OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Rahim Pirmuhamedov: Qahqaha darg’asi

 Qahqaha darg‘asi. Rahim Pirmuhamedovni shunday atashardi. Lekin u chuqur psixologik rollarni o‘ynab («Tohir va Zuhra»dagi soqchi, Tohirning fikrdosh do‘sti rolini eslang), tomoshabinni chuqur mushohadaga undar ham edi. U ekranda va sahnada o‘z qahramonlarining xushfe'lligini, hazil-mutoyibaga o‘chligini ko‘rsatib, millionlab kishining dilini xushnud etgan edi. Shu bilan birga lirik qahramonining ishq o‘tida yonishini («Oddiy voqea» kinonovellasi, oshiq yigit), katta dramatik kuchga ega bo‘lgan obrazni namoyon etib («Hamza» filmidagi G‘iyosxo‘ja roli), tomoshabinni ham, kino ahlini ham lol qoldirganini bilamiz.

Endilikda esa o‘nlab badiiy jihatdan bir-biridan qolishmaydigan rollarni o‘ynagan aktyorni birgina «Mahallada duv-duv gap» komediyasi orqali taniydigan, biladiganlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Bu musiqali asardagi «zavxoz» Arslon obrazini yaratgan Rahim akaning mahoratiga yuksak baho bergan holda uning yarim asrdan ortiq davom etgan jo‘shqin faoliyati qirralari, tinimsiz izlanishlaridan hayratga tushamiz. Bugun biz aktyorning o‘ziga so‘z berib, ijod damlari qay tarzda o‘tganini tasavvur etamiz. Buning uchun Rahim akaning mehmondo‘st xonadonida boshlanib, kinostudiyaning gavjum pavilonlarida, kinochilar uyushmasida hamda turli shahar, viloyatlarda tashkil etilgan ijodiy uchrashuvlardagi suhbatlarini tiklashga urinib ko‘ramiz.

Dastlabki uchrashuvda Rahim aka meni biroz uyaltirgan edi. Moskvadan kelgan rejissyor bilan kinochilar uyushmasida suhbat qurib o‘tirganimizda choy keltirishdi. Yig‘ilganlar orasida eng yoshi men ekanman, shoshib-pishib piyolalarga ko‘k choy quya boshladim. Shunda Rahim aka sekin choynakni oldiga tortdi. Choyni uch marta asta qaytardi, har gal izoh berib turdi: "Ana loy bo‘ldi, ana moy bo‘ldi, nihoyat choy bo‘ldi. Endi quying", deb choynakni menga uzatdi.

O‘sha kuni birgina savolimga javob olgandim. «Ko‘p rollarni o‘ynagansiz, birortasida oldin topilgan ijro texnikasini, xatti-harakatingizni, imo-ishorangizni, xullasi, ijro yo‘lingizni qaytarmadingiz. O‘zingizni cheklaysizmi, kamera ro‘parasidagi harakatingizni nazorat qilib borasizmi?» deb so‘ragan edim, aktyor darhol javob berdi:

- Agar men "Rahim aka yana eskicha o‘ynapti-da" degan gapni eshitsam, aktyorlikni yig‘ishtirib qo‘yaman. Bu gap men uchun o‘lim deyavering. Qaerda bo‘lmay, o‘zgalarni - siz aytganday o‘zimni emas - kuzatib boraman. Tramvayda, bozorda, mehmondorchilikda birovning soqoli, mo‘ylovi qiziq bo‘lib ko‘rinadi. Uni yodimda saqlab qolaman va zarur bo‘lganida grimyordan xuddi shunday mo‘ylovni, soqolni menga «o‘rnatish»ni talab qilaman. Kimningdir so‘zlashish ohangi ma'qul bo‘ladi, yana bir kishi gapiga mos keladigan qo‘l harakati bilan fikrini tasdiqlamoqchi bo‘lishi qiziq ko‘rinadi.

