Taras Grigorevich Shevchenko 1814 yilda dehqon oilasida tug‘ildi. Yosh chog‘ida ota-onasidan ayrilgan Taras bir necha yil kishilarning uyida cho‘ponlik qildi. U 23 yoshigacha bir pomeshchik uyida dehqon bo‘lib ishladi. Faqat 1838 yilda uni rus rassom va yoeuvchilaridan Bryullov, Venetsnanov va Jukovskiylar 2500 so‘m evaziga sotib olib, ozod qildilar. Shundan so‘ng T. G. Shevchenko Peterburgdagi rassomlik akademiyasida o‘qiydi. 1840 yilda u o‘zining ilk asari «Qo‘bizchi»ni nashr ettiradi.
1847 yilda podsho Nikolay I ni tanqid qilganligi uchun T. G. Shevchenko qamoqqa olinadi va keyinchalik surgun qilinadi. She’r yozish va rasm chizish huquqidan mahrum etiladi. 1857 yilda tutqunlikdan qutulgan Tarasning sog‘lig‘i yomonlashib, 1861 yilda 47 yoshida vafot etadi.
Shevchenko dostonlarining eng yaxshisi «Gaydamaklar» (1841) dostonidir.
Dramaturg sifatida u «Nazar Stodol» (1843) dramasini, prozaik sifatida «Muzikant», «Rassom» va «Kapitan qizi» (1856) povestlarini yaratdi.
O’YLARIM SIZ, MENING O’YLARIM
O’ylarim siz, mening o‘ylarim,
Mendir ado, siz kuydirasiz.
Nega qog‘oz betiga tushib,
Ko‘z oldimda g‘amgin turasiz?
O’ylarim siz, mening o‘ylarim,
Nega sizni shamol chang kabi
To‘zitmadi cho‘llarga yozib?
Nega hasrat o‘z bolasiday
O’ldirmadi, tagiga bosib —
Uyqusirab sizni, o‘ylarim?
Chunki hasrat bilan dunyoga
Tahqirlanish uchun keldingiz:
Qancha yig‘i-sig‘ilar bilan,
Ko‘z yoshlarda siz quyildingiz...
Nega axir o‘sha ko‘z yoshlar
Sizni yuvib va g‘arq etmadi?
Na dengizga to‘kdilar sizni,
Na dalalar chanqab yutmadi?
So‘rashmasdi ana o‘shanda
El-xaloyiq dard tortganimni...
So‘rashmasdi nega la’natlab,
Taqdirimga tosh otganimni,
Nega dunyo azoblar meni?
Entikaman, qalbimda yara.
«Laqillaydi bekordan-bekor!»
Deya etmasdilar masxara.
Bolalarim, sevgan o‘ylarim!
Sizni ekib, o‘stirdim nega?
Jahonaro bironta yurak
Sizning bilan yig‘laganimdak
yig‘larmikan botib qayg‘uga?
To‘g‘ri chiqar, balki o‘ylashim,
Mening kabi ko‘ksin tig‘lovchi,
O’ylarim-la birga yig‘lovchi
Biror yurak topilar qizdan,
Qizdan, balki, quralay ko‘zdan?
Shundan o‘zga yo‘qdir hojatim.
Quralay ko‘z to‘ksa tomchi yosh,
Bas ... shundadir baxtim, rohatim.
Uylarim siz, mening o‘ylarim,
Ado bo‘ldim, siz kuydirasiz.
Quralaydek ko‘zlar o‘yida,
Nafis, qora qoshlar ko‘yida,
Yuraklarim tolpindi shodon,
Yuraklardan so‘z oqdi ravon.
O’z holicha va bilganicha
Tim qorong‘i kechalarni deb,
Olchazor-u bog‘chalarni deb,
Qizlardagi g‘amzalarni deb...
Ukrainadagi cho‘llarni,
Qo‘rg‘on-mozor tepalarni deb,
Yuraklardan so‘z oqdi ravon;
Yuraklarim achindi yomon,
Istamadi kuylaigni sira
Begona yer, g‘urbatlar ichra...
O’rmonlarda, qirlarda turib,
Tug‘ ko‘tarib, gurzi ko‘tarib,
Yurgan o‘sha kazak ahlidan —
Bir chaqirib yordam olgani,
Yo maslahat, hamdam olgali,
Dil chopmadi, ko‘ngil bo‘lmadi...
Qo‘ying, mayli, Ukrainada
Kazak ruhi kezsin, sarfaroz,
Sahroday keng, cheksiz siynada
U boshidan bu boshigacha
Sevinch-quvonch to‘lgan, juda soz...
Oqib o‘tgan erkinlik kabi
Keng bir daryo Dnepr — dengiz.
Cho‘llar, cho‘llar, sahrolar cheksiz,
Qirday mozor tepalar-tog‘lar,
Pishqiradi harsang qirg‘oqlar,
U yerlarda tug‘ildi,o‘sdi
Ot sakratib sarbast kazaklar.
Unda shlyaxta, tatarlar bilan
Bo‘lgan jangda qonlar to‘kildi.
Horimadi kazaklar erki,
Dalalarga gavda ekildi...
So‘ngra tindi...
Ana o‘sha zamondan beri
Ko‘p qabrlar yerdan o‘sdi-da,
Qora burgut qorovul kabi
Uchib yurar uning ustida.
