..."Siz o‘shami?" deb beriladigan savol bundan taxminan o‘ttiz besh, qirq yil muqaddam unga erish tuyular, muxlislarning goh ko‘cha-ko‘yda, goho bozorda, goho esa avtobusda aktrisaga shu gap bilan yuzlanishi qaysidir ma'noda g‘ashiga tegsa ham "Men o‘sha...roqman" deb javob qaytarar va chuqur xo‘rsinib qo‘yardi. O‘sha kezlarda film epizodi orqali tomoshabinlarga yod bo‘lib ketgan bu savolni u qadar qabul qilolmaganiga, ehtimol, ushbu kino asarining endigina ekranlarga uzatilgani sabab bo‘lganmikan?
... Oradan juda ko‘p yillar o‘tdi. Vaqtning buyuk hakamligi shundaki, hayotdagi asl narsa-hodisalar uning sinovidan muvaffaqiyat bilan o‘ta oladi. O‘zbekiston xalq artisti, iste'dodli aktrisa Gulchehra Jamilovaga muxlislar hamon "Siz o‘shami?" deb savol beradilar. "Kumushbibi" esa ularga qarab mayin jilmayadi va sira ikkilanmay "Men o‘shaman..." deb javob qaytaradi.
Mish-mish tez tarqaladi. Uzunquloq gaplarga qaraganda, "O‘zbekfilm" kinostudiyasi ijodkorlari yozuvchi Abdulla Qodiriyning "O‘tkan kunlar" asari asosida badiiy film ishlaydigan bo‘lishibdi. Otabek va Kumush obrazini o‘ynash uchun nomzodlar saralanayotgan emish. Bir oyog‘i teatrda bo‘lgan institut talabalari o‘zlariga berilgan katta-kichik rollarni maromiga yetkazish uchun kuniga repetitsiyaga qatnashar ekan, tabiiyki, bu mashhur asardagi bosh obrazlarga o‘zlarini ham taklif etishlarini istashardi. "Boy ila xizmatchi" spektaklida Jamila obrazini o‘ynashga taklif qilingan talaba Gulchehra ham bu xabardan ogoh topdi. U garchand bu asarni o‘qimagan bo‘lsa-da, o‘zbek adabiyotida "O‘tkan kunlar"chalik tarozida tosh bosadigan roman yo‘q ekanligi haqida ko‘p bora eshitgan edi. U beixtiyor o‘zini Kumush obrazida tasavvur qildi...
Repetitsiya tugagach, bo‘lg‘usi aktyorlar jam bo‘lishib, teatr hovlisiga chiqdilar. Shunda qayoqdandir paydo bo‘lgan rejissyor assistenti Karim aka Gulchehraga qarata:
- Sizni Yo‘ldosh A'zamov so‘radilar, oldilariga o‘tarkansiz, - deb qoldi. - Kumush obrazini o‘ynashga munosib odam yo‘q, taklif qilinganlar ko‘p, lekin pichoqqa ilinadigani topilmayapti. Xoh ishoning, xoh ishonmang, 600 odam proba topshirdi-ya. Otabek roliga kim bor?
Gulchehra kutilmagan taklifdan gangib qoldi. Xuddi xayolidan o‘tganini bilgandek gap bo‘ldi. Taniqli rejissyor Yo‘ldosh A'zamovni unda-bunda ko‘rib yurardi-yu, salobati uncha-muncha odamni dovdiratib qo‘yadigan bu kishining oldiga kim bilan borishini o‘ylab qoldi. Kursdoshi Hojiakbar Nurmatov Otabek obraziga har tomonlama munosib, bu fikrini Karim aka ham qo‘llab-quvvatladi.
