OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Kino — tan, syujet — jon

Syujet tushunchasi kino san’atiga adabiyotdan kirib kelgani azaldan ma’lum. Aytish mumkinki, yaxlit ­voqealar tizimiga asoslangan ­filmlarning paydo bo‘lishi kinoni mustaqil san’at turi sifatida shakllanishiga zamin yaratdi. Mavzusi, janridan qat’iy nazar bugun hech bir badiiy filmni syujetsiz tasavur qilishning iloji yo‘q. Taniqli kinorejissyorlardan biri ta’kidlaganidek, “Badiiy film syujeti real voqelikning shunday ifodasiki, unda insonning ichki fazilatlarini ­payqash va yuzaga chiqarish imkoniyati mavjud”. Darhaqiqat, kino ­sohasiga qadam qo‘ygan ijodkor borki, tevarak-atrofni diqqat bilan ­kuzatib, undan rangin jihatlar, ­badiiy timsol va xarakterlar ­topish, hech kim bilmagan, eshitmagan voqealar asosida qiziqarli, mazmundor syujet ­yaratishni orzu qiladi.

Hujjatli yoki animatsion turdagi filmlardan farqli ravishda badiiy kinoda syujet birlamchi masala. Sababi, ilmiy-ommabop filmlarda ba’zan hujjatli-xronologik mezonlar, multiplikatsiyada esa shartlilik, kompyuter grafikasi kuchsiz syujet o‘rnini to‘ldirib yuborishi mumkin. Badiiy kinoda esa buning uddasidan chiqish qiyin. Aslida badiiy film suratga olish badiiy asar yozishdek nozik ijodiy jarayon bo‘lib, rejissyor xuddi yozuvchi singari boy xayoloti, ­tasavvurini ishga soladi. Bu borada syujetning kompozitsion yaxlitligi, voqealar zanjirining izchilligi, fabuladagi har bir epizodning g‘oyaviy maqsadga qaratilishi film muvaffaqiyatini ta’minlovchi asosiy mezondir.

O‘zbek va jahon kino san’ati tarixiga nazar tashlasak, noodatiy uslubga ega, falsafiy mushohadaga chorlovchi murakkab, ba’zida sodda, tez “hazm bo‘ladi”gan ommabop syujetlarni uchratamiz. Ma’lumki, har bir mamlakat kinosi o‘ziga xos maktabga ega bo‘lib, sur’atga olinadigan filmlarning syujeti shu millatning ruhiyati, an’ana va uslublariga tayanadi. Aytaylik, rus kinosi dramatik keskinlikka moyilligi, hind filmlari romantik sahnalar, ijtimoiy ziddiyatlarga asoslanishi, fransuz kartinalari esa ektsentrik holatlar, g‘aroyib hodisotlar orqali kulgi uyg‘otishi bilan e’tibor qozongan. O‘zbek kinosiga xos xususiyat esa insonning ichki dunyosi, hissiyotlarini yuzaga chiqarish, tafakkur va ruhiyatini namoyon etish desak xato bo‘lmaydi. Qolaversa, bizning kinoda mehr-oqibat, bag‘rikenglik, ahdga vafo, sadoqat singari insoniy fazilatlarni tarannum etish yaxshi an’anaga aylangan. Urush yillari o‘n to‘rt yetimga mehr berib, voyaga yetkazgan Mahkamovlar oilasi haqidagi “Sen yetim emassan”, butun qishloqni o‘z oilasi deb bilgan mehr-muruvvatli o‘zbek ayoliga bag‘ishlangan “Suyunchi” kabi ko‘plab filmlarda bu jihat yaqqol ko‘zga tashlanadi.

