OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Avvalo oshiq bo'ling. (Sevimli hofizimiz Sherali Jo'rayev qo'shiqlari haqida)

“El ardog‘idagi odamlar” turkumidan

SHERALI JO‘RAYEV, O‘zbekiston xalq artisti, Alisher Navoiy nomidagi davlat mukofoti sohibi.

Bundan ancha yillar muqaddam Sherali Jo‘raevning Moskva shahridagi kontsertiga, uning ko‘plab muxlislariga guvoh bo‘lgan hamkasbimiz Saidolim Haydarov shunday deydi: 
1986 yilning oktyabr oyida O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov tavalludining 50 yilligi mamlakatimizda keng nishonlandi, ­ deya gap boshladi u. ­ Ana shunday tantanalar Moskvada ham bo‘lib o‘tdi. Unda shoir she’rlarini eng ko‘p kuyga solib, qo‘shiq qilgan, ularni rosa maromiga yetkazib kuylagan Sherali Jo‘raev ham ishtirok etgandi. Dastlab tantanalar Vorovskiy ko‘chasidagi “Adabiyotchilar uyi”da boshlandi. Ungacha tashkilotchilar tomonidan taklifnomalar tarqatilgan, biroq, zal to‘larmikin degan o‘y, hadik ham yo‘q emasdi. Tadbir boshlanishi kech soat yettiga rejalashtirilgandi. Yarim soatcha oldin muxlislar bitta-ikkita bo‘lib kela boshladi. Rosa o‘n minut qolganda muhtasham zal tomoshabinlar bil liq to‘ldi. Achinarlisi, ko‘p odam joy yo‘qligidan ko‘chada qolib ketdi. She’rxonlik va qo‘shiqnavozlik rosa avjiga chiqdi. Soat kechki 11:30 dan osha boshlaganda ma’muriyat, kontsertni tugatinglar, deya xarxashasini boshladi. Biroq nafaqat o‘zbeklar, balki ko‘plab millat vakillarining Sherali!, Sherali! deb hofizning qo‘shiq aytishini talab qilishi u kishini qayta-qayta sahnaga chiqishga majbur qilardi. Buni ko‘rib, zal ma’muriyati ham noiloj qolgandi. Tun yarmidan oqqanda kontsert tugadi. O‘shanda “Adabiyotchilar uyi” direktori menga bir gapni aytgandi. “Uzoq yillardan beri shu dargohga rahbarlik qilaman. Ko‘pdan-ko‘p tadbirlar, tomosholar, mashhur artistlarning kontsertini o‘tgazishga to‘g‘ri kelgan. Yashirmayman, bugungidaqa, kontsertga bu zal avval guvoh bo‘lmagandi. Rosti o‘zim ham miriqib tomosha qildim. Meni lol qoldirgan yana bir narsa shu bo‘ldiki, o‘zbeklar san’atni ham, san’atkorini ham juda e’zozlashar ekan. Bu xislat uncha-muncha millatda yo‘q”.
Ertasiga Xalq xo‘jaligi yutuqlari vistavkasida shunday tadbirlar bo‘lib o‘tdi. Sherali aka o‘z qo‘shiqlarining qisqa-qisqa tarjimalarini rus, ingliz, frantsuz va boshqa xorij tillarida ijro etganida u yerda hozir bo‘lgan sayyohlarning zavqlanganini, qo‘shiq naqoratiga qo‘shilganini ko‘rib, men yaxshi kuy, dildan aytilgan qo‘shiq til, hudud tanlamasligiga butkul ishongandim. Ayniqsa, “Zamon, zamon bizning zamon, davron bizniki, qo‘limizda yeru osmon, imkon bizniki” qo‘shig‘ining inglizcha matniga jo‘r bo‘lganlar ko‘p bo‘lgandi. O‘shanda ayrim sayyohlar o‘zimizning jaydari tilda aytganda og‘izlari ochilib qolganini ko‘rib, Sherali akaday hofizlarimiz borligi ko‘ksimda g‘urur uyg‘otgan edi...
Hamkasbimiz bu voqeani bizga bot-bot hikoya qilib turadi. Har gal hayajonu faxr bilan eslaydi. 
Yuqorida yaxshi qo‘shiqlar haqida gapirdik. Sherali Jo‘raevning “Ko‘zlarga boqdim” deb nomlangan audiotasmasida ham odatdagidek diltortar ashulalar joy olgan. Undan joy olgan qo‘shiqlar orasida avval aytilib, qayta ishlangani ham bor. Mavlono Jaloliddin Rumiy so‘zlari bilan aytilgan qo‘shiqlar, ayniqsa, tahsinga sazovor. Hazratning betakror misralariga hofizning nafis kuyi hamda ulug‘vor ovozi yanada salobat baxsh etgan. Ularni eshitgan sayin ko‘nglingiz, shuuringiz ajib tuyg‘udan tiniqlashadi.

...Munavvar bir quyoshmen, dur to‘la to‘lqinli ummonmen,
Zamin tegramdadur, dilda yashar osmon, bilmassan.

Jahon bo‘stonida bir bolaridek uchganim-uchgan,
Asaldek so‘zlarim, lekin, senga pinhon bilmassan...

Qo‘shiq ­ tarbiya. Unda aytilgan so‘z dildan chiqqan bo‘lsa, bu tarbiyaning ahamiyatini oshiradi. Tarbiyalaydigan qo‘shiqda esa “Munavvar quyosh”, “Dur to‘la ummon”, “Asaldek so‘z” yanglig‘ ohanrabo kalomlar mujassam bo‘lmog‘i lozim. 
Odatda har qanday san’atkorning shuhrati uning yoshi, ovoziga qarab belgilanadi. Aksariyat san’atkorlar yosh, navqiron paytlarida mashhurlikning cho‘qqisiga ko‘tarilsa, vaqt o‘tgan sayin bu holat pasaya boradi. Bu balki o‘sha san’atkorning o‘z ustida ishlash qobiliyati susayganligi yoki ovoz bilan bog‘liqdir. Lekin shu o‘rinda tan olib aytish kerakki, kamdan-kam san’atkorlar doimiy el nazarida, ardog‘ida bo‘ladilar. Komiljon Otaniyozov, Halima Nosirova, Ma’murjon Uzoqov, Jo‘raxon Sultonov, Rasul qori Mamadaliev, Tavakkal Qodirov kabi ustoz san’atkorlar ana shunday buyuk san’atkorlardir. Ulug‘ ustozlarga munosib tarzda ijod qilib kelayotgan hofiz Sherali Jo‘raev ham uzoq yillardan beri el nazaridadir. Bunday yuksak pog‘onada turish uchun esa Xudo bergan iste’doddan tashqari tinimsiz mehnat, temirdek mustahkam asab darkor. Nomi zikr etilgan audiotasma ham ana shunday mehnat mahsulidir. 
“Ko‘zlarga boqdim” audiotasmasida Sherali Jo‘raev tomonidan bitilib, qo‘shiq qilingan so‘zlar ham bor. Ulardan biri “Olis yo‘llar” deb ataladi. Ushbu qo‘shiqda jumladan shunday so‘zlar bor:

Olam bozor emish, barcha xaridor,
Har kim ne ilinsa, sotishga tayyor.
Kimdir do‘stin sotar, kim tashna, kim zor,
Bu yo‘lda iymonin asragan kim bor?!

Yaqinda sobiq Otchopar bozoriga birrov tushdim. Bozorga kiraverishda audiotasma sotiladigan do‘kon yonida turgan bir qancha odamni ko‘rib, biror noyob narsa olib kelishibdimikan, deb o‘yladim. Qiziqish ustun kelib, yaqinroq borsam, ular Sherali Jo‘raevning yangi qo‘shiqlari yozilgan kassetani eshitayapti ekan. Kasseta sotuvchi yigit ham hofizning shinavandasi ekanmi, har bir qo‘shiqning avji kelganda, atayin magnitofonning ovozini balandlatib qo‘yadi. Bunga esa yig‘ilganlar: “Ha, do‘st, yashang” deya qiyqirib qo‘yishadi. Gapning rosti, bunday manzarani umrim bino bo‘lib hali biror marta, biror joyda ko‘rmagan edim. 
Xullas, aytsa gap ko‘p. Ammo bo‘ladigan gapni so‘rasangiz, shuni aytish kerakki, oldimizdagi suvning qadriga yetaylik!

QADIM OHANLARDAY MANGU QO‘SHIQLAR

Yaqinda bir gap eshitdim. Emishki, Amerika olimlari yuragi xastalarni davolashning antiqa yo‘lini topishibdi. Unga ko‘ra, har kuni ikki-uch soat anhor yoki daryo bo‘yida, umuman, suv shildirashi eshitiladigan joyda o‘tirish yuragi xasta bemorlarni davolarkan. Suv shildirashi yurakka koni foyda ekan. Bu endi, bir gap, ishonish ham ishonmaslik ham sizning inon-ixtiyoringizda. Aytmoqchi bo‘lganimiz, yaxshi qo‘shiq, dilbar xonishning ham inson organizmiga ta’siri beqiyos. Asl ashula ne-ne dardlarni, dardmandlarni davolamagan deysiz. Gap shunday bebaho qo‘shiqlar yaratgan, yaratayotgan hofiz haqida. Suhbat deganimizga siz savol va javobni izlamang. Bil’aks suhbatni hofizga ishqibozlarning holatidan izlang...

* * *

Surxondaryoning Uzun tumani bilan Andijonning Marhamatigacha bo‘lgan masofa ancha olisligini yaxshi bilasiz. Uncha-muncha odam biror jiddiy yumushi bo‘lmasa, bu yo‘llar aro safarga otlanmaydi. Lekin Uzunda bir odam bor, ismi Narzullo. Unga farqi yo‘q, kechasidir-kunduzidir, orasi bundan-da uzoq bo‘lgan joylarga ham boraveradi, xoh u Farg‘ona bo‘lsin yoki Samarqand, balki Tojikistondir. Safarga otlanishi uchun esa uning qulog‘iga bir og‘iz gap kifoya: “Falon tumandagi to‘yda yoki kontsertda Sherali Jo‘raev ishtirok etarkan”. Narzullo akamiz ana shu gapni eshitgach, tinchi yo‘qoladi. Chunki u umrining mazmunini shu hofizning qo‘shiqlarida deb biladi. Shu bois u mag‘rur, dangalchi, cho‘rtkesar, halol inson, xuddi hofiz qo‘shiqlaridek...

* * *

Farg‘onada bo‘lganimizda mezbon yigit ukasiga dasturxon, choy-nondan ham oldin bir ish buyurdi: “Uka, boring, bizga Baxtiyor hofizni olib keling”. Biz ­ mehmonlar bu gapdan so‘ng bir-birimizga hayron bo‘lib qaradik. Oradan bir oz fursat o‘tgach, bir yigit keldi: qaddi basti kelishgan, istarasi issiq. Tanishdik, Baxtiyor deganlari shu ekan. U qo‘lidagi do‘mbirani cherta boshladi va biz tasavvur qilganimizdan mutlaqo boshqacha ohangda, nolishda qo‘shiq ayta boshladi:

...Yor degani yoningda yursa kuymanib,
Suymasang ham qolarkansan o‘rganib.
Faqat hanuz Toshkent desa, jon o‘rtanib,
Bildirmasdan tunlar yig‘lab olavuza.

Ay, birovning nasibasi Nasibajon
Ajralishdik, endi qandoq qilavuza!

Qo‘shiq shu singari jonni o‘rtaydigan misralardan iborat edi. Uning avjiga toqat qilib bo‘lmas edi. Eng muhimi, Baxtiyor hofiz birgina shu qo‘shiq bilan hammamizning yaxshi ko‘rgan kishimizga aylandi. Hofiz yigit Sherali akaning ashulalaridan ham ko‘p aytdi. Ayniqsa “Kuydim”ni kuyib aytdi, yonib ijro etdi, dilimizni sel qildi. Bildikki, Baxtiyor qo‘shiq olamiga hofizning xonishlaridan suv ichib kirgan. Shundan uning qo‘shiqlari xazin, g‘amgin, dilga beso‘roq kirib boradi. 
Ketar chog‘da angladimki, mezbon yigit bejiz ukasiga hamma narsadan oldin qo‘shiq aytadigan yigitni chaqir, demagan ekan...

* * *

Samarqandda Furqat Mirzaev ismli xonanda bor. Shu inson bilan Sherali hofizning qo‘shiqlari sabab tanishganmiz. Furqat aka bilan biz ko‘p suhbatlashamiz, hofiz, hofizning qo‘shiqlari xususida. Har galgi suhbatimiz esa hofizning she’r tanlashdagi va unga kuy bastalashdagi mahoratiga borib taqaladi. Va shunda har bir qo‘shiq matniga bu qadar sinchkovlik bilan ahamiyat berishning o‘zi ham katta san’at ekanligini anglab yetamiz. 
Biz ko‘p hollarda Navoiy, Fuzuliy, Bobur, Bedil, Mashrab va shunday ulug‘ zotlarning g‘azallaridagi ma’noni tushunmaslikdan noliymiz. Tili og‘ir, deymiz. Lekin biz ming marta o‘qigan g‘azalni hofiz shunday kuyga soladiki, tinglab turib tan bermaslikdan o‘zga iloj yo‘q. Chunki g‘azal kuyga solinsa tinglovchiga tez yetib borar va ta’sir qilar ekan. Demak, hofizning qo‘shiqlari bir maktab. Darvoqe, nega biz she’riyatni sevamiz-u, uning mag‘zini bunday tushunmaymiz. Yo hofizlarning nigohi o‘zgachamikan? Bu savol Sherali Jo‘raevning har bir qo‘shig‘idan so‘ng yodimga kelaveradi, kelaveradi. Fikri ojizimcha, asl iste’dod dardli misralarni olovga aylantirarkan, dardi yo‘q kishilarning ham ko‘ngliga cho‘g‘ solib, tiriltirarkan. Mana shunday o‘lmas qo‘shiqlar haqida gap ketsa, latifsuxan shoir Sirojiddin Sayyid akamiz faxr ila deydi: “Sher akaning buyukligi bejiz emas...”

* * *

“Odamzot tuproqdan yaralgan, shu bois har doim tuproqqa intiladi” deydi bobolar. Men bu gapni bolaligimda ko‘p eshitganman. Ammo mazmuniga endi-endi tushunayapman, mohiyatini anglayapman...
Yomg‘ir yoqqanda, ayniqsa, erta bahor yoxud erta kuzda yerga yoqqan yomg‘ir tuproq isini dimog‘ingizga uradi. Shunda... maza qilasiz, ayni paytda, anglash lozim ekanki, bu ifor bizga tiriklikning shukronasidan hamda oxir-oqibat tuproq bo‘lajagimizdan darak berguvchiligini. Xullas, hofizning barcha qo‘shiqlarida bir da’vat bor. Bu da’vat hazrat Yassaviy bobomiz hikmatlari yanglig‘ mangudir: “Tuproq bo‘lgin olam sani bosib o‘tsin”. Yuqoridagi voqealarni bayon etishdan muddao shuki, tuproq bo‘lish, pokiza xok bo‘lish nasib etsin, hammamizga, iloyo!

AVVALO OSHIQ BO‘LING!
(Badia)
Kimlargadur havas bizning shuhratimiz-shonimiz,
San’atdagi mahoratu bu qadar imkonimiz...

Mahzun kun edi u. Dilda shirin orzular bilan armonlar ham g‘ujg‘on o‘ynardi. Sen intilgan, sen suyanmoqchi bo‘lgan kishilarning ko‘nglingga nomunosibligini anglaganingda TUG‘YONga duch kelding. Shunday tug‘yonki, dunyoning jamiki dardlari, sitamu zahmatlarini o‘zida mujassam etgan IZTIROB edi. Shunday iztirobki, ota-onangning, aka-ukalaringning ko‘zlaridagi g‘am-anduhni anglab, ko‘maklasholmagan chog‘laringda paydo bo‘lgan OG‘RIQlardan iborat edi. Shunday og‘riqki, hali bu dunyoning nedan iborat ekanligini tushunmasingdanoq g‘alamislar ham borligini sezib dilingda paydo bo‘lgan DARD edi. Dardki, faqat jismu joning emas, balki butun ruhiyating, vujuding, borlig‘ing, kechayu kunduzing bilan bir ulug‘ musibatga MUBTALO bo‘lding. Mubtalolig‘ki, seni hech narsa bilan tenglashtirib bo‘lmaydigan MUSAFFOLIKka oshno etdi. Bu musaffolik QO‘SHIQ edi. Qo‘shiqki, sen yuqorida aytilgan dardlar girdobida aylanayotganingda yangradi. Qo‘shiqki, olam-olam dardu hasratni, orzu ila armonni, zaminu osmonni titratguvchi misralardan iborat edi. Uni ijro etayotganni esa farishta misol deding. Zero inson ovozi bu qadar ohanrabo bo‘lishi... Yo‘q, yo‘q aqlga sig‘maydi:

Dilrabo kuymisan, yo g‘azalmisan,
Nogoh xayolimni bo‘lding munojot...

