Svetayeva Marina Ivanovna (1892.26.11, Moskva - 1941.31.8, Yela-buga, Tatariston) rus shoirasi. Moskva un-ti prof. Lozanna va Freyfurgdagi musika maktabi va katolik pansionda, Yaltadagi kizlar gimnaziyasida o‘qigan. Oktyabr to‘ntarishini qabul qilmay, 1922 y.da Pragaga, 1925 y.da esa Parijga ko‘chib borgan. Muhrjirlikda muhtojlik va vatansizlik azobini boshidan kechirgan S. 2-jahon urushi boshlanishi b-n SSSRga qaytib kelgan (1939). Ammo ko‘p o‘tmay, ruhiy iztiroblar orqasida o‘z joniga qasd qilgan.
Dastlabki she’riy to‘plamlari — «Oqshom albomi» (1910) va «Sehrli fonar» (1912). 1916 y.ga kelib, S. ijo-dining asosiy mavzui — muhabbat, Rossiya, she’riyat mavzui uzilkesil shakllanadi. S.ning 20-y.lar avvaliga oid she’rlari oq gvardiyachilarning muhojirlikda nashr etilgan jur.larida e’lon qilinadi. Shu davrda uning «Blokka atalgan she’rlar», «Hijron»(1922), «Psixeya, Romantika», «Hunar» (1923) she’riy kitoblari va «Barakalla» (1924) doston-ertagi nashr etilgan. S.ning «Rossiyadan keyin. 1922— 25» so‘nggi to‘plami 1928 y. Parijda bosilgan.
S. she’riyati musiqiyligi, tovushning she’r musiqiy qurilmasidagi katta o‘rni va ahamiyati b-n ajraladi. Tashki dunyo b-n murosa qila olmagan va shu dunyodagi hayotida ro‘shnolik ko‘rmagan shoiraning asarlari, jumladan, «Tog‘lar dostoni», «Intiho dostoni» (1926), «Krisolov» lirik satirasi (1925), hatto antik davr syujetlari asosida yozilgan «Tezey» (1927) va «Fedra» (1928) tragediyalari uzun hamda keskin monologlardan tarkib topgan. S. nasrda ham qalam tebratib, M. Voloshin, O. Mandelshtam, A. Beliy va b. haqida falsafiy o‘ylar va xotiralardan iborat o‘ziga xos adabiy portretlarni yaratgan. (“O’zME”dan)
::::::::::::::::::::::::::::::::::::::::::::::::
Sharobingga aralashtirdim
Kuydirilgan soch tolalarin,
Toki iching kuydirsin g'amim,
Toki jo'shsin dil nolalaring.
Toki yoshlik bo'lsin ko'zyoshlik,
Toki asal aylasin kasal.
Toki tunda yoshgina yoring
Tinglamasin fig'onu zoring.
Oltin kabi cochlarim rangi
Aylangandek kulga beomon,
Yoshligingning bokira tongin
Qorlar bossin,bossin qahraton.
Toki ko'r bo'l - zulmatga to'lgin,
Toki o'tdek qurigin,so'lgin,
Toki so'nggi nafasday o'lgin.
MUHABBAT
Tig'mi? O'tmi?
Yo og'uli taft?
Yoki alam, mungli o'rtanish?
Yo'q,u dard,
Shunday bir dardkim,
Ko'zimga kaft,
Labga bolam ismidek - tanish.
Rus tilidan Xurshid Davron tarjimalari
VATAN
Buncha qaysarsan, zabon!
Mendan oldin ham dehqon:
— Rossiya, vatanim, — deb
Kuylashni qilgan-ku ep.
Kaluga qirlaridan
Yurtga boqardim har dam.
Endi olis maskanim,
G’arib elim, vatanim.
Olislik — bitmas yaram,
Topilmas unga malham.
Qayga borsam ko‘ksimda
Yo‘l bosar o‘zim bilan.
Yaqinni yiroq qilgan
Olislik kirib tilga:
«Uyga qayt», — der tinimsiz,
To‘rt yonim, hatto yulduz.
Men boshimni bekorga
Urarmidim devorga?
So‘nggi yo‘lga ketar dam
Ikki qo‘lsiz qolsam ham
Boshim yotgan kundaga
Lablarimda yozaman:
«Qaddingni rostla, bag‘rim,
Vatanim, mening faxrim!»