Rol ustida ishlash kunlari goh yozuvchi bo‘laman, goh rejissyor, gohida esa oddiy aktyor sifatida so‘z talaffuzi bilan band bo‘laman. Bu eng mas'uliyatli davr. Aktyor stsenariyni, rolini boyitishi kerak! «Ulug‘bek yulduzi» filmida mening qahramonim Ulug‘bek huzuriga dabdurustdan kirib kelishi talab etilgan edi. Unamadim. Ikki tarixiy shaxs - Ulug‘bek va Xoja Ahror suhbatini saroyning oddiy xizmatkori buzishi mantiqan to‘g‘ri kelmasligini rejissyorga tushuntirmoqchi bo‘ldim. Latif Fayziev quloq soldi. Ikki buyuk inson so‘zlashayotganida men bostirib kirmaydigan bo‘ldim. Musulmonchilikka ham, saroyda qabul qilingan qoidalarga ham xilof harakat qilmaydigan bo‘ldik. Quyidagi mizansahnani, mikrokompozitsiyani taklif etdim. Qahramonim oldin kadr ortida bo‘lsin, suhbat davom etaversin. Qizg‘in o‘tayotgan muloqot oxirlab qolganida hashamatli binoning bir chetidagi mening qahramonim favqulodda aksirib yuborsin. Shunda ikki suhbatdosh beixtiyor men tomonga qarashadi, men uzr so‘rab ular tomon qadam tashlayman. Taklif qabul qilindi. Epizod shu tarz­da suratga olindi, montaj qilindi.

- Bu o‘rinda matnga o‘zgartirish kiritilmagan. Kadrlar kompozitsiyasi, ovoz tashqaridan - kadr ortidan eshitilishi stsenariydagidek bo‘lmagan. Aytadigan so‘zingiz, dialogda ishtirok etishingiz jarayoni qanday kechadi? -savol berdim Rahim akaga.

- Bir misol keltiraman. Xulosani o‘zingiz chiqarasiz, - deb aktyor qo‘liga «Abu Ali ibn Sino» filmidan olingan fotosuratni oldi. - Menga tabib Abulxayr roli topshirilgan edi. U Ibn Sinoga hasad ko‘zi bilan qaraydi, mo‘may pul yig‘ish yo‘lidan ham qaytmaydi. Bir epizodda esa uning bemorlarni «davolash» jarayoni ko‘rsatilishi kerak edi. Matn va epizodning hajmi menga ma'qul bo‘lmadi. Rejissyor Komil Yormatov metrajni ko‘paytirishga, men talaffuz etishim kerak bo‘lgan so‘zlar, iboralarni o‘zgartirishga rozi bo‘ldi. Ko‘p o‘yladim: tabobat ilmidan bexabar bo‘lgan bu «zo‘raki tabib» bemor yonida qanday so‘zlarni aytishi mumkin? O‘zi ham, boshqalar ham tushunmaydigan, g‘ayritabiiy so‘zlarni! Ularni qaerdan topaman? Bunday matnni faqat G‘afur G‘ulom yozishi mumkin, degan xayolga keldimu, Arpapoyadagi shoirimizning uyiga yo‘l oldim. Gapimni eshitgan adib miriqib kuldi. Men esa epizodning mohiyatini tushuntirib, unga mos keladigan so‘zlar topish kerakligini aytdim.

 Shoir qo‘liga qalam olib, kula-kula matn to‘qishga kirishib ketdi. Bir dam jim qolar, uch-to‘rt so‘z yozgandan keyin menga o‘qib berar, ikkimiz qotib-qotib kulardik. Shu tariqa qahramonimning jarangdor, sirli, ba'zan kulguli, lekin chuqur ma'noga ega bo‘lmagan so‘zlari yozib bo‘lindi. Uni o‘zlashtirdim. Yodlashim qiyin bo‘lmadi. O‘zim ham yozishda ishtirok etganim qo‘l keldi. Ertasiga kinostudiya pavilonida menga to‘la erkinlik berildiyu, katta epizod birorta dublsiz (ya'ni qayta suratga olinmasdan) suratga olindi. Stsenariydan kichkina epizod katta novellaga aylandi... Hikoyaning davomini eshitmoqchi bo‘lsangiz, bir voqeani ham aytib beray. Moskvada filmni rus tiliga dublyaj qilishayotganida biz yozgan, ijro etgan matnni hech kim tushunmay, tarjima qila olmay menga xat yozishdi. Javob yozdim: uni tarjima qilib bo‘lmaydi. Bu bir-biriga faqat talaffuz nuqtai nazaridan osongina ulanadigan, lekin hech bir ma'nosi yo‘q so‘zlarning yig‘indisi, deb tushuntirdim. Shu tariqa o‘sha matn rus va boshqa tillarga tarjima qilinmadi. Filmning o‘zbek tilida ham, boshqa tillarda ham men qanday ayt­gan bo‘lsam, o‘sha so‘zlash ohangi maromi saqlanib qolindi.

