Taniqli shoira Edit Syodergran (shved. Edith Irene Södergran) 1892 yilning 4 aprelida Sankt-Peterburgda finlyandiyalik shved injener oilasida tavallud topgan. U dastlabki she’rlari 4 tilda: shved, frantsuz, nemis va rus tillarida yozgan.
Yosh shoiraning ijodi frantsuz simvolizmi, nemis ekspressionizmi va rus futurizmi ta’sirida shakllanadi. Syodergran fin-shved adabiyotidagi modernizmning ilk vakilasidir. 1916 yili Xelsinkida shoiraning ilk «She’rlar» («Dikter») deb nomlangan to‘plami nashr etilgan. Bu to‘plamdagi shved she’riyatiga xos bo‘lmagan yangi ohang va shakllar olib kirgan she’rlar fin tanqidchilari tomonidan salbiy kutib olinadi, ular hatto shoirani masxara qilishgacha borishadi. Oqibatda shoira uzlatga chekinishni majbur bo‘ladi. Ammo, tanlagan yo‘li — yangi shakllar izlash, xususan, ijodining asosi bo‘lmish verlibrni rivojlantirishdan qaytmaydi. Fevral inqilobini katta umidlar qarshilagan shoira hayoti qashshoqlikda o‘tadi boshlaydi. Buning oqibatida uning kasalligi yana ham kuchayib boradi.
Shoira 1923 yilning 24 iyunida Kareliyaning Rayvola shaharchasida olamdan o‘tgan. O‘limidan keyin shoiraning ikkinchi she’riy to‘plami nashr etiladi. Bugungi kunda Edit Syodergran ham Shvetsiyada, ham Finlyandiyada eng mashhur shoirlardan biri sifatida tan olinadi.
* * *
Men sening bog‘ingda ko‘karib undim,
Chanqab yomg‘irlarni ichdim men, ey, yor,
Saraton oftobin shimirib qondim
Va gulladim – endi seni kutgum zor.
KUTISH
Men tanho kezarman ko‘l yoqasida,
Qarag‘aylar safin do‘stim atarman.
Milashga sirimni men ochdim asta
Va seni kutarman… Intiq kutarman.
Ammo so‘qmoq xoli, men qancha kutmay…
Moychechaklar mendan kular: oshiq, deb.
Bo‘ynimni qitiqlar ko‘katlar tinmay,
Shularning barisi atalar ishq, deb.
TONG OLDIDAN
I
Tong otmoqda… Jonim, kelib qo‘lim ol,
Ich, undan bahorning otashli qonin.
Kel, jonim, qo‘lim tut. Titrab, bemalol
Oqarib yoritar u zulmat shomin.
Kel, ojiz yelkamni erkala, axir…
Bu qanday baxtli tun – oqar ko‘zyoshim –
Ko‘ksimda bosilmish sening bu og‘ir
Menga taqdirini ishongan boshing.
II
Sen mening ko‘ksimga sevgining alvon
Gulini tashlading – ko‘ksimga bosdim.
Uni mahkam siqdim – oqdi qo‘ldan qon,
Ammo so‘ldi gulim – ko‘zimga bosdim.
Sening qo‘llaringdan bu oliy tojni
Boshini egaru olar hangu-mang,
Sevgiling – ko‘zlari sovuq ma’shuqang.
III
Uni birinchi bor ko‘rdim men bugun.
Uni tanib titrab ketdim va bu on
Bilagimda tuyib turibman uning
Kuchli qo‘llarining taftini hamon.
Qayda qoldi qizlik kulgum – g‘ururim
Va hech kimga bo‘yin egamagan boshim?
Hamon vujudimga titrog‘ing – yangrar
Nozik orzu uzra kuchli tovushing.
IV
Gulni izladingu
Olmani topding.
Buloqni ko‘zlading,
Dengizni topding.
Ayolni izlading,
Yurakni topding.
Afsus chekarsan…
QORA VA OQ
Oqaversin, mayli, daryolar,
Moychechaklar gullasin qiyg‘os.
Yerga qadar egilsin o‘rmon –
Endi menga bari bir, inon,
Men uchun oq qarodir endi,
Axir menmas, begona ayol
Sayr etadi ma’shuqam bilan.
O‘RMON ARO…
O‘rmon kezdim uzoq baxtiyor
Bolaligim so‘qmoqlarida.
Yuksak tog‘lar aro adashdim
Yoshlik degan qasrni izlab .
Bog‘ing aro sayragan kakku
Baxt bor, derdi ammo, baxtsizman.
TILLA EMAS, QUDRAT QOLDIRING
Ey odamlar, bu tilla, bu zar
Nega kerak? Sizning qalbingiz
Ko‘mir cho‘g‘iday alvon
Orzu bilan to‘lsin, iloyim.
Farishtalarning mag‘rur ko‘zlaridan
Qimmat yoqutlarni sug‘urib oling,
Jahannamning sovuq quduqlaridan
Muzdek suv iching — faqat
Gadolarga o‘xshab tilamang
Tilla taqinchog‘u qimmat toshlarni -
Siz insonsiz, farzandlarga ham
Jannat qopqalarin ochishga qodir
Timsoli topilmas qudrat qoldiring.
Xurshid Davron tarjimalari