OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qo‘shiqchilikmi yo lo‘ttibozlik?..

 Gapning po‘skallasini aytganda, yigirma besh yillarcha avval otam rahmatli: “Qayoqqa qarama, hamma joyni qo‘shiqchi bosib ketdi-ya”, deb qo‘yardilar. Tavbangdan ketay, agar bugungi ahvolni ko‘rganlarida, bilmadim, boshlarini changallab qolarmidilar.

Xullas, bir baloning alomatimi deyman, xirgoyi qilishni bilgan borki, bugun o‘zini “qo‘shiqchi”, “san’atkor”, uncha-munchasi “estrada osmonining yorqin yulduzi” ekanini uyalmay-netmay telekanal yoki radioda, oldi-qochdi gazetada baralla aytib yuborishdanam toyayotgani yo‘q. Bir paytlar xalq e’tiboridagi aktrisa Roza Karimova mohirona ijro etgan miniatyura bo‘lardi. Bisotidagi bittagina “Poshshoshoyi ko‘ylagim” qo‘shig‘i bilan mashhur bo‘lgan ashulachi ayol suhbat asnosida shuncha yillar o‘tgan bo‘lsa ham, shu qo‘shig‘idan boshqa birorta qo‘shiq yaratmagani ma’lum bo‘ladi. Bugun o‘zini qo‘shiqchi deb atayotganlarni bittagina qo‘shiq yaratding deb ayblab bo‘lmaydi, aslo. Aksincha, ular shu qadar “sermahsul”, “ijod”i shu qadar ko‘pqirraliki, aytayotgan “qo‘shig‘i”ning almoyi-jalmoyi so‘zlardan iboratligi bois, nima deyayotganini tushunmaysanam. Ishonmasangiz, Jo‘rabek degich qo‘shiqchining “ijod namunalari”dan bahra oling-a:

Sog‘inganda ko‘zlaringni, jonginam,
Angladim suvdek zarur ekansan.
Esda qolarkan go‘zal tuyg‘ular,
Yig‘latar birinchi so‘zlar.

Bunqangi “so‘fiyona” o‘xshatishlar, lutfga o‘tib ketgan buyuk zotlar ham ta’zim qilib yuboradi-yov! (Ko‘zni, odatda shoirlar, ohunikidek go‘zal, deya ta’riflashar edi, bu “hofiz” tushmagur, ko‘zni suvdek zarur deya baholabdi. Balki bechora qiz qo‘shiqni eshitib, tinmay yig‘lagani uchundir?) 
Ana endi, qo‘shiq deganning naqoratiga qarang:

Sevaman daryoday toshib,
Sevaman tog‘lardek adl.
Sevaman dunyolarga sig‘may,
Sevaman bemorman yoki.
Sevaman balki gunohim,
Sevaman nechun o‘zim bilmay,
Sevaman nechun o‘zim bilmay.

“Duru gavhardek tizilgan” satrlarga hatto qalam tekizmoqlikka ham jazm etolmadim, illo! (Shoir emasman-u, ammo satr deganlarida, na qofiya, na-da vazn sezmadim. Lekin qo‘shiqchining kasalligiga ishondim). Xullas, muddaodan chalg‘imaylik. “Hofizning” yurak qa’ridan chiqqan bu “purma’no” baytlar ne-ne asrlar kutilgan edi-ya! Hatto Rumiy, Jomiyu Navoiydek bobolarimizning ham bundayin tashbihlarni topa olmay, ko‘zlari yumuq o‘tganiga inonib ketasan, bu satrlardan keyin! (Ol-a!)
Muhtaram, o‘quvchim! Sabr-toqatingizni sinash fikridan yiroqman va shu bois navbatdagi “shedevr”ni e’tiboringizga “havola” qilaman. Bu san’at “durdonasi” “Bojalar” degan guruh yigitchalari tomonidan “kuylangan” “Anhor” degan qo‘shiq ((balki, gapirilgandir):

Tamanno bilan yurasan,
Tagingda mashina minasan.
Yuqoriga qoqiladi krыsha,
Normalnыy krыsha.
Men esa oddiy bolaman
Kecha do‘stlarim sovg‘a qildi
Yangi lыja, ajoyib lыja,
Podarok, esdalik.
Endi men ham piyoda emasman,
Ertaga yangi “Mers”im keladi
Akam Moskvadan yuboradi.
Lekin bir muammo tug‘iladi,
Qoidani bilmayman.