* * *
Men qog‘ozman qalaming uchun,
Nima bitsang aylayman qabul.
Boyligingni asrayman butun,
Qaytaraman ko‘payganda ul.
Men qishloqman va qora tuproq,
Sen boshimda yomg‘ir, nur — olmos.
Sohibimsan, yana sen Olloh,
Men qora yer, oq qog‘oz, xolos.
* * *
Oxirat kitobida
Ayol uchun ishq — gunoh.
Uning «Sevgi san’ati»
kitobi — butun tuproq.
Yurak — ishqning sharobi,
Yaxshidan — yaxshi sharob.
Ayollar yo‘rgakdanoq
Birovga gunoh, azob.
Qo‘y osmonni, uzoq u,
Yerdagi lablar yaqin.
Ayolmassan, bilmaysan,
Bizni qarg‘ama, tangrim.
***
Kimdir kelar — o‘lim g‘alabasiga.
Daraxtlarda — kibr, foje qayrog‘i.
Iudalar — qonli qurbonlik raqsi!
Daraxtlarda — tilsiz sirlar titrog‘i.
Bu — asrga qarshi isyon, suiqasd:
O‘lchovlar, hisoblar, vaqt, kasrlar.
U yeri — bu yeri yirtilgan parda:
Daraxtlarda — qotib qolgan qabrlar.
Kimdir kelar. Osmon — yo‘l ibtidosi.
Daraxtlarda — baxtning yo‘q intihosi.
***
Quyosh — yagonadir, shahar kezadi,
Quyosh — menikidir. Hech kimga bermam.
Na lahza, na nigoh, na nur sezadi —
Quyoshni bermayman. — Hech kimga. Hech dam.
Zulmatlarda so‘nsin shaharlar, mayli,
Quyosh — qo‘limdadir! Quyoshsiz ochun!
Yondirgum — qo‘lulab, yuragim — dalli!
U yo‘ldan adashsa eng qorong‘u tun
Yelaman izma-iz… Quyoshim mening
Hech qachon hech kimga bermayman seni!
***
Yoningga kelaman, raqibam, u tun
Xuddi hozirgiday nurga to‘ladi.
Hovuzda baqalar dodlar betutun,
Ayollar og‘riqdan telba bo‘ladi.
Men — asr tug‘yoni iylagan hur sas —
Rashkli kiprigingga to‘kilaman jim.
Aytmoqchi bo‘laman, men — odam emas,
Tushman — ro‘yolarga aylangan qonim.
Aytmoqchi bo‘laman, — yupanch ber, shaffof
Yuragimga kimdir mixlar qoqmoqda!
Aytmoqchi bo‘laman, — shamol hali sof,
Olovli yulduzdan shu’la oqmoqda…
***
Men — mahbusa. Sen esa — soqchi.
Sendan ortda qolib bo‘lmaydi.
Taqdir bitta — bo‘m-bo‘sh, aldoqchi
Safsataga bo‘shliq to‘lmaydi.
Tabiatim yuvvosh, muloyim!
Nigohlarim yorqin! O‘tinchim —
Huv, qayinga qadarlik bir zum
Sayr etmoqqa izn ber, soqchim!
***
Bemahal qo‘zg‘almas kema,
Bulbul bevaqt kuylamas bildim.
Men qanchalik yashash istamay,
Oh, shunchalik o‘lgim ham keldi!
Bolalikda bo‘lgani kabi
Terlab chiqdim loto o‘ynidan.
O‘z baxtiga ishonmas ko‘ngil,
Dunyolar bor dunyo qo‘ynida.
***
Dilni mehr bilan chulg‘aydi xayol,
Tez orada meni chorlasa yiroq,
Kimga qolar ekan — qalin jun ro‘mol,
Bo‘rining mo‘ynasi, ixcham qo‘ltayoq…
Feruzarang kumush bilakuzugim,
Kimning nasibasi… Jami yozuvim,
Gullarni asrashga toqat qilar kim…
Eng so‘nggi qofiyam — eng so‘nggi tunim!
***
Na o‘y, na zor, na qizg‘in bahs,
Na orombaxsh uyqum bor.
Na kun, na oy va na dengiz,
Na kemaga orzum bor.