U kuylardi, sen tinglarding. U ingrardi, sen yig‘larding, u yig‘lardi, sen oh-voh tortarding:

Yoki sevgi bilmas yosh bolamisan,
Ko‘nglimdan ne o‘tsa-da, bilding munojot...

Sen shu tariqa Unga tanda qo‘yding. Qalbingdagi dardlar shu taxlit Uning qo‘shiqlariga sajda qilib, darmon topa bordi. Va sen oshiq bo‘lding:

Hol so‘rab kelmang yonimga,
avvalo oshiq bo‘ling,
Yoqmang o‘t jonu tanimga,
avvalo oshiq bo‘ling.

Sen oshiq eding. Oshiqqa ma’shuqa kerak. Sen ham ma’shuqangni — Uning qo‘shiqlari yozilgan kassetalarni yig‘a boshlading. Qo‘lingga pul tushsa ham, birovdan qarz olib bo‘lsa ham kassetadan ola boshlading. Unda bitilgan qo‘shiqlarni jon qulog‘ing ila tinglab, yod olaverding. Ularning har biridan olam-olam ma’no chaqib, zavq tuyaverding. Jonga darmon bo‘lguvchi ashulalarni tinglab, hech kimga o‘xshamaydigan hofiz borligiga shukronalar aytding:

Sening qo‘shiqlaring dardimga darmon,
Xonishing tinglamaslar ko‘nglida armon...

Sen kitobga qiziqarding. Ammo uning qo‘shiqlari xayolingni band etgach, kitob o‘qishni ham yig‘ishtirding. Endi sening kitoblaring mana shu kassetalar bo‘lib qoldi. Endi sen sevgi nima, armon ne, inson qadri, ota-ona mehri qanaqa, degan savollarga mana shu qo‘shiqlardan javob topa bording:

To yetim bo‘lmay kishi, bilmas otaning qadrini,
Jonu dildan tarbiya qilgan onaning qadrini...

Sen Uning qo‘shiqlarini tinglaydiganlarni o‘zingga oshno tutding. Bunday kishilardan yomonlik chiqmasligini anglab yetding. Bora-bora umring mazmunini shu qo‘shiqlarda deb bilding. Sening vujuding Uning qo‘shiqlari aytiladigan joyda titroqqa tushadigan bo‘ldi.

Jon qo‘shiq, jonon qo‘shiq, 
Dardimga darmon qo‘shiq...

Sen endi har kuni ana shu misralarni takrorlaydigan bo‘lding.

QO‘SHIQDAN BOSHLANGAN KELAJAK

Sen maktab bitiruvchisi eding. Bu paytda hamma sinfdoshlaring o‘qishga kirish ilinjida edi. O‘qishga kirish esa sening xayolingda ham yo‘q edi. Bitiruv kechasida davra boshqaruvchi hammadan kelajakdagi orzularini so‘ray boshladi. Birov shifokor bo‘laman dedi, birov binokor... Xullas hamma osmonda edi. Orzuga ayb yo‘q, ammo sinfdoshlaring orasida kalondimog‘ odamlarning farzandlari ham bor edi. Ular guyo bir ishni qoyillatib qo‘yishgandek, burni osmon edi. Sen ana shulardan o‘ksiding. Men kim bo‘laman, deya kalovlanib qolding. Shunda birdan chet tiliga qiziqqaning uchun tarjimon bo‘laman, deding. Tantanali bitiruv kechasida davra boshlovchi ko‘p qatori sening ham orzularingni aytib o‘tdi: “Kelajakda tarjimon bo‘lmoqchi”. Shunda davrada o‘tirgan ayrimlar kulishibdiki, chorig‘ingga qarab qadam tashlasang bo‘lmasmidi, deb. Senga mana shu gapni yetkazishganida tutoqib ketding. Diling parchalandi. Yo‘q, bu gap uchun emas, shu gaplarni qandaydir zavq bilan yetkazgan odamdan xafa bo‘lding. Alamingni kimdan olishingni bilmay yurganingda hasratingga yana Uning qo‘shiqlari darmon bo‘ldi:

G‘iybatchining mish-mishidan ranjimang aslo,
Nima bo‘lsa asli-naslida bo‘lgan.
Onasining qornidan o‘zi ham hatto,
Turli mish-mish bilan dunyoga kelgan...

Mana shu kabi qo‘shiqlar senga raqiblar oldida bosh egmaslikni o‘rgatdi, senga qanot bag‘ishladi. Va sen hech ikkilanmay imtihon topshirgani ketding. Topshirding ham, ammo yiqilding. Sen bundan battar o‘ksiding. Endi qishloqqa qaysi yuz bilan qaytaman, deding. Biroq yuzing bitta edi— o‘sha bilan qaytding. Tug‘ishganlaring o‘qishdan yiqilganingga qanchalik kuyingan bo‘lsalar, g‘animlaring shunchalik suyundilar. Sen pana-panaga yashirinib yig‘lab olarding. Ammo yig‘i ko‘ngilni bo‘shatardi xolos, to‘ldirmasdi. Holbuki, o‘qishga kirishga jasorat, yiqilish fojea emasdi. Sen hammasiga qo‘l siltab, o‘zingdan yoshi ancha kattalarga qo‘shilib, Buxoroga ketding. Yon-atrofdagilarning hadeb seni gapirishlari joningga tekkanidan shunday qilding. Qadim Buxoroning Qorovulbozor degan joylarida sarson-sargardon yurding. Yuzlaringga yaralar toshdi, yegulikning tayini yo‘q, ish og‘ir. Hamrohlaringning o‘zga olam ekanligi bundan-da og‘ir. Ular senga hamdard bo‘lolmasdilar. Ana shu haqiqatni tushunib yetib, yana angladingki, bunday paytlarda faqat qo‘shiqlargina yolg‘iz dardkashing ekan:

Men-chi, menga goh g‘am to‘lar, alam to‘lar,
Gohi shodlik, gohida g‘am-nolam to‘lar.
Bu dunyoki, mening ko‘nglim yarim etdi,
Yarmi bilan kuylasam ham olam to‘lar,

Peshonangga yozganidan ayrilma, yor,
Jonim chiqar qo‘shiq aytsam, qayrilma, yor.

Peshonamga yozilgani shumikan, deya yuraverding. Kundan-kunga holing xaroblasha bordi. Bunday yurish-turish senga yarashmasligini anglab yetding. Zotan, sen boshqa dunyoning odami eding:

Bulbul o‘gay sanalar zog‘lar orasida,
Yugurik suv o‘gay tog‘lar orasida.
Muhabbat dardidan dardman qalblarmiz, 
O‘gay bo‘lsak, ne tong, sog‘lar orasida...

Sen Buxoro cho‘llaridan qaytib kelding. Hech kimga hech narsa demay shaharga yo‘l olding. Maqsad o‘qishga tayyorlanish edi. Sen endi jurnalist bo‘lmoqlikni niyat qilding. Shu niyatingga farishtalar omin degan ekanmi, yoxud, dilingdagi dardlarni faqat qog‘oz ko‘tara olishini bildingmi, haytovur sen talaba bo‘lding. Ammo bu kulliyotda o‘qiydiganlarning hammasidan jurnalist chiqishi dargumon edi. Chunki bu soha ketmon chopish emas edi (Aslida ketmon chopish ham bir san’at). Biroq bu yerdagi domlalarning uzuq-yuluq ma’ruzalaridan zerika boshlading — senga boshqa bir to‘lqin kerak edi. Zotan, seni mana shunday to‘lqinlar nurlantirar, ilhomlantirardi...Sen jonsiz dars tinglamasding. Dars paytida vaqting zoe ketayotganiga achinib, oxirgi partalarda o‘tirvolarding-da, qo‘shiqlarni o‘ylarding:

Ba’zan boy berilib, bebaho onlar,
Bekor o‘tgan damga ko‘ngil ezilar...

Kunlar shu zaylda o‘tayotganda nogahon bir qizga ko‘ngil qo‘yding. Uning ko‘zlari seni asir ayladi. Sen endi o‘zingdan kechib, unga o‘tding. U esa shuni kutib turganday munosabatingni tezda tushunib yetdi. Sen u qizga ko‘p aytdingki, ko‘zlaring chiroyli, deb:

Termulib ko‘z senda qoldi,
Ko‘zga ne bo‘ldi,
Tilim lol, so‘z ham yo‘qoldi,
So‘zga ne bo‘ldi.

Sen endi Hofizning faqat ishq yo‘lidagi qo‘shiqlarini tinglay boshlading. Ularni yodlab, sevgilingga she’r tarzida aytib berarding.

Manam Majnuni ishq do‘stlar,
ki, bir Layloni izlarman,
Qadi gul, sochi sunbul,
qamarsiymoni izlarman.

Sen, ayniqsa, mahzunlikka o‘ch eding. Hofizning xazin, dilgir qo‘shiqlari esa bu borada sen uchun ayni muddao edi.
Bir kuni u qiz aytdiki, siz uchun men azizmanmi, yoki hofizning qo‘shiqlarimi? Sen bu savolni hazil deb o‘ylab, javob qaytarmoq uchun unga o‘girilding — U jiddiy edi. Shunda sen ham jiddiy turib: “Men uchun eng avvalo Olloh va uning Rasuliga imon keltirishda aytilguvchi so‘zlar aziz, keyin ota-onamning pandu nasihatlari, so‘ng esa Hofizning qo‘shiqlari mo‘’tabar deding. Yana qo‘shib qo‘ydingki, bundan boshqasi ikki pulga ham qimmat. Bu gaplaring qizni astoydil xafa qildi. Sen uni yupatmading. Yana qo‘shiq deding:

Ko‘ngil sen gar vafo istar esang,
dildor topilmasmu,
Judolik dashtida bir tolibi
diydor topilmasmu?
Kel ey, dil g‘am yema, qilsa
vafosizlik ul oy pinhon,
Jahon bozorida bir bovafo
oshkor topilmasmu?

Yana kunlar o‘tdi. U sendan arazlagani uchun ko‘rinmay ketdi. Ammo sen ko‘ngil kishisi eding. Shu bois uni yana ko‘rging kelaverdi. Boyagi savolidan ranjiganingni unutding. Unutgan bo‘lsang-da, yana nimadir uning yoniga borishingga to‘sqinlik qilaverdi. U g‘urur edimi, yoki oriyat, bilmading, bilolmading, kuyaverding, kuyaverding:

Mushkul edi yo‘l, ranj ila izhoriga yetdim,
Sizlar kuyida, men esa domonida kuydim.
Ishq ahli firog‘inda fig‘on etsa agar men,
Yonida yurib, yonida hijronida kuydim...

U kuyganingni ham bilmasdi, oldimga kechirim so‘rab keladi, debmi yuraverdi. Sen esa uning bunday kayfiyatda yurganini bilmasding. Boshida parvo qilmading. Keyin esa o‘zingga-o‘zing dalda berdingki, hammasi o‘tkinchi deb. Rostdanam hammasi o‘tkinchi ekan. U ko‘p o‘tmay boshqasi bilan yurib ketdi. Bu hol senga nihoyatda alam qildi. Yo‘q, boshqa bilan yurganiga emas, sening kuyganlaringni anglamay shunday qilganiga achinding:

Kuydi jonim kuydi, mening jonim kuydi,
Bevafo yor bizni qo‘yib, kimni suydi...

Kunlar o‘taverdi, vaqt yana o‘z ishini qildi — sevgi iztiroblaring chekina boshladi. Va sen ham sevgi otlig‘ iztirobdan uzoqlasha bording... Bu dunyoni muhabbatsiz tasavvur etolmasang-da, baribir o‘zingni sovuqqon ko‘rsatishga harakat qilding. Biroq eplolmading, bir qizning sevgisi seni ortga — muhabbat bo‘stoniga qaytardi. U sening boshingdan o‘tgan alamlarni eshitgani uchun, astoydil kuyingani bois sevib qolganini yashirmadi. Sen ham unga beparvo bo‘lmading, butun borlig‘ing ila qizga suyanib qolding. U qizga shunchalik o‘rganib qoldingki, bir daqiqa bo‘lsin undan ayro yurishni tasavvur etolmasding. Shunday qiz shu paytgacha qaerda edi-ya, deya xayoldan o‘tkazding:

Qaydaki sen bor, qamar na darkor,
Kimgaki sen yor, shakar na darkor...

Endi sen shod eding, zero dilingni tushunguvchi, bor dardingga sherik bo‘luvchi g‘amdoshing bor edi. Uning muhabbati sof edi, beg‘ubor edi. Tong yanglig‘ musaffo edi uning so‘zlari. Seni asir aylagan bu huriliqoga juda ham o‘rganib qolding. U kelajagini sening taqdiring bilan bog‘lash fikrida ekanligini ajib bir entikish ila bayon etdi. Orzularingni u bilan baham ko‘ra boshlading. Dorilomon kunlaringni o‘zingcha shu qizning poyqadamida deb bilding. Ammo atrofda g‘alamis mo‘l edi. Ular yana seni g‘iybat qila boshladilarki, endi sevmaganing shu qiz qoluvdi, deb. O‘z o‘rnida bu qiz ham sen bilan uzoqqa bormaydi, deya seni yo‘lga solmoqchi bo‘lgan “maslahatchilar” qancha bo‘ldi:

...Har qadamda vo ajab, kimsan demay,
To‘xtatib, aql o‘rgatar nodonlar...

Ammo sen bu gaplarga parvo qilmading. Bandasi emas Yaratganning o‘zi bilsin hammasini deding:

Dilimning rangini gul bilsa bo‘ldi,
Mening kimligiimni el bilsa bo‘ldi...
Olis yulduzlarga sirim aytmaram,
Nolishimni tonggi yel bilsa bo‘ldi...

Shu topda hofizning yana bir xonishi yodingga tushdi:

Ayo, soqiy, so‘nib joming,
qil ehson, yashnasin dillar,
Ko‘rindi avval ishq osonu
so‘ngra tushdi mushkullar...

Sabo yechmoqchi bo‘lgan sochining 
xushbuyiga ontkim,
Muanbar xalqa-xalqa sochidin
qon bo‘ldi bu dillar....

Qorong‘udir kecha, qo‘rqinchli mavj,
dahshatlidir girdob,
Na bilg‘ay, holimizni chetda 
turgan yuki yengillar...

Ba’zan o‘ylab qolardingki, nega kerak menga shu oshiqlik deb. Dilingdan kechgan bu gapni bir ustozingga aytganingda u shunday dedi: “Biz hammamiz oshiqlarmiz, agarki kimda-kim ishq yo‘lini tark etsa, iymonini tark etibdi”. Ustozingning gaplari senga dalda bo‘ldi, xuddi hofizning qo‘shiqlari yanglig‘:

Oshiq o‘ldim pand bermang,
choram asbobin tuzung,
Ishq zor etganga zulm etmang,
tarahhum ko‘rguzung...

Eyki, dersiz, onsizin,
ishqing uyin obod qil,
Mundoq etguncha hayotim
qasri bunyodin buzung...

Kunlarning birida u qizdan so‘radingki, mendan oldin ham biror yigit bilan yurganmiding, deb ( xuddi o‘zing ilgari hech kim bilan yurmaganday). Bu savoling qizginaga tomdan tarasha tushganday ta’sir etdi. Nega so‘rayapsiz, bu siz uchun nimaga kerak?-dedi u. Sen dilingda uyg‘ongan gumoningni undan yashirding, shu bois dilingdagi tilingga boshqacha chiqdi: “Yo‘q, o‘zim shunchaki”.
Ammo gumon ko‘ksingni ezaverdi:

Bir gumon bordir manim
qalbimda doim bir gumon,
Bu gumondin lahzayam qalbim 
topolmas hech omon...

Sening bunday shubha-gumonlaringdan qizgina o‘kinayotgan paytda boshqa narsa haqida o‘y surayotganding. U ham bo‘lsa bandaning bandasiga muhabbati boqiy emas, abasligi edi. Faqatgina Parvardigorga bo‘lgan muhabbatnigina yakka va abadiy bo‘lishini tushuna bording. Yuraging qa’rida ana shu haqiqat — Ollohga nisbatan intilish kuchli edi. Biroq seni bilganlar bunaqa deb o‘ylamasdi. Chunki sen asling kabi emas, ko‘rinishing kabi (Jaloliddin Rumiy) yurarding. Holbuki fikri-zikring Yaratganda edi, uning sifatlarini qo‘shiqlarida madh etayotgan Hofizda edi:

Hurlar bormish u yonda marvarid-marjoni,
Pokiza ermish nihoyat pokiza iymoni.
Vasliga yetmakka oni bu umr yetmas emish,
Lek anga yetmakka bormish rahnamo Qur’oni.