O’sha janglar, ko‘plab qabrlar
To‘g‘risida aytalar hamon
Ko‘zi ojiz, kobzar faqirlar
Kuylaydilar tarixiy doston.
Chunki aql bilan to‘lgandir
O’shalarning donishmand boshi...
Lekin men-chi? Lekin mengina,
Menda faqat bir yig‘igina,
Ukraina uchun faqat ko‘z yoshi...
So‘zlagani tilim kelmaydi...
Alam, hasrat!.. Hasrat deysizmi?..
Axir uni kim ham bilmaydi?..
Kimki xalqqa qadrdon bo‘lsa,
Ko‘ngil berib, jonajon bo‘lsa,
Og‘irlikka bo‘lsa u hamdam,
Unga ushbu dunyo va hayot
Ko‘rinadi do‘zax, jahannam,
U dunyoda, U dunyoda-chi...
Shuncha yonib, yutib hasratni,
Gar saodat menda bo‘lmagach,
Chaqirmayman baxt va qismatni.
Mayli, shuncha jafo, mashaqqat
Umr surar uch-to‘rt kun faqat,
Yashiraman jafo, fig‘onni,
Yashiraman yovuz ilonni —
Yuragimga, toki ko‘rmasin —
Dushmanlarim hasrat kulkisin...
Mayli, qo‘ying, o‘y qarg‘a kabi
Uchib yursin hamda sayrasin.
Lekin yurak bir bulbul kabi
Kuylasin ham fig‘on aylasin.
Bu yashirin — kishi ko‘rolmas,
Masxaralab, mazax qilolmas...
Ko‘zlarimdan yoshlar to‘kilar —
Kecha-kunduz, qo‘ying, artmangiz,
Oqsin-oqsin, hech to‘xtamangiz,
Toki-toki... begona qumlar
Bilan ko‘zim qachon yumilar,
Chet yerlarni sug‘orsin ular,
Oqsa-oqsin, mayli, artmangiz...
Shunday ekan... Endi ne chora?
Hasrat yordam qilolmas zarra.
Kimki menga qilsa g‘ayirlik,
Men yetimni etsa istehzo,
Xudo bersin o‘shanga jazo!
Uylarim siz, gul lolalarim,
Uylarim siz, jon bolalarim,
Parvarishlab o‘stirdim, netay?
Qaerlarga sizni uzatay?
O’ylarim siz, jon bolalarim!
Boring o‘sha Ukrainaga,
O’sha bizning Ukrainaga,
Devorlarning tagidagi zor —
Yig‘lab yurgan bo‘lib xokisor —
Yetim-esirlarning oldiga.
Men uzoqda halok bo‘laman.
Siz u yoqda topa olasiz
Samimiy qalb hamda hurmatni,
O’sha yerdan topa olasiz
Chin haqiqat, balki, shuhratni...
Ukrainam,
Sevimli ona,
Shu beaql bolalarimni,
Uz go‘daging, bolangdek qarab
Kutib olgin, sevib do‘stona.
1839
VASIYAT
O’lsam mening jasadim
Ukrainaga ko‘milsin;
Qabrim u keng dalaning
Eng o‘rtasida bo‘lsin.
Poyoni yo‘q ona yer
Va zangori Dnepr
Ko‘rinib tursin menga,
Vag‘illab oqqan daryo
Bilinib tursin menga!
Dushman qonini daryo
Yuvib oqizgan zamon,
Elim topgan kun omon,
Qo‘zg‘alarman qabrimdan.
Ko‘ming-u qo‘zg‘ang isyon,
Kishanlar kul-kul bo‘lsin,
Erk jangida dushmanning
Qora qoni to‘kilsin.
So‘ng ulug‘ oilada
Boshlangiz erkin hayot,
Sekingina meni ham
Yod etib qilingiz shod.
1845
* * *
Havas qilma sarmoyadorga,
Havaslaring sabil qoladi.
Do‘stlikni ham, muhabbatni ham,
U aqchaga sotib oladi.
Havas qilma qudratli zotga,
U barchaga o‘tkazar zug‘um.
Dongdorga ham havas aylama,
Dongdorning ham ahvoli ma’lum.
U biladi, odamlar aslo
Xush ko‘rmagay asl siyratin.
Dongdor zotning o‘zini emas,
Sevadilar faqat shuhratin.
Bamisoli jannatdagi hur,
Yuvoshgina yurishar yoshlar.
Bir qarasang, qovushgandan so‘ng,
Ular ham o‘z g‘avg‘osin boshlar.
Odamlarga havas qilma hech,
Olam kezib izlama jannat.
Na zamin va na osmon bor,
Topolmassan sen uni hech vaqt.
Tutqunlikda yashayman tanho,
Bironta ham hasratdoshim yo‘q.
O‘z o‘ylarim ichra men ado,
So‘zlasharga suhbatdoshim yo‘q.
Axtaraman parvardigorni,
Duch keladi nuqul boshqalar.
Yillar ezdi menday abgorni,
Boshim uzra kulfat tosh qalar.
Bahorimning qutlug‘ chog‘iga,
Soya soldi bulutlar xira.
Eslamoqqa gohi-gohida,
Topilmaydi yorug‘ xotira.
Yupanch kerak dilimga, ammo,
Bir muloyim so‘z menga, qani?!
Holim shudir: qor ko‘mgan go‘yo,
Hali sovimagan murdani.
Abdulla Oripov tarjimalari