OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sezai Karakoch (1933)

http://ziyouz.com/rasmlar/poems/sezai_karakoc.jpg

Shoir va yozuvchi Sezai Karakoch 1933 yil, 22 yanvarda Erganida (Diyorbakir viloyati) tug‘ilgan. To‘liq ism-sharifi Ahmad Sezai Karakoch. Boshlang‘ich ta’limni Erganida, o‘rta ma’lumotni Marash o‘rta maktabi va G’oziantep litseyida olgan. Anqara universiteti Siyosiy Bilimlar fakultetini tugatgan (1954). So‘ng Moliya Vazirligi, Mulkiya Taftish muovinligi (1956-1959), Daromadlar Bosh Boshqarmasi ish boshqaruvchisi (1959-1965) vazifalarida ishlagan. 1965 yildan Bobioliadagi "Saboh" gazetasida (1967-1968) fikra (xanda, latifa)lar yoza boshladi,adabiy faoliyatga yo‘naldi.
Ikkinchi yangi oqim shoirlari bilan shakl va o‘xshashliklar bo‘lsa-da, o‘ziga xos bir uslubga ega. Sezai Karakoch turk adabiyotining mahoratli shoirlaridandir.
Tadqiqotchi Ilhan Gecher shoir ijodiga bunday baho beradi: "Karakoch she’r uslubi jihatidan ozmi-ko‘pmi "Ikkinchi yangi uslub"ga yaqin hisoblansa hamki, she’rlarida qo‘llagan mavzulari, ishongan qadriyatlari nuqtai nazaridan she’riyatimizda yangi va o‘ziga xos birovozdir..."
Shoir she’rlarida qadimgi turk madaniyatiga oid noyob qadriyatlarni hozirgi kunga tadbiq etib, uning yorug‘ligida har jihatdan mukammal bir shaxsiyat yuzaga kelishiga, pirovardida uyg‘onishga chaqiriq ohanglari ustunlik qilishiga intilgan.
Adib 1982 yilda maxsus mukofotga, 1988 yilda Turkiya Yozarlar Birligi (Yozuvchilar uyushmasi)ning "Ustun Xizmat" mukofotiga, 1991 yilda o‘tkazilgan XII Dunyo shoirlari kongresida World Academy of Art and Cultyre mukofotiga sazovar bo‘ldi.
Sezai Karakochning "Ko‘rfaz", "Shoxtomir", "Xizr bilan qirq soat", "Ovozlar", "Tohaning kitobi", "Taqdir soati", "Tong otmay" kabi she’riy to‘plamlari, "Uch qasida", "G’arb she’rlaridan" nomli tarjima kitoblari, ikki jilddan iborat "Hikoyalar " to‘plami, shuningdek, "P’esalar"(1982) nomli kitobi, "Yunus Emro" (1985) va "Mehmet Akif" nomli ikki tadqiqoti e’lon qilingan.


ONALAR VA BOLALAR

Onasi o‘lgan bola,
Bog‘chalarning burchida.
Qo‘lida qora bir cho‘p,
Dog‘ labining uchida.

Bolasi o‘lgan ona,
Quyosh qora ko‘rinar.
Qo‘lida arqon, qayga
Bog‘lashni bilmay turar...

Qochadilar hammadan,
Xilvatlarga ravona.
Bir-birisiz bir joyda
Turolmas ona-bola.
1958 yil, yoz


BALKON

Bola tushsa o‘ladi, chunki balkon,
Uylarda o‘limning metin ko‘rfazi.
Bolaning yuzidan kulgu yo‘qolarkan,
Balkonni tutadi onalar ovozi ...

Uylarda-yu, ichimda balkon,
Bir tobutcha yerni egallar.
Kirlarni osganingda bir kafan-
O’rniga uzangan o‘liklar qadar.

Kelajakda balkonlarga ham,
O’liklarni ko‘ma boshlarlar.
Inson o‘lib ham rohatlanolmas,
Rohatni yo‘latmay toshlarlar.

"Chopib borayapsan, bunday qaerga?"-
deya hech so‘ramang, qistamang.
Peshonasin o‘pishga ketayapman,
Balkonsiz uy qurgan ustaning...
1957 yil, yoz


USTUN

Qancha ochlar bo‘lsa hammasi menman,
Qancha bemorlarning hammasi...
Qancha bandargohlar yonida kezgan,
Ishsiz hammollarning hammasi.

Qancha ishqdan yuz o‘girganlar-
Oshiklarman paymoni to‘lgan.
Butun chechaklarga o‘ranib,
Butun insonlar bilan o‘lgan.

Isinmoqqa ko‘mir to‘playdi,
Onalar qahridan bolalar.
Bolasin sakdashni o‘ilaydi,
Qahrli ko‘ringan onalar.

Men ham bolalarga qo‘shilib,
Sevgilim deb yerga yopishdim.
Zambillar ko‘tardim ezilib,
Ovozsiz telbalik, senga yetishdim.

