OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ahmadjon Usmon (1964)

Ahmadjon Usmon 1964 yili Urumchida tug‘ilgan. 1987 yili Damashq universitetining (Suriya) arab adabiyoti fakultetini tamomlagan. Uyg‘ur tilida “Uyg‘iur qizi lirikasi”, arab tilida “Toylar siri” kabi kitoblari nashr etilgan. Ahmadjon Usmon uyg‘ur modern she’riyatining mashhur vakillaridan biri. Hozirda Kanadaning Toronto shahrida istiqomat qiladi.

OSHIQ QASIDASI

1

Ufq...
Olagovgum ko‘ynida nur.
Yonog‘ida tomchi chirmovuq gulning,
Chamanlarda yam-yashil yomg‘ir.

2

Tug‘ildim,
Olagovgum bilan egizak edim.
Qo‘shiq aytdim yomg‘irni kuylab,
Bolalik chog‘im...
Shu’la ko‘rsam yiroqdan
Yugurdim unga.
Oshiq bo‘ldim chumchuqlarga,
Chumchuqlardek
Uchsam, dedim yiroqlarga.
Terdim tollarning
To‘kilgan yaproqlarini
Anhor bo‘yida.
Ko‘rdim tushimda yulduzlarni
Uxlab kolsam govgum qo‘ynida.

3

Ufqda nur.
Yonog‘ida jilva chirmovuk gulning.
Singib ketdim tuprokka,
Yer ostida kuchoklab meni
O‘ladi yomg‘ir.


ONA QASIDASI

1

Haqqushmikin qo‘ngan
Shoxiga labingning?
Uchdimi olib
Qoldig‘ini marjonlaringning?

2

O‘qib chiqdi Cho‘lpon
Qancha cho‘pchakni
Nomozshom gulidek so‘lgan ko‘zingdan.

3

Aytgin-chi, nechun
Bo‘zaradi qorning yuzi,
Boqqanida har safar
Oqligiga sochingning?

4

Rostmikin, ona,
Dog‘ tushdi, deydi
Yuziga oyning —
Hasratida
Uchib ketgan go‘zalligingning?

5

Bir kun
Izlab kelsa seni farishta,
Ketarsanmi emizgani
Bolalarini jannatning?
Yig‘larmikin parizod
O‘tib olib quyosh ortiga
Ro‘mol qilsam deya
Kafaningni?..

6

Ona!..
Ko‘tarolmas kabringni tuproq!..


CHO‘G‘

Cho‘g‘man,
kulga ko‘milgan.
Tag‘in yongum gurillab.
O‘chmaganman, o‘tman, yog‘duman,
Eh, sen, shamol,
Oh, yolg‘iz umid!
Qalbim ufqlarida
Bir sen qolding yulduzdek chaqnab.
Kul ostida o‘chaman oxir,
Yoki yongum mangu lovullab.

Emin Usmon nashrga tayyorlagan

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.