OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Li Bo (701-762)

Tan sulolasi davridagi mumtoz Xitoy shoiri.
"O'lmas shoir" nomi bilan mashhur bo'lgan. Li Bo Xitoy she'riyatida eng o'lmas va o'qishli she'rlar muallifi sifatida iz qoldirgan.
U o'zidan 1100 asar qoldirgan, undan 900 tasi she'rlardir.

* * *

LUSHAN TOG‘IDAGI SHARSHARAGA QARAGANIM

Bo‘z tumanlar ketida lovillar oqshom,
Qarayman olisdan bu manzaraga.
Qarayman pastu baland tog‘ tizmalari
Ham sharsharaga.

Bulutli cho‘qqilardan otilib tushar —
O‘tib tog‘lardagi
ne-ne o‘rmondan.
Somon yo‘li uzilib
tushganga o‘xshar
Xuddi osmondan.

LUSHAN TOG‘IDAGI SHARQQA, BESH CHOL CHO‘QQISIGA QARAGANIM

Besh Chol cho‘qqisiga uzoq qarayman —
Lushan tog‘i, janubi-sharq tomonga.
Oltin chechak kabi yuksalmish cho‘qqi,
Ko‘rinadi boshi osmonda.

Tepasiga chiqsam, ko‘ringay jahon,
Qani chiqolsamu bahralar olsam…
Koshkn shunda yashab, so‘ngi safarni
Shu cho‘qqida tugata qolsam!

OQAR SUVDA

Jimir-jimir oqqan suvda
Kuzgi to‘lin oy.
Janubdagi ko‘lda orom,
Sukut va chiroy.

Nilufar-chi menga mungli
Bir gap demoqchi.
Balki mening ko‘nglimga ham
Mung to‘ldirmoqchi.

TINIQ DARYO MAQTOVI

Yuviladi qalbim g‘ubordan
Tiniq daryo qirg‘oqlarida.
Suvlarining rangi g‘alati,
O‘xshamaydi ming daryoga ham.

Sizdan so‘ray… Sinan-ku oqar
Bu ellardan ko‘p yiroqlarda,
Suv tagida har mayda toshni
Shundoq aniq ko‘rarmi odam?

Inson aksi ko‘rinar aniq
Go‘yo tiniq, yorqin ko‘zguda.
Qushlar aksi guldor pardada
Chiziqlarning rangiday ayon.

Maymunlarning g‘alvasi faqat
Oqshom tinchin buzadi juda,
Xunob bo‘lar ne-ne yo‘lovchi
Ham oydinda dayduvchi inson.

BODI SHAHRIDAN ERTAROQ CHIQQANIM

Gulgun bulutlarning qoq o‘rtasida —
Bodi shahrin tashlab ketdim men bugun,
Yuzib bormoqdamiz daryoda jadal,
Ming farsax o‘tkaymiz oqshom tushguncha.

Hali maymunlarning g‘ala-g‘ovuri
Qirg‘oqlarda sado bermasdan burun —
Olisdan qorayib ko‘ringan yuzlab
Tog‘ orqada qoldi, jadallik shuncha!

KECHASI NYUCHJU QOYASI TAGIDA QAYIG‘IMNI BOG‘LAB, O‘TMISHNI ESLAGANIM

Qadim qoya tagida bog‘ladim qayiq,
Kecha biram go‘zalu biram yarqiroq,
Oydinda to‘lqinlar ham yorqin va yoyiq,
Bu kecha general Se yo‘q edi biroq.

Axir men ham she’rlar o‘qiy olardim,
Afsus, ammo, eshita olmas u hozir…
Kecha o‘tib bormoqda behuda va jim,
Zarang o‘z barglarini to‘kmoqda bir-bir…

QISH KUNI TOG‘DAGI ESKI QO‘NALG‘AMGA QAYTIB KELGANIM

Tolg‘in ko‘zlarimdagi
Yoshni artmadim hali,
To‘ralik to‘nimdan
Changlarni qoqmadim hali.

Chulg‘abdi tol novdalar,
Ko‘rinmas yolg‘iz so‘qmoq,
Beg‘ubor, baland ko‘kda
Qorli tog‘lar yarqirar.

Barglar xazon bo‘libdi,
Yer guvillar bemajol.
Tabiatning o‘ziday —
Bulutlar ham turg‘un, lol.

Bambuk o‘sibdi qalin,
Nuqul bachki chulg‘abdi.
Qadimgi daraxt bo‘lsa,
Chirib, soyga qulabdi.

Qaydandir yugurar it,
Hadeb vovillar, qarang.
Devorlarni mox bosmish,
Chang bosmish sarg‘ish-kulrang.

