OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Maston Sherali (1935-1988)

Maston Sherali Sug‘d viloyatining Panjakent nohiyasida dunyoga kelgan. 1950 yilda Tojikiston davlat Universitetining tarix-filologiya fakultetini tamomlagach, bir necha yillar «Madaniyat va maorif» gazetasida adabiy xodim, «Sadoi Sharq» jurnalida adabiy xodim, «Irfon» nashriyotida bo‘lim mudiri bo‘lib xizmat qilgan.
«Zarafshon mavjlari» (1964), «Ilhom» (1969), «Suvdagi ildiz» (1970), «»Yulduz» (1972), «Tashnalik» (1975), «Yo‘l qo‘shig‘i» (1983), «Ixlos» (1986) nomli kitoblari chop etilgan.
Maston Sherali o‘zining go‘zal obrazli tili va baland she’riyati bilan boshqa shoirlardan ajralib turadi. Hozirgacha shoir qalamiga mansub qo‘shiq va taronalar hofizlar tomonidan ijro etiladi va estetik did bag‘ishlaydi.  
Maston Sheralining rus tilida «Jajda» (1981) nomli kitobi nashr etilgan. «Zol va Rudoba», «Zebunniso» Va «Tohir va Zuhra» kabi dramalar uning qalamaiga mansub. V Sosnora, R. Gamzatov, D.Kugiltinov, Sh.Petefi, A.S. Pushkin, Yu.M.Lermontov, G.Lorka, Pablo Neruda kabi shoirlarning ijod namunalarini tojik tiliga tarjima qilgan. She’rlari bir necha tillarga tarjima qilingan. 1964 yildan Tojikiston yozuvchilar Ittifoqi a’zosi, 1988 yilda olamdan o‘tgan.

HAMSOYA
(Qo‘shni afg‘on eliga)

Hamsoya g‘amin hamsoya ko‘tarmasmi, axir!
Hamsoya kamin hamsoya ko‘tarmasmi, axir!
Daraxt-ku xurshid nurida ayon bo‘lg‘ay,
Ul soya bir soya atalmasmi, axir!

Hamsoya uyiga hamsoya jilo bermaydimi,
Hamsoya diliga hamsoya shifo bermaydimi?
Tug‘ilsa navinson, hamsoya dili yayrab
Doyadir,hamsoya davo bermaydimi?

Niholga payvand kerak, payvand kerak,
Yo‘lga chiqqanga pand kerak, pand kerak.
Xalq yo‘lida chaqnagan otash yurak,
Ul yurakni oftob aylash kerak.

Menu sen — egizak ikki sohil,
Kishvari do‘stlik aro ikki odil.
Yomg‘iru qorimiz bir, yerimiz bir,
Ikki bulbulmiz, bahoru gulimiz bir.

Sening ozod qo‘shig‘ing yeldi bukun!
Ko‘kda nurli yulduzing kuldi bukun!
Kishvaring osmoniga shahin-quyosh
Qanotida hurriyat keldi bukun!

OSHIQ

Yorning tuzog‘idin bu kech tanho qochib edim,
Ko‘ngil yozarga qayda deb daryo, qochib edim.

Suv sirti tinch edi, bo‘lib ichdan ravonalar,
Daryo yoyardi har taraf avji taronalar.

Olam to‘la sado edi, men besado edim,
Bir soyadekki, ergashib, o‘zdin judo edim.

Sohil uza sitorami, minglab charog‘midi,
Sen deb va yo bu keng jahon bag‘rida dog‘midi?!

Ko‘nglimga dardu g‘am cho‘kib har bitta zarradan,
Ishq o‘ti dildadur vale muzlar edi badan.

Ko‘k maysalarning ustidan to‘rt-besh qadam yurib,
Ko‘nglimni ochdim oxiri suvlarga bosh urib.

Suvdan sado chiqib dedi: ey, dardli oshno,
Sen yorga, biz-chi, sabza bog‘ husniga mubtalo.

Dildoring ishqi qanchalar o‘t olsa yaxshidur,
Hijroni qancha zo‘r esa, ishq shuncha toblanur.

Izlashni tark etay nechun sen gulni, ey, nigor,
Oy ham bulutlar ortidan yuz ochdi purviqor?

Ey, bag‘riqon, toshloq sohilga chiq bu kech,
Miskin dilim chigillarin mehrigiyong-la yech.

Yoding tuzog‘idin bu kech tanho qochib edim,
Ko‘ngil yozarga qayda deb daryo, qochib edim...

HAYOT

Hayot bir daryodir, qirg‘og‘i ko‘rinmas,
Zo‘rlar kemadir to‘fonga basma-bas.
To‘lqinlarga berolmayin chidam-dosh,
Ba’zilar qalqir misoli xazon-xas.
Umr lazzatin anglamoq bo‘lganlar
Daryo tubidan oltinu gavhar izlarlar.
Sohilda qotib, dikkayib turganlar
Gavhar emas, sovuq toshni ko‘zlarlar,
Daryodan chetda qanday yashab bo‘lar?!
Sohilga chiqsa baliq, biling, o‘lar.
Daryoning og‘ushi — kurash sahnasi,
Oyoqmas, ba’zilar boshi-la kelar!
Qo‘rqoqlar titrarlar chiqib sohilga,
Daryodillar kular ular holiga.
Bedardlar to‘lqinlar to‘fonin ko‘rib,
Sochlarday chulg‘anar, toshib, kupirib
Daryoning toshqinin ham sokinligin
Oqillar o‘zlari angladi, bildi:
«Daryodillar mendan oson o‘tarlar», —
Daryoning labidan shul sado keldi.

Tilak Jo‘ra tarjimalari

VATAN

Tojikiston, qayga bormay qo‘limdagi ko‘zgu o‘zing,
Qayga bormay sening aksing ko‘z o‘ngimdan nari jilmas.
Oy bittadir, vale, sening mohing zebo erur menga,
Quyosh bitta, vale, sening oftobingga teng kelolmas.

Ey, Vatanim, bir nafas ham yoding meni tark aylamas,
Sening yoding unutganlar mehring bilmas o‘lik tandir.
G‘ariblikda yoding bilan yashaganlar bevatanmas,
Quchog‘ingda yurib, qadring bilmaganlar, bevatandir.

Hasanboy G‘oyib tarjimasi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.