Kinostudiyada ularni Yo‘ldosh A'zamov qarshi oldi. Rejissyorning keng va yoyiq peshonasi, chuqur ma'no yog‘iluvchi ko‘zlariga duch kelganida, Gulchehra biroz kalovlanib qoldi. Qanchadan-qancha filmlarni suratga olgan tajribali rejissyorning sinovidan o‘ta olisharmikan, gap shunda. Qisqa muddatli hol-ahvol so‘rashuvdan so‘ng rejissyor talabalarga o‘z maqsad-muddaosini to‘kib soldi:
- Shuhrat Abbosov Kumush obraziga sizni tavsiya qildi, qizim. "Qalbingda quyosh" filmida o‘ynagan rolingiz u kishiga juda yoqqan ekan. Shunga sizni proba qilib ko‘rmoqchimiz. Haqiqiy marg‘ilonlik qiz bo‘lib o‘ynashingiz kerak.
Gulchehra boshini sarak-sarak qildi va hamrohiga qaradi. Rejissyor esa ularni grimchiga ro‘para qildi. Kumush va Otabek libosini egniga ilgan talabalar butunlay boshqacha qiyofaga kirdilar. Kumushbibining ro‘moli chetidan qiyalab, Otabekka "Siz o‘shami?" degan savolda hayo va ibo bilan yuzlanishi probaga olindi...
Gulchehra Jamilovani filmning yordamchi rejissyori Boriy Xo‘jaev institutga izlab kelganida, kursdoshlari unga ajabsinib qarashdi. Demak, sinovdan o‘tgan ko‘rinadi. Kino xodimlariga xos xatti-harakatlarni ko‘p ko‘ravergan talaba u bilan kinostudiyaga birga kelganida, film rejissyori Yo‘ldosh A'zamov jahli chiqqanini yashirmasdan dag‘dag‘a qila ketdi:
- Buning yuziga dog‘ tushsa, nima qilamiz? Eh, endigina munosib nomzodni topgan ediga. Shunaqayam bo‘ladimi?
Masala ravshan, rejissyor turmushga chiqqan talabaning homiladorligidan tashvishga tushayapti. Gulchehra ichidan zil ketdi, rolni rad etgani bilan shart-sharoit o‘zgarib qolmacligini sezdi. Kumushbibi rolini o‘ynashga son-sanoqsiz nomzodlar bo‘lgan, ammo probadan birortasi ham o‘ta olmagan. Eshitdi, Otabek roliga taklif qilingan Hojiakbar Nurmatov ham "Visolga nima yetsin?" epizodi bilan film rejissyorining didiga o‘tirishmagan. Gulchehraga o‘sha kuni boshqa nomzodni ro‘para qilishdi. Lo‘ppi yuzli ko‘rkamgina bir yigit. Qora qosh va qora ko‘zlaridan o‘zbek yigitlariga xos andisha va oriyat yog‘ilib turibdi. Xuddi Qodiriy tasavvuridagi Otabekning ro‘parasida turgandek Gulchehra nigohini uyalgannamo chetga oldi.
- Qizim, bu Otabek bo‘ladi, birga o‘ynaysizlar, - deb tanishtirdi Yo‘ldosh A'zamov. - Qoshingizni termaysiz, yuzingizga ham har narsani chaplamaysiz, oz-moz pudra surishingiz mumkin. Qisqasi, marg‘ilonlik qizlarga xos odmilik, sipolik bo‘lishi kerak. Uyat va hayo hissi birinchi o‘rinda tursin.
Rejissyor o‘z talablarini bayon etgach, filmni juda tezkorlik bilan suratga olish lozimligini aytdi.
