OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Turob To‘laning tulporlari

 Turob To‘laning asarlarini o‘qib, sahnada ko‘rib, ta'sirlanib yurardim. Ayniqsa, "Maftuningman" musiqali komediyasining qahramoni Yulduzxon ko‘l bo‘yidagi majnuntol tagida "Go‘zal Toshkent, qulog‘ingga gapim bor!" deb xonish qilishi, shahrimizni sirdosh dugonasiga tenglashtirishi, serjilo ranglari ko‘zni oladigan do‘ppisini ko‘z-ko‘z qilib, "Do‘ppi tikdim, ipaklari tillodan" deb charx urib aylanishi ko‘p qatori bizni ham maftun etgan edi. Shoirning misralari kompozitorlar Manas Leviev hamda Mutavakkil Burhonovga ilhom berganidan, xonanda va raqqosalarni davraga chorlaganidan mamnun bo‘lgan edik.

Yurtimizdan yiroqda dissertatsiyani himoya qilib, tabriklarga, iliq so‘zlarga o‘rganib qolgan kunlarim kinochilar uyushmasiga taklif etishdi. Menga kinoshunoslik va tanqidchilikning o‘sha yillardagi ahvoli haqida ma'ruza qilishni topshirishgandi. Shunday mas'uliyatli vazifa topshirilganini o‘zimcha idrok etib, biroz gerdayib, hatto soxta viqor bilan yurgan kezlarim ma'ruza matnini ko‘tarib uyushmaga bordim. Mas'ul kotib bo‘lmish Turob To‘laning o‘z xonasida kim bilandir boshlagan suhbati tugashi qiyin bo‘ldi. Bir-ikki daqiqa kutgach, qog‘ozlarimni dabdu-
rustdan yig‘ishtirib, xonadan chiqib ketdim. Qabulxonaga qay tarzda kirgan bo‘lsam, shu alfozda madaniyat vazirligi koridori bo‘ylab ketaverdim. Kinochilar uyushmasi Navoiy ko‘chasida joylashgan vazirlik binosining ikki xonasini vaqtincha band qilgan edi. Ortimdan kimdir shaxdam qadamlar bilan kelayotganini sezdim. Qayrilib boqmadim. Turob aka ekan. Yelkamdan ushlab o‘ziga qaratdi-da:

- Nega keldingiz-u, fursat o‘tmay nega bizni tark etayapsiz? - dedi kinoya aralash.

- Bemavrid kelibman. Davlat ishlari bilan band ekansiz. Shaxsiy suhbatga tobingiz yo‘q ko‘rinadi,- gerdayish va soxta viqor bilan javob qildim.

- Shaxsiy muloqotga emas, jamoat ishi bilan taklif etganmiz sizni, - asabiylashdi kino uyushmasi kotibi.

- Jamoatchilik topshirig‘ini bajarish uchun kelgan kishiga e'tibor bermadingiz-ku! Sarg‘ayib turaveramanmi?! - bo‘sh kelmadim.

- Otangizni yaxshi bilaman. U kishi bilan ham shunday gaplashasizmi? Uzr so‘ramasangiz ham kechirdim qo‘pol muomalangizni. Yozganingizni bering-chi, - deya qo‘limdan bir dasta qog‘ozni olib, xonaga taklif etdi.

Ma'ruza matni ma'qul bo‘ldimi yoki gerdaya boshlagan suhbatdoshning navqiron yoshini hisobga oldimi, har qalay xonadagi telefonlarning jiringlashiga ham parvo qilmay, menga va ma'ruzamga katta e'tibor qaratdi. Bu voqea men uchun saboq bo‘lgandi.

Turob To‘laning kino va televideniedagi ijodi haqida fikr yuritsak, "birinchi", "ilk bor" so‘zlarini ko‘p ishlatamiz. Zero, u ijodiy jasorat namunalarini ko‘rsatib, murakkab mavzuni yangi estetik shakllarda, hayotimizga kirib borayotgan audiovizual madaniyat talab etgan darajada, rang-barang janrlarda yoritishga urinib, kino va televidenieda hali qo‘llanilmagan usul hamda uslublardan foydalanish yo‘llarini izladi.

