OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Oshiq Umar (1621-1707)

 

Oshiq Umar - Umar Abdulla o'g'li 1621 yilda Qrimning Ko'zleve (bugungi Evpatoriya) shahrida dunyoga kelgan.
Ayrim ma'lumotlarga ko'ra,otasi savdogar bo'lib,ismi Abdulla ,onasining ismi Sharifadir. Oshiq Umar Ko'zlevrdagi madrasada o'sha davrning yetuk shoiri Sharifiydan ta'lim oladi, Sa'diy va Hofiz asarlarini o'rganadi. Keyinchalik mashur shoirlar Ahmad Poshsho, Fuzuliy va Atiyilar g'azallariga muxammaslar bog'lagani ham uning mumtoz she'riyatdan yaxshi xabardor bo'lganini ko'rsatadi.
Oradan yillar o'tib,Oshiq Umar qo'shni diyorlarga safarga chiqadi. U Dog'istonda, Ozarbayjonda, Eron va Turkiyada bo'ldi.Sakkiz yildan keyin yurtiga qaytgan shoir umrining oxirigacha Qrimni tark etmadi.
Oshiq Umarning devoni mavjud.Uning qalamiga mansub 38 to'tlikdan iborat va 105 shoirning nomi zikr etilgan 'Shoirnoma' asari ham bebaho manba'dir. 
Oshiq Umar 1707 yilda sakson olti yoshida olamdan o'tadi. 

KIMNING YORISAN?

Sallona sayron yerina
Chiqqan yor, kimnin yorisan?
Siyo zulfin oy yuzina
To'kkan yor, kimnin yorisan?

Boqdim ko'zina-qoshina,
O'xshatdim humo qushina,
Mani hijron otashina
Yoqqan yor, kimnin yorisan?

Poyida yuz surgan qullar,
Damo-dam madhin qilurlar,
Oq yanoq ustina gullar
Taqqan yor, kimnin yorisan?

Sayrona kirar bo'stona,
Bulbul qo'nar gulistona,
Bizga mastona-mastona
Boqqan yor, kimnin yorisan?

Oshiq Umar,yora borma,
Borib ostonada turma,
Ola ko'zga siyoh surma
Chekkan yor, kimnin yorisan?

TILI - BULBUL, YANOG'I - GUL

Tili - bulbul, yanog'I - gul,
Forig' bo'lmas ko'ngul sandan,
Qopinda* man bir gado va qul,
Forig' bo'lmas ko'ngul sandan.

Yig'laram do'stim kelguncha,
Dardima darmon bo'lguncha,
Oh,sevdigim,to o'lguncha,
Forig' bo'lmas ko'ngul sandan.

Saqlaram, ishqing mandadir,
Devona ko'nglum sandadir,
Netaykim,jon bu tandadir,
Forig' bo'lmas ko'ngul sandan.

Do'stim yuzin ko'rmaguncha,
Jonni unga bermaguncha,
Umar qabra kirmaguncha,
Forig' bo'lmas ko'ngul sandan.

AYRILDIM

Yaqinda bir malaksiymo
Pari-paykardin ayrildim,
Labi g'uncha, yuzi zebo,
Bo'yi arardan ayrildim.

Ko'rinmas bo'ldi diydora,
Ko'nglumni etdi abgora,
Necha bir cheksam-da zora,
Guli ahmardan ayrildim.

Suyunib kiraman shola,
Mani ishq qo'ydi bu hola,
Ravodir aylasam nola,
Man ul dilbardan ayrildim.

Labi shakkar,shirin so'zli,
Qoshlari o'q, ola ko'zli,
Falakda bir quyosh yuzli
Mohi anvardan ayrildim.

Umar der: - Bo'lmisham hayron,
Hajrida bag'rim to'la qon,
Bugun man bir labi marjon,
Tishi javhardan ayrildim.

QIZG'ANARAM

Kel,dilbarim, qon aylama,
Sani qondan qizg'anaram,
Yangi oydan,esgan yeldan,
Chiqqan kundan qizg'anaram.

Kel, yonima,achchiq boqma,
Qalbimni yondirib-yoqma,
Yanog'ingga gullar taqma,
Sani guldan qizg'anaram.

Holim bilar holdoshim bor,
Yo'lda ketar yo'ldoshim bor,
Uch yoshlik bir qardoshim bor,
Sani undan qizg'anaram.

Sani istar Umar har dam,
San bo'lmasang vayron yurtam,
San bir qo'zi,man bir gurdam*,
Sani Mandan qizg'anaram.

* Gurd - bo'ri

YANA BODI SABO ESDI

Yana bodi sabo esdi,
Yorim chiqdi yotog'indan.
Oshiqina boda sundi
Labi shakkar dudog'indan.

Sallona bog'chaya kirdi,
Chechaklar titradi-turdi,
Ho'l binafsha bo'yin egdi,
Gul qizordi yonog'indan.

Kirma raqiblar so'zina,
Zarar etursan o'zinna,
Boq bu zolimning ishina -
Emar yorning dudog'indan.

Bog'chalarda bitgan guldir,
Yonindan o'tgan bulbuldir,
Umar bir ojiz qulingdir,
Boqish-la kech gunohindan.

BIR GO'ZAL KO'RDIM

Bir kun bir go'zal ko'rdim,
Yashillar kiymish oq uzra.
Aqlimni boshimdan oldi,
Tura bilmam oyoq uzra.

Mani sarxush etmish jomi,
Qirmizi gullar ayyomi,
Har biri bir nayza kibi
Kirpiklari qaboq uzra.

Oy jamolina boqilur,
Man quling yonib-yoqilur,
So'ylasa gar - bol to'kilur
Lablarindan dudoq uzra.

Dilbar yuzin dersan gulshan,
Ul yusufdan olmish nishon,
Siyoh zulflari parishon
To'kilmish ol yanoq uzra.

Qrim-tatarchadan Xurshid Davron tarjimasi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.