OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ablat Abdullo (1944)

Ablat Abdullo 1944 yili G‘ulja shahrida tug‘ildi. Ha-hu, deguncha chillak otib, laylak uchirib bolalik o‘tdi, – deydi shoir “Chidasang yasha...” nomli kitobi (Pekin. Millatlar nashriyoti. 2007 y.)ga yozgan so‘zboshisida. U ilm osmonida parvoz qilsam, chet ellarda o‘qisam, ishlasam, deb orzu qilardi. Biroq taqdir lavhi tasodiflarga to‘la ekan. O‘rta maktabni bitirib, ilm istab ko‘kka qanot qoqqan Ablat Xanbin shahridagi sanoat karxonalaridan biriga borib tushdi. Nachora, shu korxonada hunar o‘rgandi. Avval g‘aznachi, hisobchi bo‘lib ishladi. 1976 yildan esa Gunshiy radiotarmog‘iga ishga joylashdi. 1983 yildan G‘ulja radiostansiyasi (hozirgi Ili xalq radiosi)da muxbirlik qila boshladi. Bu yerda u oddiy muxbir, muharrir, bo‘lim mas’uli vazifalarida ishlab, 1997 yili nafaqaga chiqqan.
Uning “Ilk muhabbati”, “Oq dala” (she’r va dostonlar), “Kumush uzangi”, “Dog‘da qolgan ilk muhabbat” (hikoya va qissalar), “Qan’om botir”, “Shahzoda Darmon va malika Davron” (ertak va cho‘pchaklar) nomli kitoblari chop etilgan.
Asarlari Qozog‘iston, Turkiya, Rossiyada chiqadigan turli nashrlarda ham bosilgan.
Ablat Abdullo Uyg‘ur avtonom rayoni yozuvchilar jamiyati, xalq adabiyoti va san’atchilari jamiyati va Xitoy oz sonlik millatlar ijodiyoti ilmiy jamiyatning a’zosidir.
Ushbu she’riy tarjimalar muallifning “Chidasang yasha...” nomli kitobi asosida amalga oshirildi.


* * *

Yoshlik,
Ko‘rdim, qanday baxtlisan,
Ilk ishq tuni – visol kechasi.
Xayollarim latif faslisan,
Tuyg‘ularim nafis g‘unchasi.

Yoshlikday keng
Yoshlikday ravon,
Muhabbatning go‘zal ko‘chasi.
Dilda ilhom, yurakka orom,
Ishq kechasi, ilk ishq kechasi!..


ISHQ

Maqtagulik go‘zal emassan,
Biroq, tun-kun senda xayolim.
Go‘zallarni pisand qilmasman,
Oromimni olding, xayolim.

Menga bayram, behad xushonlik,
Ro‘baro‘ kepqolsam yo‘lingda.
To‘xtatolsam shu lahza, onni,
Imkon bo‘lsa uni uzaytsam.

Suluv raftor, fazilatlaring,
Xayolimga tikilgan kashta.
Baxt onlari, yoshlik bahori,
Bari-bari unga payvasta.

Meni buncha mahliyo etgan,
Qanday qudrat, sehr bor senda?
Javob berar sohir ko‘zlaring:
“Ishqning asl gavhari menda...”


SOG‘INISH

Seni olislarga kuzatib,
Bedapoyaga arqonlab otim.
Bir hazin, bir mahzun g‘amlarga botib
Xun bo‘lib dalalar do‘lida yotdim.

Paykal jim-jit, borliq osuda,
Hazin bir navoni kuylab yotadir.
Qaydasan, shu topda, go‘zal hurliqo?
Ko‘nglingdan ne xayol, o‘ylar o‘tadi?

Eslayman, bir laziz, suygun damlarni,
Sevgidan porlagan charos ko‘zlaring.
Izlayman, tevarak ko‘nglimday yarim,
Xush kulib turganday, lobar yuzlaring.

O biroq, shu damda sen yo‘qsan, yo‘qsan,
Yuzlarim silaydi mehribon shamol.
Mana, yulduzlarga to‘ldi osimon,
Meni yupatmoqqa chiqqanday, hilol.

Balki, ahvolimdan yulduzlar nihon,
Xabarlar topganmi, sendan – ishorat.
Mening ichu bag‘rim kuyganda jizg‘on,
Sening yuraging ham edimi pora?..


