Abduxoliq Uyg‘ur 1901 yili Shinjonning Turfon shahrida tug‘ilgan. U ma’rifatparvar savdogar oilasida tug‘ilganligi uchun maktab yoshigacha uyida savodini chiqargan. Dastlab diniy maktabda ta’lim olgan Abduxoliq arab, fors tillarini o‘rganib, sharq va uyg‘ur mumtoz adabiyoti bilan tanishgan. Abduxoliq Uyg‘ur zamonaviy uyg‘ur adabiyoti asoschilaridan biridir. U 1933 yili o‘ldirilgan.
KO‘NGIL XOHISHI
Shuhrat emas yuksaklik, nom chiqarur tog‘ kon bilan,
Unvon emas teranlik, suv shuhrati marjon bilan.
Saltanat, boylik, kasr ham ziynat bahosi — mis chaqa,
Mos kelmasa aytgan so‘zim dildagi vijdon bilan.
So‘zlashurga, sirlashurga er yigit, mardlar kerak,
Oshno bo‘lmasman aqli qosiru nodon bilan.
Zim-ziyo tun ichra yolg‘izlikka hamdamdir chiroq,
Har tomonga nur sochar ul ilm bilan, urfon bilan.
Bul Vatan firdavsu jannat, tog‘u daryo, gul-chaman,
Tuprog‘i ko‘zimga surma, ta’rifi doston bilan.
To‘lg‘anib ingraydi el-yurt boskinchilarning zulmidan,
Er yigit, mardlar Vatani qutqazurlar jon bilan.
Qiynagay vijdon azobi, ko‘zlarimda uyqu yo‘q,
Elni uyg‘otmoq tilarman, tongda bir imkon bilan.
Ushbu yo‘ldan qaytma boshing ketsa ham, Abduxoliq,
Elni g‘amdan et xalos, shamshirni poklab qon bilan.
Emin Usmon nashrga tayyorlagan