Atoqli tojik shoiri Mo‘min Qanoat 1932 yil 20 mayda Tog‘li Badaxshon Avtonom Oblastining Qal’aixum tumanidagi Kurgovad qishlog‘ida tug‘ilgan.
«Sharora» (1960), «Yer yulduzlari» (1963), «Yo‘llar va qanotlar» (1964), «Dnepr mavjlari» (1964), «Nur karvoni» (1970), «Stalingrad ovozi» (1975), «Men va bedor kechalar» (1979), «Sino beshigi» (1980, arab imlosida), «Tanlangan asarlar» (1982, ikki tomlik), «Sino beshigi» (1983, tojik tilida, arab imlosida, rus tilida), «Yarador kitoblar» (1983), «Ishq olovi» (1985), «Ismat yulduzi» (1990), «Besutundan hozirgacha» (1992) nomli kitoblari nashr etilgan.
A.S.Pushkin, V.Shekspir, Shiller, G.Geyne, R.Tagor, V.Mayakovskiy asarlarini tojik tiliga tarjima qilgan. SSSR Davlat, Ro‘dakiy nomidagi Tojikiston Davlat mukofotlarining sovrindori. 1961 yildan buyon SSSR yozuvchilari Ittifoqining a’zosi. Tojikiston xalq shoiri.
ONALIK MEHRI
Ijodimning ilk oy-yillari edi…
Bir lahza yodimdan chiqmaydi sira.
Suvning yuzidagi quyosh aksiday
Ko‘rinib turadi siniq va xira.
Go‘dak edim, beshik to‘shagim edi,
Beshigim edi bu chayqalgan olam.
Shu yer edi mening yemak-ichmagim,
Shu yer edi minbar va mehrobim ham.
Shu yerda, beshigim boshida bedor
Onaginam tunda allalar aytib,
Tong chog‘i jilmayib boshim ustida,
Mehribon quyoshday chiqardi balqib.
Undan eshitganim ohang navosi
Go‘daklik tilida yangrar hali ham…
Bora-bora menga tor keldi beshik,
Tosh qotgan poygohga qo‘ydim ilk qadam.
Qo‘l cho‘zdim, bir qo‘lim havoda qoldi,
Onam tag‘in tutdi bitta qo‘limdan.
Shuncha notavonlik, ojizlik bilan
Bir amallab turdim yotgan o‘rnimdan.
Turdim, ko‘rdim: Ko‘zim tushmadi bir tong,
Qolmagandi porloq mehrimdan asar.
Ko‘zlarim to‘rt bo‘lib axtardim uni,
Uning timsolini topdim bir sahar.
Yuksak-yuksaklardan jilmayib, kulib,
Quyosh chiqib kelar bu tong ohista.
Mehrimday nurafshon bo‘lsa-da garchand,
Bag‘rimdan, boshimdan edi olisda…
MEN VA UYG'OQ KECHALAR
Tun kabi tim qora sochingni eslab,
Tunni tong bag‘riga etdim havola.
Biroq, butun umr bulbul umrini
Yashagan bo‘lsam-da, qilmadim nola.
Par ko‘rpa-yostiqda boshim ham go‘yo
Girdobga cho‘kkandek bo‘lardi nuqul.
Nigohim tonggacha oy shu’lasiga
Botganday ko‘rinmay ketardi butkul.
Ehtimol, daryoning qirg‘og‘i uzra
Yolg‘iz yurganingni ko‘rsam…
Sen ishon,
Senga dilimdagi borini to‘kib
Qanoting ostida topshirardim jon…
Bu qanday gap?
Nogoh tushimga kirding,
Mening yonginamda turarding shundoq.
Yostiqdan boshimni ko‘tardim, ko‘rding
Qop-qora sochimga tushgan edi oq.
Seni chaqaloqday hidladim,
O‘pdim,
Kulding,
Tong yorishdi o‘sha kulgudan.
Pari eding,
Ketding bag‘rimdan uchib,
Yosh to‘la ko‘zimdan qochgan uyquday.