Qancha Majnun bo‘lsa, hammasi menman,
Suyaning, men sizga kelgan ustunman...
1961


OQSHOM

Oh, sassiz, sadosiz kelyotgan oqshom,
Har bir daraxt kabi ulg‘aygan bola...
Inson ko‘zi bilan yig‘layo.tgan jom,
Otashni keltirib qilar havola...

Biz yongan olovni tashigan yo‘lchi,
Gulning qizg‘ishiday qizg‘ish olovi...
Uyni sevgilimday bezagan gul-chi,
Yigirma to‘rt soatning kuzgi sinovi...

Chiroq nurlariga uyg‘un kitobchi,
O’qitar, o‘qitar eski kitobni.
O’nglanmas, ishqlarda yondirgan ovchi,
Havoga sovurar kulimiz xokni...
1974


QOR SHE’RI


Qor yog‘a boshlasa birma-bir,
Qoplangan tuproqni tushunsang.
Oqlikka belansa qir-adir,
Qor ichida bir qorni ko‘rsang...
Anglay boshlaysan...

Allohning hikmati qor kabi yog‘sa,
Qorlar suvi erib boshingdan oqsa,
Boshingni oldingga egishing bilan,
Mening ushbu she’rim qarshingga chiqsa...
Anglay boshlaysan...

Kelib ketaversa odamlar butun,
Qo‘lingda ro‘yolar almashsa sekin,
Har avfda bir qasos sachratsa uchqun,
She’rimni anglasang meni ham bir kun...
Anglay boshlaysan...

Men bu she’rni yozdim musaffo ishqdan,
Qo‘llarim qaltirab borar sovuqdan.
Ruhim sening xayolingda nurlandi,
Hammasini meni anglashing bilan,
Anglay boshlaysan...

1953 yil, yanvar


GO’SHA


Sen kelding, mening telba go‘shamda turding,
Ustingda soyabon - bulutlar yurardi.
Marhamatning o‘zi edi ko‘zlaring...
Marhamat sochingai ivitgan yomg‘ir edi,
Kelgan bulutlarning ostida turdik...

So‘zlading, quyoshni xotirlar edim,
G’arib va beqiyos bir ovoz eding.
Shunchalar begona, shunchalar tanish,
Bu ovoz sochimga yoqqan qor edi...

Tishlaring o‘pilgan bola yuziday,
Quyoshga tutilgan kichik oynalar.
Muzlab qolgan buloq suviday,
Tovlanar, ochilgan kichik oynalar...

Va kulding, rango-rang yomgirlar yog‘di,
Insonni yig‘latgan yomg‘irlar edi...
Yarador jayronning ko‘ziday issiq,
Yarador jayronday sasing bor edi.

Sen kelding, mening telba go‘shamda turding,
Bulutlar keldi, ustingda turdi.
Marhamatning o‘zi edi ko‘zlaring...
1954 yil, may


QORA ILON

Quyoshning yangi chiqqanidan senga xabar beryapman,
Yomg‘irning yengil, tuproqning og‘irligidan...
Vujudim-la qora ilon, seni chaqiryapman. .
Barmoqlarimdan sut ichishing uchun...
Paxtaning og‘irligidan, tog‘ning yengilligidan,
Senga xabar beryapman yangi chiqqan quyoshdan...

Men janublik bola, do‘stim, men janublikman,
Umrim qadar gunohim bor, gunohim qadar umrim.
Oqarmagan sochini quyosh tig‘iga tutgan,
Sochlarini azobning qo‘llarida unutgan.
Barmoqlarimdan sut ichishga chorlayapman seni,
Ey qora ilon: men janublikman...

Men ishqni ko‘ksimda gulday olib yurmayman,
Qo‘rg‘oshinday olib yuraman, qo‘rg‘oshinday.
Kelib suyanganman temir eshigiga savdoning...
Men yashamayotganday, yashamayotganday yashayapman,
Ishqni esa... ko‘ksimda qo‘rg‘oshinday tashiyapman.
Seni sut ichishga chorlayapman barmoqlarimdan,
Qora ilon, qora ilon, qora ilon, qora ilon!...
1953 yil, mart


YOMG’IR DUOSI

Men keldim, bag‘rini ochmadi ko‘klar,
Yo men tushunmadim bulutlar rayin.
Yo bulutlar mendan bir narsa yo‘klar,
Hayot bir o‘limdir, ishq chohi tayin...
Men keldim, bag‘rini ochmadi ko‘klar...

Bir yomg‘ir bilaman, bilaman bir yo‘l;
Peshonamga bir-bir tushar tomchilar.
Yo‘lakchada ko‘kka boqaman nuqul,
Na shahar, na dengiz, muqim kemalar...
Bir yomg‘ir bilaman, bilaman bir yo‘l...

Negadir aldangan ilk kecha onam,
Afsunli bir ko‘ylak kiydirgan menga.
Shundan urolmadi ko‘klar bir kishan,
Tinmadi ichimda qo‘pgan po‘rtana,
Negadir aldangan ilk kecha onam...