Vayrona oshxonamdan
Uchib chiqdi qirg‘ovul.
Qiyshiq tomda bir qari
Maymun yig‘lardi nuqul.

Qushlar qoq butoqlarda
O‘tirar jim, qo‘shiqsiz.
Tanish archa tagida
Yirtqichlardan so‘qmoq — iz.

Kitoblarga qarayman,
Kuya yebdi beomon.
To‘shagimning tagida
G‘imirlar qari sichqon.

To‘g‘ri yashashim darkor —
Balki bo‘lg‘um donishmand?
Tabiat, hayot, inson —
Shu xayollar etdi band.

Bundan ketishdan ko‘ra,
To‘g‘ri kelsa, aytayin,
Go‘rga ketganim durust,
Mangu chirib ketayin!..


TOG' BOSHIDA IBODATXONA

Tog' boshida tashlandiq ibodatxona -
Tunab qoldim kechasi.

Yulduzlar miltillashar, qo'limni cho'zsam -
Tegar qo'lim panjasi.

Qattiqroq so'zlagani botinolmayman -
Qo'rqaman bunda o'zim:

Samo ahlin g'ashiga tegmasin tag'in
Mening dunyoviy so'zim.


TOG'DA DARVESH BILAN ICHGANIM

Ichmakdamiz paydar-pay
Ikkov - sen va men,

Bizni qurshar xilma-xil
Tog' chechaklari.

Ikkinchi kosaga gal,
Yettinchi kosaga gal,

Icha beramiz shundoq
Kech kirgan sari.

Men sarxush bo'lamanu
Bosadi uyqu,

Sen-chi,ketaqol mayli,
Tag'in kelarsan:

Tong otarda sozingni
Ola kel birga,

Soz ila may ichmoqlik - huzur,
Bilasan.

Mirtemir tarjimalari


Marmar zina oldidagi qayg'u

Allaqachon marmar zinani
Qoplab olgan muz kabi shabnam.

Kuz kechasi naqadar uzun!
Namxush,mana,paypoqlarim ham!

Uyga qaytib ohorli shohi
Darpardamni tushirdim sekin.

Darpardamning ortidan boqdim,
Xira nurin to'kar oy sokin.

Shukrullo tarjimasi


Oq qo'ton

Oq qo'tonni ko'rib qoldim
Kuzgi sokin qirg'oqda.
Qirovdek oq, uchib kelib
Suzayotir ovloqda.

Yurak birdan g'amga botdi,
Uyg'ondi dilda vido.
Qumli sokin orolchada
Turardim men ham tanho.


Qayg'u

Marmarli deraza
Oldida xyol
Surib ichikadi
Bir sohibjamol.

G'amli ko'zlarida
Porlar nam tuyg'u -
Kim biladi:
Kimni o'ylar u?


Bahorgi o'ylar

Siz tomonda maysalar bo'rtib,
Cho'zmagandir boshini nurga.
Bizda esa tolni barg bosib
Og'irlikdan bukkandir yerga.

Sen qoshimga kelmoqchi bo'lib
Yo'lga chiqsan,begim,o'sha kun
Sog'ingan bu yurak quvonchdan
Ko'ksim yorib chiqishi mumkin.

Bahor yeli begona menga,
Chorlamasman uni qoshimga.
Ammo nechun u yarim tunlar
Kirib kelar mening ko'shkimga?


Oqar suvda jilvalanar

Oqar suvda jilvanar
Kuzgi oy aksi.
Janubdagi ko'lni quchgan
Sukut pallasi.

Oq nilufar meni g'amdan
Etmoqchi ogoh,
Toki mening dilimdayam 
Bo'lsin mungli oh.


Kuz sohilidan xotinimga ushbuni jo'natdim

Hech qachon,hech yerda
Yo'qdir oromim.

Yo'l esa tobora
Vatandan yiroq.

Qayiqda suzaman,
Suvdir panohim.

Senga maktub bitib,
Dilimda firoq.

Iloj yo'q kezmoqqa
Birga darbadar.

Sen oils shimolda,
Men janubda zor.

Uydan,oiladan
Ayirdi yo'llar,

Uch yildir,bilmayman
Ahvolingni,yor!

Rangimda rang yo'qdir,
Chakkalarim oq.

Men qanday qaytaray
Tabassumingni!

Bir kun mehmon keldi -
Mast,kayfi taroq.

Qo'lida ushlardi
U maktubingni.

O'qidim zarbofga
Tikilgan so'zni,

So'zlaring zor yig'lab,
Dil ochdi bir-bir.

Garchi tog',daryolar
Ayirar bizni,

Orzumiz yagona,
O'yimiz birdir.

Xurshid Davron tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.