Ortingdan qo‘zg‘aldim…
Ohim falakka
Yetsa
Qutulay deb o‘zdan, taqdirdan.
Biroq,
Oyog‘imda kishan bor edi,
Sado keldi o‘sha oltin zanjirdan:
Bu zanjir zulmimi
Yo taqdir hukmi?
Ketding, afsonaday qoldi bexabar:
O‘sha to‘shak, kulba,
Sen va oydin tun,
Men va o‘sha uyg‘oq qolgan kechalar…
SUKUNAT
Jimlikda sukunat sadosi bordir,
Shox nogoh singanda tortganday fig‘on.
Yashashdan umid bor o‘lim vahmida,
Atirgul sovuqda saqlaganday jon…
Dunyo ohangiga quloq sol birpas,
Yulduz nigohiga nazar sol bir tun.
Daryo nima uchun kuylaydi to‘lib,
Tonggacha yulduzlar porlar kim uchun?
Tabiat, men seni eshitaman jim,
Bir go‘zal yorimday quchaman beun.
Sen ohusan, biroq, hurkak ko‘zlaring
Jodusidan men oh tortaman nechun?
Tabiat, osmonda kezgan burgutsan
Va g‘uncha siriday pinhonu ayon.
Sen tosh, maysa, hayvon, odamsan, biroq,
Odam qilmishiga boqasan hayron.
Odil Ikrom tarjimalari
SHALOLA
Ey shalola!
Mening zilola ko‘zgum,
Beqaror bolalikning sirdoshi, darddoshi ham,
O‘tmish kunlardan yodgor yo‘ldoshi ham
Sen o‘zing.
Ko‘hna ezgu dardlarim menga takror aytasan,
Uyqudagi xotiram yana bedor etasan,
Dil rozimni tilingda toshib izhor etasan.
Yodingdami ul lahza — ortga qaytmas onlarim,
Subhidam suv olgani kelgan chog‘i dilbarim,
Gulga qo‘ngan kapalak yanglig‘ paydo gulpari.
Uning qaro sochlari shaloladek tor-tor,
Ko‘zlar chashmadek safo, ruhsorida navbahor,
Larzon qaddi-qomati sharsharadek beg‘ubor,
G‘unchadek xandon urib, gulni suvga tashlardi,
Noyob gavhar — bolalik to‘lqinlardan oshardi,
Oshiq qalbga cho‘g‘ solib, hilolaga o‘xshardi.
Ketganda gulgun gullar rangi ro‘yi so‘nardi,
Intiq ko‘z qarog‘ida xumor bo‘lib singardi.
U gulru qiz kim edi?
Balki mening singlimdir,
Balki sevgi olamin in’om etgan ko‘ngildir?
Misoli oq kabutar qo‘shqanotim shu guldir.
Kim bo‘lmasin,
U menga jondan aziz jon edi,
Sharbatlarga limmo-lim hayotimga jom edi!
O‘shal kun ikki qirg‘oq singari judo bo‘ldik,
Daryo sado berganda bizlar besado bo‘ldik,
Sharshara torlariday ikki tor — navo bo‘ldik.
Ul betakror lahzalar tushga aylanib ketdi,
Bolalikning sho‘x umri suvdayin oqib o‘tdi,
Tog‘dan tushgan kaklikday bir keldi-yu bir ketdi.
Ey! shalola!
Yana kel, bag‘rimni shodon etgil,
Navbahorim suratin qayta namoyon etgil!
Tojikchadan Gulchehra Jo‘rayeva tarjimasi
MARDLIK VA NOMARDLIK
Amir ishratgohi —
Haybatli qasr,
Bunda qatl qilinar «osiyu» asir.
Amiru kazolar ark ayvonida,
Faqiru fuqaro ark maydonida.
O‘rtada qonli dor,
kutar qurbonin.
Ostida zanjirband Vose’ olar tin.
Baljuvon tog‘iday tik tutar boshin,
Amirni jonsarak etar bardoshi...
Zaminni o‘pdi-yu, ko‘tardi qaddin,
Falakka o‘tkazmoq bo‘lganday qaddin,
Cho‘qqini ko‘zlardi tog‘ning shunqori,
Past keldi amirning o‘rnatgan dori...