Na devorlar, yashil bog‘lar
Hidin sezar tuyg‘um bor.
Na kutganim — qaynoq chog‘lar
Tuhfasini tuygum bor.
Quvontirmas tong va tunlar,
Tramvaylar yelishi.
Yashayapman — unut kunlar,
Vaqt va asr kelishi.
Tuyular, men — kichik raqqos,
Zanjiri uzik mastman.
Qorong‘u oy ichra hassos,
Mag‘rur xayolparastman.
***
Juda erta tug‘ildi she’rlar,
Esimda, ularga qalbim berganim.
Bamisli favvora tomchilar, nurlar
Bilmagan ekanman shoir ekanim.
Sajdagohga kirgan iblis singari,
Yoshlik ila o‘lim beun jo‘shadi.
Oromli, isiriq hidli go‘shada
Hali o‘qilmagan she’rlar jangari
Mittiday do‘konda chang bosgan g‘amnok!
(Uni hech kim olgan emas va olmas!)
Bebaho dardlarim — she’rimning olmos
Davri kelgusidir shodumon va pok.
***
Do‘ngliklarda yugurar so‘qmoq
Jajji — jajjm oyoqlar bilan.
Oka oqar sokin, erinchoq
Uyqudagi o‘tloqlar bilan.
Qo‘ng‘iroqlar jaranglar, zarb-ku
Shoshiladi zarba ortidan.
Borliq kuylar edi eng ezgu
Bolalikning xotirotidan.
Tonglar jannat, choshgohlar jannat,
Lovullagan ufq — ohlar jannat!
Yarqiragan shamshirlar – surat,
Qasrlarni qulflar sukunat.
Bari qayga ketdi aftoda?
Oramizda to‘siq bor – nedir?
Gulpushtaning o‘tinchi — boda,
Tushdagiday chayqalar og‘ir…
***
Menga yoqar, bemormassiz men bois,
Menga yoqar, bemormasman siz bois.
Menga yoqar, og‘ir zaminning shari
Poyimizda oqib yotmas sarsari.
Menga yoqar, bo‘lmoq mumkin kulgili,
So‘zlar o‘yinisiz yashamoq mumkin.
Qo‘llar qo‘lga nogoh tekkan mahali
Qizartira olmas dimiqqan to‘lqin.
Menga yoqar, ko‘zim oldi — qarshimda
O‘zgalarni qucha olasiz sokin.
Sizsiz yashaganim haqqi, arshimda
Menga mo‘ljallamang jahannam o‘tin.
Azizim, ismimni yodlash yodida
Yashamang na kunduz, na tun — befoyda…
Cherkovning ulug‘vor sukunatida
Kuylanmas biz uchun — alliluyya!
Meni sevganingiz uchun bilmasdan,
Sizdan minnatdorman yurak, qo‘l bilan.
Mayli, sevib yashang, — tun, orom haqqi,
Quyosh kulmagan kun, olis shom haqqi;
Kunbotargi go‘yo nogoh vaslimiz,
Sayrimizga zor oydagi g‘am haqqi…
Bemormasman faqat siz bois — hayhot!
Bemormasman faqat siz bois — hayhot!
***
She’rlar o‘sa boshlar yulduzli, gulday.
Qaydin oqib kelar menga bu shu’la?
Tojlar, tantanalar so‘ylar bir tilda,
Yuragim to‘liqar, to‘lg‘in ashula.
Tushimda yorilib ketadi toshlar,
Ko‘kdan nur yog‘ilar barg nafasida.
Dunyo, ishon! Kuychi tush ko‘ra boshlar
Yulduz shu’lasida, gul shevasida.
DON JUAN
Tumanli tongda uzoq
Bo‘zlaydi shamol, bo‘ron.
Bu qor mayin, qor oppoq,
Yotar unda Don — Juan.
Favvoralar sukutli,
Na yulduz, na yorug‘ bor.
Hoch yarqiraydi o‘tli
Majnun ko‘ksida bedor.
Bu qorong‘u ro‘yoni
Yoritay deb atayin
Keldi yuragim — tun — tug‘.
Yuragim — bir hovuch cho‘g‘,
Yuragim — tunday ochiq!
Olis yurtdan siz bilan
Ishq to‘la dilbar daftar
Yonimga keldi, uxlang,
Uxlang, Don — Juan! Yetar…
***
Bahs boylasha — boylasha.