Olloh, Olloh shundayin izzat nasib etgil menga,
Hurlar qoshidagi himmat nasib etgil menga...

Ayniqsa, mana shu qo‘shiqni eshitganingdan keyin o‘zgarding. Butun vujuding, borlig‘ing ila ikki olam sarvariga talpina boshlading. Bu intilish jarayonida juda ko‘p narsalarni anglab yetding. Haqiqatlar qaymog‘i mana shu Yo‘lda ekanligini har daqiqada his etaverding. Shunda o‘z-o‘zingga dedingki, ilgariroq mana shu yo‘lga kirsam bo‘lmasmidi, deb. Nega kerak menga o‘tkinchi hissiyotlar, deding. Bu mulohazang seni sevgan qizga yetib bordi va u yuqoridagi xulosang — bandasida o‘tkinchi muhabbat bo‘lishini yana bir bor isbotladi...
Sen ana shu haqiqatni anglaganingdan keyin hammasidan voz kechding va har bir banda qatori o‘zingga-da Yaratgandan tavfiq tilading, hamon tilamoqdasan.

Pok yursang bu jahonda senga shuldir toju taxt,
Kelmaging haq, ketmaging haq, oxirat ham haq, haq.
Jannatu do‘zaxni tangrim qilmishing-chun qildi taxt,
Haq Taoloning yo‘li ikki dunyoyinga baxt,
Ushbu yo‘ldan kimki o‘tdi, hurlar tutmish qadah.

Olloh, Olloh shundayin izzat nasib etgil menga,
Hurlar qoshidagi himmat nasib etgil menga...

deya kuylayotgan Hofizgada O‘zidan so‘raganiga, so‘raydiganiga erishmog‘ini istab, uning qo‘shiqlari umrini abadiy etmog‘ini tilading...
Ammo bu Yo‘lda yurish har kimning ham qo‘lidan kelmasligini ilk qadamlardanoq anglab yetding. Bu yo‘lning mashaqqati, iztirobi ko‘p ekan. Bunda yurish uchun faqat iymon emas, vijdonu insof ham kerak ekan. Qanoat lozim ekan, sabr darkor ekan. Bosiqlik har qadamda hamroh, fikr-mulohazalilik mudom guvoh bo‘lsin ekan. Yo‘qsa, yo‘qsa bu yo‘llarda yurish mushkul ekan. 
Sen o‘zingni uzoq safarga chiqqan odamdek tutishni o‘rgana boshlading. Safarda esa har toifa odamlar, vaziyatlar, sinovlar...

Baxtu tolieni qidirgan odam, 
Olis yo‘lga chiqqan yurtdoshim, og‘am.
Bardam bo‘l, horima, dadil qo‘y qadam,
Iloyo, yo‘llaring bexatar bo‘lsin,
Tangrim murodingni muyassar qilsin...

Hamma olis yo‘lga chiqqanlar ham murodiga erishavermaskan. Chunki har kim bu yo‘lga har xil niyat bilan chiqarkan. Sen bu yo‘lda ezgu niyat qilganlarni murodga, yovuz niyatlilarni esa la’natga duch kelganini ko‘rding:

Jahonni kezdim, ey do‘stlar, ajab hangomalar ko‘rdim...

Shunda sen anglab yetdingki, bu hangomabop dunyoda aldanib qolmasliging lozim. Seni mudom hushyorlikka chorlaguvchi qo‘shiqlar bor-ku! U sen uchun najot-ku! Shuni unutma, DO‘ST!

Sherali JO‘RAYEV:
“AJAB HANGOMALAR KO‘RDIM”

Endi bu o‘rinda el ardoqlagan san’atkor, turli davrlarning turfa sinovlariga dosh berib kelayotgan, ham qo‘shiqlari, ham betakror ijro uslubi ila millionlab dillarni zabt etib kelayotgan O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘raevning ayrim qo‘shiqlari haqida gapirmoqlikni niyat qildik. Bunga albatta ko‘plab san’at muxlislarining ayni shu xususdagi fikru mulohazalari turtki bo‘ldi. Maqsad, bu qo‘shiqlarning mazmun-mohiyatini chaqishdir. To‘g‘ri, Sherali Jo‘raevdek zabardast san’atkorning ijodi xususida xalqimizning manaman degan ijodkorlari yozishgan, tahlil qilishgan. Shunday bo‘lsa-da, har dilning o‘z navosi bor deganlaridek, kamina ham imkon qadar azbaroyi muxlislik ilhomiga tayanib u kishining xonishlariga murojaat etishga azmu qaror qildim. Muddao Sher akaning qo‘shiqlari bois dilda jo‘sh urgan, ko‘plab qo‘shiq muxlislarining ba’zi holatlarini siz, azizlar bilan baham ko‘rishdir. 
Shunday qilib, ilk mulohazalarimiz yetuk san’atkorning dastlabki qo‘shiqlaridin biri ­ “Ajab hangomalar ko‘rdim” haqida. 
Bu qo‘shiq ta’kidlanganidek, hofizning ilk yaratgan ijrolaridan biri. U 1960-yillarning o‘rtalarida yaratilgan va yangragan. Bu qo‘shiqni birinchi marta tinglayotgan kishi uncha tushunmasligi mumkin. Ammo e’tibor berib quloq tutilganda qo‘shiqda bir dunyo hikmat borligi anglanadi. Demak, bu o‘rinda avval qo‘shiqning matnini to‘liq keltirish maqsadga muvofiqdir.

Jahonni kezdim, ey do‘stlar, ajab hangomalar ko‘rdim,
Tog‘u toshu, bog‘u rog‘u, gulu gulzorlar ko‘rdim.

Jahonga kelganin sezmay, ketar vaqtini ham bilmay,
Bu qanday sir debon hayron, yana hayronalar ko‘rdim.

Nafing tegsa do‘stlik qilgan, hatto itingni sizlagan,
Pul, mol uchun do‘st bo‘lgan ajab “do‘st yor”lar ko‘rdim.

Qarindoshin yot deb bilgan, bir-biriga qosh chimirgan,
Bir onadan oq sut emgan ajab “begonalar” ko‘rdim.

Kishi oshini yeb birga, tovog‘ini urib yerga,
Tuz yeb turib tuzdoniga tupurgan devonalar ko‘rdim.

Bugun unda, erta bunda, yurar husnin sotib kunda, 
Hazar etgay yer ham undan ajab sharmandalar ko‘rdim.

Hamon kezmoqdaman, kezib oxir bunda yetdim,
Do‘st dushman ichra bilmam sirim kimga aytdim.

Mardlar bilan o‘ltirganda do‘stlik sharobin ichdim,
Nomard bilan o‘ltirganda mardlar g‘iybatin eshitdim.

Go‘zallar-la o‘ltirganda jahonni g‘amidan kechdim,
Jahonga keldimu ammo bilolmasman qachon ketgum.

Jahonni kezdim, ey do‘stlar, ajab hangomalar ko‘rdim,
Tog‘u toshu, bog‘u rog‘u, gulu gulzorlar ko‘rdim.

Ushbu ajoyib misralar bilan tanishgan kishi ko‘nglida: “bu she’r kimning qalamiga mansub ekan?” qabilidagi savol tug‘ilishi mumkin. Bunga javob shuki, qo‘shiq matni ham Sherali Jo‘raevga tegishli. Mazkur misralarning o‘ziyoq nechog‘li hayotiy, ibratomuz ekanini tushungan odam teran his qiladi. 
G‘animat dunyoda hamma narsa omonat. Bu haqda ko‘p gapiramiz, joyi kelganda bir-birimizga foniy dunyo haqida va’zlar aytamizu ammo amalga kelganda aksariyatimizda o‘zimiz aytayotgan gaplarning teskarisini ko‘ramiz. Qo‘lingizdan mahkam siqib, sizga quchoq ochadigan har qanday kishi ham haqiqiy do‘st bo‘lolmasligi, ishi tushsa otasini ham sotadigan kishilar borligi, tamanno ila boquvchi ba’zi go‘zallarning g‘amza niqobi bilan shirin turmushingizga rahna solishi hayotda uchraydi va afsuski bundaylar keyingi paytlarda ko‘payib bormoqda. Hofiz jahonni kezib ajab hangomalar ko‘rdim, deya ana shunday mojarolarni, betavfiqliklarni, munofiqliklarni nazarda tutadi. O‘z o‘rnida, bundaylardan ehtiyot bo‘lish, hattoki hazar qilish darkorligi haqida kuyinib xonish qiladi.
Ushbu ashulani diqqat bilan tinglagan vujud har qanday gunohlardan o‘zini tiyishni maqsad qilsa ajab emas. Bunday deyishimizga albatta asosimiz bor. Zero, haqiqiy qo‘shiq inson hayotini o‘zgartirib yuborganligi haqidagi gaplar osmondan olingani yo‘q. 
Men Sherali Jo‘raevning ashaddiy muxlislaridan birini bilaman. Unga Sherali Jo‘raev deyilsa bas, hamma narsani unutadi. Uyidagi eskiroq magnitofonida uzzu-kun shu hofizning kassetalarini tinglab o‘tiradigan bu odam menga bolalikdan tanish. Yillar o‘tib, o‘zim ham ulg‘ayib hofizning muxlisiga aylanganimdan so‘ng, boyagi kishidan muxlislik kasaliga qanday duchor bo‘lganini so‘radim. U esa so‘rog‘imga ancha payt javob bergisi kelmadi-yu, lekin oxiri yorildi. Muxtor akaning (muxlisning shartli ismi shunday ­ M. J) dil izhori aynan yuqoridagi qo‘shiq bilan bog‘liq bo‘lgani uchun uning xotirasiga quloq tutamiz:
Bundan ancha yillar muqaddam men ham sizdek yosh yigit edim. Ota-onam, aka-ukalarim bag‘rida taltayib yurar edim. To‘g‘risini aytay, to‘poriman, soddaman, ko‘ngilchanman. Ko‘plar aynan shularni fazilat deb biladi, men ham shunday deb o‘ylardim, ammo bular kamchilik ekan. Bir voqeani aytib beray. Do‘stim bor edi, ismi Bektemir. Ikkimiz har qanday vaziyatda ham bir-birimizga sodiq qolamiz, deb ont ichgan edik. Ammo, aytishga ham tilim bormaydi, lekin endi gap boshlab qo‘ydim, oxirigacha aytay. Ish bilan uch-to‘rt kunlik safarga ketgan edim. Safarning ikkinchi kuni nima bo‘ldi-yu, uyimga qaytdim. Dilim g‘ash edi. Yarim kechada darvozani taqillatib birovni bezovta qilmayin deya devordan oshib hovliga tushdim. Yotoqxonamizga yaqinlashganimda ayol kishining “hiring-hiringi”ni eshitib tok urgandek seskanib ketdim. Bu xotinimning ovozi edi, aniq. Ayolimdan umuman bunday holatni kutmagan edim, jahlim miyamga urib, shartta kirsam, ne ko‘z bilan ko‘rayki, do‘stim deb bilganim Bektemer xotinimni quchog‘ida olib o‘tiribdi. U meni ko‘rib taxtadek qotdi, sharmanda bo‘lgan ayolim esa o‘zini tamoman yo‘qotib qo‘ydi. Shu lahzaning o‘zida unga uch taloq qo‘ydim. Bektemirdan esa... voz kechdim. U qishloqdan chiqib ketdi. Qaerga ketdi, o‘likmi, tirikmi hech kim bilmaydi. Mana necha yillar o‘tdi hamki undan darak yo‘q. Bu voqea haqida qishloqda gap tarqaldi. Kimlardir menga murosa qil, xotiningni kechir dedi. Biroq men bunday gaplarga umuman ko‘nmadim. Menga maslahat berganlar orasida qarindoshlar ham bor edi, qiziq, ularning gapiga kirib, men yarashsam-u, keyin ular ustimdan kulib yurishsa... yo‘q, men bunga chiday olmayman. Shu voqeadan keyin hamma narsadan ko‘nglim qoldi, odamoviga aylandim. Ammo bir kuni Sherali Jo‘raevning “Ajab hangomalar ko‘rdim” degan qo‘shig‘ini eshitdim-u, hamdardimni topgandek bo‘ldim. Hayotda xiyonatu qabihlik, pastkashligu razillik hamisha borligiga, ammo ular qarshisida bosh egmaslik lozimligiga shu qo‘shiqni tinglagach imon keltirdim. Xudoga shukur, hozir oilam but, bola-chaqalarim bor. Agar mana shu ashulani vaqtida eshitmaganimda hozir men yo o‘lgan yo o‘zimni biror baloga giriftor etgan bo‘lardim...
Ha, bu mushfiq zaminni go‘zallik, musiqa asrab kelayotgani bejiz emas. Aynan mangulikka muhrlangan taronalargina odamzotni to‘g‘ri yo‘lga, hidoyatga boshlaydi. Bunga birgina Muxtor akaning hayoti misol bo‘la oladi. 

“ARG‘UMOQ OSTINGDADUR...”

Navbatdagi fikru mulohazalarimiz quyidagi qo‘shiqqa nisbatan bildiriladi:

Arg‘umoq ostingdadur, cho‘llarni kez, tog‘larni kez,
Nogahon ul arg‘umoq ostingda bo‘lg‘ay, bo‘lmag‘ay.

Qarchig‘ay ilgingdadur, ovla ko‘ngilning shomini,
Nogahon ul qarchig‘ay ilgingda turg‘ay, turmag‘ay.

Boylik qo‘lingdadur, ovla g‘ariblar ko‘nglini,
Nogahon ul boylik qo‘lingda turg‘ay, turmag‘ay.

Bo‘ylaring buncha uzun, dol bo‘lg‘ay, bo‘lmag‘ay,
Lablaring muncha shirindur bol bo‘lg‘ay, bo‘lmag‘ay.

Izlasam olamda sandek yor bo‘lg‘ay, bo‘lmag‘ay,
Bo‘lsa bo‘lsin, sen kabi dildor bo‘lg‘ay, bo‘lmag‘ay.

Jonli, iymonli kishi bir idishda bod ichar
Nogahon ul ikkisi bir joyda bo‘lg‘ay, bo‘lmag‘ay.

Hofizo shirin kalom ayla tilingni boricha,
Nogahon yetsa ajal til so‘zga kelgay, kelmagay.

Arg‘umoq ostingdadur, cho‘llarni kez, tog‘larni kez,
Nogahon ul arg‘umoq ostingda bo‘lg‘ay, bo‘lmag‘ay…

Dillarga orom baxsh etib, qalbimizni ezgulikka chorlovchi ushbu qo‘shiq ham Sherali Jo‘raevning bundan ancha yillar muqaddam ijro etgan xonishidir. Bu qo‘shiq ham ilgari tahlil qilganimiz ­ “Ajab hangomalar ko‘rdim” singari bu dunyoning omonatligi xususidadir. Umuman, Sherali Jo‘raevning har bir qo‘shig‘i hikmatlarga boyki, ayni shu jihati bilan muxlislarni rom etgan bo‘lsa, ne ajab.
Demak, qo‘shiqda toki imkoning bor ekan, birovga yaxshilik qil, degan ulug‘ bir g‘oya ilgari suriladi. Nega ulug‘ g‘oya? Gap shundaki, oramizda shundaylar uchraydiki, ular qo‘llaridan kelsa-da birovga yaxshilik qilmaydilar. Boyligi, mansabi, amali orqali ko‘plarga ko‘maklashsa, savobi tegishi mumkin bo‘lganlar oramizda ozmunchami? Ha, ular istagancha topiladi, ammo bundaylarning qalbida odamiylik degan tuyg‘u bo‘lmasa ne naf. Yanayam to‘g‘rirog‘i, tanburni devorga chertgan bilan (Tanburni Turg‘un Alimatov qoyillatib chertgan taqdirda ham!) undan sado chiqmaydi-ku! Ne bo‘lgan taqdirda ham haqiqat ila lafz etganda, shuni anglaymizki, bu dunyoda hech narsa vafo qilmaydi. Ayniqsa, mansab, pul, amal deganlari jazmandek gapki, kimning tagida “Ot” bo‘lsa, o‘sha tomonga yo‘rg‘alaydi. Vaholanki, jazmanning-da nozu ishvalari o‘tkinchi ­ uyam kuni kelib “to‘kiladi”, ado bo‘ladi. Bu achchiq haqiqatni bilganlar yoki bilib turib bilgisi kelmayotganlar o‘ylaydilarki, hamma narsaga egalik qilaman, deb. Biroq zinhor-bazinhor bunday o‘ylamoq xato. Nafaqat xato, balki gunoh hamdir. Arg‘umoq deganlari aslida imkoniyat, fursat, g‘animatdir. Imkon bor ekan, ezgulik yo‘lidan borib yaxshilik saroyini bunyod et, deganidir Qarchig‘ay deganlari. 
Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallamdan “Kimga ko‘proq yaxshilik qilaylik?” deb so‘raganlar, u muborak zotdan: “Onangizga, onangizga va yana onangizga undan keyin otangizga yaxshilik qiling” deb javob olgan ekanlar. Agar yuqoridagi ashulaning tub mohiyatiga yetib, o‘z hayotimizni tahlil qiladigan bo‘lsak, onamizga, yaqinlarimizga qanchalik himmat ko‘rsatdik, degan savolga tuzuk-quruq javob beradiganlar sanoqligina topilsa kerak. Negaki, hayot tashvishlari bilan, oila, ro‘zg‘or, bola-chaqa yumushlari bilan volidai muhtaramasidan, padaru buzrukvorlaridan vaqtida, nafaqat vaqtida, balki oylab xabar olmaydiganlar har qadamda uchraydi. Azizlarimizning g‘animatligini anglab turib, bugun, erta deya o‘zimizni o‘zimiz ovutib, aldab yuraveramz. O‘zimizcha rahbarlarimizdan mehr, maqtov, mansab kutamiz. Shuning ilinjida yaltoqlanamiz, ming qiyofaga kirib turlanamiz. (Yaxshiyam odamzotning dumi yo‘q. Bo‘lmasa, dum sho‘rlik ham tinimsiz likillab hammani bezor qilarmidi) Shu tariqa insoniyligimizni yo‘qotib boraveramiz. Yo‘q, yo‘q, ota-onamiz bizning davlatimizga zor emas, ular uchun eng keragi diydordir. Ana shu diydorga yetganimizda ularning xursandchiligi biz uchun ham duo, ham mansab, ham martaba o‘rnini ming karra ziyod bosishini esa xayolimizga keltirmaymiz. Axir bu olamda ota-onaning duosidan ham ulug‘ duo bormikan?! Keling azizlar, Yaratgandan iltijo qilaylikki, barchamizga ota-onamizning duoyi fotihalarini olish saodati nasib etsin!
Benazir san’atkor Sherali Jo‘raevning “Arg‘umoq ostingdadur” nomli qo‘shig‘ini eshitganimda ko‘nglim anglab bo‘lmas mungga asir bo‘lgandi. Bu mung esa menga katta saboq berdi? Qo‘shiqni tinglaganda, Sizning ko‘nglingizdan nelar kechar ekan, qadrdon?!

