OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Chjou Ban’yan

* * *

Ravon oqib yotar Taosi,
O‘zgarmaydi qonuni azal.
Nilufargul tortar ildizin —
Gullamaydi ortiq nilufar.

Yodda, qizil ko‘prik ustida
Kutar edik visol damlarin.
Yolg‘iz qolib hijron dastida,
Bu go‘shani kezgum betinim.

Tiniq ufqda yashil zirvalar
Ko‘rinadi — yo‘qdir adog‘i.
Quyosh botar. Shafaqqa qadar
Uchar g‘ozlar, so‘ng bo‘lar g‘oyib.

Inson nima? — Ko‘kdagi bulut.
Shamol tursa — izi qolmagay!
Ko‘rdim, teran popugin barqut
Yomg‘ir loyga qoribdi atay.

* * *

Shafaq o‘tar barglar oralab,
Suv yorishib ketadi bir on.
To‘lqinlarni chiyrab, saralab
Eshmoq bo‘lar ming zarli arqon.

Shahar yorug‘ tortgan shu oqshom
Turarkanman ko‘prik ustida.
Sho‘rtang shamol ko‘zga urildi
Sevgi o‘chin olmoq qasdida.

So‘ng oynadan eski quduqning
Hovuriga boqdim aftoda.
Va eshitdim so‘nggi yaproqning
Ingrog‘ini kechki havoda.

To‘shak meni ilitmas edi —
Go‘yo tikan ustida tanim.
Kim ham bilar, sevgilim, senga
Qayg‘u to‘la maktub yozganim?

* * *

Keldi namchil tiyramoh.
Kunlar qisqardi bir oz.
Kezib yurar hovlida
Zerikish… yana ayoz.

Sezdim sukunat aro
Men havoning nidosin.
To‘sdi quyuq bulutlar
Sayyoh g‘ozlar to‘dasin.

Bari tindi. Odamlar
Tarqaldilar, tushdi kech.
Faqat soya nur bilan
O‘ynashmoqni qo‘ymas hech.

O‘tib ketdi sarxushlik,
Uyqu ham kelmas bu chog‘.
Qarshimda bepoyon tun —
Unga bas kelgum qandoq?

Ruschadan Gulnoz Mo‘minova tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.