Kuylay — kuylay tolar til.
Meni alday — alday Vaqt
Allalar — oromda dil.
Ko‘zlarim yumsam asta
Qayrilar kipriklarim.
Tushimga kirar qushlar,
Daraxtga bitiklarim.
***
Oqshom cho‘kayotir ulkan shahrimga,
Mudrayotgan uydan chiqib ketaman.
Odamlar o‘ylashar — ayolmi, qizmi,
Hayolim o‘g‘risi — tunga yetaman.
Yo‘limni supurar iyul shamoli,
Qaydadir kuy yangrar elas va elas.
Oh., tongga qadarlik bu mayin havo
Bag‘riga bosadi ko‘ksimni besas.
Ko‘rinar qora tol, derazadan nur,
Baland minorlarning qo‘ng‘iroqlari.
Qo‘lda gul, qushdan ham yengil qadamlar,
Ularga singiyman soya singari.
Tilla iplar kabi yonadi olov,
Yaproqlar hididan behushman, behush.
Kunduzgi tashvishlar, tinch qo‘ying meni,
Do‘stlarim, tushuning, bir tushman, bir tush.
***
Ko‘zingga singigan moviy ko‘kka boq,
Hayqirging keladi: — Momoqaldiroq!
Yo‘lovchi o‘tmoqda, qalbingda sezgi,
Ayqirib oqqisi keladi: — Sevgi!
Sovuq oqimlarni yoraman tong payt,
She’r bo‘lib to‘kila boshlayman: — Hayrat!
QALB VA ISM
Davra olovlanar, bu o‘t taftidan
Isiyin demaydi, to‘lmaydi bag‘rim.
Ko‘zimda yastanib yotadi kenglik,
Sen uni dengiz deb atagil, tangrim!
Boshni aylantirib yuborar raqslar,
Meni tashlab ketay demas sog‘inchim,
Shu sog‘inchlar soldi qalbimga otash,
Ularga dengiz deb nom bergil, tangrim!
Olov bo‘lib kuylar afsungar davra,
Yoniqib chorlaydi, tortmas oyog‘im.
Yurak yo‘lga tushdi, yo‘l esa olis,
Yo‘limga dengiz deb ism qo‘y, tangrim!
DEKABR VA YANVAR
Sevinch tug‘di dekabr tonggi,
Lahzada kechadi
Umri ilk baxtning.
Yoshartirib ketgay yurakni bu baxt!
Qayg‘usi bor yanvar tonggining,
Umri uzun hasrat.
Ta’mi taxir, achchiq bu g‘amni
Totdim ilk bora!
Oygul Suyundiqova tarjimalari
QISHDA
Qo‘ng‘iroq saslari ko‘ngilga ko‘char –
Yangrar nolakor...
Oramizda bordir bir necha ko‘cha,
Bir necha so‘z bor.
Shahar mudray boshlar oromni istab,
Oy chiqar yangi.
Qorlar yulduzdayin bezar ohista
Sening yoqangni.
Hali so‘nmadimi dilda hasrat-oh?
Tokay bu g‘am-zor?
Yangi tuyg‘ular-la chaqnagan nigoh
Yondirar takror.
Qog‘ozga oshna qalb ardoqlar jondek
Bu ko‘zlar cho‘g‘in.
Qirov oqartirar xuddi kamondek
Kipriklar o‘qin...
Devorlar ortida qo‘ng‘iroq o‘char,
Yangrab nolakor.
Oramizda bordir bir necha ko‘cha,
Bir necha so‘z bor!
Yangi oy nurlari chulg‘anar bu choq
She’rga, ohangga.
Qo‘nadi oq qorlar mayin va yumshoq
Sening yoqangga.
O‘N BESH YOSH
“O‘n besh” – yuragimda jaranglar har kez,
Ko‘nglimda boshqa o‘y tortmishdir xira.
O, nechun ulg‘ayib qoldim buncha tez?
Najot yo‘q sira!
Kecha qayinzorlar oralab – kezib,
Tuyardim o‘zimni sho‘x-shaddod, erka.
Kecha yugurardim sochlarim to‘zg‘ib,
Kechagina, ha!
Menga shivirlardi ko‘klam qir-o‘tloq:
“Yugurgin, yiqilsang yema aslo g‘am!”