“TOPILUR”

Fikr qil hushing bilan, yur rahnamo ham topilur,
Majlis aro bo‘lmamish, ahvoli bejo topilur.
Qomati zebo sanam, nozik ado ham topilur,
Izlasang astoydil mard oshno ham topilur.

Hurmatingni qilmasa o‘zingcha turga chiqmagil,
Minnat ahli oshini ochingdan o‘lsang yemagil.
Lavhayi dilni tuzat, do‘st topilmas demagil,
Izlasang astoydil har muddao ham topilur.

Sen o‘zing yorga vafo, qilmoqda bo‘lsang barqaror,
Qo‘y, havas fikru buzuqlar ta’nasiga qilma or,
Chin mard bo‘lsang agar, qilma, so‘zing bee’tibor,
Har kimning peshonasiga bitgan bir baxti bor.
Bevafolik qilmasang ahli vafo ham topilur.

Tirik jon borki, mudom nimaningdir ilinjida yashaydi. O‘z maqsadlariga erishmoq yo‘lida izlanadi, intiladi. Yetsa, topsa, qo‘lga kiiritsa, erishsa, muvaffaq bo‘lsa, xumori bosilsa ko‘ngli taskin topadi. Aksincha bo‘lsa-chi? Tushkunlikka tushadi, xafa bo‘ladi, iztirobga botadi. Ammo bu dunyoning hech bir anduhi g‘am chekishga arzimaydi. Zero, koinot yaralgandan buyon eng katta fojia, bu payg‘ambarimiz Muhammad sallollohi alayhi vasallamning hayotdan ko‘z yumganlaridir. Shunday ekan, ozmi-ko‘pmi umrimiz davomida yaxshi amallar bilan yurishimiz, bir-birimizga ezgulik qilishimiz Haqning oldida ham, xalqning oldida ham ma’quldir. Hofiz tomonidan mahorat ila ijro etilgan “Topilur” qo‘shig‘ining misralaridan ko‘rinib turibdiki, bu hayotda odam bolasi izlagan narsasiga astoydil intilsa, albatta unga erishadi. Ya’ni, har bir amalimiz niyatimizga bog‘liq. Shoir aytganidek:

Illat izlaganga illatdir dunyo,
G‘urbat izlaganga g‘urbatdir dunyo.
Kim neni izlasa, topgay begumon,
Hikmat izlaganga hikmatdir dunyo.


Ha, shunday. Bu dunyoda odamlar turli narsalarni izlaydilar. Kimlardir razolatdan rohatlansalar, kimlardir mehnatdan manfaat topishni ma’qul ko‘radilar. Yana birovlar o‘zgalarni qiynab huzur qilsalar, ayrimlar kimgadir yaxshilik qilishdan zavqlanadilar. Yaxshiga mukofot, yomonga la’nat borligidan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, ezgulikka intilgan murodiga yetadi albatta. Sherali hofiz kuylayotgan qo‘shiq esa sizu bizni faqat nurli, xayrli manzillarga borishga undaydi. 
Ba’zan “Bu dunyoda haqiqat yo‘q”, deb ayyuhannos solguvchilarni uchratamiz. Agar siz ham shunday toifadagilarga duch kelsangiz, ularning diydiyosiga quloq ham tutmang, yordam qo‘lini cho‘zishga-da urinmang. Zero, o‘z vujudida haqiqatni ko‘rmagan odamning bu haqda gapirishga haqqi yo‘q. Mulohaza qilib ko‘raylik, kamina totuvlik haqida tinimsiz gapirsam-u, ammo amalda g‘alamislik qilib, birovlarning o‘rtasidagi do‘stona rishtalarni buzsam yoki pinhona kimlarningdir yuragida xusumat uyg‘otsam nima bo‘ladi? Albatta men bir kun kelib yolg‘on gapimning, munofiqligimning kasriga qolaman. Shunday ekan, haqiqat yo‘q, deyuvchilar har doim ham to‘g‘ri xulosa chiqarmagan bo‘ladilar. 
Haqiqat qaerda? Ko‘ngilda. Qilayotgan ishimizda, tilagu istaklarimizda, niyatimizda haqiqat. Toki biz yaxshi obro‘ga, e’tiborga, martabaga ega ekanmiz, anglash lozimki, bularning barchasi dildagi pokiza niyatlarimizning jo‘sh urganligidandir. Mabodo dilda bokira tuyg‘ular mavjlanmas ekan, unda odam bolasining boshiga qaro kunlar tushaveradi. Qo‘shiqdagi “Lavhayi dilni tuzat...” deya xitob qilingan jumla aynan mazkur haqiqat xususidadir.
Oramizda yana shundaylar uchraydiki, ular bilan bir davraga tushib qolganingdan, hattoki undaylarga ko‘zing tushib qolishidan or qilasan kishi. Ular ­ yuzsizlar, surbetlar, betavfiqlardir... Ular har qanday joyda ­ majlisda ham, to‘yda ham, hattoki janozada ham o‘zlarining qitmirliklarini ko‘rsatib turishadi. Agar kimdandir manfaat kelishi naqd bo‘lsa, go‘ngda ag‘anab, mag‘zavada cho‘milishdan ham toyishmaydi. Chunki ular o‘z nomi bilan yuzsizdir. Shu o‘rinda bir voqea yodga tushadi. 
Tanishlarimizdan birining onasi qazo qildi. To‘yga bormasang borma, ammo janozadan qolma, deganlaridek, ta’ziyaga bordik. Qabristonda hech kim kutmagan holat ro‘y berdi. “Birodarlar, falonchi qanday odam edi?” deya berilgan so‘roqqa “Yaxshi edi” deb javob berish hammamiz uchun farzu qarz. Ammo shuni biladiganlar, bilib turib bilmaslikka oladiganlar ham borligini umrimda birinchi marta ko‘rdim. Xullas o‘sha kuni shu so‘roqqa jamoat yaxshi deb javob berdi-yu, faqat bir kishining “Ha yaxshi edi, faqat bitta shoxi kam edi”, degani hammani mulzam qildi. U bu sovuq gapi bilan nafaqat marhumning yaqinlarini, shu bilan birga boshqalarni-da qattiq ranjitdi. Bilsak, u marhumning obro‘-e’tiborli farzandlarini ko‘rolmas, shu bois ularga mudom g‘araz ko‘zi bilan qarar ekan. Bu gapni u nima uchun aytdi bilmadim-u, ammo shunisi aniqki, dillarni og‘ritgan odam ikki dunyo rushnolik ko‘rmaydi. Bunday yuzsizlardan Yaratganning o‘zi asrasin! Qo‘shiqdagi “Lavhayi dilni tuzat...” misrasining yana bir ma’nosi mana shudir. 
Aytaversak, ushbu ajoyib xonishda yana ko‘plab ma’nolar mujassam. Ulardan eng muhimi, eng asosiysi, avj nuqtasi esa Har kimning peshonasiga bitgan bir baxti bor, degan jumladadir. Zero, biz bandalar xom sut emganimizga borib, ba’zan qismatdan noliymiz, hayotimiz davomida uchrab turadigan katta-kichik tashvishlar uchun peshonani sho‘rlikda ayblaymiz. Biroq, muqaddas kitoblarda aytilishicha, odam bolasining qismati u tug‘ilmasdan ilgari bitib qo‘yilarkan. Shunga ko‘ra, taqdiridan noligan kishi Yaratganning qahriga qolarmish. Har qancha yugursak-elsak-da baribir TAQDIR barhaqdir. Undan qochib qutulib bo‘lmaganidek, uni o‘zgartirish ham mumkin emas. Shu ma’noda, qo‘shiqdagi asosiy misra biz uchun har tomonlama ibratlidir. Ushbu saboqni anglamoq uchun esa Hofiz qo‘shiqlarini tinglamoq lozim...

“GULBADAN”

Kuylarim yetgaymikan, senga borib,
Tinglasa, ketgaymikan, toshlar erib,
Suhbatingdan bahra olsam, o‘ltirib, 
Na bo‘lar, kelsang quchog‘imga kirib, Gulbadan.

Oy tiniq, oydin-da oydir oq yuzing,
Sharqiroq soydan-da sho‘xroqdir so‘zing,
Ko‘zlarimga to‘tiyo bosgan izing,
Na bo‘lar, kelsang quchog‘imga o‘zing, Gulbadan.

Gulbadan gul ham o‘zing, noz ham o‘zing,
Kuy-qo‘shiq, ohang o‘zing, so‘z ham o‘zing.
Tanda darmonim seningsiz yo‘qday, 
Na bo‘lar jondek kirib kelsang, o‘zing Gulbadan.

Ushbu qo‘shiq ilk bor yangrab, respublikamiz uzra tarqalganda haqiqiy kuy-qo‘shiq shaydolari yana bir bor qalqib tushdilar. Azbaroyi musiqaning jozibasidan, mashhur hofizning ohangga mos qo‘shiq kuylaganidan ko‘ngillar quvonchga, ko‘zlar yoshga to‘ldi. Sherali Jo‘raevning mashhur va o‘lmas qo‘shiqlari qatoridan joy olgan ushbu xonish qanday yaratildi va u nima haqida? 
Bu haqda O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘raevdan so‘raganimizda, u kishi shunday javob bergan edilar:
Avvalo, ko‘pgina qo‘shiqlarimiz yo‘lda, safarlarimiz chog‘ida tug‘ilganini aytib o‘tishim joiz. “Gulbadan”ning yaratilishi esa qiziq bo‘lgan. Chimkentga to‘yga ketayotgandik. Yo‘lda bir dovondan o‘tayotganimizda, ko‘zim toshga o‘yilgan kiyiklarga tushdi. Boshqani bilmayman, ammo bu manzara menga nihoyatda ma’qul keldi, yuragimga ilhom bag‘ishladi. Shu yerning o‘zida dilimdan: “Kuylarim yetgaymikan senga borib” deb boshlanuvchi to‘rt qator misra o‘tdi. To‘ydan qaytayotganimizda ham o‘sha manzara oy yog‘dusida ajib go‘zallik kasb etib turganini unutolmayman. Va shu tarzda keyingi misralar dilimda paydo bo‘ldiki, ularni yonimdagilarga aytib turib yozdirdim. Musiqasi ham o‘sha paytning o‘zidayoq dilimda mavjlangandi...
Hofiz qalbini maftun etgan ushbu go‘zallik, ko‘p o‘tmay qo‘shiq bo‘lib tarannum etilgach, muxlislar ham zavq oldilar. To‘ylarda, yig‘inlarda, mashvaratlarda shu qo‘shiqni tinglash avj oldi. Ammo ko‘plar o‘ylaganidek, bu qo‘shiqda yor vasli, jonona ishqi kuylanmagan. Bu qo‘shiq, aslida, Allohga muhabbat, munojotni ifoda etgani bilan e’tiborlidir. 
Tasavvuf adabiyotidan ma’lumki, Allohga bo‘lgan muhabbat ko‘proq yor, ma’shuqa timsolida talqin etiladi. Shundan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, “Gulbadan” ham chin ma’noda Yaratganga bo‘lgan munojotni bildiruvchi kuydir, qo‘shiqdir. 
Bunday fikrga kelishimizga esa yetarli asoslar bor. Masalan, e’tibor bering, qo‘shiqdagi dastlabki misralarni tahlil etib ko‘raylik. Birinchi to‘rtlikdan kelib chiqadigan xulosa shundaki, bunda avvalo, Parvardigorga iltijo ila kuylarim yetgaymikan senga borib, deyilmoqda. Aytish joizki, har bir banda bu dunyoda Yaratganga munojot qiladi. Niyati, istagi, tilagi, maqsadi, murodi, iltijosi, o‘tinchi, so‘rashi orqali Yaratgandan panoh istaydi. Albatta bunda u so‘raganlariga nisbatan o‘zi munosibmi yo‘qmi, bu haqda o‘ylashni ikkinchi masala o‘rnida ko‘radi. Lekin, biz o‘zimizni o‘zimiz tergashimiz kerakki, ey inson, sen so‘raganingga yarashadigan biror fe’l-atvorga yoxud amalga egamisan, deya. Shu ma’noda, biz, bu dunyoda qanchalik pokiza bo‘lsak, odamlarga, yon-atrofimizdagilarga nisbatan ezgulik yalovini tutsak, bir so‘z bilan aytganda, chin ma’noda ODAM bo‘lsak, ALLOH ham ana shu amallarimizga yarasha javob beradi. Yanayam to‘g‘rirog‘i, biz yetuk inson darajasiga yetsakkina Xudoga iltijo qilamiz. Hofizning mazkur qo‘shig‘idagi kuylarim yetgaymikan senga borib, deyilishida ayni shu mulohazalar jamki, bunda biz o‘z haq-huquqimizni, iltijomizni O‘ziga yetib borishidan umidvormiz. Hofizning dilida tug‘yon urgan bu misralar ilohiy hikmatlarga tayanganligi bilan ahamiyatga molikdir. Endi ikkinchi misra, ya’ni “Tinglasa ketgaymikan toshlar erib” haqida, umuman shundan keyingi misralar xususida to‘xtaladigan bo‘lsak, bunda ham yuqoridagi fikrlarga, mushohadalarga tayanamiz. 
Muqaddas kitoblarda bayon etilishicha, Muso payg‘ambarning qavmida shirk botqog‘iga botgan ayrimlar: “Ey, Muso payg‘ambar bo‘lsang, xudoyingga ayt, bizga o‘z jamolini ko‘rsatsin!” deyishganda ul muborak zot ruhan ezilgan ekanlar. Shu lahzada Parvardigori olam o‘zining benazir bandasi, ya’nikim Muso alayhissalomga dalda ma’nosida shunday deydi: “Ey, Muso, sen boshingni yerga egma, aksincha qaddingni baland tutib, qavmingga aytgil, ular toqqa qarasinlar!” Shul hukmga ko‘ra, qavm toqqa qarab, hayratdan tosh qotishadi: ulkan tog‘ ularning ko‘z o‘ngida parcha-parcha bo‘lib ketadi. Nega? Chunki, Parvardigori olam o‘z jamolini toqqa qadagan edi. Agar U bandalarga tomon nigoh tashlaganda aniqki, bunda halokat ro‘y berardi. Demak, bu o‘rinda anglash o‘rinliki, bandalar har qancha osiy bo‘lmasin, Sarvari olam baribir mehribonlikda mutlaqdir. Dilbar shoir Muhammad Yusuf yozganidek:

Mutlaq Kamol, mutlaq Jamol,
Alloh go‘zal, Alloh go‘zal...

