Adhat Sino'g'il (1935-2004) - tatar shoiri.
1975 yili Toshkentga yashash uchun keladi va O'zbekiston Respublikasi kino-prokat uyushmasida muharrir bo'lib ishlaydi.
YURT
Quyosh bo‘lib ko‘rinadi
Ona yurtning hiloli ham,
Mayingina tuyuladi
Qattiq esgan shamoli ham.
Baxtli bo‘lgum, azal-abad
Yurt menda ham baxtin ko‘rsa.
Baxtli bo‘lgum, yetgach fursat,
Yurt bir quloch yerin bersa...
Tarix bizni qiziqtirar mudom,
Axtaramiz, nedir izlaymiz.
Bizga tarix tinchlik bermas tamom,
Uning pinhon joyin ko‘zlaymiz.
Kimlargadir tarix eshik ochar,
Kimlargadir berkdir bu tarix.
Tilsim qachongacha tilsim bo‘lib yotar,
Murodga yetarmi muarrix!
Ha, tarix bu . chiqqan bir nafas,
Dab-durustdan turmas ko‘rinib.
Ko‘p narsalar yer ostida emas,
Hatto yer ustida turar ko‘milib!
Yulduzlarga seni tenglamayman,
Ular biri porlab, biri so‘narlar...
Men seni yoritqichlarga mengzamayman,
Ular tong chog‘ida to‘narlar.
Seni o‘xshatmasman hatto quyoshga,
Kun og‘ib ufqqa botadi oftob.
Sen mehr sochursan dunyo, tog‘-toshga,
Yuzing yarmisi kun, yarmisi mohtob.
Dengizga ham seni tenglashim qiyin,
Axir, ul bahorning yashil-ku yuzi...
Sen shuncha dilovar, shunchalar shirin,
Sening chashming asli sevgining o‘zi.
Seni Layliga ham qiyos aylamam,
Mayli, malol cheksin ushshoq xaylisi.
Mening topinganim o‘zing sen, sanam,
Bo‘lgandek Majnunning yolg‘iz Laylisi!
ELIM MENING
Elim mening — otamdirsan, ajdodimsan,
Elim mening — bolamdirsan, avlodimsan.
Elim mening — yo‘g‘imdirsan, borimdirsan,
Elim mening taqdirimu yorimdirsan.
Elim mening — yozim o‘zing, qishim o‘zing,
Elim mening — sozim o‘zing, ishim o‘zing.
Elim mening — o‘g‘lingdirman, insoningman,
Elim mening — men chashmangman, imoningman.
Elim mening — menga faxru jarohatsan,
Tiling birla olam aro sayohatsan.
NAMANGANDAN KELGAN NON
Namangandan kelgan non,
Yopilgandir tandirda.
Bitar qolgan hamma ish
Noning bormi — qayg‘urma.
Non bo‘lmasa qorinda,
Ko‘rinmagay yoring ham.
Bog‘liq erur non bilan
Sening yo‘g‘u boring ham.
Noni borning bag‘ri but,
Dovrug‘i bor, shoni bor.
Noni yo‘qda ne bordir?
Yolg‘izgina joni bor!
Namangandan kelgan non,
Yopilgandir tandirda.
O‘lmay yashar qardoshlik —
Non bor ekan taqdirda.
Urush yillarini ko‘rgan tengdoshlarga...
O‘tdi yoshlik, oqar suvlar kabi
Yer yuzidan shovullab o‘tdi.
O‘tdi yoshlik, urush bo‘lib ko‘zdan
Nonga to‘ymay, non tilab o‘tdi.
O‘tdi yoshlik, tog‘lar bo‘lib bizning
Bosib o‘tdi yosh o‘mizlardan.
Ish otiday yuklar tortib o‘tdi,
O‘tli terlar oqdi yuzlardan.
O‘tdi yoshlik, poezd kabi uchib,
Cho‘llar aro chinqirib uzoq.
Quyosh taftin yalab chopdi qirda,
Boshoq yig‘ib qip yalangoyoq.
O‘tdi yoshlik, ulg‘aytirib o‘tdi.
Dudoqlardan o‘pdi yondirib,
Tong yellari bilan oyli tunda
Tumanlarday tarqab, yoyilib —
O‘tdi yoshlik. Sel-dovullar o‘tdi
Yuraklarda qoldirib izlar.
Tepalardan o‘tdi, gullar terib —
Pishdi yetim bolalar, qizlar.
O‘tdi yoshlik, saf-saf hatlab o‘tdi
Sochimizga qorlarni solib.
Yosh o‘rmonlar kuyin kuylab o‘tdi,
Qarab qoldik ko‘zimiz tolib.
Tatarchadan Miraziz A’zam tarjimasi.