Stsenariy matni bilan tanishib chiqqan aktrisa filmdagi voqealar XIX asr o‘rtalarida Toshkentda, Marg‘ilonda kechishini, adibning asl maqsadi bundan bir asr muqaddam ro‘y bergan voqelikni qalamga olishdan iborat ekanligini angladi. Butun mamlakatda notinchlik, xonliklar o‘rtasidagi taloto‘plar avjiga chiqqan bir payt. Yusufbek hojidagi elning bugungi va ertangi qismatini mukammal idrok etish, kechayotgan tarixiy jarayonni teran tahlil etish va yagona to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsata bilish hikmati bu obrazni yuksak darajaga ko‘targan. Uning o‘g‘li Otabek oddiy savdogar yigit bo‘lsa-da, yuragida xuddi otasi kabi yurt taqdiri uchun kuyinish hissiyoti ustun turadi. Adibga bu obraz orqali chin muhabbat sohibi timsolini ko‘rsatish qanchalik muhim bo‘lsa, aynan shu niyat film ijodkorlari oldida ham ko‘ndalang turardi. Mirzakarim qutidorning qizi Kumushbibi obrazi xuddi romanda ko‘rsatilganidek, hayo va andisha ramzi bo‘lib gavdalanadi. U sevimli yori Otabekning ikkinchi bor uylanganini eshitsa-da, ayyuhannos solmaydi. Kundoshi bilan uchrashgan Kumushbibi u bilan opa-singillardek samimiy munosabatda bo‘lishini aktrisa har tomonlama mohirona ko‘rsatib berishi darkor edi.
Sobiq ittifoq tarkibiga kiruvchi barcha davlatlar qatori O‘zbekiston ham o‘zida ishlab chiqaradigan kino va san'at asarlariga Moskvadan ruxsat oladigan paytlar edi. Buning ustiga adib Abdulla Qodiriy o‘limidan so‘ng qatag‘on davrining qurboni sifatida oqlangan bo‘lsa ham unga nisbatan ba'zi davralarda yovqarash mavjud edi. Ehtimol, ana shu holat filmning ikki seriyalik bo‘lib ishlanishiga monelik qilgan bo‘lsa kerak.
***
Xasti Imom masjidi hovlisida Kumushning Marg‘ilondan Toshkentga kelish jarayoni suratga olinmoqda. Yoz chillasining chirsillab turgan bir kuni. Filmni suratga olishga jalb qilingan yetuk va zabardast aktyorlar Razzoq Hamroev, Olim Xo‘jaev, Nabi Rahimov, Hamza Umarov va boshqalarning bir-biriga ko‘rsatayotgan izzat-hurmati, operator va grimchilarning o‘ziga yuklatilgan vazifadan tashqari mayda-chuyda yumushlardan ham bosh tortmasliklari faoliyatini endiga boshlayotgan yosh mutaxassisni hayrat og‘ushiga ko‘mardi. Aktrisaning xunobi oshadi, peshonasida tilla qosh, terlab ketganidan egnidagi zar choponni yechib otgisi keladi, homilasi ancha bilinib qolgan. U o‘z "men"ini unutib, undan voz kechishi, butunlay boshqa dunyodagi ayol olamiga kirishi kerak. San'atlar ichra eng sarasi hisoblangan kinoda rol o‘ynagan kishining obrazi bir umrga muhrlanadi, oradan qancha yillar o‘tsin, hech narsani o‘zgartirib bo‘lmaydi. Homilador ayol tez-tez ul-bul yeb turmasa bo‘lmas, bola soat sayin, kun sayin rivojlangach, kerakli ozuqani ona organizmi orqali olgani bois Kumush juda ham betoqat. U tushlik uchun tayyorlab qo‘yilgan stoldagi noz-ne'matlarga suqlanib boqadi. Kimdir "Grimingiz yo‘q, biror narsa yeb oling" deb qoldi. Aktrisa rejissyorning vajohatidan cho‘chib, sabr-qanoatini ochligidan ustun qo‘yib, nazarini chetga oldi.
