda kuyladim erkni maqtab,
Xor-zorlarga achinmoqqa chaqirdim.
Tangri hukmidan chiqma, ey ilhomim parisi,
Ranjidaxotir bo‘lma, toju gulchambardan kech.
Loqayd qabul etaber madhu tuhmat barisin,
Ahmoq bilan esa o‘chakishma hech.

Ramz Bobojon tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.