Ushbu mulohazalardan anglash lozimki, agar bizning so‘zlarimiz yonimizdagilarga ta’sir etsa, unda bu kalomimizga Yaratgan egam fayz beribdi, ma’no beribdi. Shuning uchun ham hofiz bu misralarning tosh yuraklarni eritishini, ularda ham ezgulik chamani paydo bo‘lishini istab nolish qilayotir. 
Zotan, atrofga boqing: har bir chamanda, har bir giyohda Alloh mo‘’jizasi namoyon: umrimiz davomida uyg‘onish, jamiyatga foydamiz tegishi fursati kelayotganligi haqida bahor ­ uyg‘onish fasli bizni qitiqlaydi, uyg‘on deydi. Undan keyin yoz fasli keladi, mevalarimizning to‘kis bo‘lishini uqtiradi: farzandlarimiz, aka-ukalarimiz baxtini ko‘rmoq sharafidir bu ayyom. So‘ngra oltin kuz fasliga boqing. Endi umrning shomi keldi. Kunu tun, o‘tib ketdi, amallar barham topdi. Endi uning samarasi ne, shuni ko‘ramiz: yo jannat, yo do‘zax. Aslida bu haqda o‘ylashning o‘zi kimlarnidir vahimaga solib qo‘yadi, lekin, biz bu haqiqatdan ko‘z yummasligimiz kerak ­ baribir bir kuni o‘lim haq. 
Hofizning “Gulbadan” qo‘shig‘i qalblarimizga nur olib kirayapti, shuning uchun ham uni sevib tinglaymiz. O‘z o‘rnida bu nur sizu bizni Haqqa, Haqiqatga yetaklaydi…

“DILRABO KUYMISAN…”

Dilrabo kuymisan yo g‘azalmisan,
Nogoh xayolimni tilding munojot.
Oshiq taqdirimda sen azalmisan,
Nechuk oshuftahol qilding munojot.

Yo visol onlarin shirin sabosi,
Goh hijron dardining yolg‘iz davosi,
Yo miskin qalbimning mungli navosi,
Bunchalar xayolga tolding munojot.

Yo kuydan yaralgan g‘am-nolamisan,
Ko‘z yoshdan quyilgan shalolamisan
Yoki sevgi bilmas yosh bolamisan,
Bilmay ishqim gulin yulding munojot.

Sen javobsiz mangu savol ekansan,
Shoirlarga shirin xayol ekansan,
Oshiqqa bir damlik visol ekansan,
Bir tomchi yosh bo‘lib qolding munojot.

Yo zolim hofizga tutqunmisan, san,
Bo‘sadan sachragan uchqunmisan, san,
Har qaysi ko‘ngilga mumkinmisan, san,
Ko‘nglimda ne o‘tsa-da, bilding, munojot.

Hazrat Alisher Navoiy qalamiga mansub “Kecha kelgumdir debon ul sarvi gulru kelmadi…” deya boshlanuvchi g‘azal barchamizga ma’lum. Ushbu g‘azalning kuyga solinib, elimizning bir qator mashhur hofizlari tomonidan kuylanganidan, kuylanayotganidan ham xabaringiz bor. Sherali Jo‘raevning bugun biz tahlil qilayotgan qo‘shig‘i esa ayni shu g‘azalga nisbatan aytilgan desak yanglishmaymiz. Shuning uchun ham ushbu qo‘shiq ko‘p hollarda “Munojot madhi” deya yuritiladi.
Botirjon degan bir yigit bilan tanish edim. Familiyasi G‘afurov. Shu yigit har kuni Sherali Jo‘raevning mazkur qo‘shig‘ini eshitish bilan ish kunini boshlarkan. Bu gapni eshitganimda men ham sizga o‘xshab dastlab ishonmadim, ammo so‘rishtirib bildimki, bu bor gap ekan.
Shu qo‘shiqni biror kun eshitmasam, o‘sha kuni ishim ham yurishmaydi, kayfiyatim ham bo‘lmaydi, ­ deydi u jiddiy turib. ­ Bu ashulani bolaligimda eshitganman, eshitganman-u haqiqiy qo‘shiq qanaqa bo‘lishi lozimligini anglab yetganman. Bu yog‘ini so‘rasangiz, men Sherali hofizning hamma qo‘shiqlarini qadrlayman, ammo bu qo‘shiqqa nisbatan mehrim bo‘lakcha…
Men yuqorida bu yigit haqida gapirib bekorga “tanish edim” demadim. Gap shundaki, uning ushbu qo‘shiqqa bo‘lgan mehridan keyin ikkimiz endi quruq tanish emas, balki do‘stu qadrdonga, aka-ukaga aylandik. Keyin bilsam, hofizning qo‘shiqlari tufayli bir-biri bilan tanishgan, ahil-inoq birodar tutingan kishilar oz emas ekan… 
Keling endi qo‘shiq haqida gapiraylik. Ushbu ashulaning boshdan-oyoq mung bilan, dard bilan aytilganligi muxlislarga yaxshi ma’lum. Oshiqlik nima, muhabbat ne, chin insoniy dard qanaqa bo‘ladi, degan savollarni o‘zida mujassam aylagan va bu savollarga ta’rifga sig‘mas javoblar berguvchi xonishni biror inson befarq tinglarmikan? Zero, bu qo‘shiqni e’tibor bermay, shunchaki tinlaydiganlarning yuragi yo toshdan yo temirdan bo‘lishi kerak! 
Muhabbatning ko‘zi ko‘r bo‘ladi, deydilar. Muhabbatning O‘zi-chi? U qanaqa ekan? Bu tuyg‘u yuksakdir, benazirdir, betizgindir. Shuningdek, u shafqatsizdir, yovuzdir, zolimdir, berahmdir, qattoldir. Yo‘qsa, ming-minglab oshiq dillar o‘z ma’shuqalari visoliga yetishmay armonga mahkum bo‘lmasdilar, balkim... Ammo Yaratgan Egam solih bandalari uchun o‘limdan boshqa dardlarga davo buyurganidek, o‘z mahbubasiga erisholmagan zabun dillar uchun ham malham atagandir. Bu malham ba’zan kuy-qo‘shiq tarzida bo‘lishini aytsak, ishonmassiz, ammo “Munojot madhi” singari xonishlarni eshitib bu haqiqat qarshisida bosh egmaslikdan o‘zga choramiz qolmaydi.
Hech e’tibor berganmisiz, Qur’oni karim suralari tilovat qilinganda, kishi ruhiyatida allaqanday xotirjamlik, osoyishtalik, muloyimlik paydo bo‘ladi. Nega shunday? Gap shundaki, oyatlar zamirida haqiqat, adolat mavjud. Insoniyatni to‘g‘ri yo‘lga boshlab, zalolatdan qaytaruvchi, shaytonning emas, Rahmonning aytganlariga bo‘ysunishni targ‘ib etuvchi bu so‘zlarning benazirligi, beqiyosligi, betarorligining siri mana shunda bo‘lsa, ne ajab! Aytmoqchimizki, chin dildan yaratilgan qo‘shiq ham mana ushbu muqaddas so‘zlar singari jaranglab, dillarimizga, shuurimizga nur olib keladi. Yuqorida Botirjon ismli do‘stimizning holatidagi o‘zgarishlar ham ayni mana shu ohanrabo tufaylidir. 
Sherali Jo‘raev haqidagi bundan oldingi chiqishlarimizda u kishi ijrosidagi xonishlarning inson hayotini o‘zgartirib yuborganligi xususida gapirgan edik. Bugun ham “Munojot madhi” bilan bog‘liq bir voqeani keltirishni joiz deb bildik. 
Bunga ko‘p yillar bo‘ldi, ­ deya gap boshladi Gulsanam opa (ism o‘zgartirildi). ­ Maktabda o‘qib yurgan kezlarimda Rasuljon ismli yigitni sevardim. U mendan ikki sinf yuqorida o‘qir, tanaffus chog‘ida bir-birimizga zimdan tikilishni kanda qilmas edik. Bir gapni aytay, men ota-onamdan nihoyatda qo‘rqar edim. Agar ular mening ko‘nglimdagini bilib qolishsa, terimni shilib olishlari tayin edi. Umuman, biz tomonlarda g‘alati odat bor ­ qizlar haqida biror gap chiqsa, uning ota-onasi nomusdan go‘yo o‘lim bilan yuzlashardi. Shuni bilganim holda men Rasuljon bilan nihoyatda ehtiyotkorlik bilan uchrashib turardim. Lekin bu pinhona yurishlarimiz oshkor bo‘ldi. Yon-atrofdagilar, teng-to‘shlarim menga kinoya bilan gapirishar, xuddi sevish-sevilish og‘ir gunohdek bizni ko‘rishsa qochadigan bo‘lib qolishdi. Bu holdan men dahshatga tushdim ­ bor gap uydagilarimga yetib borishi shubhasiz. Endi nima qilaman? Xayolimga kelgan birinchi savol shu bo‘ldi. Hozir o‘ylab ko‘rsam, o‘shanda nima uchun bunchalik qo‘rqqan ekanman, hayronman. Holbuki, men Rasuljon bilan faqat chin dildan sevishganman, u mening hatto qo‘limdan ham ushlagani yo‘q. Biz bokira muhabbatning, pokiza tuyg‘uning, sof sevgining asirlariga aylangan edik, xolos. Afsuski, o‘shanda qo‘rqqanimizdan oyoq tirab oldikki, bizning o‘rtamizda hech qanaqa munosabat yo‘q, deb. Harholda Rasuljon ham, men ham sevgimizni qurbon qilgan edik.
Vaqt ­ hamma narsaning davosi, deydilar. Balki shundaydir, ammo yillar o‘tgani sari mening dardim yallig‘lansa yallig‘lanadiki, aslo pasaymaydi, chora topmaydi… Mening maktabni bitirish paytim Rasuljonning armiyani tugatish davriga to‘g‘ri kelgan edi. Men uni zimdan kutardim, ammo u qaytmadi. Avval xizmat joyida qolganini, keyinchalik esa hech qanday xat-xabar yo‘qligi haqidagi gaplarni eshitdim. Faqat uni menga eslatadigan birgina narsa bor: xat. Xizmat muddatiga sanoqli kunlar qolganda yozilgani ko‘rinib turgan bu xat bir dunyo iztirobga to‘la edi. “Agar qishloqqa qaytsam, odamlar meni ko‘rib, sen bilan bog‘liq xotiralarni qo‘zg‘ashadi, bu sen uchun, ota-onang uchun og‘ir, albatta. Shuning uchun men shu yerlarda, seni qalbim ardog‘ida tutib yashayman” deb yakunlanuvchi bu xatni yig‘lab-yig‘lab o‘qidim, hamon o‘qiyman. Axir shu xatni o‘qib Rasuljonning sevgisi beqiyos ekanini tushunganman. Ammo nima qilay, xatni yozgan aziz kishim endi yo‘q. Turli gap-so‘zlarga qaraganda, u avtohalokatga uchrab dunyodan o‘tganmish. Agar shunday bo‘lsa, ruhi tinch bo‘lishini, agar hayot bo‘lsa omonligini xudodan so‘rayman…
Opaning bu munglig‘ hikoyasi bir qarashda oddiydek ko‘rinar, ammo ayol kishi baribir ayol kishida, dilidagi izhorlarni ming istihola bilan gapirdi. E’tiborimizni tortgani shu bo‘ldiki, u kishi hofizning “Munojot madhi”, “Munojot”, “Asl yoring” singari qo‘shiqlarini tinglab o‘zini ovutarkan. Dardli qo‘shiqlarni eshitish men uchun og‘ir, ammo ulardan o‘zga yupanch yo‘qligi yanada og‘ir, deydi ko‘zlari bir umrlik mahzunlikka mahkum Gulsanam opa.
Ne bo‘lgan taqdirda ham men bundaylar oldida ta’zimdaman. Zotan, o‘z sevgisini, nomusini guldek avaylab, toshdek qattiq tutgan shundaylar borligi uchun ham muhabbat mangudir, abadiydir, mudomdir, boqiydir. Va bu haqda aytilgan qo‘shiqlar ham…

“VATAN DEGAN HAR KAS VATANPARVARMAS”

Qo‘shiq ­ inson tafakkuri mevasi. U ko‘ngilning Allohga munojoti, o‘z yoriga yetisholmagan oshiqning nolasi, do‘stidan, diyoridan ayrilgan o‘g‘lonning faryodi... Yaxshi qo‘shiq shoir, musiqachi va xonanda hamkorligida yaratilgan ­ mukammal san’at asari. Uning boshi-oxiri, kichik, katta avjlari, tuguni-echimi, tinglovchiga aytadigan gapi ­ ma’no-mazmuni, maqsadi bo‘ladi. Ayni shu omillar mujassam bo‘lsagina, qo‘shiq ko‘ngilga yetib boradi, uni ijro etuvchi elning ardog‘ida bo‘ladi. Ushbu haqiqatni esa kimlar anglab yetadi, kimlar esa yo‘q. Shuning uchun bugun qo‘shiqchilik san’atida bahstalab, to‘g‘rirog‘i, “tahrir” talab qo‘shiqlar ko‘payib bormoqda. Buning yana bir sababi, aksariyat xonandalar o‘zi aytayotgan qo‘shig‘ini chin dildan his etmaydi, aksincha, shunchaki xirgoyi qiladi. Ushbu maqolani yozishdan maqsad, Vatan haqidagi qo‘shiqlarning yengil-elpi bo‘lib borayotgani va buning omillari xususida. 
E’tibor berib qarasak, bugungi ayrim xonandalarning ko‘proq ijodi, shuningdek ularning yurish-turishlari, o‘zlarini tutishlari kishilarning asabini o‘ynatmoqda. Ayrim yoshlarning yirtiq shimlarda, ayol xonandalarning esa yarim yalang‘och holatda sahnaga chiqishlari mentalitetimizga to‘g‘ri kelmasligi haqida bot-bot gapiramiz-u, lekin bunga qarshi chora-tadbir ko‘rilmaydi. Boz ustiga bundaylarning yurt haqida xonish qilishlariga nima deysiz? To‘g‘ri, Vatanga bo‘lgan muhabbat kishining yurish-turishi, kiyimiga qarab belgilanmaydi, bunday tuyg‘u har kimning yuragida tug‘yon urishi mumkin. Ammo biz har qanday holatda ham urf-odatlarimizga, betakror an’analarimizga sodiq holda aytayotgan gapimizga munosib bo‘lmog‘imiz darkor. Masalan, “Sen uchun qalqonmiz, O‘zbekiston” misrasining qorin ochiq, kindik bo‘rtib turgan holatda aytilishini harchand urinsa-da, ko‘z oldiga keltirolmaydiganlar istagancha topiladi. Negaki, bizning hech qaysi xalqnikidan ustun bo‘lsa ustunki, kam bo‘lmagan urf-odatlarimiz, san’atimiz borligini takror-takror bo‘lsa-da aytishdan charchamaymiz. Mana shu haqiqatning yuziga bilib-bilmay oyoq qo‘yayotgan, o‘zini, o‘zligini unutib qo‘ygan ayrim “yulduzcha”larning ko‘zi esa burnidan narini ko‘rmayotgani ajablanarlidir, albatta! Bunday deyishimizning esa sabablari bor, albatta.
Bugun ayrim xonandalar Vatan haqida qo‘shiq aytib, go‘yoki yurtni ushlab turgandek gapirishadi. Holbuki, ota-bobomiz biror foydali ish qilsang, u haqda o‘zing emas, boshqalar gapirsin, yo‘qsa, qilgan ishing minnatga aylanadi, deydilar. Shu o‘rinda bir suhbat esga tushadi. Yaqinda bir ayol xonanda radio orqali shu yo‘nalishda yangi qo‘shiq yaratganini aytarkan, shunchalik osmondan keldiki, qo‘yaverasiz. Xuddi uning bu qo‘shig‘i bo‘lmasa, mamlakatimiz xarobazoru, san’atimiz osmonida undan o‘tadigan qo‘shiq yo‘qdek. Suhbatdan so‘ng uning qo‘shig‘i yangradi. Qanaqa ekan deysizmi? Bu haqda faqat o‘z fikrimni aytsam yaxshi bo‘lmas, deya besh-olti nafar ashulani teran tushunadiganlar bilan bir bo‘lib qo‘shiqni qayta tingladik va SMS orqali bo‘lmasa ham, ko‘ngildan ovoz berdik: RASVO. Chunki yuqorida ta’kidlaganimizdek, bu qo‘shiqda SO‘Zni his qilish yo‘q. Afsuski, bunday soxta qo‘shiqlar ko‘payishining sababi ham so‘zga bo‘lgan munosabatning haminqadarligidir. 
Vatan haqida paydo bo‘layotgan bunday noshud qo‘shiqlarga yana bir qusur sababchi. Uyam bo‘lsa xo‘jako‘rsinlik. Zero, bugun kimdir birovga yoqish uchun, yana birov hamma shunday yo‘nalishda kuylayotgani uchun, yana boshqa birov mavridi kelgani uchun, yana kimdir esa “hisobot” uchun yurt haqida o‘zicha kuylamoqda. Natija esa aniq: bachkanalik. 
Xo‘sh, Vatan nima, u haqda aytiladigan qo‘shiq qanday bo‘lishi lozim? Keling, ana shu savollarga javob izlaylik.