TOMCHI

Yomg‘ir tindi,
Yaproq yuzida
Tomchi – marjon qoldi jimirlab.
U yaproqning quloqlariga
Qo‘shiq kuylar, kuylar shivirlab:

“Seni dedim, tushdim arshdan,
Riyozatlar chekdim... Oshiqman...”
Yaproq kuldi, yuzi yorishdi,
Kumush tomchi aytgan qo‘shiqdan.

Ki, nogahon quyosh porladi,
Marjon tomchi ketdi parlanib.
Endi... yaproq uni chorlaydi,
Tomchisini qo‘msar, zorlanib...


VATANIM, SENI

Sehri ila tabiat agar,
Daraxt qilib yaratsa meni.
Shu ondayoq tomirlarim-la
Quchar edim, Vatanim, seni.

Yo, sharqiroq soy bo‘lib qolsam,
Bag‘ringda oqardim, o‘ynoqlab.
Taft-mehringdan parga aylansam,
Yog‘ar edim yomg‘irlar bo‘lib.

Bo‘lib qolsam bahor shamoli,
Sochlaringni suyib tarardim.
Gar ko‘kdagi yulduz bo‘pqolsam,
Jamolinga to‘ymay qarardim.

Kuylar edim, iftixorlanib
Insonman deb, – senda to‘ralgan,
Yashayapman, mehringga qonib,
Erkalatding tug‘ilgan ondan.

Vatan, mening taqdirdoshimsan,
Mehribonim o‘zing toabad.
To tirikman, o‘chmagay aslo,
Yuragimda yongan muhabbat!


LUTFULLA MUTALLIP XOTIRASIGA

Bu havoyi gapmas: Shoir – el dardi,
Tiyra hayotidan ash’oriy nafas.
Lutfulla alami uyg‘urga doir,
U shu xalq o‘g‘loni, bulbulidir, bas!

Uni Navoiy deb aytmayman, ammo,
Izin bosmaganlar yuragimga yot.
Ko‘milib ketmagay tuproqqa, illo,
Lutfulla umridek jangovar hayot.

G‘amgin bir hislarga botib qolaman,
Ul mudhish yillarga tashlasam nazar.
Qora tun qo‘ynida yaraqlab edi,
Erksuyar bu o‘g‘lon, misoli xanjar.

Olis xotiralar... G‘o‘r bola edim,
Yodimdan o‘chmaydi mash’um bir qissa.
Shoirni jodiga bosdi, degan kun,
Men tirik alamga aylandim, g‘ussa...

Ko‘z yumdi bir botir – yillar kuychisi,
Itlar yalog‘iga boqmagan Arslon.
Bir dong‘il “Shovqinli daryo”* quridi,
Undan tanib qoldi o‘zini zamon.

Maktabdan bilardim “O‘tar yoshlik...”*ni,
Uyg‘otdi qalblarda ilmga havas.
Qora yuraklarni dahshatga soldi,
Hasad bandalari tortdilar uvvos...

“Muhabbat – nafrat”*ni o‘qirdim to‘lib,
Shul zamon ilkimdan oldilar tortib.
Yurakda dard bo‘lib, dilda dog‘ bo‘lib,
Ul tutqin yillar ham qoldilar ortda.

Sog‘indim, Mutallip, sog‘indim seni,
Xotirlab qo‘shiqlar kuylolmadim, oh!
Bo‘ynimga arqonlar tashlangan yillar,
Hatto, cho‘pchak to‘qish sanaldi gunoh.

Quturgan qashqirlar uv torta, dedi:
“Yo‘qot, Mutallipni yorug‘ dunyodan!..”
Yo‘qoldi. Yitmadi va lekin yodi,
Chunki she’r san’atin gultoji edi.

El uni ardoqlar – toki millat bor,
Xalq qalbiga jo u bitgan qo‘shiqlar.
“Yillarga javob”ni avlodlar yodlar,
Shoir Mutallip bo‘p kuylar oshiqlar.
______________
* Shoir Lutfulla Mutallipning kitoblari.


TALKIDAN O‘TGANDA

To‘xtat, shopir, mashinangni bir nafas,
To‘yib olay, go‘zal Talki* husniga.
Kiyik ko‘zli buloqlarga she’r aytib,
Boqay archa, qarag‘aylar bastiga.

Ich-ichimdan toshib kelar hayajon,
Quchog‘ida qulunlarday chopayin.
Ona yurtning gul po‘tasi** – shul tog‘lar,
Maysalari, toshlaridan o‘payin.