G‘azabdan titradi u miri g‘azab,
Arkon ham, maydon ham guvillar:
«Ajab!»
Safdan bir suvoriy quyunday yeldi,
Chinorning shoxiga sirtmoqni ildi,
«Yashil dor» qurildi «osiy» asirga,
Sukunat cho‘mgandi butun qasrga.
Chinordan taraldi yurtining bo‘yi,
Tinglardi go‘yo u guluzor kuyin.
Sirtmoq bo‘g‘ar edi uni tobora,
G‘azab va nafratdan topardi chora.
Tepib yubordilar birdan to‘nkani,
Chinorga tutashdi chinordek tani.
«Zafar!» deb bong urdi amir bexabar,
Amorat titrardi: «xatar bu, xatar!»
Vose’ izdoshlari tog‘da g‘azabnok,
Daryo tosh sohilni etgan kabi chok.
Sirtmoqdan ajratdi qaltirab jallod,
Larzaga solgandi Vose’ degan ot.
Begunoh Shahrisabz saqlardi sukut,
tutgandi ko‘k yuzin qop-qora bulut.
Yangi farmon berdi alamnok amir,
«Ahli din!
imonga yuz tutgan, ey el!
Amir gar amr etsa vojibligin bil!
Bu o‘lik ustidan hatlasa har kim,
Imonu jannatga bo‘lg‘usi hokim...»
Ammo maydon uzra hukm surar sukut,
Tirik jon borligi bo‘lgandek unut.
Jar soldi titrabon so‘ng shohi jahon,
«Mo‘minu musulmon, ey ahli imon!
Gar gado amrimni keltirsa bajo,
Unga oliy mansab eturman ato...»
Mansabning bandasi topildi, ey voh,
Olomon safini yorib u nogoh,
Ko‘zlarin chirt yumib, chimirib qoshin,
Malomat toshidan egib qoq boshin,
Shahidning ustidan hatlab o‘tdi u,
Mardlikning ustidan xatlab o‘tdi u.
To‘qsoba nomini garchi oldi u,
Inson degan nomdan ayrildi mangu.
Jonibek tarjimasi.
QALBIM SHAHRI
Do‘stligimiz zaminidir dunyoga quvvat,
Do‘stligimiz zamiridir ummonga qudrat,
Qalbimizda muhabbatu mehrimiz qat-qat.
Do‘stligimiz osmonida kaptarlar g‘ujg‘on,
Panohida zarrin sochib oqar Zarafshon,
Jilolanar Jayxun — xuddi bir parcha osmon.
Biz jondoshmiz, asil she’rga doim dilbasta,
Bir chehraning qoshlaridek umr payvasta,
Do‘stlik ahdi oramizda mudom orasta.
Do‘stligimiz bo‘lmasa gar, daryo kerakmas!
Qalblarimiz yonmasa gar, paymonlar abas!
Tinch bo‘lmasak yeldek uchar orzuyu havas!
Boshimizni tik tutganmiz akl-zako bilan,
Mardlik so‘zin timsol etib ob-havo bilan,
Dardimizga malham topdik bir davo bilan.
Bir zamonlar yerimizga ekdik yulduzlar,
Yulduzlilar tarixidan Samarqand so‘zlar,
Rasad toqi hamon gardun toqini ko‘zlar.
Oqsoch Toshkent yosharmoqda yil o‘tgan sari,
Birlashadi bunda turfa qalb manzillari —
Dillarimiz shahrining do‘st-qadrdonlari.
Ikki qit’a payvastadir qalbim shahrida,
Oqib o‘tar ne daryolar qalbim nahridan,
Obi rahmat oqar, ey do‘st, qalbim qa’ridan...
BIRODARIM
(Ulug‘ Vatan urushida halok bo‘lgan akam Abdulla xotirasiga)
I
Yuzing naqshi qarog‘imda, so‘zing yangrar qulog‘imda,
Misoli ko‘shmag‘iz erdik, hiding qoldi dimog‘imda.
