OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Pornpen Hantrakul (1947)

Pornpen Hantrakul 1947 yili Tailand poytaxti Bangkok yaqinidagi Chao Fya daryosi yaqinida joylashgan eski shaharchada tug‘ilgan. Yaponiyadagi Tenri universiteti va Tailand Silpakorn universitetida tarix fanidan saboq bergan. “Vaqt oralab uchayotgan bahor va kuzlar” hamda “Ismsiz chechak” nomli she’riy kitoblari tay va ingliz tillarida nashr etilgan. U Yaponiya, Vetnam va Hindiston oliy ta’lim maskanlarida ilmiy ishlar qilgan, Vetnam tarixi va adabiyotiga oid ilmiy-o‘quv dasturini tayyorlagan. She’rlari xalqaro antologiyalarda bosilgan. Pornpen ko‘plab xalqaro she’riyat va adabiyot anjumanlarining faxriy ishtirokchisidir.

OG‘OCH

Muz ostida junjikar tanam
Yig‘lamayman, chin
Elitadi uyqu, olgum tin
Quvvat yig‘moq lozimdir yana
Sabr ila kutmoqlik uchun
Uyg‘on deya beozorgina
Hali bahor qoqar ostona
 
YO‘QOLGAN XILQAT
 
Oktyabrda tark etgan jonim
Qaytmaysanmi endi hech qachon
Bir kun yana kelmoqliging bor
Baayniki ul bargi xazon
Vaqt chorlasa keladi takror
 
Chorlayverdim seni yilma-yil
Diydor bo‘ldi bizga begona
Taassuf men emasman fursat
Bo‘lgum senday ketib qayona
Bir kun men ham yo‘qolgan xilqat

JUR’AT
 
Bugun bir to‘p odam do‘kon yonida
Bitta zulmkorga chiqardi qarshi
Bir to‘da kabutar uchar fonida
Ko‘rdim jur’atlilar erkinlik marshin
Ertaga qarshilik yoyilar kengroq
Uchar kabutarlar to‘ldirib samo
U yoq bu yoqlarda bosilar ingroq
So‘nggi zafar quchar jur’atli sado
Faqat… hech kelmaydi erta degani
Erkka qurbon bo‘ldi bugun botir, mard
Qarshilik mahv o‘ldi, o‘liklar tani
O‘lmas ruh qoldirdi maydonda abad.
 
ODAM SAVDOSI
 
Umri uning chindan ayanchli, dahshat,
Parrandaday ovqat axtarar nuqul
Darbadar va miskin kezinar har vaqt
Hayoti bir pul!
Bekorga dalliman deydi o‘zini
Kimdir u ortidan foyda qasdida
Burda uchun kun-tun yursa kezinib
Chopishar kinoga olish shashtida
Lag‘mon do‘konida kichkina paqir
Kunlik ozuqaga to‘lar, o‘lmaydi
Xudoyim, bul banda shunchalik faqir
Video klipga moslangan daydi
Otilar qahqaha
U-chi och, yupun
Kalaka qilishdan tinmas ovozlar
Hayhot, bir o‘limdan shon-shuhrat ustun
Undan pul qilmoqchi bo‘lar shovvozlar!
 
ENG EZGU ORZU
 
Nafis qanot yozib xayolot
Keng dengizga qilsaydi parvoz
Og‘ushiga olib samovot
Yetkazsaydi etibon pardoz
Bori haqning huzuriga bot
 
Ingliz tilidan A’zam Obid tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.