E’tiborli jihati, mustaqillik yillari suratga olinayotgan filmlarda syujetning turfa shakllari, mazmun va ifodaning yangicha uslublari paydo bo‘lmoqdaki, bu albatta milliy kino san’atimizning miqyosi va qamrovi kengayib borayotganidan dalolatdir. Bugungi kinojarayonda ko‘plab katta-kichik rejissyorlar syujetga an’anaviy yondashuvdan cheklanib, sof realistik, falsafiy-ramziy, ektsentrik, fantastik, ruhiy-psixologik janrdagi filmlarni suratga olishga intilayotgani muhim hodisa.

Zamonaviy o‘zbek kinosida syujetning original, o‘ziga xos shakli taniqli kinorejissyor Zulfiqor Musoqov ijodida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Rejissyorning “Abdullajon”, “Bomba”, “Yaratganga shukur”, “Kichkina tabib”, “Osmondagi bolalar”, “Vatan” kabi mashhur filmlari beg‘araz yumor orqali inson hayotining murakkab jihatlarini badiiy-ta’sirchan ifodalay olishi bilan ajralib turadi. “Vatan” filmida urush domiga tortilib, barcha orzu-havaslaridan mosuvo etilgan Qurbon ismli yigit taqdiri misolida xalqimiz hayotining og‘ir yillari ochib berilgan bo‘lsa, mittigina bolakayning g‘aroyib mo‘‘jizalar ila kattalar qalbidagi illatlarni da’volashi “Kichkina tabib” kartinasida qiziqarli voqealar tizimida aks ettiriladi.

Ijodkorning “Qo‘rg‘oshin” nomli filmi yaqin o‘tmish manzaralarini qamrab olishi, realistik yondashuv jihatidan rejissyorning avvalgi kartinalaridan farq qiladi. Film syujetida odatiy kompozitsiyadan voz kechilgan bo‘lib, voqealar sobiq rahbar Rim Marlen (T.Musoqov) vafoti oldidan xotiralari yozilgan kundalikni o‘g‘liga topshirishi bilan boshlanadi. Qatag‘onga uchrab, shafqatsizlarcha otib tashlanayotgan ziyoli insonlarning o‘ychan nigohidan tortib, “dohiy”ning vafotigacha bo‘lgan barcha tafsilotlar Marlen kundaliklari orqali namoyon bo‘ladi. Biroq asar voqealari paydar-pay, tadrijiy izchillikda rivojlanmay, goho teskari, goho takroriy fikrga undovchi kadrlar, betartib sahnalar, mantiqsiz epizodlar uchrab qoladiki, bularning bari mustabid davrning ayanch manzarasidan hikoya qiluvchi o‘tkir dramaga maishiy tus beradi. Masalan, bosh qahramon Umar Qodirov (B.Yo‘ldoshev)ning eri jangohdan tirik qaytgan Gulbahor (N.Karimboyeva) bilan soy bo‘yida ginaxonlik qilishi, front ortida turib, ayoliga birorta maktub yozmagan erning azbaroyi sadoqatini isbotlash maqsadida qoyatosh yanglig‘ ko‘ksiga bitilgan xatlarni o‘qitishi kabi epizodlar umumiy voqealar oqimiga bog‘lanib ketmaydi. Vaholanki, syujet talablariga ko‘ra, voqea asosini mantiqiylik, shakl aniqligi va o‘zaro uyg‘unlik tashkil qilmog‘i lozim.

“Qo‘rg‘oshin”da davr va muhit manzarasiga mos tushadigan badiiy quyma obrazlarning yetishmasligi sabab hujjatli filmlarga xos xususiyat yetakchilik qilib, film voqealari o‘tmishning mavhum xotiralariga aylanib qolgandek taassurot uyg‘onadi. Aniqrog‘i, filmga tarixiy haqiqatni yorqin ifodalovchi badiiy syujet, ta’sirchan epizod yetishmaydi. Yodingizda bo‘lsa, “Vatan” filmida urushdan tirik qaytgan Qurbon xotini vafot etganini ko‘rib, alamini zo‘rg‘a yutgancha, kamtarona lutf qiladi: “Meni bir oz kutib turmabsan-da, Gunafsha. Yuzingdagi sepkillaringni juda sog‘ingan edim”. Tomoshabinni mutaasir qilish, urush keltirgan fojiani his qilish uchun shu birgina so‘zning o‘zi yetarli, qiy-chuv bo‘layotgan jangohni ko‘rsatish, sovuq qurollarning noxush ovozini eshittirish ham shart emas. Negadir “Qo‘rg‘oshin”da shu kabi jonli, ta’sirli lavhalar ko‘rinmaydi.