***
Sochi taqimini o‘padigan o‘zbek qizlaridan biri - Kumushbibi qiyofasiga kirgan aktrisa Gulchehra Jamilova soch o‘rishda tolalarni ustidan ostiga ayqashtirish kerak, deb hisoblardi. Filmda rol o‘ynayotgan xalq artistlaridan biri Saboxon Karimova Kumushga boshdan-oyoq razm solar ekan, yuzida o‘zgarish sezildi:
- Sochingiz o‘rischa o‘rilibdi, o‘rgilay, buni darhol tarqating. Mayli, orqa tarafidagilarga tegmang, lekin to‘rtta o‘rim ekranda ko‘rinishi mumkin, shularni boshqatdan men aytganday qilib o‘ring! - dedi ko‘pni ko‘rgan aktrisa.
Operatorlar dubl qilishga tayyor. Bir daqiqa vaqt ham g‘animat, asablar tarang. Nachora, qahramonning sochi risoladagidek o‘rilmaganligi bois tishlarini tishlariga qo‘yib kutib turishlariga to‘g‘ri keldi.
***
Toshkent tumani hududidagi "O‘zbekiston" jamoa xo‘jaligida Kumushbibi Otabek bilan uchrashadi. Teraklar qator ekilgan xiyobonda oshiq-ma'shuqlarning visol daqiqasi. Otabek Kumushbibining mayda o‘rilgan sochlaridan bir tolasini sekingina tortadi. Qodiriy tasvirlagan bu juftlik atrofda hech kim yo‘qligidan foydalanib, bir-birining pinjiga kirishi mumkin edi. Ammo o‘zbekona hayo va ibo ustunligi romanda ham, filmda ham bag‘oyat chiroyli tasvirlanadiki, Kumushbibi arg‘imchoqqa chiqish oldidan obdastani yerga qo‘yadi. Bir-biriga intiq ikki qalbning visol onlarini go‘yoki ona-tabiat ham qo‘llab-quvvatlayotgandek borliq go‘zal. Teraklarning och kulrang tanasi, yaproqlarning mayin shabadada shitirlashi - bari-bari tabiiy. Kumushbibi arg‘imchoqqa o‘tiradi, Otabek esa ma'shuqasini osmonu falaklarga uchiradi. Naqadar, shirin damlar...
1969 yilning mart oyida yangi suratga olingan "O‘tkan kunlar" filmi premerasida bu epizodik ko‘rinish teraklardan biridagi "R+O‘=L" degan yozuv bilan ekranga uzatildi. Rejissyor Yo‘ldosh A'zamov "Agar premerada bu holatga e'tiroz sezilmasa, kadr o‘z o‘rnida qoladi. Agar bitta-yarimtasi sezib qolsa, kadrni qirqamiz" dedi.
Tomosha aynan shu joyiga yetganda, orqa tomonda shivir-shivir boshlandi. Balki bu harakatlar uning uchun bo‘lmagandir, ammo premera davomida aktrisa Yo‘ldosh akaning ko‘zlari jiqqa yoshga to‘lganini ko‘rdi va ertasi kuniyoq u filmdagi eng chiroyli o‘sha kadrni qirqib tashlashga ko‘rsatma berishga majbur bo‘ldi. Hammaga ayon haqiqat shundaki, Qodiriyning Kumushbibisi va Otabegi yashagan davrda yoshlar bir-biriga dil izhorini daraxtga pichoq bilan o‘yib oshkor etmaganlar, pinhonalik afzal hisoblangan...
70-yillardan boshlab film yurtimizdagi kinoteatrlarda namoyish etilar ekan, aktrisa Gulchehra Jamilova bu ekran asarining tomoshabinlar tomonidan iliq qarshi olinganiga iqror edi. Qiyinchiliklar ortda qoldi. 1968 yilning 23 dekabrida qizi Asal dunyoga kelgach, oradan ikki hafta o‘tar-o‘tmas, filmni tasvirga olish jarayoni davom ettirilgandi. Garchand o‘zini jismonan tiklab ololmagan bo‘lsa ham, birinchi farzandini dunyoga keltirgan onaning oh-nolasiga quloq solishganida edi, o‘zbek kinosi tarixida bu qadar yorqin va jozibali film dunyoga kelmagan bo‘lardi.