Mumkin edi menga shodon qiyqirmoq,
Har qanday qadam!
Oldimda nelar bor? Qilolgummi daf?
Tegram – yolg‘on, cheklov – ichu tashimda!
Men sho‘x bolalikni kuzatdim yig‘lab
O‘n besh yoshimda.
* * *
Boshlarin egmishdir gullar nofarmon,
Favvora sevinchin bidirlar suvlar,
Ko‘m-ko‘k xiyobonda bolalar g‘ujg‘on...
O, qani meniki bo‘lsaydi ular!
Nigohlar taftida yayrashar erkin,
Har biri vallomat – naq tojga ega.
Mas’um bolakayga boqarkan, mening
Qichqirgim keladi: “Shu olam senga!..”
Qizchalar libosi rangin, fusunkor,
Bunda – arazchilar, xush-xandon – bunda...
Onalar dil so‘zin shivirlar oshkor:
“Mening bolamdayi yo‘qdir ochunda...”
Ha, faxr ayolga qilichni tutmoq
Vatan erki deya – tahlikali dam.
Biroq ular uchun beshikni quchmoq
Eng asl baxt erur – illo menga ham!
* * *
Yodimdan ketmas nari
Bolalik damlar mutloq!
Qaydasiz, zangor o‘tloq –
Okaning qirg‘oqlari?
Jo‘ka gullagan chog‘lar –
Bu olam o‘zga tamom,
Manqalda pishar taom,
Mast bo‘lar eski bog‘lar.
Bulutlar suzar ko‘kda,
Yastanib ufqqa to.
Sokin va moviy daryo –
Jimirlab oqar Oka.
Tinglab men dil unlarin,
Qo‘msayman ilk maskanim –
Qadrdon Tarusaning
Qaynoq yozgi kunlarin.
PARIJDA
Uylar bunda yuksak, osmon esa past,
Yer harir hovri-la unga yaqinroq.
Garchi bunda hayrat chegara bilmas,
Yurakni bir sog‘inch chulg‘aydi biroq.
G‘ujg‘ondir oqshomgi bog‘chalar so‘lim,
So‘nib borar ufqda shu’lalar alvon.
Oshiqlar ushlashib bir-birin qo‘lin,
Shinam yo‘lkalarda sayr etar shodon.
Men esa bir o‘zim. Dilni mung ezar,
G‘ussadir ruhimni sarosar qilgan.
Ko‘ksimda yig‘laydi g‘amboda she’rlar,
Moskva sevgisi bilan yo‘g‘rilgan.
Parij menga yotdir, menga singmas hech,
Yurakka o‘zimning dardlarim a’lo!
Kutar uyda ma’yus chuchmoma har kech,
Har kech qarshilaydi muloyim siymo.
Devorda nigohin qadar men sari
Xayrixoh do‘st kabi bir surat mag‘rur.
Sevgan kitoblarim qahramonlari
Kelar tushlarimda qoshimga bir qur!
Qancha zo‘r bo‘lmasin Parij shukuhi,
Ko‘nglim shavqi mening – qirlar, bulut – oq...
Suron so‘na boshlar, jismim chulg‘ar ruh,
G‘ussa dilga botar yana teranroq.
XATOLIK
Daf’atan ko‘nglingni sarafroz etar –
Ko‘klardan kaftingga kelib qo‘ngan qor.
Biroq u ko‘zyoshdek erir-da ketar,
Uning harir raqsin ko‘rmaysan takror.
Shaffof baliqchaga bo‘lib maftun, rom,
Ushlasak uni gar qo‘limiz ila,
Dam o‘tmay bo‘lg‘usi u sho‘rlik bejon –
Chunki inson qo‘li omonsiz, bilar.
Agar qanot qoqqan kapalakda biz
Tuymasak ko‘hligu va ilohiy rang, –
Uni tutib olgan barmoqda, shaksiz,
Qolar ranglar yuqi hamda oddiy chang!
Mayli, chappor urib raqs aylasin qor,
Shaffof baliqchani otmagin qumga!
Orzuni tutmoqlik mumkinmas zinhor,
Qo‘l bilan ushlasang uni – uringay!
Mumkinmi o‘tkinchi ishqqa aytmoqlik:
Telbalarcha yon – deb, deb – o‘zingdan kech!