- Shunday epizodlarni tomoshabin qabul qilishi yoki ularga befarq qarashi haqida o‘ylaysizmi? Umuman, kinoteatrga borib o‘zingiz ishtirok etgan filmni ko‘p qatori ko‘rasizmi? -anchadan beri o‘ylab yurgan savolimni aktyorga berdim.

- Tomoshabinlarning ekrandagi voqealarga, film qahramonlariga bo‘lgan munosabatini kuzatib borish juda zavqli, - javob berdi artist. - Bir necha yil bo‘ldi, rafiqam bilan «Sen yetim emassan» filmini ko‘rish uchun shahar markazidagi kinoteatrga bordim. Esingizda bo‘lsa, bu asarda men kont­rol­yor rolini o‘ynayman. Qahramonim bir kichik qizchaning kinoteatr­ga bir zum kirib chiqishi uchun pora talab qiladi. U qizchaning so‘nggi chaqasigacha yulib oladi. Ana shu daqiqada pattachi - kontrolyor yosh boladan pora olish uchun qo‘l cho‘zayotganida - men bilan bir qatorda o‘tirgan tomoshabin «Berahm poraxo‘r, oxiri oldi-ya...», deb koyib ketdi. Bu so‘zlarni eshitgan rafiqam menga so‘roq nazari bilan boqib: «Mashaqqat bilan qilingan mehnatingiz oqibati shumi endi?» deb qoldi. Men esa «tomoshabinning ana shu so‘zlari katta mukofot, mening poraxo‘r kontrolyorim tomoshabin nafratiga sazovor bo‘ldimi, demak, yana bir kishi, o‘nlab, yuzlab sofdil kishilar poraxo‘rlarga qarshi kurashadilar», deb javob berdim.

 Aktyor umrining ko‘p qismi hali o‘ynalmagan rollar orzusi bilan o‘tishiga R.Pirmuhamedov bilan bo‘lgan suhbatlarda yana bir bor ishongan edim. Betob Rahim akani yo‘qlab uyiga borganimda ham shu haqda o‘ylab qoldim. Juda-juda achindim: ozib, rangi ketib qolgan, yoqimli tabassum o‘rnini horg‘inlik egallab, hamisha kulib turadigan chehrasiga dard ko‘lanka tashlagan edi. Salom-alikdan so‘ng daf'atan buzilib ketgan kayfiyatimni, achinish his-tuyg‘ularimni yashira olmadim shekilli, Rahim aka menga dalda bermoqchi bo‘ldi: «Rol o‘ynash istagim qanchalik kuchli ekanini bilsangiz edi», deb xo‘rsindi. Men zo‘r-bazo‘r «Hali ko‘p rollar o‘ynaysiz. Birga ishlaymiz», deb javob bergandek bo‘ldimu, o‘zimga hozirgina aytgan so‘zlarim jonsiz, hech kimni ishontirmaydigan bo‘lib eshitildi. Hayajonimni berkitish niyatida bo‘lsa kerak, olib kelgan risolamni varaqlagandek bo‘ldim. So‘ngra: «Rahim aka, sizga va'da qilgan kitobni olib keldim. Qarang, rangli muqovasidagi fotosuratingiz qanchalik ko‘rkam, yoqimli, xush kayfiyat uyg‘otadi» - deb risolani ko‘z-ko‘z qilibman. Yoshlik-da, dardli tanaga bunday gaplar kor qilmasligi xayolimga kelmabdi. Rahim Pirmuhammedovga bag‘ishlangan asarni Moskvada bosilganidan hursand bo‘lib (balki maqtanib ham) kasalga chalingan kishini ovutmoqchi bo‘libman.