Maqomning ekran ifodasini ta'minlab bo‘ladimi? Uni tinglab zavq olayotgan shaxsning tasavvurida nimalar paydo bo‘ladi-yu, biz unga qanday nafis tasvirni, majoziy ifodalarni ekran vositasi ila yetkazishimiz mumkin? Bu kabi savollarga haligacha javob izlanmoqda. Turob To‘la esa ko‘pdan-ko‘p, bir-biridan go‘zal, yoqimli qo‘shiqlarning asosi - o‘z ohangiga, usuliga ega bo‘lgan she'rlar bitgani, kompozitorlar va xonandalar bilan hamkorlikda ko‘p ijod etgani tufayli mumtoz musiqani vizuallashtirish, ekran tilida ifoda etish borasida ham ijod etishga uzoq taraddud ko‘rgan edi.

Studiyada stsenariynavis, kino ishlab chiqarishning barcha bosqichlarida faol ishtirok etib kelgan mutaxassis, bosh muharrir sifatida ishlab kelgan adib, kino shirkatining rahbarlaridan biri sifatida tanilgan Turob aka ekranda tasvir ustuvorligini ta'minlash yo‘llarini bilardi. Shu bois u maqomni ekranlashtirmoqchi bo‘lgani tabiiy hol bo‘lib ko‘rinishi mumkin. Aslida ijodiy jasorat namunasi ko‘rsatilgan edi. Chunki o‘sha kezlarda televidenie asosan axborot berish, kino, teatr va musiqa san'atlarining tayyor asarlarini efirga uzatish bilan band bo‘lganida kichik ekran (o‘sha vaqtlarda uni "zangori ekran" ham deyishardi) talablariga javob beradigan televizion badiiy asar yaratishdek murakkab ijodiy masalani hal etish har kimning qo‘lidan kelavermas edi. Bunday mavzu tanlanishi hamda uning badiiy ta'rifi, tasvirini ta'minlash jarayoni qanday kechgani haqida so‘raganimda muallif Turob To‘la bajonidil javob bergan edi.

Suhbatdoshimning so‘zlarni tinglab, ixcham jumlalar tuzib, dona-dona qilib talaffuz etishini mushtariyga yetkazib berolmasam-da, har holda mulohazalariga putur yetkazmay, qog‘ozga tushirishga urinib ko‘raman.

- Maqomga hech kim befarq qarolmaydi. Kimdir yorini eslaydi. Kimdir ushalmagan orzusini. Kimdir ko‘z yoshi to‘kib, alamdan chiqadi. Men ham ular qatoridaman. Farqi shundaki, men maqomni "asl nusxasi"ni ko‘rgandek, tinglagandek bo‘laman. Chunki uni Yunus Rajabiyning ijrosida eshitaman. Uyida qo‘liga sozni olib xonish qilganida faqat ko‘hna dunyoning obidalari, o‘lmas siymolari emas, hozirgi kunning tashvishli ko‘rinishlari ham ko‘z oldimdan o‘tadi. Hofiz esa ijrosida davom etadi. Kinoda, televidenieda ham shunday-ku, - Turob aka o‘z ixtirosidan, uni ilk bor tilga olayotganidan quvonib ketdi. - Qo‘shiq, musiqa kadr ortida ijro etilib, tinglovchiga zavq beraveradi. Kadrda esa tasavvurimizdagi tasvir namoyon bo‘ladi... Yunus Rajabiy aytgan so‘zlar, ijro etgan kuylar, hofizning jiddiy holatda ham hazil-mutoyibaga o‘rin topishi bular menga yuksak she'riyatni, unga mos kelgan ohanglarni, ayni bir paytda dono latifalarni, qadimdan qolgan hikoyatlarni eslatadi. Gapimda mubolag‘a yo‘q: bu mo‘'tabar xonadondan chiqqanimda, go‘yoki mavlono Navoiy dargohini tark etayotgandek bo‘laman. Stsenariy va filmda Yunus akaga o‘rin berilishi ham bejiz emas.

- Musiqaning ko‘z ilg‘amas shakllari muayyan tasvir, ijro, kadrlar kompozitsiyasida namoyon bo‘la boshlashidan voqif bo‘ldingizmi? Rejissura stsenariyni boyitdimi?