Sening ishqing edi g‘o‘rlik, xatolik
Lek yashab bo‘lurmi, axir, ishqsiz hech!
* * *
Mening she’rlarimga, qoralangan ilk –
Hali shuhratimdan hech kim ochmay fol, –
Bamisli favvora billurlaridek,
Mushakdan sachragan uchqunlar misol,
Baland cherkov ichra – ifor anqigan
Tun payt kirib olgan shaytonchalardek, –
Mening she’rlarimga – sarkash ruhli, shan,
Hali birortasi o‘qilmagan lek, –
Peshtaxtalar uzra yotgan chang aro
(Nazardan narida, chekkada minba’d!),
Mening she’rlarimga, asl, bebaho –
Sharobdek, bir kuni yetgaydir navbat.
* * *
Feodesiyada bir bahoriy kun
Abadul-abadga so‘nib borarkan,
Har yerda – soyalar uzundan-uzun,
Alvon rang chulg‘aydi shafaqni tamom.
Sog‘inchga limmo-lim yuragim mahzun –
Boraman bir o‘zim miskin, aftoda,
Qo‘llarim osilmish go‘yo havoda,
Vujudim go‘yoki yo‘qlikka mahkum.
O‘taman qadimiy qal’ani bo‘ylab,
Yellar yuzlarimdan oladi bo‘sa,
Shoyi ko‘ylagimning etagi bo‘lsa
Tizzam ko‘zlariga teginar o‘ynab.
Oddiy hamda odmi qo‘lda uzugim,
Safosi yo‘q ruhim mo‘rt va shikasta –
Uch-to‘rt chuchmomali jo‘n bir guldasta
Ma’yus ko‘zlarimga termiladi jim.
Entikib yo‘limda to‘xtayman behol,
Garchi tevarakda bahoriy fusun, –
Shom cho‘kar – soyalar uzun va uzun,
So‘zlarim g‘ussaga yo‘g‘rilar alhol.
* * *
P.E.ga
Qabringiz ustida kech kuz xazoni,
Qish yaqin, shaksiz.
Meni tinglang, marhum, eshiting, jonim,
Siz menikisiz.
Kulasiz! – Kumush rang yo‘lning kiftida
Oy turar yuksak.
Bilsangiz, siz menga keraksiz juda
Bamisli yurak.
Shifoxona sari tag‘in tugun-la
Borgum men shosha.
Siz esa ketgansiz o‘zga bir yurtga,
Ummonlar osha.
Men sizni suyardim – yuragimda o‘t!
Nahot taqdir otdi meni shu ko‘yga?!
O‘limga ishonmam! Yo‘lga ko‘zim to‘rt,
Qaytingiz uyga!
Mayli, kuz to‘ldirsin dilga g‘am-angiz,
Motam bitigida so‘zlar unniqsin.
Dunyo uchun gar siz o‘lgan bo‘lsangiz,
Men ham o‘lgum, chin.
Tiriksiz – ko‘ryapman ushbu dam hatto,
Ruhingizga motam emas-ku sarhad, –
Sizni unutmagum, saqlarman yodda
Abadul-abad.
Bilaman, bu yanglig‘ va’dalar bari
Puch va befoyda.
Yo‘llamoq kabidir sog‘inch xatlarin
Manzilsiz joyga.
* * *
Yana bosh ko‘tarar lo‘livash g‘ulu!
Yetib yor qoshiga – yo‘lni burgaysan.
Qo‘lni peshonaga tirab beuyqu,
Tunlar karaxt qotib o‘ylar surgayman:
Hech kim teran ko‘z-la boqmadi aslo
Xatlarda bitilgan dil so‘zimizga.
Bizlar xiyonatkor qalblarmiz, zero –
Sodiqdirmiz qattiq o‘z-o‘zimizga.
* * *
O, ishqimiz endi olovga
O‘xshamas hech – muzga aylandi...
Mening ko‘nglim boshqa birovga
Ajib rishta bilan boylandi.
Saroying bor sening purviqor,
Unda esa – yalang dasht, o‘rmon;
Senda zobit, askarlar bisyor,
Unda esa – sohilu sayhon.
Dengiz bo‘yin biz etganda sayr,
Sen mening bor jahonimsan, der.