O‘zbek kinosida mualliflik filmlari orqali syujetga yangicha yondashayotgan ijodkorlardan biri Yolqin To‘ychiyevdir. Rejissyor ijodida falsafiy-psixologik obrazlar, murakkab to‘qima ramzlar, metaforaga boy timsollar ko‘p uchraydi. Masalan, “Orzu ortida”, “Chashma”, “Afg‘on” singari kartinalarning syujeti odatiy talqinlardan farq qiladi. Ayniqsa, syujet kompozitsiyasining yangicha tuzilishi jihatidan “Ilova” kartinasi milliy kino san’atimizda chinakam voqelikka aylandi. Filmda tashqi ziddiyatlardan ko‘ra ichki dramatizm kuchli. Bosh qahramon Hamid (N.To‘laxo‘jayev)ning ruhiy evrilishlari, ­pinhoniy hislari, ongu shuurida kechayotgan iztiroblar tomoshabinni chuqur mushohadaga undaydi.

“Ilova”ning syujeti nihoyatda murakkab, tasavvurda singib ketishi qiyin bo‘lgan rang-barang epizodlar asosiga qurilganki, bu ma’jozlarni fahmlash, ilg‘ab olish oson emas. Misol uchun filmning mashhur “Jakonda” portreti bilan boshlanib, yakunda shu asar tasvirlangan suratning shamolda to‘zib ketishi tomoshabinni chuqur mulohazaga chorlaydi. Shuningdek, ko‘cha o‘rtasida odamlarga sutra, to‘siq bo‘lib yotgan tosh, Minotavr haqidagi afsona, zulmat xonadagi yarmi yopiq televizorlar, shaxmat o‘yinining qora donalar bilan boshlanishi kabi ramziy ishoralar ham voqealar rivojida muhim o‘rin tutadi.

Ayniqsa, film yechimining afsona-miflar asosida ramziy talqin qilinishi “Ilova” syujet jihatidan noan’anaviy shaklga ega ekanini ko‘rsatadi. Bir umr hayot so‘qmoqlarida darbadar kezayotgan Hamid taqdirning chalkash yo‘llaridan chiqib ketish istagida hovli o‘rtasidan ip tortib, labirint yasaydi. Barcha-barchasidan xalos bo‘lish, “dod” solsa dunyoni titratuvchi yuragini to‘kib solish ilinjida ukasi mehr berib katta qilayotgan buqani, ya’ni tasavvuridagi Minotavarni chavaqlab, go‘yo jirkanch tutumlarni shuuridan quvib chiqaradiyu, botini poklanib, ona qornida shakllanayotgan embrion, go‘dak misol g‘ujanak bo‘lib ko‘rpa-to‘shakda osuda uyquga ketadi. Subhidamda, oq yaktakda uyg‘onib, oilasi bilan yaxshi kayfiyatda, ajib tabassum ila nonushta qiladi. Filmda oddiy ko‘z bilan ko‘rish qiyin bo‘lgan bu kabi ramziy lavhalar talaygina.

Katta avlod ijodkorlari ortidan milliy kinomizga kirib kelgan iste’dodli rejissyor Ayub Shahobiddinov ham syujet borasida odatiy andozalardan qochishga, falsafiy-romantik, ruhiy-botiniy tasavvurdagi ­filmlarni sur’atga olishga harakat qilmoqda. Uning bu yo‘ldagi izlanishlari ilk bor “O‘tov” kartinasida yaqqol ko‘ringandi. Ta’kidlash lozimki, filmda sharqona tarbiyaning inson asliyatini poklashdagi o‘rni har bir detalda ishonarli ochib berilgan.