Agar haliyam maqolani o‘qishda davom etayotgan bo‘lsangiz, demak asab to‘qimalaringizdan nolimasangiz bo‘ladi. Buning ustiga o‘qiganlaringizdan ma’nilik biror narsa tushunmagan bo‘lsangiz, demak, aqlu hushingiz joyida, bilim va saviyangiz ma’lumotingizga monand insonsiz. Ikkinchidan, shuni qo‘shiq deb kuylayotgan “hofizcha”larning “krisha”si masalasi shubha uyg‘otgan bo‘lsa, fikrimiz bir joydan chiqqan ko‘rinadi. Ana endi sinovning ikkinchi qismini boshlaymiz:

Anhor bo‘yida kafeda tanishganmiz.
Muzqaymoq yeb, ketidan 
“Tarxun” ichganmiz.
Uchrashay deyman lekin
Restoranga pul yetmas.
Qor yog‘yapti, uyingda o‘tir bir pas.

Muzqaymoq yeb, ketidan “Tarxun” ichgan bo‘lsang, buning ustiga Anhor bo‘yidagi kafeda tanishgan ekansan, demak kun issiq bo‘lgan. Yozda uchrashibsan. Yoz bo‘lsa-yu, qor yog‘ishiga balo bormi? Uchrashuv albatta restoranda bo‘lishi kerak degan kimsa, noma’qul buzoqning go‘shtini yebdi. (She’r deb yozgan qo‘ling sinsin, degan bo‘lsangiz, baribir asab dosh bermabdi-da!)
Qo‘shiq deganning davomiga qarang:

Qo‘llaringdagi bu tillalaring qimmatbaho.
Taqinchoqlaringni sevasan.
Ko‘z-ko‘z qilasan.
Men esa oddiy bolaman.
Uylansam boshimda yong‘oq chaqasan.
Foydalanasan, soddaligim bilasan.
Endi men ham piyoda emasman,
Ertaga yangi “Mers”im keladi
Akam Moskvadan yuboradi.
Lekin bir muammo tug‘iladi,
Qoidani bilmayman.

Bir-ikki xususiy studiyalar suratga olgan kartinalarda rol ijro qilib qo‘ygan Shohruhxon degan repper-yigitcha ham biram “shiru shakar” qo‘shiq gapirib qo‘yganki, eshitsangiz “mazza qilasiz”:

Modniy prikid
Ko‘tarilgan yoqa.
Cho‘ntagimda uyali aloqa.
Antennam prikolniy, blatnoy GSM.
Chyotkiy aloqa, yo‘q problem.
Bir-ikki-uch, tashlayapman qadam.
Qaddi-qomatimni so‘radi Vann Dam.
Atirlarim naturalniy “armani”
Manga havasi kevotti hammani.