To‘shagimiz bizning turfadir,
Bir kun – toshloq, bir kun – zarang yer.
Ha, sevar u jondan yaxshiroq,
Uning-la men g‘am bilmam aslo.
Bugun oydir bizga shamchiroq,
Qandil bo‘lar ertaga samo.
U avvallar edi suvoriy –
Ko‘rkam kelbat, aslzoda zot,
Bir kun menga ko‘zi tushdi-yu,
Qo‘shinni tark etdi shu zahot.
* * *
Yayra, ko‘nglim – bahorim!
So‘ng kun kelar, hoynahoy –
Bo‘lsin shunda mozorim
To‘rtta yo‘l tutashgan joy.
Tegram – dala beega,
Uvlagan bo‘rilar och;
Xoch bo‘l qabrim ustiga,
Yo‘lda turgan simyog‘och!
Uloqib yurmay manfur
Manzillarda luzumsiz.
Olisdan ko‘rinib tur,
Baland bo‘y xoch, ismsiz.
Ozmas do‘st bo‘lib menga
Iltifotim ko‘rganlar.
Panoh bo‘ling qabrimga,
Dashtda o‘sgan burganlar.
Ko‘rsatib ehtiromni,
Sham yoqmangiz sukutda.
– Istamam o‘chmas nomni
Tug‘ilganim – shu yurtda!
* * *
Eyfel nima bo‘libdi bizga –
Uzatsam gar qo‘limni, yetar.
Yonarkan qay yurak bu hisda,
Avval ichdan shuni his etar:
Sizning Parij bamisoli sham,
Shundoq erur bizda tushuncha.
“Rossiya, o, mening Rossiyam,
Yarqiraysan nurlanib buncha?”
* * *
Domangir bo‘lib baxtga,
Tutmadim etagidan.
Men kelganman poytaxtga
Bir tupkaning tagidan!
Qiziqtirmas ziynat-zeb,
Menga tunlar kezmoq soz!
Birovga taft beray deb,
O‘z kulbamdan kechgum voz!
Yoringman gar – yoqtirsang,
Ostonamdan o‘tsang, bas.
Kifoya biz-chun, bilsang,
Qonda jo‘sh urgan havas.
Oyni ham jazb etgaymiz,
Qo‘ndirgaymiz kaft uzra.
Ketsak – qalbda qolmas iz,
Ko‘rishmasak – dil muzlar.
Tig‘ zahriga qarayman,
Etmasmi meni xarob, –
Duch kelgandan so‘rayman,
“Yo‘q” deb u aylar javob.
* * *
Mening ruhim aslo senga kelmas xush,
Dashnomlar berasan har qachon, qoim.
Sen – toshsan, men esa – sayroqi bir qush,
Sen – haykal, men esa uchgayman doim.
Bilaman, ha, baravj bahor ifori
Mangulik oldida oniy va hechdir.
Qushman men – shu erur xislatim bori,
Sendek bo‘lolmasam, afv et, kechir.
* * *
Kulbang qarshi olar seni kech kirib,
Qadrdon uyingga yetmas hech biri!
So‘nadi darchada oltinlangan nur,
Vujuding nihoyat tuyadi huzur...
Kun tugab, eshikka tushadi tamba,
To‘shakda yolg‘izsan, ko‘zlaring namda!
Toki urib turar ekan shu yurak,
Yana tongda barvaqt turmog‘ing kerak...
Otsin har ne ko‘yga, mayli, shum taqdir,
Qo‘lingga go‘daklar termilar, axir.
Faqir kunlaringda baxt shu-da butun –
Chiqib turibdi-ku, mo‘ringdan tutun...
* * *
Ayon bir haqiqat! Boshqasi – yolg‘on!
Shartmi urush, shartmi qirg‘inbarotlar!
Nima bilan bandsiz ayni ushbu on,
Shoirlar, oshiqlar, sarkarda zotlar?
Iliq yellar esdi qishning qasdida,
Inmoqda zaminga ilohiy saslar.
Ha, biz ham uxlaymiz yerning ostida –
Bir-biriga uyqu bermagan kaslar.
* * *
Garchi dilda g‘ussa-mung,
Sevgim bilmas nihoya!
Oramizga bizlarning
Tashlamish hijron soya!