Biri chiqqan kabi bo‘sh bir mozordan,
O’rtada o‘limning sassizligi bor.
Menga nima kelsa keldi yuqor(i)dan,
Nima qilsa qildi mayus bulutlar.
Biri chiqqan kabi bo‘sh bir mozordan.

Yaxshiki bilmaydi butun olomon,
Yomg‘irga boqadi oyna ortidan.
Shukrki, ayridir yaxshidan yomon,
Biri jannatidir, biri kofirtan.
Yaxshiki bilmaydi butun olomon...

Yomg‘ir duosiga chiqsaydik do‘stlar,
Bulutlar yorilib, havo bo‘zlardi.
Endi ne ehtimol, ne imkon qoldi,
Ko‘kka hukm etmokdan qulay ne bor edi?...
Yomg‘ir duosiga chiqsaydik do‘stlar...

Men keldim, bag‘rini ochmadi ko‘klar,
Yo men tushunmadim bulutlar rayin.
YO bulutlar mendan bir narsa yo‘klar,
Hayot bir o‘limdir, ishqchohi tayin...
Men keldim, bag‘rini ochmadi ko‘klar..
1951


QUTQARISH

Kichik bir oqshom keldi menga:
"Unutdingmi meni?"-dedi xayoling.
Tog‘lardan ham og‘ir botdi yelkamga,
Zolim xotiraning achchiq savoli.

Qonli o‘tmishlarni o‘nglay, o‘nglay,
Qaytdi ko‘zlaring ham o‘z menligimga.
Yig‘ladim, ssni ichimda tinglay, tinglay,
Qaytadan men seni topganligimga...

Zabt etmoq ietadim ko‘z yoshlarimni,
Eng teran, boy dengizlar kabi.
Zabarjat, marjonli shafqatlaringni,
Qo‘llaring usgimdan sochdi zar kabi...

Oydinligingni ko‘rdim, qamrabdi yana,
Mudhish bir nur kabi ko‘ngil uyimni...


HUR BAHOR

Kecha bir gul tushdi tomdan,
"Bahor kelibdi"-dedim boshim ko‘tarmay.
Esladim durkunliging, quyoshni qizartgan kunlaringni,
Yuzing, ko‘ksing qo‘ling gul, gul bo‘lib oqqan.

Egilarding zamonga binafshalar kabi sen,
Qo‘rqardim tepangdagi laylakka boqib.
Laylaklar okligidan oydinlardi marmar o‘lkang,
Qalbimizni shaffof sog‘inchi bilan yoqqan...

Taqdirimga urdi suvlar, tog‘larga, yulduzlarga,
Kechaga ko‘mdi meni tun, intildim nurga,
Bulutlar soya soldi u nurli bahorga,
Gullar changning sarxushligi orasidan boqqan...

Bir shamol urdi yuzimga "bahor" deb baqirib,
Qulni hurlikka chorlaganday meni senga chaqirib,
To Bobildan ustimga yiqilgan zanjirni sindirib,
Senga yetmoq, chopmoq istadim, shu soat, shu on...

So‘ngra birdaniga bir sukunat tushdi ustimga,
Ko‘z oldimga kelding o‘sha tabassum-la.
Atrofingda bolalar, baxt, gul dastalari,
Ko‘nglimga salqim-salqim ro‘yolarini taqqan...

Quvvat-la yerni bosdim, teranligini so‘rdim tuproqning,
Yelkalarimdan tushdi go‘yo og‘irligi bir tog‘ning.
Rasmingni chizaverdim qutli sahifasiga chog‘ning,
Ismingni pichirladim yeru-ko‘klarda tinmasdan...


TUG’ILISH


Oy qalqdi - sen yoyilding o‘rtalikka,
Ovozsiz telbalik ichida qo‘lim tindi.
Qo‘lim, bu ummonlarda yuvilgan,
Sening bo‘yoqsiz qo‘lingga singdi.

Eng teran dengiz tubi kabi urdim-
Urdim o‘zimni haykalday chayqaldim.
O’zimni delfinga urdim chayqaldim,
Seni uzoqlarda, oylarda ko‘rdim...

Butun insonlaru, o‘lkalar kulga aylanmoqda,
Qoraytganim-sevgi kechuvlaridan...
Oy ichida qo‘ling parcha-parcha,
Oq dengiz qirg‘oqlarida esa mening...


QO’SHIMCHA

Oyning jozibiga duch bo‘ldim,
Dajlaning qurigan labida.
Chayqaldim ishqingga tutildim,
Chayqaldim she’rning quchog‘ida.

Sen esa yuvinib, haykallar kabi,
Oy nurida qo‘llaring "yoz" der eding.
Ko‘zlaring yosharardi, qalb bahorimda,
Bir vaqtlar sen ipak men-chi, yer edim.

Parini o‘g‘irlar kabi seni ham,
O’g‘irlab, ko‘rinmas zanjir urdilar menga,
Urdilar, buyuk azoblarga soldilar.

Seni olib ketdi mavhum zolimlar,
Karvoniga qo‘shib g‘arb tomon...
Va sassiz taqdir-chi, hamon odimlar...

Abdulatif Abdullayev tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.