- Qadimda bastalangan, og‘izdan og‘izga o‘tib, bizgacha yetib kelgan musiqani yig‘loqi, faqat chuqur dardli, deb bilishadi. Shundaymikan? Sho‘x qo‘shiqlar, musiqa folklorining ajralmas qismi hisoblanmish laparlar-chi? "Shashmaqom" filmi stsenariysida lirik sadolarning tarannum etilishi hamda sevishganlarning visol onlari, shirin damlari, totuv hayoti lavhalarini ko‘rsatish batafsil yozilgandi. Rejissyor Toshxo‘ja Akromov navqiron yoshdagi, ko‘rkam ijrochilar yordamida shunday kadrlarni suratga oldi. Rejissyorning o‘zi maqomni sevar ekan. Boshqalardan, filmda ishtirok etadiganlardan bir savoliga javob olar ekan: maqomni tushunasanmi? Qadrlaysanmi? Nomzodlardan haligi savolga ijobiy javob olgandagina "Shashmaqom" suratga olish guruhiga qabul qilingan. Toshxo‘janing yana bir odati menga ma'qul bo‘ldi. Maqomni hamisha tinglab borar, uning mag‘zini chaqib, yaqinlariga tushuntirar, hattoki suratga olish daqiqalarida ham «Shashmaqom»dan parchalar eshitilib turishini ta'minlagan. Aktyorlarning shu tarzda holatga kirishi oson kechdi.

O‘sha kuni Turob aka film-lari suratga olinishida talaygina to‘siqlarni yengib o‘tishga majbur bo‘lganini tilga olmadi. Keyinroq uzoq safarda birga bo‘lganimizda "Shashmaqom" filmiga zamonaviy qo‘shiqlar va raqslarni kiriting, deb ko‘rsatma berilganini ham tilga oldi. Xuddi shu hol "Maftuningman" musiqali kinokomediyasi yaratilishida ham ro‘y berganini xunob bo‘lib aytib bergan edi.

Turob aka madaniyatimizni jahon tsivilizatsiyasi tarkibida ko‘rishni istar edi. Shu sababdan bo‘lsa kerak, asarlarni tahlil qilishda badiiylik mezonlarini baland ushlardi.

Muqimiy nomidagi teatrga pesa yozayotganimda Beshyog‘ochni, o‘sha yerdagi tomoshaxonaga boradiganlarni nazarda tutaman. Akademik teatr sahnasida qo‘yiladigan Shekspir, Shiller, Hamza, Aytmatov asarlarining qahramonlarini ro‘yirost gavdalantirgan ijod dargohiga, uning tomoshabiniga moslab yozaman. Lekin har ikki holda ham talab yuksak bo‘lishi zarur ekanligini yodda saqlayman. Faqat muayyan tomoshabinning talabini, ehtiyojini hisobga olish zarur.

Talab darajasida bo‘lish uchun Turob aka o‘z qobig‘ida o‘ralib qolmaslikni ko‘zda tutib, ijodiy ko‘riklar, do‘stona bahslar, uchrashuvlarda faol ishtirok etib, taassurotlarini darhol izhor etardi. Shu bois "O‘tkan kunlar" filmi ekran yuzini ko‘rishi bilan gazetada maqolalarini chop ettirgan, mashhur badiiy asarning ekrandagi umri ham uzoq bo‘lishini nimalar belgilab berishini nazariy mushohada etgan edi. Doimo izlanishda bo‘lish, jahon madaniyatining turli ko‘rinishlari bilan tanishib borish istagi Turob akani Moskvadagi "Kinochilar uyi"ga chorladi. U yerda birgalikda buyuk I.Bergmanning "Devichay istochnik" deb atalgan mashhur asarini ko‘rgan edik. Ko‘rikdan keyin Turob aka "Qarang, bu kino qaysi adabiyotdan qolishmaydi!" deya xitob qilgan edi. Hatto o‘zining navbatdagi pesasiga "Qizbuloq" ("Devichiy istochnik") deb nom bergan edi. Adib mumtoz asarlar bilan birga yoshlarning dastlabki asarlarini mutolaa qilishga ham vaqt topardi. So‘nggi uchrashuvlarimizdan birida qo‘limdagi qo‘lyozmani ko‘rib, "Yangi kitobmi, qachon ulgurdingiz?" deb "Kino va televidenie olamida" nomli kitobimizni olib qolgan edilar. Bir necha kundan keyin o‘sha kitobga so‘zboshi yozib berdilar... Asar mustaqillik yillarida chop etildi. Kitobni qo‘lyozma holida o‘qigan jamoat arbobi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Turob To‘laga uni minnatdorchilik so‘zlari bilan hadya etish nasib etmagan ekan.

Hamidulla Akbarov
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.