OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

"Vir va Zaara" - Men mahbus yetti yuz sakson oltinchi...

Yash Raj Films mahsuloti - 2004 http://www.yashrajfilms.com

Rejissor: Yash Chopra 
Senariy muallifi: Avitya Chopra 
Qo'shiqlar: Lata Mangishkar, Udit Narayan 

Aktyorlar: Shahrukh Khan (Bosh rol - Vir), Preity Zinta (Zaara - Virning sevgilisi), Rani Mukherjee (advokat Samia), Amitabh Bachchan (Virning bobosi), Hema Malini (Virning momosi), Kiron Kher (Zaaraning onasi) 

Janri: Romance, Musicals 
Vaqti: 3 soat 12 minut 
Prokatga chiqqan vaqti: 12 noyabr, 2004 

* * * * * * * * * * * *

"MEN MAHBUS YETTI YUZ SAKSON OLTINCHI" 

Baxtli damlarning sururi haqidagi tushdan so`ng Vir uyg`onib ketadi. To`rt tomon devor, qo`rong`ulik ichra Virning motamsaro basharasi gavdalanadi... 

Bugungi kun. Lahor. Pokiston. 

Pokistonlik ayol advokat Samia Hindistonlik 22 yildan beri qamoqda yotgan mahbusni ozod qilish uchun kirishadi va o`zining birinchi ishini shunga bag'ishlaydi. 

Qorong'i qamoqxona. Qamoqxona noziri mahbusning hech ham gapirmasligini advokatga uqtirsa-da, Samia o`z ishiga kirishadi. Zulmat ichra Virning dardini olishga harchand harakat qilmasin, u gapirmasdi. Birdan samolyot ovozi eshitildi. Samia: - Vir Pratap Singh, gapiring! Birdan 22 yil bir og`iz ham gapirmagan Vir gapira boshlaydi: 
— Mana shu samolyot osmonga parvoz qilyapti. Osmonga parvoz qilgan odamgina yuksakdan zaminni tomosha qilib hayot qadriga yetadi. Men ham shunday edim. Vertolot, samolyotda yuksaklarga parvoz qilardim. Shundagina, tomirimda oqayotgan qonni his qilardim. Men o'z ishimni sevardim... Lekin 3 kundan keyin hayotim shundayin o'zgarib ketishini bilmas edim... Hindiston havo kuchlari mayori Vir Pratap Singh hali hayotining bundayin ayanchli qismatlari borligini tasavvur qilmas edi. Bu paytda esa o`sha mening hayotimga sababchi bo`lgan qiz shirin uyquda yotardi. 

Pokiston. Lahor. Hayotxon xonadoni. 
Enaga Bibi o`lim to`shagida. O`limi oldidan Zaarani yo`qladi. 
— Zaara, qizginam. Mening asl yurtim Hindiston edi. Yoshligimda shu yerga bobong olib kelganlar. O`limim oldidan hokimni Vatanimda panoh topishini hohlayman. Shuning uchun sendan so`nggi o`tinchim - hokimni Hindistondagi ibodatxona yonidagi soyga oqizsang. 
Zaara, garchi erta-indin fotiha marosimi bo'lsa-da, otasi ruxsat bermasa-da, bu ishga qo'l urdi. 

Samia: Xo`sh keyin nima bo`ldi? 
Vir: Shu hayotimning eng unutilmas kuni edi... Jarlikka bir avtobus qulagan. Uni qutqarish uchun bordik. Avtobus ichida bir qiz ham qolib ketgandi. Uni vertolotda qutqarish uchun arqonda tushdim va ko`tarib, vertolotga olib chiqardim. U shundayin go`zal ediki... Men unga tikilardim. U esa yerga qarab olgancha hech nimani o`ylamasdi. Shamol uning sochlarini to'zg'itib, kozini yopib qo`yardi. Shu payt men uning sochini silab, ko`zini ochdim. Shu payt birinchi marta ko`zlarimiz to'qnashdi... U momosining vasiyatini bajarish uchun Pokistondan Hindistonga yo`l olgan ekan. Unga ibodatxonani topishga yordam berdim. Qaytish paytida u menga rahmat aytarkan, -Siz mening hayotimni saqlab qoldingiz, sizdan qarzdorman, uni qanday uzsam bo`larkin, dedi. Men keyin afsusu qilmaysizmi, dedim. U: - Men Pokistonlik, siz hindistonlik, orada yurtimiz sha'ni ketdi, roziman dedi. Men devona esa: "Hayotingizning bir kunini menga hadya qiling. Bu kunni umrbod eslab qolasiz, dedim. U nochor rozi bo`ldim. Men uni qishlog`imga olib bordim. Bobom va momom mehmonni judayam qadrlab, hurmat qilishdi. Lori bayramida birga ishtirok etdik. Ertasi kuni u bobom va momom bilan hayrlashib, ulardan duo oldi. Biz yo`lga tushdik... 