 Rahim aka yotgan joyida risolani qo‘liga olib, uni varaqlagan, rasmlarini ko‘zdan kechirgan bo‘ldi. «Rahmat, o‘g‘lim... shunday kitoblar sal oldinroq chiqsa bo‘lmasmidi?» - deb chuqur nafas oldi. Kitob qo‘lidan tushib ketayozdi. Shiftga qarab yotar, qurib qolgan lablarini yalab tamshangandek bo‘lardi. Shunda bir gap aytdiki, undan risola, o‘tmish haqida emas, kelajak haqida o‘ylayotganini sezish mumkin edi. «Yotgan joyimda qanchadan-qancha rollarni tayyorlab qo‘ydim. Har bir harakatni, so‘zlash, imo-ishorani o‘ylab, ulardan qaerda va qanday foydalanishni bamisoli chizib, aniq belgilab qo‘ydim...» deb gap boshlaganida bu inson hayotni, ijodni qanchalik sevishini, shu bois, ham quvnoq, hajviy rollarni o‘ynab, yurtga tanilgani bejiz emasligiga ishondim.

Biz ham hikoyamiz mushtariyda ma'yus kayfiyat uyg‘otishini istamas edik. Shu bois, Rahim aka Pirmuhamedov bilan bo‘lgan suhbatlarni tiklab, tez orada siz mushtariyga yetkazishda aktyorning yoshligini, jo‘shqin hayotini ta'riflash yo‘lidan boramiz. Bu gal ham so‘zni qahqaha darg‘asi sifatida tanilgan ulkan san'atkorga beramiz.

Xalq artisti Rahim Pirmuhamedovning yuzidagi kulgichi o‘ziga juda yarashgan edi. Uni Shayxontohurdagi kino shirkatidan chiqayotganida, umuman, ko‘cha-ko‘yda yurganida yo‘lovchilar tanib qolib, tabassum bilan «Qarang, artist! Zo‘r artist! «Xo‘ja Nasriddin»da, «Mahallada duv-duv gap»da bizni rosa kuldirgan artist!» deb hang-mang bo‘lib qolishardi. Ko‘pincha uni ekranda yaratgan qahramonlariga o‘xshatishar, mechkay zavxoz Arslonga («Mahallada duv-duv gap») yoki «Noz-ne'matlar shoiri» - pazanda Abulmalikka («Alisher Navoiy» filmi) qanday munosabatda bo‘lsalar, Rahim akaga ham shu tarzda murojaat etardilar. Bir viloyatdagi ijodiy uchrashuvda aktyor bu haqda biroz taajjublanib so‘zlagani esimda:

- Munaqqidsiz, ko‘rsatuv olib borasiz, ahamiyat bering: meni ekrandan tomosha zaliga tushib kelgan personaj sifatida qabul qilishadi. Aktyor turli rollarni o‘ynaydi-ku! Barcha qahramonlariga o‘xshayversa o‘zidan nima qoladi!? Bugun Gamletga o‘xshasa, ertaga mirishkor paxtakorga...

Ijodiy uchrashuvdan keyin katta hovuz atrofidagi baland supalarga atlas ko‘rpachalar tashlanib, lo‘la bolishlar keltirildi, oppoq dasturxonlar yozildi. Atrofga qalin suv sepildi. U yerga mehmonlar - kino ahli taklif etildi. Fotihadan so‘ng choy, suyuq ovqat, devziradan tayyorlangan osh tortildi. Kulimsirab o‘tirgan Rahim aka meni asta turtib taajjubini bildirdi.

- Qarang, sizning oldingizda bir choynak choy, bir kosa osh. Mening yonimga uch choynak choy, to‘rt kosa osh, o‘nta kabob, besh-olti kulcha qo‘yib ketishdi. «Mahallada duv-duv gap»dagi Arslonga o‘xshatishadi meni, - deb hazil qilmoqchi bo‘ldilaru tomoshabinlar orasida tarqalgan «mish-mish»lardan andak bezor bo‘lganliklari sezilib qoldi.

- Mechkayga o‘xshaymanmi? Ko‘rib turibsiz, uydan olib kelgan buterbrod menga yetarli, - deb ginaxonlik qilganday bo‘ldi.

«Mahallada duv-duv gap» komediyasida R.Pirmuhamedovning yakka o‘zi ishtirok etgan epizodni suratga olish jarayoni tafsilotlarini bilmoqchi bo‘lib, savol berdim:

- O‘sha filmda osh, kabob, novvot choyni biryo‘la iste'mol qilish oson bo‘lmagandir?!