Ayub Shahobiddinovning yozuvchi Erkin A’zam stsenariysi asosida sur’atga olingan “Parizod” filmi ham turli bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Adabiy matnning puxtaligi, poetik tashbeh ortidagi zalvorli fikrlar, kinobop timsollar mavjudligi rejissyor stsenariy tanlash bobida to‘g‘ri yo‘l tutganini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, rejissyor kinoqissadagi yuksak xayolotni kino tiliga ko‘chirishda syujet imkoniyatlaridan to‘liq foydalangan deb bo‘lmaydi. Misol uchun, tilsiz-zabonsiz Parizodning ruhiyatida qanday sir yashirin ekani, ma’suma qizning turish-turmushi mavhum bo‘lib qolgan.

A.Shahobiddinovning nafaqat adabiy, balki rejissyorlik stsenariysi asosida suratga olingan “Kechikkan hayot” va “Turist” filmlarida voqealar sun’iylikka qurilib, qahramonlar tabiati, fe’l-atvori notabiiy ekani sezilib qolgan. “Kechikkan hayot”da Shahodat (D.Kubayeva) va Gamlet qassob (B.Yo‘ldoshev)ning o‘zaro tanishib, oila qurish jarayoni shunchalik tez, tushunarsiz kechadiki, natijada voqealar soxtalashib, syujetdan tabiiylik yo‘qoladi. Pichoq bilan bog‘liq ramziy detal maqsadli topilib, insoniyat boshiga o‘lim, kulfat soluvchi sovuq qurol emas, mehr, samimiyat, turmush rishtalarini bog‘lovchi vosita sifatida xizmat qilgan. Ammo mazkur ishora faqat Shahodat va Gamlet qassob qismatiga daxldor ekanligi, Otello laqabli yigit fitratiga monand falsafiy ko‘rimlarning yo‘qligi syujet mazmunini xira torttirgan. Yaqindagina taqdimoti bo‘lgan “Turist” kartinasida ham shu kabi muammolar mavjud. Ruhshona ismli qizning ko‘rinishidan hindga o‘xshab ketuvchi yigit bilan tanishib qolishi notabiiy chiqib, bu voqealarning keyingi rivojiga mantiqiy asos yaratmagan.

Shunday filmlar borki, ularning syujeti ruhiy mayllarni junbushga solib, hayotiy ranginlik, baxtiyor lahzalardan yiroq, tund kayfiyat, tushkun manzara, beayov zarbalar ila tomoshabinda achinish hissini uyg‘otadi. Hotam Fayziyevning “Yozsiz yil” filmi fikrimizga misoldir.

Shuni ishonch bilan aytish mumkinki, filmning muvaffaqiyatini aynan ta’sirchan syujet ta’minlagan. Yoz bilan bog‘liq ma’joz film qahramonlari, ayniqsa, Sobir taqdirida muhim o‘rin tutadi. Ma’lumki, yoz inson umrining navqironlik paytiga qiyos qilinadi. Sobir esa yigitlik zavqidan mahrum, go‘yo yozdan benasib. Shu sabab uning yillari yozsiz, hayoti esa nursiz, ziyosiz. Umid, tasalli beruvchi shirin yolg‘onlarni sevadi, qopa-qora, zulmat ko‘chalardan mittigina nurni axtaradi. Taassufki, falakdagi beadoq yulduzlar orasida uning yulduzi porlamaydi. Xasta vujud, shikasta, qalb tuzalmaydi. Barcha yozg‘irish, iztiroblar ayozli qor bag‘riga singib, muzdek suvga, aniqrog‘i yum-yum yoshga aylanib erib ketadi. Film syujeti ta’sirchan epizodlarga boy, voqealar dinamikasi, qahramonlar taqdiri tomoshabinni hayajonga soladi. Beixtiyor o‘sha og‘ir muhitga tushib qolib, Sobirning dardiga yelkadosh bo‘lgingiz keladi. Eng muhimi, baxtli lahzalar, yoshlik yillarining qadriga yetasiz.

