OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nguen Fan Ke May

http://www.ziyouz.com/images/Que-Mai.jpgNguen Fan Ke May Vetnam shimolidagi kichik bir qishloqda tug‘ilgan, keyinchalik mamlakat janubidagi Mekong Deltada o‘sib-ulg‘aygan. 1992 yili u Avstraliyaga o‘qishga ketib, u yerdan qaytgach Vetnamdagi hukumatga qarashli va nodavlat tashkilotlar rivojiga hissa qo‘shgan.
Asosan ayollar va bolalar muammosiga katta e’tibor qaratar ekan, Fan Ke May saratonga chalingan 3000 dan ortiq bolalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ko‘ngillilar guruhi tashkil qilgan. Shuningdek, u chekka hududlarda yashovchi nochor ahvoldagi vetnamlik bolalarning ta’lim olishini davom ettirishga qaratilgan grant dasturini ham boshqarib kelmoqda. 
Ijodiy ishlari Vetnamda yuqori baholanib, she’riyat sohasidagi qator mukofotlarga, jumladan Hanoy adabiyot va san’at uyushmasining “Yilning eng yaxshi she’riy to‘plami” mukofotiga loyiq ko‘rilgan. Iste’dodli tarjimon sifatida Ke May Vetnam tilidan ingliz tiliga 3 ta she’riy kitobni tarjima qilgan. Uning amerikalik taniqli shoir Jennifer Fossenbel she’riyatidan vetnamchaga qilgan tarjimasi “Hanoy haqidagi she’rlar” tanlovida g‘olib chiqqan. “Unutilgan meva”, “O’zimdan mosuvo”, “Ustun shaklidagi yulduzlar” kabi she’riy kitoblari va sayohatnomasi nashr etilgan.


HANUZ NOMLAY OLMAGAN SHE’RIM

Buvijonimga

Gurunch to‘la kosani baland ko‘targum,
Buvim mangu orom topgan dalada
Ungan bu donlar.
Hecham bilmaganim buvim allasin
Tovushiday laziz har bitta dona.
Lahadga tusharkan, uning yumshoq yuzin
Ko‘rganday bo‘laman, kiyimlari yupun,
Terisi yopishgan suyakka,
Buyuk ocharchilik, qirq beshinchi yil.
Qishlog‘imiz aylanarkan cho‘ng qabristonga
Ochofatday yutar edi bari marhumni.
Lek hech kim topmadi buvimning qabrin.
Otam achchiq gurunch ta’min totdi qirq besh yil.

Va nihoyat qirq besh yil so‘ng otam ikkimiz
Sokingina keldik buvim qabri qoshiga.
Otam “Oyi” deganini eshitdim ilk bor,
Titrab ketdi ortimizda sholipoyalar.

Vilchillagan loyga tushdi ikki oyog‘im,
Olov ichra quloq tutdim buvim ruhiga,
Ul yoyilib zamin bilan qorishib ketmish,
Ildizlari chuqur-chuqur dalaga botgan.
Ma’yusgina alla aytar buvijonginam,
Gullashga zo‘r chorlagancha sholipoyani.

Baland tutgum qo‘llarimda don to‘la kosa,
Har birida aymoqlarim mehnati yonar,
Ular beli qotgan axir shu kengliklarda
Buvijonim allasining muattar isi
Ufurib turadi har qarichidan.


AYRO DUNYOLAR

Noma’lum jangchilar qabri
bo‘zartirar samoni,
O’z otasin izlagan go‘daklarni deb
bezrayar zamin;
Yana yomg‘ir quyar ular ustiga.

Otasin yuzidan tanimagan bolalar,
Sarson ruhlar hayotini yashayotgan otalar
Ularning bir-birini chaqiruvi
chuqur ko‘miladi bag‘irlariga
o‘ttiz yildan ortiq vaqt o‘tib,
hanuz tirik turar chaqiriq.

Ikki ayro dunyodan kelar
Oyoq tovushlarin eshitgum bu kech;
Shoshgan, qaltiragan tovushlar
Zimistonda topar bir-birin,
Bul tovushlar qondan bujmaygan,
Milyon chaqirim narida ular
Ming asrlar avval yo‘qotilgandir.

Har qadam-la Vatan sahnida
Qancha kezinur ruh ustidan bosgum?
Hali o‘z otasin qabrlarini
Tentib izlaganlar ko‘z yoshi qancha?


OQ OSMON OSTIDA

Qo‘lga qalam olgum,
Hali yozmasam-da yurakdagini
Birovlar so‘zi-la to‘lar sahifa.

Ko‘zimni yumaman,
Tush ko‘rmasam-da
O’zgalar tushi-la mudraydi kecha.

Sahfalar ustidan kelar g‘am uni,
Nohaqlik – sovuqdan sovuq qorovul.

Yomg‘ir sharros quyar, men tiz cho‘kaman.

Tavbaga egilgum oq ko‘k ostida.


O’ZDAN MOSUVO

Bir kun shamol olib chiqar meni yuksakka,
Elektron pochta qutim va
Goh-goh jirinlagan cho‘ntak tilfo‘nda
Chumoli qamalib qolganin ko‘rgum.

Bir kun shamol meni ko‘tarar ko‘kka,
Rejadagi go‘zallik aro
Ham gala vasfida to‘rga ilingan
Ko‘zim tushar pastda bir qushga.

Shamol olib chiqar balandga bir kun,
Menga bir juft qanot tutaru shamol
So‘rar bo‘lmoqlikni undan mosuvo
Ham yuksak uchmoqni xayollarimdan.

Ingliz tilidan A’zam Obidov tarjima qildi

 

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.