- To‘g‘ri, bu epizod tomoshabinda kulgi uyg‘otadi, lekin uni suratga olish oson bo‘lmadi. Kabobni endi og‘zimga olishim bilan «stop» buyrug‘i eshitiladi. Nur manbalari qayta o‘rnatilib, kamera yangi planga qo‘yiladi, oldimdagi osh va kaboblar ham yangilanadi. Bu jarayon uch-to‘rt marta qaytarilganidan so‘ng ishtahang ham bo‘g‘iladi. Elektr yog‘dulari ro‘parasida o‘tirishning o‘zi bo‘lmaydi...

Bu hikoyani choyxonaga yig‘ilganlar bilan birga tingladik. Kulgi ham bo‘ldi, qarsaklar ham. Fursat o‘tmay aktyorni tomosha zaliga taklif etishdi. «Mahallada duv-duv gap» tasmasining ko‘rigi daragini eshitganlar sevimli qahramonlari bilan yana bir bor uchrashish niyatida madaniyat saroyiga shoshildilar.

Jimirlab turgan tiniq hovuz yonida Rahim aka bilan yakka qoldik. Choyxonachi choyni yangilab, ikkimizga qo‘lbola yelpig‘ich olib keldi. Vaqt namozshomga yaqinlashgach, yengil shabada esib, hovuz bo‘yiga egilgan sadarayhon xushbo‘y hidini atrofga taratganda, gullarga burkangan bu choyxo‘rlar makoni muattar tus oldi. Lirik kayfiyatdagi suhbatdoshimning tomoshabinga bo‘lgan munosabatini bilmoqchi bo‘ldim. Rahim aka ko‘k choyni ho‘plab, salmoqlanib mulohaza qildi:

- Bir notiqning ma'ruzasi tinglovchini soatlab ushlab turishi mumkin. Boshqasiniki bir necha daqiqadan keyin zeriktirib qo‘yadi. Kimdir esnaydi, kimdir uxlab qoladi. Voizlikni aktyorlar san'atiga o‘xshataman. Aktyor sahnada, ekranda, efirda tomoshabinni, tinglovchini mahkam ushlab turishi kerak. Shu bois tomosha zalining filmga, qahramonimga bo‘lgan munosabati meni hamisha qiziqtirib keladi.

Bir voqeani aytib beray, 1924 yilning qishi edi. Toshkentda hajv ustalarining ijodiy kechasini - «Kuldiruvchilar musobaqasi»ni uyushtirmoqchi bo‘ldilar. Bu ko‘rikning shartlari quyidagilardan iborat edi: har bir kuldiruvchi ular uchta edi - Ziyo Said, Karim Yoqubov va men - o‘zi birorta hajviy pesa topishi, aktyor­larni tanlashi va rejissyor sifatida ana shu asarni sahnaga qo‘yishi lozim edi. Men Abdurahmon Ismoilzodaning «Hojiboboning dardi» komediyasini tanladim.

Nihoyat, 1925 yilning 2 yanvar kuni musobaqa boshlandi. Har birimiz o‘z spektaklimizni ko‘rsatdik. Bosh rollarni o‘zimiz ijro etdik. Musobaqaning so‘nggi shartini ham bajardik: uchta hajvchi bir bo‘lib, «Bo‘yoqchi xonim» pesasida ham o‘ynadik. «Kollizey» tomosha zali (hozir u yerda birja markazi binosi qad ko‘targan - H.A.) liq to‘lgan. Ikki mingga yaqin tomoshabin bor edi. Gulduros qarsaklar, qahqahayu kulgi teatrning devorlarini titratgandek tuyulardi. O‘zimiz ham o‘ynab bo‘lganimizdan keyin­ parda orqasida turib «raqibimiz»ning o‘yinini zavqlanib kuzatardik. Nihoyat, parda so‘nggi marta yoyildi. Qirq sakkiz kishidan iborat hakamlar hay'ati bir xonaga kirib, uzoq bahslashishdi. Chamasi ikki soat vaqt o‘tganidan so‘ng musobaqa natijalari e'lon qilindi. Tanqidchilar nima sababdan bunchalik uzoq majlis qilganlarining sababini o‘shanda tushundim: ular qaysi aktyor tomoshabinni necha marta kuldirganini sanab o‘tirishgan ekan. Xullas, hakamlar hisobicha, Ziyo Said tomoshabinni 33 marta, Karim Yoqubov 32 marta kuldiribdi. Mening qahramonim esa zaldagi san'at shinavandalarini 52 marta kuldiribdi. Tomosha ko‘rinishlarini o‘zgartirib, yangilab turish haqida, shuningdek, «aktyor va tomoshabin» masalasida mulohaza qilganimda hamisha o‘sha qiziqarli voqeani eslayman.