Davlat buyurtmasiga asosan suratga olinayotgan filmlarda syujet yaratish borasida o‘ziga xos izlanishlar kechayotganini e’tirof etib, xususiy kinostudiyalar tomonidan suratga olinayotgan filmlarda syujet kulgu va taqlid zamiriga qurilayotgani, mantiqsiz, ishonarsiz kadrlar ko‘payib, kinoning badiiy jozibasi susayib borayotganini ta’kidlash zarur. Londonda o‘qigan qizning qishloqlik yigitni mazah qilib, so‘ngra sevib qolishiga bag‘ishlangan “Yondiradi, kuydiradi”, banan qidiruvchi mumsik yigitning sarguzashtidan so‘zlovchi “Tundan tonggacha”, shaharlik olifta qo‘shiqchining to‘qimfe’l qishloqi bilan “bordi-keldisi” haqidagi “Men yulduzman”, odam desa odamga, ruh desa ruhga o‘xshamas, yerga tushaverib, falakni bezdirgan “Sevgi farishtasi”, sinashta er-xotinning o‘yinlari asosiga qurilgan “Er bermoq, jon bermoq” kabi filmlar badiiylik jihatidan syujet talablariga javob bermaydi. G‘arb yohud hind filmlarining sentimental, g‘oyaviy sayoz ko‘chirmalarini yodga soluvchi mazkur “ijod” namunalarida mag‘zi to‘q, orginal syujetning yo‘qligi kundek ravshan.

Agar kinoni yaxlit organizmga qiyos qilsak, syujet uning qon tomirlari, yurak tepkilarini belgilab beruvchi asosiy omildir. Tabiiyki, tana bo‘ylab qon me’yorida aylanmasa, inson salomatligi izdan chiqadi. Agar syujet ishonarsiz, hayotiylikdan yiroq bo‘lsa, filmning badiiy saviyasiga jiddiy shikast yetadi. Kamqon odamning yuzidan rang qochganidek, film mazmun-mohiyati ham xira tortadi. Demak, syujet tabiiyligiga erishish kino san’ati uchun muhim mezon.

Jahon kino amaliyotida syujetni bayon etishning turli ko‘rinishlari mavjud bo‘lib, u ba’zan kuchli ziddiyatlar, dramatik to‘qnashuvlar, ba’zida esa hech kimning hayoliga kelmagan oddiy voqealar zamiriga quriladi. Shu jihatdan o‘zbek kinosi jahon ekranlarini zabt etishini istasak, sur’atga olinayotgan filmlar syujetini boyitishimiz, ustozlar sabog‘i, dunyo kinosi tajribasidan unumli foydalanishimiz lozim. Shu bilan birga ayrim Bollivud yoki Gollivud filmlariga taqlidiy yondashuvdan qochib, syujetning hali ko‘rilmagan, favqulodda talqinini o‘zimiz yaratganimiz ma’qul. To‘g‘ri, kino paydo bo‘lgan dastlabki davrlarda stsenariy tushunchasi bo‘lmagan, syujetga bo‘lgan ehtiyoj esa adabiy asarlar vositasida qondirilgan. Mashhur fransuz rejissyori Andre Bazen ta’biri bilan aytganda, “Yosh go‘dak kimgadir tayanib oyoqqa turganidek, kino ham o‘z taraqqiyotining ilk pallalari adabiyotga tayanib, qaddini tikladi”. Bugun kino tom ma’noda oyoqqa turib bo‘ldi. Demak, endi uning ijodiy poydevoriga aylangan syujet tushunchasiga jiddiy e’tibor qaratish, muxlislarga voqealar tizimi bir-biriga o‘xshamas, badiiy salmog‘i baquvvat kino asarlar taqdim etish davr talabiga aylandi.

Shohruh Abdurasulov

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 25-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.