OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Day Van-Shu (1905-1950)

Day Van-Shu - xitoy shoiri. U 1905-yili Xanchjouda tug'ilgan. ShanxaydagiChjendan universitetini bitirgan. Fransiyada ta'lim olgan. 1936-37-yillarda "Sin-shi" (Yangi she'riyat) jurnaliga muharrirlik qilgan. 1937—1945-yillarda Gonkongda yashagan. Xitoy ozozdligi haqidagi fikrlari uchun yapon qamoqlarida hibsda bo'lgan. Fransuz, ispan va rus adabiyotidan  xitoychaga tarjimalar qilgan. 1950-yili Pekinda vafot etgan.
 


YOMG’IRLI XIYOBON

Yomg‘ir osha yolg‘iz kezyapman,
Xiyobon uzun va yo‘lim g‘amgin,
Ammo bu yo‘ldan qayta olmayman:
Birgina umid bilan yonaman. Oh, tun,
Orzu o‘tini qo‘lida ushlagan
Alvon chinnigul kabi yondirganni menga ko‘rsat.

Uning yuzidan, chinnigul yanglig‘,
Notayin g‘am-hasrat ufurardi,
Gul atri bilan
O’z atrofini chulg‘ardi.
G’amgin va motamsaro yuz bilan
U yorqin chechakni emas, balki
G’am-anduhni xiyobon bo‘ylab olib o‘tganiga
Mening ishonchim komil.

Xuddi men kabi yomg‘ir osha
Bir o‘zi behuda kezmoqda.
Qo‘lida o‘z shamsiyasi va
Yomg‘ir uni tinimsiz savalamoqda.
G’am-anduhni yengishga u qodir emas:
Sukutda, hasratda kezadi u jim.

Men sari yaqinlashar ekan,
U sukut va hasrat bilan
Uzoq-uzoqlarga nigoh tashladi,
Tushdek tushunarsiz bo‘lgan bu nigoh
Bo‘shliq bo‘ylab nola yanglig‘ taraldi,
Ammo tez orada u so‘ndi.

Qiz yonimdan chinniguldek o‘tib ketdi,
Yomg‘irda men uni zo‘rg‘a farqladim,
Orzuday meni abadiy tark etdi,
Quvonchimni sezmasdan, jimgina,
Yomg‘irli xiyobon adog‘idagi
Eski devor bag‘riga singib ketdi.

Yomg‘ir osha yolg‘iz kezyapman,
Xiyobon uzun va yo‘lim g‘amgin.
Ammo bu yo‘ldan qayta olmayman:
Birgina umid bilan yonaman. Oh, tun,
Orzu o‘tini qo‘lida ushlagan
Alvon chinnigul kabi yondirganni menga ko‘rsat.

Xitoy tilidan Gulnoza Azimova tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.