Afsuski, sen yiroqda,
Pechda o‘t yonar yal-yal!
O‘ltiribman firoqda,
Seni qo‘msab har mahal!
Ostonaga damba-dam
Termilaman bemador.
Tashga boqqum oynadan –
Gullab yotar bog‘ bekor.
Kabutarlar “g‘uv-g‘uv”lar,
Bilmay nima qilarin!
Shamollar tinmay yo‘llar
Salomlarin men sari!
Emas bari behuda,
Sezganmisan sen o‘zing, –
Sog‘ingan ular juda
“Marina” degan so‘zing!
* * *
Ikki qo‘lim ikki dilbandim
Boshin silab yayrardi har on.
Tuhfa edi menga chindan ham
Ikki mitti – ikki mas’um jon.
Ikkisin ham o‘ngu so‘lidan
O‘tib mudom – kun-tun tolmadim.
Birin yulib ajal qo‘lidan,
Birini, oh, asray olmadim!
Ikki qo‘lim – yuragim mehri
Ikki boshga edilar panoh.
Biroq, netay, qo‘llarim biri
Bo‘m-bo‘sh qoldi bir kechada, oh!
Kulganda u yashnardi yal-yal,
Nur o‘ynardi bo‘yi-bastida.
Anglolmayman hali ham tugal –
Nechun yotar u yer ostida.
* * *
Ko‘z yoshim tomgan joydan
Lolalar ungay bir qur.
Bu kun kashta to‘qisam,
Ertaga to‘qiyman to‘r.
Dengizim mening – osmon,
Dengizim mening – yerdir.
To‘r to‘qish emas oson,
To‘rlarim mening she’rdir!
* * *
B.Pasternakka
Masofa – bu ramz, bu ma’no...
Ikkimizni etdilar ayro –
Keng zaminning ikki burchiga,
O‘ltirishsin jimgina deya.
Masofa – bu yo‘ldir adoqsiz...
Ajratdilar, payvand edik biz.
Qutqu, rahna soldilar betin,
Biz, aksincha, bo‘ldik qurch, metin.
Bizmas, ular davron surdilar,
Kovlashtirib, yovlashtirdilar.
Hech qilmay or,
ayladilar xor,
Ular uchun edik fitnakor.
Bo‘lak-bo‘lak joyga otdilar,
Eh, sotdilar, so‘ng yo‘qotdilar.
Ayozlarda titradik dir-dir,
To‘dalashdi yetimdek bir-bir.
Aldovlar-la bizni “siylashdi”,
Qartalardek keyin chiylashdi!
DENGIZCHI
Allalagin, yulduzli samo!
To‘lqinlardan to‘yib ketdim, o!
Qayda qirg‘oq – yetarmi doshim, –
Toliqtirdi junbushlar boshim:
Olqish, gullar, makr – bari jam
O‘yinlardan quridi sillam!
Ko‘nglim mangu oromni xushlar,
Tinkamni quritdi urushlar!
* * *
Tomirimni kesdim, qarangiz,
Hayot oqar sharillab undan.
Idishlarni tezroq tuting, tez,
To‘lib-toshar barchasi zumda!
Sayoz likob, sayoz tovoq ham –
Tomchilardan bahra olar yer.
To‘lib ketdi yuragim biram,
To‘xtamasdan quyulmoqda she’r!
* * *
Darcham mening yuksakdir,
Otma bekor qulochni!
Chordog‘imda tonggi nur
Devorga chizdi xochni.
Ko‘zimga yosh quyular,
Entikdim shu asnoda.
Menga shundoq tuyular:
Ko‘milganman samoga!
* * *
Bilaman, o‘limim mening tong mahal!
Biroq shom payti ham qalbdan so‘ngay nur.
Olsa, o, koshkiydi jonimni ajal
Shom hamda subhidam onlari bir qur!
Quyosh yo‘llarimga to‘shadi ziyo!
Sevdim men gullarni! Samo qiziman!
Bilaman, tong payti ko‘z yumgum! Zero
Tunda Tangri meni ayar begumon!
O‘pilmagan xochni suraman asta,
Tinglayman samodan ilohiy bir sas.
Ruhim farishtalar chorlarkan arshga,
Shoir bo‘lib qolgum to so‘nggi nafas!
Ruschadan Mirpo‘lat Mirzo tarjimalari