Vatan. Bu muborak kalom aytilganda , dastlab, ko‘z o‘ngimizda tug‘ilib o‘sgan go‘sha miz, tabarruk zamin gavdalanadi . So‘ng ota-onamiz, qadrdon oshnalar, do‘stu yorlar chehrasi namoyon bo‘ladi. Betakror udumlarimiz, faqat o‘zimizgagina xos an'analarimiz bo‘y ko‘rs atadi. Bir so‘z bilan aytganda, Vatan ­ ona kabi aziz , do‘st singari qadrdon, h ammamizga boshpanadir . Shuning uchun h am keksalarimiz duoga qo‘l ochganlarida, eng avvalo, osoyishtalikni, xotirjamlikni tilaydilar. Zotan, el-yurt ning osoyishtaligi, ozodligi h ar narsadan ulug‘ . Bu ulug‘likni qadrlash esa h ar bir insonning farzidir. Vatanparvarlik nafaqat o‘z yurtingni balo - qazolardan asrash , balki uning taraqqiyoti uchun kurashish ham demakdir .

Hammamiz guvohmiz, aminmizki, yurtimizda barcha sohalarda katta o‘zgarishlar, havas qilsa arzigulik yangilanishlar ro‘y bermoqda. Hech bir jabhadagi muvaffaqiyatlarni unutmagan holda, birgina ma’naviy yuksalish yo‘lidagi ishlarni olaylik. Ahamiyat bergan, yon-atrofimizdagi o‘zgarishlarga befarq bo‘lmagan kishi istiqlolimizning dastlabki yillaridanoq yurtimizdagi aziz-avliyolarning, piri komillarning xarob joylari obodonlashtirildi, ziyoratgohga aylantirildi. Bahouddin Naqshband, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Motirudiy, Shohi Zinda singari ko‘plab ulug‘ zotlarning xoki poylarini avvalgi holati bilan bugungisi taqqoslansa aql shoshadi: mo‘’jiza. Mamlakatimizga tashrif buyurayotgan minglab xorijiy sayyohlar, mehmonlar bu mo‘’jizani ko‘rib hayratlanmoqdalar. Bunday ardog‘u e’zozdan ruhlanib, yurtimizda aziz kishilarga bo‘lgan munosabatning beqiyos ekaninini bot-bot e’tirof etadilar. 
Bu savob ishlar o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgani yo‘q, albatta. Dilida iymoni mustahkam, o‘z orzularini shu yurt, shu elning maqsad-muddaolari bilan bog‘lagan odamgina bunday ishlarga qo‘l uradi. Zero, azizlari e’zozlangan yurtdan qut-baraka, fayz arimaydi. 
Shunday ekan, vatan haqidagi qo‘shiqlar ham mana shunday buyuk ishlarga, ko‘ngildagi pokiza niyatlarga munosib bo‘lmog‘i darkor, deb o‘ylaymiz. 
Ushbu maqolani yozish xususida o‘ylab yurganimda yetuk hofiz Sherali Jo‘raevning yangi qo‘shig‘ini eshitib zavqlandim. To‘g‘ri, bu hofiz bundan oldin ham yurt haqida diltortar qo‘shiqlar yaratgan. Uning yangi ashulasi esa “Vatanni madh etuvchi qo‘shiq qanday bo‘lishi kerak?” degan savolga ayni munosib javob edi. Kaminaning mazkur xonish borasidagi hayajoni bejiz emasligini isbotlash uchun qo‘shiq misralarini to‘lig‘icha keltirishni joiz deb bildim.

Har bir tepalik ham tog‘ deb atalmas,
Har bir uchgan jism sarlochin ­ qushmas,
Yozda yoqqan qor ham rostakam qishmas,
Yolg‘on va’dalarga yolg‘on ham pishmas, 
Otidan tushsa ham egardan tushmas,
Soxtalar ichindan qochgil, qorako‘z.

Har bir tepalik ham tog‘ deb atalmas,
Vatan degan har kas vatanparvarmas,
Kimdir yonib o‘tar, kim tutab qo‘ymas,
Kimningdir qalbida tangrisi bo‘lmas,
Bilsang, bilmaganday o‘tgil, qorako‘z.

Orzuim, shod ko‘rsam momolarimni,
Oppoq yaktaklarda bobolarimni,
El shodon tinglasa sadolarimni,
Tinglasa alamsiz navolarimni
San-da quchoq ochib kelgin, qorako‘z.

Samimiy qo‘shiq. Shunday emasmi? Bu tashbehning ildizi ota-bobolarimizning, momolarimizning duolaridan suv ichgan deyish mumkin. Zero, volida o‘z farzandini ko‘z qorachig‘idek aziz ko‘radi va uning kamolotini o‘ylab yashaydi. Ko‘nglidagi eng ezgu va ulug‘vor niyatlarini bolasiga hamroh bo‘lishini tilaydi. Demak, Vatan deyilganda Ona so‘zini qo‘shib aytish bejiz emas. Bunda har ikkisining maqomi bir bo‘lganidek, ularni jondek, ko‘zimiz oqu qarosi singari asrab-avaylash biz, farzandlarning, shu yurt fuqarolarining burchi ekan-da! Mazkur qo‘shiqda ana shu haqiqat ilgari surilgan. Soxtalar ichindan qochgil qorako‘z, deganda hofiz bugun sizu bizga, millatimizga, ma’naviyatimizga, urf-odatlarimizga tahdid solishga urinayotgan ongi puch, vijdoni kemtik, iymoni sust, dili pajmurdalardan ehtiyot bo‘lishimizga undayotir. 
Aytishingiz mumkin, bu mavzu haqida shunchalik ko‘p gapirish shartmi, deb. Aslida biz ham bu savolni o‘zimizga berib ko‘p o‘yladik. Chunki yuqoridagi gaplardan kimlardir xafa bo‘lishi turgan gap, axir aksariyatimiz bir-birimizni maqtab, borimizni ham yo‘qqa chiqarayotgan, o‘zini o‘zi aldayotganlar toifasiga kiramiz. Shu ma’noda, yuqoridagi fikrlardan xafa bo‘lganlar bizning-da dilimizni ranjitishsa rozimiz. Faqat bir o‘tinchimiz bor: aytganlarimizdan to‘g‘ri xulosa chiqarishsa bo‘lgani. Zero, kamina shu yurtning bir fuqarosi sifatida mamlakatimizga daxldor har qanday og‘riqli nuqtaga dosh berolmaydiganlardanman… 

“ZEBO EMAS”

Sevimli hofizimizning muxlislariga yaxshi ma’lumki, mumtoz adabiyotimizning yetuk siymolari g‘azallariga bastalangan qo‘shiqlar Sherali Jo‘raev ijodining asosiy mundarijasini tashkil etadi. Bu borada, ayniqsa, hazrat Mir Alisher Navoiy misralarining hofiz tomonidan zo‘r ishtiyoq va mahorat bilan kuylanishi ko‘ngillarimizni zabt etgan. Xususan, Alisher Navoiy qalamiga mansub “Sarvi gulru kelmadi”, “Oshiq bo‘ldim”, “Izlangiz”, “Shirindur”, “Qaro ko‘zim” va shu singari g‘azallarni Sherali Jo‘raev ijrosida tinglash kishiga katta zavq-shavq bag‘ishlaydi.
Albatta, Navoiy ijodi ummon qadar bepoyon, ufq yanglig‘ besarhaddir. Bunday ulkan xazinani tushunish uchun Navoiy badiiyatini sevishimiz, uning ijodiga ayricha nazar va teran shuur ila qarash talab etiladi. Shu ma’noda, Sherali Jo‘raevning hofiz ijodini o‘ziga xos tarzda tinglovchilarga “tarjima” qilishlarini katta savobga mengzash mumkin. Zero, Navoiy ijodini tushunish, his qilish har qanday xonandaning-da qo‘lidan keladigan ish emasligini inobatga olsak, bizning bu so‘zimizga birov ishtiboh bildirmas.
Bizning bugungi so‘zimiz ham baayni buyuk Navoiy lafzlariga mansub bir g‘azal haqidadir. Bu g‘azal hofiz tomonidan aytilgan “Zebo emas” nomli qo‘shiq bilan sizu bizga tanish. Ushbu qo‘shiq bilan bog‘liq holatlar, unda yashiringan sir-asror, ma’no-mantiq haqida fikr yuritish uchun bu gal Sherali Jo‘raevning ashaddiy muxlislaridan birini chorladik.
“Agar Sherali Jo‘raevning qo‘shiqlari bo‘lmaganda, o‘zbek san’ati nihoyatda g‘arib bo‘lib qolardi”, degan gapni ko‘p takrorlaydigan bu do‘stimizning ism-shariflari Rustam JABBOROV. Keling, dastlab matnni to‘liq keltiraylik-da, so‘ng oshufta ko‘ngilning ushbu qo‘shiq xususidagi dil so‘zlariga quloq tutaylik.

Sumbulin Layli ochibdur yel abir oso emas,
Dog‘ini Majnun qonatmish lolayi xumro emas.

Nastarin ko‘zgusidur bir sori men, bir sori yor,
Chehra aksin ko‘rguzur bir yuz guli ra’no emas.

Gulga o‘xshatqan uchun yorimga go‘yo bog‘ aro,
Muztarib ko‘ngul qushidur bulbuli shaydo emas.

Sumbul ustidin nasim esgach nigorim turrasi,
Yod qildimki dimog‘ oshiftadur shaydo emas.

Gulni sarv uzra xayol ettim ko‘ngil bo‘stonida 
Rost aytay sarvi gul ro‘yim kabi zebo emas.

Bo‘lmangiz mag‘ruri husn, ey sho‘xlar bu bog‘ aro,
Siz kabi bulturgi gullardan biri paydo emas.

Menga gulgun soqi-yu bulbulga gul tutmish qadah,
Mast erur ul ham Navoiydek, vale rasvo emas.

“O‘zbek xalqi dunyoga ko‘plab buyuk allomalarni yetkazib bergan. Buyuklik zamon va makon tushunchalarini tan olmaydi, deyishadi. Haq gap. Besh asr muqaddam hazrat Navoiy qalamlaridan quyilgan bunday o‘tlug‘ misralarni ulug‘ hofizimiz Sherali Jo‘raev ijrosida tinglaganimda, shu haqiqatga bot-bot imon keltiraman. 
Sumbulin Layli ochibdir, yel abir oso emas.
Dog‘ini Majnun qonatmish, lolayi xumro emas.

Bu baytlar hofizning shirali ovozida o‘ta ajib va najib taronaga aylangan. Qo‘shiqning ilk misralariyoq kishini xayolot olamiga chorlaydi: Bahor chog‘i. Turfa gullar qulf urgan chaman. 
Bu manzarani mingta shoir ming xil tasvirlagan bo‘lardi. Lekin, Hazrat Navoiyning tasviri bo‘lak. Chamanda gul islarini taratib yurgan mayin yel xuddi Laylining sumbul sochlariga o‘xshaydi. Lola ham shunchaki qip-qizil lola emas, Majnunning qalb jarohatidan oqqan qon.
Qo‘shiq avjiga chiqkan sari yuragingiz qatlaridagi mudroq hislar uyg‘ona boshlaydi. 
...Gulga o‘xshatgan uchun yorimni go‘yo, bog‘ aro,
Muztarib ko‘ngul qushidur, bulbuli shaydo emas.

Mumtoz adabiyotda gulni ko‘proq yorga qiyoslashadi. Biroq, oshiqning ko‘ngil qushi bu o‘xshatishdan uyalib, xuddi bulbuldek bekinib olgan. Ya’ni, yor guldan ming karra chiroyliroq. Keyingi misralarda tasvirlar yanada tiniqlashadi.
Sumbul ustidin nasim esgach nigorim turrasin
Yod qildimki, dimog‘ oshuftadur, savdo emas.

Ya’ni nasim, ya’ni mayin shabboda sumbul ustidan esib, uning xushbuy hislari urilgach, yorimning ro‘molini esladim va dimog‘im oshufta bo‘ldi, savdo qo‘zgaldi. 
Endi ushbu baytga chuqurroq yondashadigan bo‘lsak, sumbul sharq tabobatida shifobaxsh giyohlardan sanaladi va uning hidi savdoni haydash, ya’ni qon qo‘yqasini qo‘zg‘atish xususiyatiga ega. Baytdagi savdo ham ikki xil ma’noda kelyapti. Birinchi ma’nosi, inson vujudidagi xilt, ikkinchisi - savdo, ishq savdosi. Ikki o‘rinda ham she’rning ma’nosi chiroyli chiqadi. Sumbul hidini taratgan shabboda badandagi savdoni uyg‘otsa, yor sochi silagan turra - ro‘mol dildagi savdolarni qo‘zg‘atadi, shirin hislarni yodga soladi. 
Hofiz shu baytda aks etgan chuqur ma’noni his etib kuylagani qo‘shiq ohanglaridanyoq yaqqol aksini topadi. Beixtiyor dimog‘ingizga sumbul hidi oqib kiradi.
Gulni sarv uzra xayol etdim ko‘ngul gulzorida
Rost aytay, sarvi gulruyim kabi zebo emas.

Gulni ma’shuqaning yuziga, sarvni esa, uning tik qaddi-qomatiga mengzaydi. Demak, bu ikki o‘xshatishni birlashtirish uchun, atirgulni sarv daraxtining tepa qismida deb xayol qilish kerak.
Ogahiyning mana bu mashhur bayti ham hazrat Navoiyning shu g‘azalidan ilhomlanib yozilgan bo‘lsa ehtimol! 
Qilgil tamosho qomati zebosi birla orazin
Gar ko‘rmasang gul bo‘lg‘anin payvand shamshod ustina.

Siz ham tasavvur qildingizmi? Tabiat mo‘’jizasi ila sarvning tepa qismida bir juft atirgul ochilib tursa...
Yo‘q, shoirga bu o‘xshatish yoqmaydi. Baribir gulyuz, sarvqomat ma’shuqaning malohatiga teng kelolmaydi. 
Bo‘lmangiz mag‘ruri husn, ey sho‘xlarkim, bog‘ aro
Siz kabi bulturgi gullardan biri paydo emas.

Mumtoz adabiyotga oshno qalblar bu misralarni buyuk hofiz Sherali Jo‘raev ijrosida eshitsalar, dildan oh tortib yuborishlari tayin. Axir bu o‘rinda hayotning davomiyligi, yoshlik va go‘zallikning o‘tkinchiligi ajoyib tarzda ifoda etilgan. 
“Ey sho‘x sanamlar husningizga mag‘rur bo‘lavermang, manavi bog‘da bultur ham hozirgidek go‘zal gullar qulf urgandi, endi ularning o‘rnini yangilari egallagan, siz ham xuddi shu gullar singari ertaga boshqalarga o‘rin bo‘shatib berasiz”.
Darhaqiqat, qanchalik dono, nafis va... shafqatsiz so‘zlar. Hofiz ham bu satrlarni shunchalik fig‘on ila kuylaydiki, beixtiyor mijjalarga yosh qalqiydi. 
Menga gulgun soqiyu bulbulga gul tutmish qadah
Mast erur ul ham Navoiydek vale rasvo emas.

Bog‘ sayri oshiqni ham mislsiz zavq-shavqqa soladi. Gul bulbulga, gulgun yuzli yor esa, oshiqqa qadah tutadi. Bulbul ham sarmast nola chekadi, lekin, u Oshiq ya’ni Navoiy kabi mast bo‘lolmaydi.
Ushbu g‘azal hazrat Navoiyning “G‘aroyib us-sig‘ar” devonidan olingan. Shoir uni yigitlik chog‘ida raqam qilgani uchun g‘azal boshdan oxiriga qadar bog‘ sayri, bahor manzaralari, yoshlik zavqi, ishq sururi haqida bahs yuritadi. G‘azal besh asr mobaynida minglab, millionlab she’riyat muxlislari tomonidan yuksak hayrat bilan o‘qib kelingan. Ehtimol kuyga ham solingandir. U yuz yillar davomida beqiyos ijod mahsuli bo‘lib keldi. Biroq, XX asrda g‘azal hofiz ijrosida har jihatdan mukammal, haqiqiy san’at asariga aylandi, desak, mubolaga bo‘lmaydi…”
Darhaqiqat, shunday. Buyuklik bor joyda ulug‘lik paydo bo‘ladi, deganlaridek, Hazrat Navoiyning ushbu g‘azallari hofiz tomonidan betakror tarzda ijro etilgan. Binobarin, buni tushunmoq saodati Rustam Jabborov kabi minglab muxlislarga-da nasib etgan ekan, bundan faqat va faqat shod bo‘lmog‘imiz darkor.