Yigit kishi “modniy prikid” qilib yursa, uzr-ku, uka, atrofdagilarda sa-al boshqacha fikr tug‘ilmaydimi? “Bir-ikki-uch” deb qadam tashlash, kiyimlarni reklama qiladig‘on, oyog‘i bo‘ynidan o‘sgan model qizlarga xos edi, shekilli. Buning ustiga yigit kishining qomatini boshqa bir yigitning so‘rashi... bilmadim, andak nojo‘ya eshitilmayaptimi? Har narsani qo‘shiq ekan, kimdir eshityapti deb aytaverish shartmi? Hech bir rus xonandasining (Larisaxonim Moskalyova o‘zimizni “o‘zbechka” bo‘p ketgan) qo‘shig‘ini yarim o‘zbek, yarim ruscha (ochig‘i ruscha deyish ham nojoiz, zotan qo‘shiq jargon, qo‘pol qilib aytganda, ko‘cha gapidagi so‘zlardan tuzilgan) aytganini eshitganmisiz? Darvoqe, bir-ikki yosh yigitchalarga e’tirozlarimni tushuntirishga harakat qilib ko‘rdim. Yoqmasa, eshitmang, emish. Omon bo‘lgur, burunni “puf, sassiq” deb, kesib tashlab bo‘lmaydi-ku! Men-ku, umuman eshitmayman. Yoshlar, o‘smirlar eshityapti ularni. Ochig‘i, “Yoshlar”, “Poytaxt”, “Zamin”, “Oriyat-Dono” va “Navro‘z” radiokanallaridan boshqa radiostantsiyalar va tijorat telekanallarida ertayu kech, tinmasdan aylantirilyapti bu kabi rep-peplar. Ertaga kech (aslida bugun ham ancha kechikdik) bo‘ladi. 
Aslida shu joyda nuqta qo‘yish niyat ham yo‘q emas edi. Biroq, “Humo” degan gazetaning yoshlarni saviyasi va ma’naviyatini “paysaytirishga beminnat bel bog‘laganini” aytmaslik gumrohlik bo‘lar degan o‘jar xayol tinchlik bermadi. O‘zingiz, xolisanillo ayting, gazetaning har sonida “Birgalikda kuylaymiz” degan rukn ostida yuqorida misol keltirganim “sovremenniy” yigitcha-yu qizchalarning rep, xepmiey, allaqanday yo‘nalishdagi, biri biridan o‘tib tushadigan bachkana “xit”larini chop etishini ne deb baholash kerak? Gazetani sotib olar ekan deb, to‘g‘ri kelgan narsani bosish va buning ustiga falon kun falon vaqtda tahririyatga qo‘ng‘iroq qiling, siz istagan “xit”ni beramiz, deya jar solish vijdonning qay mezoniga to‘g‘ri kelar ekan? Aslida, bugun pul topish ilinjida har xil oldi-qochdi, shov-shuv va g‘iybatlarni dasturxonday yoyish qariyb barcha ko‘ngilochar gazetalarga xos xususiyatga aylanib ulgurdi. 
Yana bir mulohaza: yigit qo‘shiqchilar haddan ziyod muloyimlashib (qo‘polroq so‘z aytishdan istihola qildim), ular orasida pardoz-andoz, o‘ta “stilniylik” modaga kirib bormayaptimi? Asosiy mavzudan chekinmaylik-da, Shohruh (bular bir emas ikkita ekan. Haligi aytganim Shohruhxon edi) degan “qo‘shiqchi”ning “Voqea” degan “ashula”si matnini o‘qing:

Bu gapi suv-tekin aldaganlar
Nega ishonishim gapiga kerak
A Xudo xohlasa so‘raganlar,
Kechirgin ular, a mojet bit i ya.

Ochig‘ini aytay, “qo‘shiq” deganning davomini yozishga sabrim chidamadi. Undagi na biror jumlani va na to‘liq gapni tushunmaysiz. Qo‘shiq deganni she’riyatning ko‘chasiga yaqin ham bormagan kimsa qoralagan va buning ustiga  bema’ni so‘zlar qorishig‘ini qo‘shiq deb sahnaga chiqib aytishdan uyalish kerak edi, nazdimda. Ammo... 
Bundayin quruq so‘zlar, so‘z bo‘lgandayam, bachkana, bemaza so‘zlar ketma-ketligini kuylashga kimdir ruxsat bergandir? Yoki tijorat tele va radiokanallariga pul to‘lasang, xohlagan narsangni qo‘shiq deb aytsang bo‘ldi ekan-da?!  “O‘zbeknavo” degan katta bir tashkilot, uning rahbarlari, mutasaddilari qaerga qarayapti ekan? Bir paytlar tashkilotda baobro‘ shoir va bastakorlardan iborat badiiy kengash otlig‘ komissiya ishlardi, shekilli? “O‘zbeknavo”, adashmasam, har bir ijrochiga maxsus litsenziya (ya’ni, ruxsatnoma) beradi. Ijrochi qo‘shiq aytishi uchun ruxsatnoma  oladi-ku? 
Aziz mushtariy! Asabingizni toliqtirib, jahlingizni chiqarib qo‘ygan bo‘lsam, uzr. Keling, shu yerda bahslashishni to‘xtataylik-da, atrofga birrov teranroq qaraylik. Sizu biz, farzandlarimizning ma’naviyatiga dahl qilayotgan shu yanglig‘ sayoz, mantiqsiz va bemaza qofiyalardan iborat “qo‘shiq” (qo‘shiq deyishgayam tilim bormayapti) ijrochilari, ularning homiylari ne maqsadda ularni efirga chiqaryapti, nelar evaziga gazetadagi hamkasblarimiz o‘ylamay-netmay maqtayapti? Duppa-durust ovozi bor Davron Ergashev degan xonanda telekanallardan birida “egov-egov”, deb yuribdi.  Yigit kishining esa kamtar, sipo bo‘lgani yaxshi. Boshqa yana bir taniqli... E, uzr...

Alijon ESHBOY, "Hurriyat" gazetasidan olindi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.