OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ro‘zi Qodiriy

DA’VAT

Jaholatda qotib uxlab,
Razolatda ingrab, yig‘lab,
Arosatda bag‘rin tig‘lab,
Qayg‘uga botgan millatim!

Bosqinchiga qaram bo‘lib,
Yurak-bag‘ri qonga to‘lib,
Gul ocholmay, bevaqt so‘lib,
Toptalib yotgan millatim!

Xonumonin yotlar talab,
G‘animlardan shafqat tilab,
O‘zin-o‘zi xor-zor aylab,
Qadrin unutgan millatim!

Chor-atrofingga boqsang-chi,
Taxtlarga la’nat taqsang-chi,
Zolimlarga o‘t yoqsang-chi,
Ozodlik kutgan millatim!

Kurashda erking, rohating,
Huquq, faxring, farog‘ating,
Jasur bo‘l, kelur omading,
Qo‘zg‘al, kurash, ey millatim!

Qashqar-Urumchi. 1945

Z.Obidov tarjimasi


MAKTUB

Ey Qashqar — ona makon, unutmayman!
Chiqmaysan esdan hech on, unutmayman!
«Unutma», deydi vijdon, unutmayman!
Chindir bu ahdu paymon, unutmayman!
Dil shunday berar farmon, unutmayman!

Sevaman qator rasta, guzaringni,
Ipagu gilam yoygan bozoringni,
Rango-rang gullaringni, gulzoringni,
Gulzoring sohibkori, uzoringni
Unutsam, dema inson, unutmayman!

Ortishning anjirlari, murabbosi,
Beshkaram husaynisi, charoslari,
Fayzobod oqnovvoti, bol ko‘kchasi,
Karg‘alik olmalari, giloslari
O‘yimdan ketmas hamon, unutmayman!

Bunda bol yesam, boling eslab doim,
Behudud bog‘larni sayr etgan chogim,
Sen tomonda xayolim, jon qulog‘im,
Sendadir kindik qonim, ey ardog‘im,
Unutsam, dema o‘g‘lon, unutmayman!

Ulug‘lar do‘stlik ishkin qo‘limda soz,
Do‘stlik deb so‘zim ochsam, yangrar ovoz,
Men yurgan yo‘llarda guldan poyandoz,
Kuylarim do‘st yurtida etar parvoz...
Ko‘zimda tiniq osmon, unutmayman!

Toshkent, 1962


FARG‘ONA

Tog‘laring eslatdi yurtimning tog‘in,
Cheksiz dalalarga to‘ymasdan boqdim.
Shomu saharlari kezdim quchog‘ing,
Yerim sochlariga chechaklar taqdim.

Bir boqsam dalangga yoyilgan gilam,
Bir boqsam bag‘ring nur chayqalgan ummon.
Olam sarvari ham harorat bilan
Jamolingga maftun nur sochar shodmon.

Shohimardon suvin shimirganimda
Bir lahza yosharib ketganday bo‘ldim.
Farg‘ona, o‘t mehring jo‘shdi qonimda.
Mehru muhabbating siynamga to‘ldi.

Furqatday shoirni yaratgan o‘lka,
Muncha ham ko‘rkamsan, muncha ham dilbar.
Yorkentda nomingni qo‘ymadi tildan
Shoir eng oxirgi nafasga qadar.

Go‘zal xislatingni aytay qaysisin,
Bag‘ringda limmo-lim oqar saxovat.
Dilim amri bilan o‘qidim tahsin,
Boshingda nur sochib porlar saodat.

Ona yurtim, ona shahrim mehridek
Mehring yuragimda, chalaman sozim.
Issiq bag‘ring xuddi onam bag‘ridek,
Qo‘llarim ko‘ksimda, qilaman ta’zim!

Farg‘ona, 1963

Yusuf Shomansur tajimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.