“YORONLAR”

Do‘st qadrin anglay ey yoronlar, 
Tutmang endi dayr ishin osonlar.
Sotmangiz do‘stlarni bir aybi uchun,
Chalg‘itib bozor to‘la yolg‘onlar.

Odamig‘a husn erur so‘zu ishi,
Naf’i yo‘q tuproqdadur ko‘p konlar.
Do‘st qadrin anglay ey yoronlar, 
Tutmang endi dayr ishin osonlar.

Sir va Jayhun gar Tiyonshondan kelar
Band tikib poylar necha to‘g‘onlar.
Yetti yotlar el bo‘lar tojing uchun,
Ming elan tushsang qochar tuqqonlar.

Har qadamda vo ajab, kimsan demay
To‘xtatib aql o‘rgatar nodonlar. 
Do‘st ko‘nglin ovlang, ey, yoronlar, 
Tutmang endi dayr ishin osonlar.

Ota-onang tayanching, aka-ukang suyanchig‘ing, do‘sting esa har ikkalasidir, degan naql bor. Bu hikmatning naqadar to‘g‘ri ekanligiga shubhamiz yo‘q. Axir, bu dunyoda do‘stlikdan ham ulug‘roq tuyg‘u bormikan? Biroq har kim har narsani o‘z qarichi bilan o‘lchaydi: birov uchun yuksak sanalmish bu tuyg‘u kimlarningdir nazdida oddiy bo‘lishi tabiiy. Yana kimlar uchundir do‘stlik rishtasi shunchaki ish bitirish, tanish-bilishchilik vazifasini o‘tashi ham bor gap. Ruslarning buyuk shoiri Pushkin yozganidek: “Tanish-bilish juda ko‘p, lekin do‘st topilmaydi!” 
Shu bilan birga unutmasligimiz lozimki, bu dunyoda do‘sti uchun jonini beradigan, uning uchun har qanday vaziyatda o‘zini qurbon qilishga tayyor turganlar istagancha topiladi. Bundaylarga esa har qancha ta’zim qilsang, qadrini osmon qadar ko‘tarsang arziydi. 
Ushbu qo‘shiqda do‘stlikni, do‘stni asrash g‘oyasi ilgari surilgani bejiz emas. Zero, bu ashula faqatgina tinglash uchun emas, balki undan ibrat olish va xulosa chiqarish uchun aytilmoqdaki, bu haqiqatni anglash ­ asosiy masaladir. Nega desangiz, hayotda, ayniqsa, bugungi kunda haqiqiy do‘stni topish mushkullashib bormoqda. So‘zlarimizning isboti tariqasida shu o‘rinda taniqli san’atkor Mirzabek Xolmedovning soxta do‘stlar haqidagi monologidan bir parcha keltirishni joiz deb bildik: “Do‘st ko‘p bu dunyoda. Molu-davlatingga, kuch-qudratingga, shon-shuhratingga do‘st deganing. Do‘st ko‘p bu dunyoda. Go‘zal bo‘lsa ayolingga, ishbilarmon bo‘lsa xayolingga do‘st deganing. Do‘st ko‘p bu dunyoda. Quchib turib sovuq quchadi, to‘rt tomondan qoning ichadi, sen o‘lmay turib kafaning bichadi do‘st deganing. Ikki do‘st bor: biri Olloh, biri ona. Biri ruhingga, yana biri boshingga parvona. Ikkisi uchun yashayvergin bir umrga shodiyona...”

Ha, soxta “do‘stlar” hayotda uchrab turadi. Bundaylardan bizni Yaratganning o‘zi Azozil(shayton)ning makridan asragandek asrasin. Lekin yana bir narsa haqiqatki, oramizda boya ta’kidlaganimizdek, yon-atrofdagilar uchun mehribon kishilar ham bisyor! Kamina ana shundaylardan birini bilaman. Zero, Qurbon Eshmatov ism-sharifli bu akamizning o‘rgansa, ibrat olsa arzigulik jihatlari bor. Masalan, uning do‘stlari nihoyatda ko‘pki, ularni sanaydigan bo‘lsak, mendan tashqari yana besh kishining-da barmoqlari kamlik qilar. Chunki Qurbon akaning o‘zi tanti, mard odam: birovdan imkoni bo‘lsa pulini, yordamini ayamaydigan, hayotning huda-behuda qiynoq-siqtovlari uchun birovni (yonidagi u uchun do‘st bo‘lishi, bo‘lmasligidan qat’iy nazar) SOTMAYDI! Hofizning qo‘shig‘idagi “…Sotmangiz do‘stlarni bir aybi uchun” misrasi aynan Qurbon akadek odamlar uchun aytilgandek, nazarimda. Bu inson bilan tanishsangiz, u sizga do‘st bo‘ldik, deb hech qachon aytmaydi, ammo undan ikkimiz bir umr do‘st bo‘lib qolamiz, deya ont ichganlardan ko‘ra ko‘proq yaxshilik kutavering. Aslida do‘stlikning yozilmagan, ammo eng muhim sharti ham shu emasmi: birovga beg‘araz oshno bo‘lish hikmat-ku!! Hazil deb tushunmasangiz, shuni aytishimiz kerakki, u kishi bilan bemalol dunyoning xohlagan tomoniga razvedkaga ketishingiz mumkin. Faqat Qurbon aka bilan safarga chiqish uchun ko‘ngil toza bo‘lishi kerak: eng keragi ana shu. Agar akaning hamrohi sofdil odam bo‘lsa, berdi Xudo: u kishi sherigi uchun o‘z ismiga monand ko‘maklashadi...

Qo‘shiqdagi mana bu satrlarga e’tibor bering:
Odamig‘a husn erur so‘zu ishi,
Naf’i yo‘q tuproqdadur ko‘p konlar.

Ya’ni, agar yerning ostida mo‘l-ko‘l boylik, behisob davlat bo‘lsa-yu, undan hech kimning xabari bo‘lmasa, biror naf bermaganidek, zohiran o‘zini do‘st ko‘rsatib, botinan esa dushmanning ishini qiluvchilardan qochish bo‘lsa qochish kerakki, aslo yaqinlashmaslik lozim. Chunki bundaylar yoningda, sen bilan tanho qolganda o‘zini sirdoshdek ko‘rsatib, dardingni bilib olgach, o‘zga davralarda, sen yoqtirmaydigan, nainki yoqtirmaydigan, hatto ismini eshitsang asabing qo‘zg‘aydigan kaslarga aytib berishdan ham toyishmaydi. Bunday toifadagilarning MUNOFIQ bo‘la turib, yana AQL o‘rgatmoqchi bo‘lganlariga nima deysiz?! Ulug‘ hofizimiz Sherali Jo‘raev o‘zining “Yoronlar” deb atalmish diltortar qo‘shig‘i orqali ayni shundaylardan sizu bizni ogohlantirmayaptimi:

Har qadamda vo ajab, kimsan demay
To‘xtatib aql o‘rgatar nodonlar. 

Umuman, Hofizning do‘stlikka bag‘ishlangan ko‘plab qo‘shiqlari mavjud. Ularda ham bu tuyg‘uning afzalligi madh etiladi. Bu yo‘nalishdagi qo‘shiqlarga san’atkorimizning o‘zlari shunday ta’rif beradilar: “Hayotda shunday holatlar bo‘ladiki, dardingni aytishga do‘stingdan ko‘ra boshqa odamning keragi yo‘qdek. Bu bejiz emas. Zero, agar farzand ota-onasiga do‘st bo‘lmasa, ularni hurmat qilmaydi, xotin ham eriga do‘st bo‘lmasa, vafo qilmaydi. Shuning uchun Olloh bir-birimizni do‘stligimizdan ayirmasin...”
Haq gap! Yaratgan Egam hech birimizga bu tuyg‘uni darig‘ tutmasin. Xuddi shuningdek, Uning o‘zi bizlarga eng ulug‘, eng qutlug‘, eng buyuk, eng suyuk, eng yetuk, eng mukarram, eng muazzam, eng mo‘tabar, eng munavvar, eng muanbar do‘stdir. Ikki dunyo saodatini istagan har bir zot o‘sha benazir DO'STni anglashi va unga itoat etishi eng muhim yumushlarimizdan ham ko‘ra ming karra muhimroqdir...

“…O‘XSHATING”

“Farg‘onada, stadionda kontsert berayotgandik. Shu payt yonimizga bir ayol keldi, ko‘rinishidan ko‘p aziyat chekkanligi shundoq ko‘rinib turibdi. “Shu so‘zlarni qo‘shiq qilib aytsangiz, Sizga atalgan” deb she’r uzatdi. Qarasam, faqat mengagina emas, qo‘lidan bir ish keladigan jamiki insonlarga atalgan ekan. Afsuski, she’rda o‘sha ayolning ismi yozilmagan ekan…”
Sherali JO‘RAYEV.


Kimlargadur havas bizning shuhratimiz-shonimiz, 
San’atdagi mahoratu bu qadar imkonimiz.
Kimlargadur kerak biling, yolg‘izgina jonimiz,
Yerni ona, quyoshni Siz doyalarga o‘xshating.
Asrlarning qa’ridan kuy-ohanglar kelarkan oqib,
Bobur yig‘lar simlar aro, olis Hindudan boqib,
Nodiraning armon to‘la misrasiga o‘t yoqib,
Bizni hech kim aytolmagan nolalarga o‘xshating.
Yurakda ishq go‘zal armon, olislarda nigohlar,
Keskir qilich ohang esa, falak bag‘rin taroqlar, 
To‘lg‘onsangiz, ko‘zyoshlardan yaltirasa dudoqlar,
Bizni o‘sha burgut qo‘ngan qoyalarga o‘xshating.
To‘rg‘ay misol yeru ko‘kdan ilhom olgan, zavq olgan,
Ko‘kka ochib ko‘ksin zimdan ona yerga qaytolgan,
Yuz yilda bir tug‘ilarmish, el dardini aytolgan,
Ayta olsak eng pokiza g‘oyalarga o‘xshating.
Ko‘ksim uzra urilib aks-sado berar qo‘shiqlar,
Olam uzra taralarkan, unga yo‘qdir to‘siqlar,
Olis yo‘ldan karvon kelar, tinglang do‘sti sodiqlar,
Qo‘shiqni Siz oq tongda oq soyalarga o‘xshating…

Inson tabiati qiziq, bolasining tarbiyasi haqida qayg‘urib, iloyo falon kishiday bilimdon, oqil bo‘l, yeya o‘zi ixlos qo‘ygan odamning ismini tilga oladi. Yoxud biror kishi ko‘ngliga ma’qul bo‘lgan boshqa birovni astoydil e’zozlab, men sizda mana shunday fazilatlarni ko‘rdim, Siz xuddi mening qadrdonimga o‘xshab ketasiz, deb mehr bilan gapiradi. Ha, odam bolasi azaldan ezgulikka, tantilikka moyil. Har doim yaxshi hoatlarni o‘zlashtirgisi keladi. O‘xshatish orqali kamol topib boradi. Mazkur qo‘shiq ham ana shunday o‘xshatishning mahsulidir. 
Sherali hofizni alqaydiganlar ko‘p. Besh vaqt namozida o‘zining ezgu istaklari qatori Sherali Jo‘raevga ham omonlik tilab, Alloh Taologa munojot qiladiganlar bisyor. Hech ikkilanmasdan ayta olamizki, “O‘xshating” qo‘shig‘ining so‘zlarini yozgan ayol ham hofiz qo‘shiqlarida o‘z dardu hasratlarini ko‘rgandir. Ko‘nglidagi his-tuyg‘ularning jo‘sh urgani esa go‘zal misralarda namoyon bo‘lgan. 
Kimlargadur kerak biling, yolg‘izgina jonimiz…
Qo‘shiqdagi bu satr kaminaga mangu haqiqatni eslatdi: ya’ni, sen dunyoga yig‘lab kelding, yaqinlaring sevindi, dunyodan o‘tar chog‘ingda ham shunday bo‘lsinki, sen kulib ket, ortingdan hamma yig‘lab qolsin… To‘g‘ri, bu dunyoga hech kim ustun bo‘la olgan emas: shohu gado, sog‘u ado, xudbinu fido, a’yonu boyonlar, sheryuragu quyonlardan zarra ham qolmaydi. Bir so‘z bilan aytganda, hammamizning borar joyimiz qabr. Bu achchiq va ochiq, azaliy va abadiy qazovu qadardir. Ana shu haqiqatni bila turib ham sizu biz ko‘p hollarda bir-birimizga jabr-sitam yetkazamiz, o‘tkinchi hoyu-havaslar yo‘lida dillarni ranjitib qo‘yamiz. Agar buning o‘rniga biz mudom qalbimizdan yaxshilikka joy bersak, amalu mansabiga qarab emas, har bir insonga Yaratganning aziz bandasi sifatida izzat ko‘rsatsak, aniqki, fe’lu atvorimizda komillikka moyillik uyg‘onadi. Shunda hamma ibratli, namuna bo‘lgulik xislatlar egasiga aylanardi. Yanayam soddaroq qilib aytganda, o‘shandagina siz kulib, ortingizdagilar yig‘lasa… o‘limga ham rozi bo‘lasiz. Zero, hech kim o‘zining aziz insoniga nisbatan befarq bo‘la olmaydi. Hofiz qo‘shig‘idan yuqorida keltirgan boyagi misramiz ayni shu holatlarni mujassam etgandir…
Zotan, biz kengroq tafakkur qilsak, hammasi ayon bo‘ladi-qoladi: qabrni ko‘z o‘ngimizga keltirib, lahadga qo‘yilayotgan jasadning o‘rniga o‘zimizni qo‘yib ko‘rsak, vujudimiz titrashi tayin. Axir, hammaga ma’lum-da, o‘zining qilib yurgan ishlari, qilmishlari! Aslida esa bunday titroqqa tushmaslik uchun najot bor. U ham bo‘lsa, biz ­ bandalarga buyurilgan burchlarni mukammal ado etmoqlikdir. Inchunin, bandaga buyurilgan farzu solih amallarning qiyosi yo‘qdirki, bunga yo‘l topgan odamning yo‘lini birov to‘solmaydi. Qarshilik ko‘rsatish, tazyiq o‘tkazish kabi bo‘lmag‘ur xayollarni esa ko‘ngildan butunlay quvib chiqarmoq darkor. Agarki, siz to‘g‘ri yo‘lni tanlab, faqat ezgu g‘oyalar amaliyoti uchun jon koyitsangiz, hech bir banda sizni bunday xayrli manzillardan qaytara olmaydi. Yaratgan Egam qalbingizgaki iymon nurlarini sochibdimi, demak, xavotirga o‘rin yo‘q. Sherali hofizning qo‘shig‘idagi mana bu misralar ayni fikrlarimizga hamohangdir:

Ko‘ksim uzra urilib aks-sado berar qo‘shiqlar,
Olam uzra taralarkan, unga yo‘qdir to‘siqlar…

Chindan ham shunday. Axir kim ham haqiqatga (garchi uni yomon ko‘rsa-da!), adolatga, Haqqa qarshi bora oladi? Hech kim! Demak, anglash lozimki, haq yo‘lda javlon urayotganlarga albatta shafqat qilingusidir…
Yuqorida qabr borasida gapirgan edik. Bu bilan biz diniy ulamolar darajasida gap aytish da’vosini qilganimiz yo‘q. Ammo shunisi aniqki, qabr, bu ­ eng katta saboq, eng ma’qul ibratdir. Uni esdan chiqarmaslik ­ o‘limni esdan chiqarmaslikdir. O‘limni eslamoq ­ Parvardigorni yod etmoqlikdir. O‘n sakkiz ming olam sarvarini xotiradan faromush etmaslik ­ EZGULIK tomon eltadi. Shu ma’noda, biz, hofizning yonib, avjlanib, mavjlanib kuylagan “O‘xshating” qo‘shig‘ini eshitganimizda mana shunday ma’nolarni anglaymiz. O‘z o‘rnida hofizga, uning muxlislariga (xususan, “O‘zbegim durdonasi” rukniga maktub yozib, dilimizni xushnud aylagan surxondaryolik Xolmurod Yusupovlar oilasiga ­ M.J.) ikki dunyo saodatini tilaymiz. Iloyo, har birimizning uyimizni muazzam Qur’oni karimning suralari, qalbimizni esa suyukli hofizimizning ashulalari charog‘on aylasin!..

“KERMA MANMANLIK BILAN...”

