OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nikolay Il'in (1950)

Toshkent davlat Univbersitetining filologiya fakultetini tugatgan.

Toshkent jahon tillari universitetida rus tili o'qituvchisi bo'lib ishlagan.

Hozirda "Преподавание языка и литературы" ilmiy jurnalining bo'lim muharriri.

She'rlari  "Дружба народов", «Zvezda Vostoka» jurnallarida, "Под знаком осени" (2005, Toshkent), "Малый шелковый путь" (Toshkent), «Kronos» (Daugavpils, Latviya) almanaxlarida chop etilgan.

2004 yili ilk she'riy to'plami "Первая тетрадь" nomida chop etilgan. 2005 yili "По клавишам души", 2006 yili "На кочевьях времен", 2008 yilda "Обетованная память", 2010 yili "По стопам листопада"  to'plamlari nashr etilgan.

 

SAMARQAND OQSHOMI

Baland minoraga suyanib olis, 
Ayvonlar ko‘k sari yoyganday qanot.
Moviy gumbazlarda soyalar nafis,
Sokin madrasalar aro xayolot.

Ko‘zlarim  ergashar shahar, bog‘ tomon,
Yo‘l olgan shaffof nur, charog‘on tunga.
Ko‘rinib turadi  yetti qat osmon,
Hali  gumbazlarni  qo‘shmadim  bunga.

Oqshom chigirtkalar  tinmas ovozi –
Lahzalarni sanar misli ashula.
Shahar uzra – mingyilliklar  parvozi,
Taratmoqda yangi asrlar shu’la.


* * *

Uyg‘onib ketadi oy nurida tun,
Bulutli yalanglik, iliq yorug‘lik.
Borliqqa yoyilgan ohanglar beun,
Singdira boshlaydi ajib ulug‘lik.

Oydin qanotlarda  uchgan  kabi tush,
Maysalar tovlanar bog‘ni oralab.
Bilakuzuk taqqan yulduzlardan  xush,
Kalomlar sachraydi bulut oralab.

* * *

Tog‘  ko‘lini bosadi mudroq,
Tushlarida salobatli tog‘.

Ko‘lda to‘lqin jim qotgan, behush,
Cho‘qqilarda havolar namhush.

Oq yelkanli ko‘m-ko‘k oynalar,
Qorliklardan sim-sim uchar zar.

Suv yuzida  soyalar yengil,
Ey tund  bulut, yer  tomon  egil.

Moviy-moviy  hislar gulladi,
Ko‘zgularning  yuzi ho‘llandi.

Hayajonga solib to‘lqinni,
Shamol yutib – yutolmas uni.

Ko‘l shamolin  etmang xijolat,
Orzusida mangulik  faqat.


BOG‘DA

“Qayda unsang, gulla!”  –  Gul, urug‘larning
Yashash shiorlari oddiy,  sodda,  jo‘n.
Subhidam  nurida  jimirlar  betin
Oftob ko‘zlaridan  sizgan sir, afsun.

Gul yuzida zarrin zarralar bugun
Otashlanar har bir gulbarglar bo‘ylab.
Quyoshli  qadamlar taftida beun
Tongni xush kalomlar keladi siylab.

Kuz jilvasin  ko‘rdim  birinchi bo‘lib,
Eshigini ochdim  – kunni yaratdim.
So‘ragim keladi yuragim to‘lib:
“Tangrim, meni buncha suyib yaratding?”


* * *

Kerak bo‘lsa sizga aylana
U chor – atrof kabi, ehtimol.
Tik oyoqli tsirkulni yana
Aylantiring takror, bemalol.

Istasangiz o‘sha aylana
Qiyosi yo‘q  totga kirishin,
Qo‘lga oling olmani, ana – 
Rang bermoqqa butkul kirishing.


ANHOR

Kuzgi mudroqlikda  ko‘rkam saroylar,
Tanish ko‘chalaru maydon oralab.
Kun yarmida daryo jilmayar sokin
Har bir uy, binolar, har on oralab.

To‘lqinlar jimirlar, masrur, zalvorli,
Ranggi tiniq osmon ostida  besas.
Oqayotir suvlar, soddadil, ochiq
Odamlarning qo‘li ishdan bo‘shamas.

Shox-shabba hashamdor, qirg‘oqqa qiya
Engashib keladi xiyobonlar jim.
Bu yo‘llar dilga o‘t qalaydi sim-sim –
Bolalikning olis xotiralari
Sog‘inch ohanggida oqqani sari.

Aylanib yugurar suvlar borliqda,
Aylanadi davr, yillar betinim.
Daryo mavjlariga  singib ketadi
Tushimning, o‘ngimning izlari tilim.

Eski ko‘chalarga  mehrini sochib
Ko‘priklar bosh uzra yengil uchadi.
Kirib kelayotgan kuz chog‘larida
Vazmin daraxtlardan uyqu ko‘chadi.

Bunda sovuq yegan zahil yaproqlar,
Men vaqtni  orqaga surib, jo‘rovoz
Kuylayman anhor-la, eslaymiz olis
Xayoldan  ko‘chmaydi   qalbi  olov  yoz.

Rus tilidan Oygul Suyundiqova tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.