Seni qo‘msab dilim o‘rtar, uchar qushday yiroqlarga,
Izingni axtarib keldim baland tog‘dan bu yoqlarga,
Birodarim,
birodarim,
jonu dilga barobarim!
II
Kezarman ukrain yurgin, kezarman lolu hayrona,
Quchib har bir mozor toshin, boqib ularga mardona,
Aziz ismingni izlayman, topolmay asta bo‘zlayman,
Boshingdan o‘tganin eslab, yorug‘ yuz birla so‘zlayman,
Birodarim,
birodarim,
jonu dilga barobarim!
III
Go‘daklik chog‘larim o‘tdi, u paytda navqiron erding,
Hama qurdoshlaring ichra sarafroz pahlavon erding,
Chinordek soyabon erding, ko‘zimga bir jahon erding
Va lekin xokisorlik pardasida noayon erding, I
Birodarim,
birodarim,
jonu dilga barobarim!
IV
Bilolmam, yo mozoring ham o‘zingdek xokisor, aytgin?
Seni yov nishon etganda kim erdi hamkanor, aytgin?
Zamin bag‘riga bosganda kim erdi g‘amgusor, aytgin?
Ko‘zing kimlarni izlardi boqib oxirgi bor, aytgin?
Birodarim,
birodarim,
jonu dilga barobarim!
V
Bu yurtda qayga borsam, keng ochiq har qasru har xona,
Misolu shammanu har xonada bir og‘a parvona,
Bu yurtda topmadim garchi va lekin ko‘rdim, har yona,
Ki sen har xonada borsan, haqiqat bu, na afsona.
Birodarim,
birodarim,
jonu dilga barobarim!
VI
Mozorlar toshidan garchi nishoning topmadim, hayhot!
Ne baxtkim, elu yurt etgay seni botirginam deb yod!
Sening qutlug‘ qoning qondoshu jondosh aylagay bizni,
Agar do‘stlikka taxt bo‘lsa, bu taxtga saylagay bizni.
Birodarim,
birodarim,
jonu dilga barobarim!
VII
Ne dillar qulflarin ochdi, muhabbat nurlarin sochdi,
G‘araz yo‘l topmagay hargiz, u nurdan tun kabi qochdi,
Hayoting ko‘zgudir bunga, saboting ko‘zgudir bunga,
Bugun qalbda tomir otguvchi oting kuzgudir bunga.
Birodarim,
birodarim,
jonu dilga barobarim!
Tojikchadan Jonibek Quvnoq tarjimalari.
UYQUSIZ TUNLAR
Tun qora soching yodida
Tunni saharga ulab,
O‘kinmadim
Bulbuldek gul faryodida.
Yostiq aylantirib boshim,
Misli girdobdek tortardi,
Nigohim tonggacha shu’lai mohtobga botardi;
Daryo bo‘yida zora, qiz,
Topolsaydim seni yolg‘iz,
Shivirlardim qulog‘ingga
Yuragimni — dostonimni,
Baxsh etardim sening bolingga jonimni...
Nechun qilding karam menga,
Tushlarimga kirib nogoh?
Yonginamga o‘ltirib sen,
Nigohimni to‘ldirib sen:
Mushkin sochim oqaribdi, deding evoh.
Seni ko‘rib to‘yolmadim,
Seni o‘pib to‘yolmadim.
Qahqaha otding —
Kulgungdan tong ham otdi,
Aylandingu pariga sen,
Uchding-u, boshimdan ketding,
Tushdek ko‘z yoshimdan ketding.
Men talpindim
Ortingdan aylarga parvoz,
Falakka bergudek ovoz.
O‘zimga kelsam-u,
Boqsam:
Oyog‘imda tilla zanjir,
Bu zanjir — zanjiri taqdir...
Ketding sen, qoldi afsona —
O‘sha yostiq, o‘sha xona.
Senu oydin kecha qoldi,
Tunim bedor kecha qoldi...
SHALOLA
Ey, shalola!
Ko‘zgudek beg‘uborim mening,
Yoshligimga yor-u, beqarorim mening.