- Rahim aka, tomoshalar, ijro yillar o‘tib eskirib qolmaydimi? Ba'zi pesa va spektakllar, stsenariy hamda film­larning umri uzoq bo‘ladi. Ayrimlari qadr-qimmatini yo‘qotib qo‘yadi. Charli Chaplin «Kichkina odam»ning dramasini ko‘rsata bilgani uchun film­lari haligacha qiziqish uyg‘otadi. O‘sha davrning ko‘pgina ovozsiz, oq-qora filmlari, avvalo, estetik jihatdan bizni qoniqtirmaydi. Bu haqda o‘ylaganmisiz?

- Gap xarakter yaratishda. Kinoda g‘alati xarakterlarni, oldi-qochdi, g‘ayritabiiy holatlardan tashkil topgan epizodlarni ekstsentrika deyi­shadi. Ular bir avlodni kuldiradi. Keyingi avlodga «botmay» qoladi. Hajviy rollarni o‘ynagan daniyalik Pat va Patashon o‘z davrida mashhur bo‘lganlar. Yaqinda kinoteatrga borib, ularning rollarini yana bir bor ko‘rdim. Ajabo, kulmadim, qiziqmadim ham. Atrofimdagilar ham ekranga befarq qarab o‘tirganlarini ko‘rdim. Pat va Patashonning hiyla-nayrangi, ular qo‘llagan tryuk zerikarli bo‘lib ko‘rindi. Shunda o‘ylab qoldim, 20-yillar tomoshabini bilan hozirgi tomoshabin o‘rtasida farq katta ekan. (Suhbat 1969 yili bo‘lgan edi - H.A.) Aktyorning zimmasiga yuklanadigan mas'uliyat ortaverar ekan. O‘zimning kinoga, ijroga bo‘lgan munosabatim o‘zgarib borayotganini sezib turibman. Kinoni 1913 yili Eski shaharda birinchi bor ko‘rib, hayron qolganman. Otamga ergashib borgan edim. Filmning nomi esimda qolmagan. Lekin bir epizodning har bir kadrini hozir ham ko‘rib turgandekman: katta ko‘l ustiga qurilgan uzundan-uzun ko‘prikda tezlik bilan kelayotgan poezd ko‘rsatiladi. To‘satdan ko‘lning narigi betidan unga qarshi yana bir paravoz kela boshladi. Ko‘prikning o‘rtasiga kelganida ikki poezd shunaqangi kuch bilan to‘qnashdiki, o‘rnimdan turib ketdim. Go‘yoki qulayotgan vagonlar mening ustimga tushyapti... Endi meni kinoning texnikasi emas, uning badiiy imkoniyatlari qiziqtiradi.

- Ijro texnikasi-chi? U mukammallashdimi yoki sahna san'ati, xalq teatrining tajribasi tufayli shakllanib, qiyomiga yetib bo‘lganmi? Sizni men teatrdan kelgan kinoaktyor, deb bilaman. Sahnadagi rollari bilan shuhrat qozongan barcha aktyorlarning kinodagi umri, baxtga qarshi, uzoq bo‘lmadi. Siz milliy kinematografiyamizning ilk asarlari yaratilishidayoq ishtirok etdingiz-da ijodingizni tamomila ekran san'ati bilan bog‘ladingiz. Shunda sizga sahna estetikasi, ijro texnikasi qo‘l keldimi yoki cheklab qo‘ydimi?

