BORLIQ
Ba’zan yaqin
Ba’zan uzoqmiz
Ba’zan sovuq
Ba’zan qaynoqmiz.
Qirg‘oqlar kabi yaqin
Qirg‘oqlar kabi uzoq
Qish kabi sovuqmiz goh
Yoz kabi issiq har choq.
Ba’zan sarxush
Ba’zan eslimiz
Goho g‘arib
Oshiq asirmiz
Sarxushlardan sarxushmiz
Donolardan ham dono
G‘ariblardan g‘aribroq
Shaydodan o‘ta shaydo.
Ba’zan bormiz ba’zida yo‘qmiz
Ba’zan ochmiz ba’zida to‘qmiz
Insonlar kabi bormiz
Ruhlar kabi yo‘q
Ochlar qadar ochmiz
To‘qlar qadar to‘q.
CHIN SHOIR
Yigit o‘lar shon qolar
Ot o‘lar maydon qolar
Maydonda botir qolar
Shoir o‘lar she’r qolar.
YO‘LINGIZ YO‘LCHISIMAN
Suvsaganlar qo‘lidan
Suv ichmoqdaman
Siz ham ichayapsizmi?
Sarxushlar yo‘lidan
Tebranib ketmoqdaman
Siz ham ketayapsizmi?
Ochlar nonin qo‘lidan
Olib-da yemoqdaman
Siz ham yemoqdasizmi?
Dindorlarning yo‘lidan
Ozib-da o‘tmoqdaman
Siz ham o‘tayapsizmi?
Bo‘larin aytsam ba’zan
O‘zimdan kechmoqdaman
Siz ham kechayapsizmi?
Turkchadan Tohir Qahhor tarjimasi