OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mammatnazar Bobonazarov (1957)

Mammatnazar Bobonazarov hozirgi zamon turkman she’riyatining o‘rta bo‘g‘iniga mansub. U 1957 yili Tosho‘g‘uz viloyatining Ilonli tumanida tug‘ilgan. Ashxabod davlat universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan. Bir oz muddat “Adabiyot va sungat” (“Adabiyot va san’at”) haftanomasida xizmat qildi.
Ayni vaqtda “Tasho‘g‘o‘z xabarlari” ro‘znomasida ishlamoqda.
Mammatnazarning she’rlari nafis lirizm, lirik qahramon falsafiy mushohadasining samimiy hamda poetik xulosalarining hayotiyligi bilan ajralib turadi. Uning she’rlari vatanni shunchaki madh etmaydi, balki vatan bilan nafas oladi.

MUHABBAT

Uzum novdasiga inibdi shakar,
Yuragim totli bir tuyg‘u tuyibdir.
Barcha chuchuk so‘zlar, o‘ylab ko‘rsam gar,
Aytilgan... takrorlab tilim kuyibdir.

Qay bir qalb tutmaydi saodatga ko‘z,
Ko‘ngil bormi — yangi oy tilmagan.
Lekin yer yuzida yashaydi bir so‘z —
Hanuz aytilmagan...


* * *

Ko‘nglim!
Holing nechuk?
O‘ngishiqlar* qalay?
Zerikmayapsanmi? Qiyin emasmi?
G‘am,
G‘alvalar bilan chuvalashdim talay,
Ruh “yoddan chiqdim” deb
g‘ussa yemasmi.

Avvalgidek
baland tollar shox yoyib,
Shamolda shovullar
misli dovullar.
Hayotdek oqyapti o‘baning** soyi,
Har bir gul —
kichik bir gulxan lovullar.
Ulanib boryapti
to‘ylar to‘ylarga,
Daryodek qo‘shilar
ko‘zlarga ko‘zlar.
Oqqushlar ko‘chyapti.
Men o‘y o‘ylarkan,
Yozning yarasidek yorilar so‘zlar.

Goh to‘y. Goho aza.
Chayqalar tollar.
Tepamdan to‘kilar yozning gullari.
Kecha piching qilgan ko‘p xomxayollar
Ko‘zga surtar endi
umr kunlarin.

Ko‘z tashladik.
Bizlar ulkan bir daryo.
Bag‘rimizga oldik ming-ming oqquvni.
Bedor-bedor chekadirmiz jim faryod,
Tim-tirs oqshomlarda eshitsak
“Huv”ni...


* * *

Sallonchoqdan*** tushib, dalaga ketdim,
Gullarga chuvalashib, yiqildim yerga.
Kuz fasli tumanlar ichinda yitdim,
Yozda zarra-zarra sovrildim yelga.

Yuzimga yetishdi hiloldan shu’la,
Ko‘nglimga shodlikning qayg‘usi tushdi.
Oppoq kechalarda aytgan ashulam
Ochgan chechaklarning jodusi tushdi.

Saodatli bir tong kun qildi tulu,
Buyuk nur ohista ko‘rsatdi yo‘lim.
Bir bahor kechasi, ko‘ksimda g‘ulu,
Oyning kokillarin siladi qo‘lim.

Yor bo‘lgan yozlarim ko‘zdan uchganda,
Yuragimga og‘u quyuldi-turdi.
Qishlarning tashrifi oq yuz ochganda,
Ishq siri fosh yanglig‘ tuyuldi-turdi.

Balki yoshligimiz ko‘rki shu saxo,
Tortindim, qattiq sir saqlab o‘zgadan.
Mushtoq bo‘laverdim, ko‘rmadim ravo
Yor yo‘lida tolgan ikki ko‘zga dam.

Unut bo‘lsa bunday tug‘yonlar nahot,
Sergak torttirib oy yetar dodimga.
Yo dard chekkan, yo shod bo‘lganim zahot
Onam va sallonchoq tushar yodimga.


QO‘SHIQ

Bir qiz qo‘shiq aytdi, nafis ohangli,
Gulning, o, ol rangni olishi haqda.
Qizyanoq olmaning turlanib rangi,
Baxt timsoli bo‘lib qolishi haqda.

Bog‘lar qo‘shiq aytdi, sururlar istab,
Umrim shodliklarga to‘ldirgan vaqtda.
Yillar meni emas, o‘zlarin qistab,
Menga bu dunyoni qoldirgan vaqtda.

Qo‘shiq aytdi sohil, jo‘r bo‘p ismatga,
Umidvor kuzatib keksa oqquvni.
Evriltmagay g‘ussa to‘lgan qismatga
Oppoq bulut ezgulikni, orzuni.

Shom bir qo‘shiq aytdi, ko‘nglim azoblab,
“Boyaqish yosh o‘tdi, oh” deyilganda.
Mozorlar orasin qalin o‘t qoplab,
Yomg‘ir ko‘kdan ko‘z yosh bo‘lib kelganda.

Yaylov qo‘shiq aytdi. Bir yorishdi tong.
Kulgu bilan qayg‘u keldi hasharga.
Taskin berib o‘z-o‘ziga qo‘shiqdan,
Odamzodda yurak nafislasharkan.


* * *

Ariq qaymoqlanmish oyning nuridan,
Bog‘dan oqqan suvlar tip-tiniq bolim.
Seni ko‘nglim bilan ko‘rib turibman,
Oyning shu’lasiga cho‘mgan iqbolim.

Oy, yillar — lo‘lilar.
Bosdilar yo‘llar.
Charxladi ko‘plarni ular himmati.
Bizning baxtimizni el-ulus qo‘llab,
Ortdi-ketdi bu iqbolning qimmati.

Elimga Olloh to‘y uchun qum yozdi,
Qizlar orolandi, bo‘yga yetishdi.
Qaynoq tug‘yon,
salqin-salqin noz bilan
Majnuntollar sochi to‘piqqa tushdi.

Dil yo‘li, yor ishqi debon, minglarcha
Dutorlar mahkumdir chekmoqlikka dard.
Chashmaday jimirlab, ter to‘kib, charchab
Har inson yo‘l yurdi o‘ziga qadar.

Mehrim qizg‘inroqdir gulxan qo‘ridan,
Anoyi otashda seni isitdim...
Bebahra emassan ko‘zim nuridan,
Oyning shu’lasiga cho‘mgan qismatim.
________________
* O‘ngishiq — “tirikchilik, kun ko‘rish” ma’nosida.
** O‘ba — “qishloq, o‘ram, ovul” ma’nosida.
*** Sallonchoq — halinchakning bir turi.

Matnazar Abdulhakim tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.