- Kinoda yirik plan, montaj, kameraning sezgir ob'ektivi bor. Teatrning esa o‘z fazilatlari bo‘lsa ham, bu imkoniyatlar yo‘q. Masalan, aktyor keng sahnada bemalol harakat qilishi mumkin. Pavilonda, suratga olish maydonchasida aktyor­ning yurish-turishi nur manbalari, kameraning harakati yoki bir joyda muqim turishi bilan bog‘liq. Buning ustiga biz - kinoaktyorlar tomoshabin uchun o‘ynaymiz-ku, tomoshabinning o‘zi ijod damlarida bo‘lmaydi. Bizni faqat kamera kuzatib boradi. Sahnadagi aktyor esa zalda o‘tirgan tomoshabinlar bilan bevosita muloqot o‘rnata oladi. Sezgir kino tasmasiga aktyorning har bir vaziyatdagi ichki holatining ijrosini muhr­lab qo‘yishga qodir mikrofon esa aktyor talaffuz etgan har bir so‘zni, hatto nafasning sharpasini ham tomoshabinga yetkazadi. Shuning uchun pavilondagi ijod juda murakkab deymiz-u, aktyor kinoga kelishdan oldin teatr sahnasida rollar o‘ynashi zarurligini yoddan chiqaramiz. Artistning kinoda va teatrdagi ijodi o‘rtasida ayrim tafovutlar bo‘lishiga qaramay, sahnada va pavilonda orttirilgan tajriba bir-birini to‘ldiradi. Bu tafovut, asosan, siz tilga olgan ijro texnikasiga taalluqli. Aktyorning rol va o‘z ustida ishlash jarayoni esa teatrda ham, kinoda ham bir xil.

O‘sha kuni Rahim aka rol, ijro, kino va teatr munosabatlari, rejissyorning aktyor bilan ishlay bilish qobiliyati haqida hayajon bilan so‘zladi. Suhbatimiz so‘ngida esa:

- Nazariyaga berilib ketdik, chog‘i, zeriktirib qo‘ygandirman. Ikki voqeani aytib beraman, rosa kulasiz. Itdan nihoyatda qo‘rqaman. «Sevadimi-yo‘qmi?» deb atalgan tojik filmida esa mening qahramonimni bir gala it quvlashi ko‘zda tutilgan ekan. Bir mahal pirillab kelayotgan bahaybat itlarni ko‘rib shunaqangi qochibmanki, kattagina ariqdan sakrab rekord qo‘yibman, keyin­ baland tomga chiqib qolibman. Hozirgacha aqlim bovar qilmaydi: qanday qilib bir zumda tirmashib, tomga chiqib qolganman. Sekin pastga tushib, kamera yoniga borib «Suratga olding­mi?» deb so‘ramoqchi bo‘lsam, rejissyor, operator, ularning yordamchilari mendan oldin qochib ketgan ekanlar. Kamera ham ko‘zlariga ko‘rinmabdi... Nasriddin haqida film olayotganimizda personajlardan biri - eshak bizni xunob qilgan edi. Ctsenariy bo‘yicha hangrashi talab etilgan epizodda qaysar eshak dumini likillatib turaverdi. Uni kaltaklab ham ko‘rdilar, yaxshi gapirib ham. Hech bo‘lmadi. Shunda bir mo‘ysafid yonimizga kelib: «Nega jonivorni qiynayapsiz?» deb so‘rab qoldi. Javob berdik: «Xunobimizni chiqardi bu eshak. Hangrarmikin, deb yalinib ham ko‘rdik, savaladik ham. Bo‘lmayapti». Haligi kishi eshakning «lab»larini ko‘tarib bahaybat tishlarini ko‘rdi, dumiga yopishgan tikanaklarni asta terib oldi-da, «Ko‘rmayapsizlarmi, axir bu oshiq eshak-ku?» deb g‘oyib bo‘ldi. Yonginamizdagi xonadondan bir eshakni yuganidan ushlab boshlab keldi. Shunda suratga tushayotgan eshak ovozi boricha hangrab yuborsa bo‘ladimi? Biz hammamiz hayron bo‘lib, «Ota, oshiq eshakning «sevgilisi» shu ekanligini qaerdan bildingiz?», - deb so‘ragan edik, mo‘ysafid: «Shuni ham bilmaysizlarmi? Eshakning odamdan farqi ham shuki, u ko‘cha-ko‘yda uchraydigan har bir eshakka «sevgisini» izhor qilaveradi», - deb javob berdi.

Jiddiy masala bilan boshlangan suhbat yana kulgi bilan tamom bo‘ldi.

Hamidulla Akbarov
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.