Shoshma, shopir, nafas rostla bir nafas,
Yonboshlayin soy bo‘yiga uzanib.
Qirlar kezgan cho‘pon bilan sirlashib,
Olib ketay uning yurak so‘zlarin.

Har yurakning siri bordir qizg‘anar,
Suygisi ham, nafrati ham o‘zgacha.
Anov cho‘pon deydi: “Talki o‘z onam,
Mehriga ham qonolmam to o‘lguncha.

Qiya qirlar quchog‘ida mol boqdim,
Umrimning soz, eng lazzatli oni bu.
Dasturxonin to‘kin qilsam yurtimning,
Hayotimni bezagulik ma’ni shu”.

To‘xtat, shopir, mashinangni bir nafas,
Parmanchakdan terib olay bir qalpoq.
Egam o‘zi bino qilgan bog‘dir bu,
Olma, o‘rik tuprog‘idan mast tuproq.

Talki, seni yayloq desam, tog‘ desam,
Bag‘ring go‘zal o‘rmon ekan, bog‘ ekan.
Quchog‘ingda namoyondir to‘rt fasl,
Qoyangda qish, poying bahor, yoz ekan.

To‘xtat, shopir, mashinangni bir nafas,
Salom beray tog‘ guliga, chechakka.
Gul deganim bu chechak kelinchagi,
Duru marjon taqib opti chakkaga.

Hay, kelinchak, qaysi qo‘shdan bo‘lasan,
Chelagingda qimizmi, qimron, qatiq?
Qiz kulib der: “Qo‘noq bo‘lgil istasang,
Sening uchun qimiz, qimron, qahatmi?”

To‘xtat, shopir, mashinangni bir nafas,
Chorlar meni yam-yashil qarag‘ayzor.
Unga boqdim shoxlari yer bag‘irlab,
Yaproqlari ilhom berib shovullar.

O, qarag‘ay, hali yiroq manzilim,
Oldda yana qancha dara, dovon bor.
Asli, men ham bir oshiq qarag‘ayman,
Tikilgayman huv qirlardan umidvor.

Men yashayman, hayot bilan sirlashib,
Shoirdirman, dil mehrining bog‘boni.
Ona yurt, kut, borar o‘g‘loning shoshib,
Tog‘u toshlardan oshib, sog‘inib yona...
____________
* T a l k i – G‘ulja bilan Urumchi o‘rtasidagi xushmanzara tog‘, dovon.
** P o‘ t a – Ayollar belbog‘i.



SHOIR HAYOTI

Shoir umri...
Mayli, bo‘lsa qisqaroq,
Yozg‘utlari o‘lmasa bu – omaddir.
Naql borki, shoir xalqi qarisa,
Shuhrat, unvonlarga qul bo‘p qoladi.

Muhabbat lazzati intizorlikda,
Intizor qalblarda tug‘ilgay navo.
Hayot o‘nqir-cho‘nqir, qiya, rostlikdir,
Mayli, shoir umri bo‘lsin qisqaroq...

Faqat, yozg‘utlari bo‘lsin, umrzoq...


BEVANING DERAZASI

Yigit bo‘lsang...
Nor yigit bo‘lsang,
Ikki o‘t orasida qolgan
Bevaning derazasin chertma,
Uzma, hazin xayollarini.

Ikki o‘t orasida
Taqdir bilan yuzma-yuz qolgan,
Ashklari-la alamin yuvgan
Juvon oru nomusin aya!..

Ha, u suluv, u suluv edi,
O‘t solgandi ne-ne yurakka.
Faqat bir yor asiri edi,
Kimlarga xor endi u, yakka...

Ha u go‘zal, ham mag‘rur edi,
Olami ham o‘ziday go‘zal.
Biroq, taqdir beshafqat keldi,
Yulib ketdi barini... Ajal!

Ana u, ana u...
Titrab qaqshar,
Kesakiga yuzini bosib.
Yigit bo‘lsang, nor yigit bo‘lsang,
Bemahalda chertma darchasin.


SUV BO‘YIDA

O‘ltiribmiz, yelkama-elka,
So‘z sig‘maydi o‘rtaga, zinhor.
Ikki... volang, hay, baxtli ekan,
Nima uchun yig‘laysan, bahor?

Uyg‘ur tilidan Abdunabi Boyqo‘ziyev tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.