Eski ohanglarni takror etasan,
Unutilgan yodni bedor etasan,
Rozimni o‘z tilingda izhor etasan.
Yodingdami, ul lahzalar — marg‘ub manzara,
Suvga keldi subhidam ko‘ylagi hilpirab,
Yuzlari gul, odimlari... esingdami sira?
Ko‘rkam qaddiga sochlari shaloladek oqar,
Ko‘zi suvingdek safoli, yuzlari navbahor,
Qaddi misoli sharshara, larzonu beg‘ubor.
Ochilib, kulib suvga gul — kulgular sochardi,
Go‘dakdek, suvga noyob bir injular sochardi,
Jonimga o‘t yoqardi ham yog‘dular sochardi.
Gul yuzlarining rangidan gulzor qonar edi,
Yurishlaridan nechakim xummor qonar edi,
Diydoridan labtashnalik — diydor qonar edi.
U qiz menga kim edi?
Singlimdir ehtimol?
Yo ilk bahor oldirganim
Ko‘nglimdir, ehtimol?
Yo oq kabutardek menga hamrohdir, ehtimol.
Kim bo‘lsa ham,
Menga edi u jondan ortiq,
Jonu jahonni ham unga qilardim tortiq.
Ikki qirg‘oq misoli judo bo‘ldik biz,
Daryo sado berdi-yu, besado bo‘ldik biz,
Sharsharaning torlarida navo bo‘ldik biz.
U lahzalar shirin-shirin uyquga ketdi,
Bolaligim umri magar sho‘x suvga ketdi.
Kaklik misol bir pastlanib, so‘ng shitob etdi...
Ey, shalola!
Kelgil yana quchoqlarimga.
Chalgil o‘shal taronani kuloqlarimga,
Navbahorim topsin aksin karoqlarimda!
BIRODARIM
(Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan akam Abdulla xotirasiga)
Yuzing naqshi qarog‘imda,
Ovozing-chi, qulog‘imda,
Xush bo‘ying ketmas hamon,
U yashar dumog‘imda.
Sen tomon talpinar dil sog‘inch o‘rtar chog‘imda,
Ulg‘ayib keldim, mana, yuribman so‘rog‘ingda.
Birodarim,
Birodarim — jonu dilga barobarim!
Ukraina tuprog‘ini izlab chiqdim qadam-qadam,
Izladim eshiklardan, hattoki har mozordan ham,
Marmar lavhalardan izlab-izlab nomingni
Topolmadim,
Topolmadim netay, axir, nishoningni
Birodarim,
Birodarim — jonu dilga barobarim!
Go‘dakligimda sen, axir, barvasta,
Kattakon eding,
Qishlog‘im ahli ichra havasli pahlavon eding,
Chinoru soyabon eding, madori xonadon eding,
Kamtarligingdan ko‘zlarga ammoki noayon eding,
Birodarim,
Birodarim — jonu dilga barobarim!
Qayda, axir, mozoring, ayt,
Mozori xoksoring ayt,
Eng so‘nggi o‘q botganida kim suyadi kanoring, ayt,
Yerga yiqilgan damda kim bo‘ldi sening madoring, ayt,
Kim bor edi nigohingda, kim edi intizoring, ayt?!
Birodarim,
Birodarim — jonu dilga barobarim!
So‘roqlagan so‘zim uchun,
Xotirimu yuzim uchun
Ochiq edi har bir eshik, har eshikdan kirib tetik,
Garchi o‘zingni topmadim, topdim yurakka bir qaror —
Ming-ming birodari aziz, ming-ming do‘sti baxtiyor.
Birodarim,
Birodarim — jonu dilga barobarim.
Qalbini ochgan kishi bo‘ldi mening siynamga jo,
Har bir nigohda nur ko‘rib uqdim minnatdor iltijo;
Hasrat kesuvchi kulguda misli to‘lqindek beqaror
Nigohing ko‘rdim oshkor, hayoting mangu poydor,
Birodarim,
Birodarim — jonu dilga barobarim!..
Tilak Jo‘ra tarjimalari