Shukri Sunay Oqin 1962 yilning 12 sentyabrida Trabzo‘n viloyatiga qarashli Machka tumanida tug‘ildi. O‘rta va oliy ta’limni Istanbulda tamomladi.
Uning ilk she’r kitobi "Makilar" nomi bilan 1989 yilda nashr qilingan. 1990 yilda chop qilingan "Eski azoblar, Fojia jilosi, 62 quyon" deb nomlangan ikkinchi kitobining nomini taniqli shoir Jamol Surayyo qo‘ygan.
U bir necha yil Marmara universitetining Nafis san’at fakultetida ishladi. Mujdat Gezen San’at Markazida "bir kishilik teatr" loyihasi bo‘yicha dars berdi. 2005 yilda shoir "Istanbul o‘yinchoqlar muzeyi" deb nomlangan shaxsiy uy-muzeyini ochdi.
Hozirgacha shoirning o‘ndan ortiq she’r kitobi nashr qilingan. Bugungi kunda Sunoy Oqin televidenie sohasida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
NUQTALI VERGUL
Vergul
hech tinmagan
bir dovulning to‘qmog‘i
so‘zlarni chaqirar
qog‘ozlardagi to‘yga
* * *
Ko‘z yoshlari
O‘tinsiz pechkaning
yonida titragan
bolani ko‘rganda yomg‘ir
ko‘z yoshlarini xonaga
shiftdagi yoriqlardan
ohista sizdiradi.
* * *
Sevmoq
Shift ostiga sig‘ingan
ko‘chmanchi qushlarning
qor zarralari orasida
tushgan oppoq parini ham
ko‘rabilmoq...
Mana shudir
Sevmoq!
* * *
Oq
U qora edi
O‘qqa tutganlar oppoq
qurol ovozidan
hurkib ko‘kka
uchgan qushlar
oppoq
* * *
Bulut
Uzib bo‘ldik umidni
yomg‘irdan
yurak shamoyiliga
kirsa ham hatto
ko‘kdagi mitti bulut
CHITTAK
Oyoq izlari
aslo ko‘rinmaydi
qor so‘zi
qo‘llangan she’rlarda
don qidirgan chittakning
DERAZA
Hidi mahallani tutsin
deya ovqatlarining
oqshom payti
ochib qo‘yadi derazasini
yangi kelin
ONA QUSH
Qovjiragan bir o‘t
kabi yashayapman
ko‘zlardan uzoq
yolg‘izoyoq yo‘lakning
bir chekkasida
Yagona aybim
sop bo‘lmaganim
boltaning
qonli o‘yinlariga
Ammo shunga qaramay
umid to‘la qalbim
balki bir ona qush
meni olib ketar
deya shoxdagi uyasiga
KO‘MIR
Yana bir ko‘mir
charsilladi sandalda
yana bir konchining qalbi
ura boshladi
issiqqina xonada
HAYKAL
Faqat men bilaman
diktator haykallarini
kirlatmoq uchun
ko‘ch etganini
dunyodagi butun
qushlarning
CHO‘PON
Bir ovozdan qo‘ylar
echkini sayladilar
o‘zlariga bosh qilib
aslida suruvning boshiga
bo‘rining qarindoshi
ko‘ppakni qo‘yadi
cho‘pon
Turk tilidan Ma’rufjon Yo‘ldoshev tarjimasi