Kerma manmanlik bilan o‘rnida turgan qoshni,
El sevar odamda bo‘lgan sabr ila bardoshni. 
Yo‘lda joningdin aziz tut, senga chin yo‘ldoshni,
Yo‘lga sol, kelsa qo‘lingdin aqli past beboshni.
Odam o‘g‘li bo‘lmag‘aysan, bo‘lmasa, senda vafo,
El aro sharmandadursan, bo‘lmasa, sharmu hayo,
Tozadillar kiryuraklar birla bo‘lmas oshno,
Na qilay bunday ko‘ngulni bo‘lmasa unda vafo,
Saqlamas sandiqda hech kim qimmati yo‘q toshni,
Kerma manmanlik bilan o‘rnida turgan qoshni.
Nokerak bo‘lma jahonda doimo darkor bo‘l,
Bag‘rida yayratgan eldan shod-minnatdor bo‘l,
Gul kabi chehrang ochib yur, xalq uchun gulzor bo‘l,
Qo‘lga sanchilma tikandek, balki beozor bo‘l,
Keksa ham hurmatlag‘ay odobli bo‘lgan yoshni,
Kerma manmanlik bilan o‘rnida turgan qoshni.
Har kishi ko‘ngli uchun axmoqqa himmat aylasin, 
Har kishi yaxshi kishilar birla suhbat aylasin,
Har kishi mayli halol, mehnatda rohat aylasin,
To‘kmasin, Chustiy, sevinch-la ko‘zga to‘lgan yoshni.

Kamtarinlik ­ eng yaxshi libos. Kamtarga kamol, manmanga zavol. Xalqimizga xos bu naqllar ulug‘ hofizimiz Sherali Jo‘raevning mazkur qo‘shig‘ini eshitganda beixtiyor yodga tushaveradi. Chindanam, insonga yarashadigan liboslar ko‘p. Ammo ularning faqat tashqi ko‘rinishni bezashini inobatga olsak, hech qanday ahamiyatga ega emasdir. Fazilatlar ichra eng go‘zali, eng latifi kamtarlikdirki, usiz komillikka erishish mumkin emas. Agar kishi Everest cho‘qqisini zabt etganda ham, dunyo mamlakatlarini ko‘p bora aylanib chiqqanda ham, butun boshli yurtni bir o‘zi boqqan taqdirda ham odmilikdan yiroq bo‘lsa, u haqda umuman gapirishning keragi yo‘q. Oddiylik libosiga burkangan kishi shunday bo‘lishi kerakki, uning o‘ng qo‘li bajargan ishini chap qo‘li bilmasin. 
Shu o‘rinda Hazrat Navoiyning bir baytini keltirishni joiz bildik:

Biz fano tuprog‘i bo‘ldik, dayr aro, ey, ahli zuhd,
Xonaqoh sahnida Siz, bahsi taqaddum aylangiz...

Ya’nikim, ahli zuhd (zohidlar ­ dunyoning barcha ne’matlaridan voz kechib, ruhiy uzlatga chekinganlar) bir kuni yig‘ilishib, men sendan kamtarroqman, deya bahs olib borayotgan bir paytda, nogoh ularning oyog‘i ostidagi tuproq tilga kirib, shunday debdi: “Sizlar bir-birlaringizga o‘zlaringizning kamtarligingizni pesh qilib maqtanmoqdasiz, holbuki oyog‘ingiz ostida turgan, sizlardan ming karra kamtarinni ­ tuproqni sezmayapsiz”. Hazrat Navoiy bu bilan kamtarinlik maqtanish vositasi emas, aksincha pinhona tutiladigan xislat bo‘lishi lozimligini ilgari surmoqdalar. (Sharh Sherali Jo‘raevniki!) 
Oramizda shunday kamtar insonlar borki, ularga qarab turib, beixtiyor o‘zingning yurish-turishlaringdan... uyalib ketasanda, ba’zan. Negaki, ko‘p hollarda gumrohlik qilib, aytishga ham arzimaydigan ishlarimiz bilan maqtanishni xush ko‘ramiz, go‘yo men sendan kam emas, deb ko‘ksimizga uramiz. Aslida esa yonimizdagi odam bir umr maqtanib o‘tsa arziydigan ishlarni qilgan, qilayotgan bo‘lsa ham lom-mim demaydi. Aksincha bundaylar haqida yon-atrofdagi kishilar havas bilan, hurmat bilan (ba’zida g‘araz va hasad aralash) gapiradilar. Men o‘zim bilgan shunday odamlar qatoriga quyidagilarning ism-sharifini oshkor qilgim keladi. Ular akademik Botirxon Valixo‘jaev (rahmatli), akademik Aziz Qayumov, buxorolik ijodkor Sadriddin Salim Buxoriy, sevimli futbolchimiz Mirjalol Qosimov, taniqli jurnalistlar Fayzi Haydarov, Ikrom O‘tbosarov, yosh shoirimiz Nodir Jonuzoq. Bu zotlarning xatti-harakatlari, el-yurtga tegayotgan naflari ulkan bo‘lsa-da, hech qaysilarida maqtanish yo‘q. Mabodo ularni maqtay boshlasangiz, noqulay ahvolga tushaveradilar. Zotan, barcha maqtovlar faqat Yaratganga bo‘lishi kerakligini ular yaxshi biladilar va anglaydilar. Masalan, akademik Aziz Qayumov bilan suhbatlashsangiz, u kishidagi shirinsuxanlikdan bahri-dilingiz ochiladi. Domla sizning ozgina hurmatingizga ham “Tashakkur, tashakkur” deya lutf etadilar. Botirxon Valixo‘jaev degan rahmatli domlamiz esa talabalarga biror saboqni tushuntirish uchun doskaga yozayotib: “Uzr shogirdlarim, men sizlarga orqa o‘girdim” derdilar doim. Shu bilan birga u kishi qishin-yozin universitetga Registondan piyoda qatnardilar. Vaholanki, u kishining poy-pataklariga eshilib salom beradiganlar ham ko‘p di. Bir so‘z bilan aytganda, Botirxon aka bunday xushomadu tilyog‘lamaliklardan balandda edilar. Shuning uchun ham g‘iybatu ig‘volar u kishining nomi tilga olingan joyda o‘z-o‘zidan chekinardi. Endi ayting, bunday kishilarni KOMIL INSON demay yana qanday atash mumkin?! 
Yoki Iso payg‘ambarday zot o‘nta moxovni tuzatganida, ular bir og‘iz rahmat demaganida ham hech narsa demay yumushlariga sho‘ng‘iganlar. Yusuf payg‘ambar esa tengi yo‘q tush ta’birchisi bo‘lishiga qaramay, biror bir davrada men shundayman deb ko‘krak kermaganlar. Faqat el og‘zidagi ta’riflargina ularni elga tanitdi. Yanayam to‘g‘rirog‘i, kamtarlik va komillik bu zotlarni Yaratganning oldida aziz, el-ulus o‘rtasida mukarram qildi.

Qo‘shiqdagi: 
Gul kabi chehrang ochib yur, xalq uchun gulzor bo‘l,
Qo‘lga sanchilma tikandek, balki beozor bo‘l

misrasi ayni shu jihatlarni qamrab olgandir. 
Darvoqe, ikki akademikning xislatlari haqida bejiz gapirmadik. Ularning har ikkisi ham yurtimizda navoiyshunos sifatida tanilgan. Qolaversa, ularni mumtoz va zamonaviy adabiyotimizning bilimdoni sifatida bilamiz. Demak, ulardagi fazilatlar kitob orqali qalblariga singigandir. Demak, biz ulug‘ ajdodlarimizni nafaqat o‘rganishimiz, o‘qishimiz, shu bilan birga UQIShIMIZ ham muhimdir. Zotan, bilib turib bilmaslikka olish, o‘qib turib uqmaslik, yaxshi gaplarni gapirib unga amal qilmaslik hazrati INSONga xos emas. Shu jihatdan hofizimizning ushbu qo‘shig‘idan joy olgan Odam o‘g‘li bo‘lmag‘aysan, bo‘lmasa, senda vafo, el aro sharmandadursan, bo‘lmasa, sharmu hayo misrasi fikrlarimizga hamohangdir. 
Shuningdek, dilbar xonishdagi har bir misra bizni kamtar bo‘lishga undayveradi. Ulug‘larning ta’kidlashicha, kamtarinlikka intilgan kishida ushbu xislatlar mujassam bo‘lmog‘i nihoyatda muhimdir:
K - o‘ngilchan
- ndisha
M - uloyim
T - arbiya
A - dab
R - ahmdil
- utf 
I - ltifot
K - uyunchak. 

“MUHTOJ QILMAGIN…”

Foniy dunyo sendan tilagim shudir:
Mardingni nomardga muhtoj qilmagin.
Xazinangdan bergin mardning rizqiga,
Sen mardni nomardga muhtoj qilmagin.

Nomard ko‘prigidan o‘lsam o‘tmasman,
Karvon bo‘lsam makoniga qo‘nmasman.
Qo‘lidan bir piyola choyin ichmasman,
O‘ng qo‘lni chap qo‘lga muhtoj qilmagin.

Foniy dunyo sening karaming zo‘rdir,
Ta’nalik so‘z negizi xanjar ham o‘qdir.
Ukaning akaga vafosi ozdir,
Akani ukaga muhtoj qilmagin.

Shoir Murod derlar so‘zni aytganni,
O‘nta nomard boqolmasmish bitta otani.
Bitta ota boqar emish yuzta bolani,
Otani o‘g‘ilga muhtoj qilmagin.

Odamzot yaxshi-yomon kunlarda Ollohga tayanadi (garchi haliyam oramizda Unga ishonmaydiganlar bo‘lsa-da!). Aksariyat qaltis vaziyatlarda Yaratgandan panoh tilaydi. Hayoti yaxshilana borsa, Xudoni unutadigan, boshiga yomon kunlar tushganda esa Uni eslab qoladiganlar, afsuski, ko‘p. Gumroh banda, deb shundaylarga aytadilar, aslida. Vaholanki, Ollohni bir nafas ham esdan chiqarmaslik (Hatto yarim nafas ham, zero, olgan nafasimizni qaytib chiqarolmasligimiz ham mumkin-ku!), nainki esdan chiqarmaslik, shu bilan birgalikda mudom zikrda, shukrda, U haqda ezgu fikrda bo‘lishimiz shart. Bu islomiy qonunlarning asosini tashkil etgan eng muhim vazifamizdir…
Biz bejiz gapni shodon kunlarida Ollohni esdan chiqarib, tor vaziyatda eslaydigan ayrim noshukurlardan boshlamadik. Chunki bundaylar yaxshi kunlariga Olloh sababchi bo‘lganini, bunga shukur va zikr qilmagani uchun noxushliklar qadam tashlaganini anglamaydilar. Anglaganlarida edi, o‘zlari qatori yon-atrofidagilarni ham ezgulikka, yaxshilikka undar edilar. Bundoq olib qaraganda, juda ko‘pchiligimizda shunday qusur bor: yaxshi kunda o‘zgalardan olib qochamiz o‘zimizni. Qorni to‘qning qorni och bilan ishi bo‘lmabdi, deganlaridek, bunday paytda faqat o‘zimizni o‘ylaymiz, xudbinlik deb atalmish jirkanch nafsga bosh egamiz. Holbuki, omonat jon ekanligimizni, tanamizdagi ruh va quvvat faqat Egamiz idroki-la g‘imirlashini unutmaganimizda edi, bu olam, bu mushfiq zaminda jaholatga o‘rin qolmasdi. Axir, ezgulik hamisha yovuzlik ustidan g‘alaba qozongan. Ammo bir o‘ylab ko‘raylik-a, kim bugun o‘zgalar uchun chin dildan jon kuydirmoqda? Qaysi bir inson o‘zi tanigan-bilgan odamga, undan pinhon tutib, uning uchun yaxshi niyatlar yor bo‘lishini so‘raydi? Yoki bo‘lmasa, qay birimiz yonimizdagi odamning muammolarini ko‘ra bila turib yordam bermasak-da, uning mushkullari oson bo‘lishini so‘raymiz? Afsuski, dilni tirnaydigan savollarga tayinli javob topish mushkul bo‘lib bormoqda. Aynan mana shunday og‘riqli savollar “Muhtoj qilmagil” qo‘shig‘ini tinglagan chog‘imda meni yanada qiynayveradi. Ushbu so‘roqlarga javob tariqasida kuylangan bu xonish ulug‘ shoir Maxtumquli qalamiga mansubdir. Turkman elining dong‘i ketgan bu shoirini ta’rif-tavsif etmoqlikka hojat yo‘q. Biz tahlil qilayotgan ushbu qo‘shiqning boshlang‘ich satrlariyoq Maxtumqulining komil inson ekanligini isbotlaydi. Negaki, sizu biz faqat o‘zimiz uchun, yeb-ichishimiz-u rohat-farog‘atda yashamog‘imiz uchun kuyib-yonayotgan bir paytimizda, shoir:
Foniy dunyo sendan tilagim shudir:
Mardingni nomardga muhtoj qilmagin,

deya nola qilmoqda.

Chindanam, bu dunyoda nomardning mardga, she’rning tulkiga muhtoj bo‘lgani qursin. Sofdil odamning qalbi kir kasga ishi tushishini, ziyolining ba’zan savlatidan boshqa hech narsasi yo‘q kimsaga yolvorishini, Xudo yuqtirgan iste’dodni bandasi yo‘q qilolmasligini bila turib, qarshilik qiladiganlarni ko‘rsam… yuragim qaqshaydi. Shoir shuning uchun ham yonmoqda, yolvormoqdaki, ey falak, bunday chohga hech kimni duchor etma, deya. 
Shoir nega yolvoradi, hofiz nima uchun bu qo‘shiqni yonib-kuyib aytadi? Buning sababi bitta: mard odam mardlikni targ‘ib etadi, unga amal qiladi, bo‘g‘ziga xanjar taqasalar-da, haqiqatga qarshi bormaydi, do‘stini sotmaydi. Yo‘qsa, shoiru hofiz muhabbat haqida tinim bilmay qo‘shiq aytsa bo‘lardi-ku, “Boshimga bolishlar botdi, kelmading” deya. Yo‘q, yo‘q, yuragi haqiqat atalmish otashin nurga yo‘g‘rilganlar bunday qilmaydilar, qilolmaydilar. Ular faqat va faqat mardlik degan sharafga bo‘yin egadilar. Va alal-oqibat sizu bizning qalbimizdan chuqur, manguga joy oladilar. 
Qo‘shiqdagi yana bir misra hech kimni befarq qoldirmasa kerak:
Ukaning akaga vafosi ozdir,
Akani ukaga muhtoj qilmagin.

Oramizda shundaylar borki, ularni birodar, aka-uka deyishga tiling bormaydi. Akasiga qilgan ozgina yordamini boshqalar oldida ko‘pirib gapiradigan, bu bilan o‘zini akasidan ko‘ra aqlli va dono ko‘rsatishga urinadiganlarni ayting… og‘a-ini deb bo‘ladimi? Buyam mayli, aka yoki ukasini dushmanidan ham battarroq yomon ko‘radiganlar, begonalarga yomonlaydiganlarni qanday qilib jigargo‘sha deyish mumkin? Yo‘q, yo‘q, bundaylar haqida gapirish ham kerak emas aslida? Lekin, tafakkur qilaylik, biz nima uchun bu misralardan ta’sirlandik? Gap shundaki, bu misralar kimningki qalbiga og‘ir yoxud yengil tarzda tekkan bo‘lsa ham, yaxshilikka sababchi bo‘lishi asosiy muddaomizdir. Axir, hayotda yana shunday insonlar ham uchraydiki, ular qarindoshdan ko‘ra yaqinroq, aka-ukadan ko‘ra ulug‘roqdir. Shunday kishilarni bilaman, har doim do‘sti uchun qayg‘uradi, uning bola-chaqasiga, oilasiga bildirmasdan yaxshiliklar qilaveradi. Unga bu ishlarni qil deb hech kim aytgan emas yoki shuni amalga oshirsang, savob bo‘ladi, deya biror hujjatga birov qo‘l quydirib olgan emas. Faqat pokiza qalb amrigina bunday kishilarni buyuk ishlarga chorlaydi. Beminnat, betama sa’y-harakatlargina bundaylarni el oldida aziz qiladi. Qolaversa, akasi uchun jonini beradigan, ukasi haqida kechayu-kunduz qayg‘uradiganlar ham oramizda ko‘p va ularning dilidagi mehru muhabbatni Yaratganning o‘zi barqaror etsin. 
Axir, sizu bizni ota-onamiz bir-birimizga nisbatan mehrli bo‘lishimiz uchun, bir-birimizni mudom qo‘llab-quvvatlashimiz uchun dunyoga keltirmadimi? Shunday ekan, azizlar, akalar, ukalar, birodarlar, do‘stu qadrdonlar, og‘alar, kelinglar, dilimizdan mehr-oqibatga kengroq joy beraylik, padaru buzrukvorlarimiz, volidayu muhtaramalarimizga umrimiz oxiriga qadar xizmat qilaylik. Toki, hayotimizda shoir yozgan mana bu misralarga aslo o‘rin va hojat qolmasin:

…O‘nta nomard boqolmasmish bitta otani.
Bitta ota boqar emish yuzta bolani,
Otani o‘g‘ilga muhtoj qilmagin.

Maqsud Jonixonov

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.