... Ko‘p yillar o‘tgach, "Ofarin" tanlovi taqdimotida aktrisaning yoniga bir yigit keldi. U taniqli xonanda Shuhrat Qayumovning prodyusseri bo‘lib, Otabek va Kumush muhabbatiga bag‘ishlangan qo‘shiq yaratishayotganini, uning jonli va ta'sirli chiqishini ta'minlash uchun klip ham ishlanayotganini ma'lum qildi. Aktrisaning ensasi qotdi va "Meni tinch qo‘ying" dedi. Oradan qancha yillar o‘tib, qancha suvlar oqdi-ku. Shuncha yildan beri unga duch kelgan joyda muxlislar "Siz o‘shami?" deb bezor qilganlari yetmaydimi, axir. Endi klipda chiqishi yetmay turuvdi, tinchlik bormi o‘zi unga?
- Keragi yo‘q, uka, men yana tillaqosh taqib, O‘lmas do‘ppi kiyib ekranda ko‘rinamizmi? Umuman, shu paytgacha klipda o‘ynamagan bo‘lsam, - deya qarshilik bildirdi aktrisa.
- Opa, bu qo‘shiq tarixiy emas, zamonaviy ruhda bo‘ladi, yo‘q demang. Avval siz qo‘shiqning matni bilan tanishib chiqing, keyin rad etsangiz ham mayli.
Holi-joniga qo‘ymayotgan bu yigitning sazasini o‘ldirgisi kelmayotgan Gulchehra opa qo‘shiq matni bilan tanishishga, nihoyat, rozilik bildirdi. Demak, o‘ynagan roli hamon odamlarning qalbidan o‘chib ketmagan ekan-da. Yigit bu taklifga O‘lmas Alixo‘jaev allaqachon rozilik bildirganini aytgach, Gulchehra opa ham ro‘yxushlik berdi.
Har ikkisi qo‘shiq matni, unga bastalangan kuy bilan tanishgach, ikkilanishga aslo hojat qolmadi. Klipda "O‘tkan kunlar" filmining bosh qahramonlari - Kumushbibi va Otabek taqdiriga bugungi kun nuqtai nazaridan razm solingan ediki, uni ko‘rgan va tinglagan kishida beixtiyor sevishganlar qismatiga nisbatan xayrixohlik tuyg‘usi uyg‘onar edi. Mana buni qo‘shiq desa bo‘ladi, tinglaganda tebranasan, satrlariga qo‘shilib jo‘r bo‘lging keladi:
Peshonamga taqdir bitgan, yuragimni abgor etgan,Otabegim deya kutgan,siz o‘shamu, siz o‘shamu?***
- Gulchehra opa, "O‘tkan kunlar" filmini necha marta ko‘rsam ham ko‘nglimga urmaydi, Kumushbibining taqdiri meni har gal yig‘latadi. Boshqa birorta kinodan bu qadar ta'sirlanmaganman. Eshitishimga qaraganda, bu kino YuNYeSKO ro‘yxatiga olingan ekan-a?
- Ha, shunday... Bu xalqaro doiradagi tashkilotning e'tirofiga aslida "O‘zbekfilm"ning 11 ta badiiy filmi kiritilgan. Birinchi bor ishlangan "O‘tkan kunlar" filmi ijodkorlari uchun bu juda katta muvaffaqiyat bo‘lgan, - deydi aktrisa suhbatdoshiga mamnun jilmayib.
Savol bergan bu yoshgina ayol O‘zbekiston televideniesi hovlisidagi do‘konda xizmat qiladi. "Kumushbibi" nafaqat katta avlod, balki ulardan keyingi o‘rta va kichik avlod vakillari ham bu filmni qayta-qayta ko‘rib katta ma'naviy ozuqa olishlariga tom ma'noda iqrorlik keltiradi...
Hulkar To‘ymanova
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.