Samia: Siz uni sevib qolganmidingiz? 
Vir: Ha, buni yo`l bo`yi aytishga qaror qildim. Ko`prikdan o`tayotib, uning oyog`i qayrilib ketdi va oyog`idagi bir marjoni tushib qoldi. Uni men keyin beraman, deb olib qo`ydim. Uni haligacha yuragimda saqlayman... Poyezd stansiyasiga bordik... 
Birdan Zaara bir yigitni ko`rdi-da, boshqacha bo`lib ketdi va tanishtirdi: Bu mening qaylig`im Razo! Mening o`shandagi holatim judayam achinarli edi. -Shuncha gaplarni gapiribman-u, qaylig`im haqida aytmabman, dedi Zaara. Mening esa ichim to`lib bo'lgan edi. Razo biletga kirib ketgan mahal, Zaaraga dardimni to`kib soldim va dedim:"Nima bo'lganda ham chegara ortida Sizga jonini ham fido qilishga tayyor bir inson borligini unutmang!" . Razo chiqdi. Men ular bilan hayrlashgani keldim. Razo: Siz mening qaylig`imni qutqarib qolibsiz, men qarzdorman, buning uchun nimani istaysiz. Men: Zaarani doim baxtli ko`rishni istayman... 
Xayolimda hammasi tugagandek edi. Zaara men tomonga qarardi-da, lekin poyezdga oshiqardi...

IKKINCHI QISM

Qamoqxona noziri advokatga vaqti tugaganligini, 786-mahbus xonasini tezlikda tark etishi kerakligini aytdi. Samia chorasiz u yerni tark etarkan, ko'zlarida yosh edi. Qamoqxona noziriga esa ushbu so'zlarni aytdi:
— Bu ham Allohning bir bandasi. Nega uning raqami 786chi ekanligini bilasizmi? 786 - bismillohning belgisi! (PS. Kinodan keyin bismilloh kalimasini abjad hisobida hisoblab chiqdim, darhaqiqat - 786 ekan). Shu raqam mana shu mahbusga nisbatan ham Allohning mehr-muhabbati borligini ifodalayapti. Siz ham unga rag'bat ko'rsating!

Yomg'ir. U bilan qo'shilib barcha armonlar yuvilib ketsaydi, qani, lekin... Advokat Samia bu kun ham qalbida armon to'la yana mahbusxonaga keldi. Qo'lida pishiriq. Pishiriqlarni mahbus oldiga qo'yarkan, uni ko'rib, Vir qalbi yayrardi. Undan bittasini totib ko'rdi: "Oh, bu mening momom pishirgan pishiriqqa o'xsharkan, yana olsam bo'ladimi?..."

Samia: Nega sevgingiz afsonasi o'sha vokzaldayoq nihoyasiga yetmadi?
Vir: Ehhh, qalbimning yarmi boshqa davlatda qolib ketgandi-da...

Pokiston. Bir oydan beri dadasi qizi Zaara bilan gaplashmaydi. Bir yonda to'yga tayyorgarlik ketardi. Hayotxona Lahorning ko'zga ko'ringan siyosatchilaridan edi. Razoning dadasi bilan hamkorlik qilishi uning kelajakdagi ishlariga katta natijalar olib kelardi. Ularning to'ylari ham bejizga bo'layotgan emasdi. Bu siyosat va hayot olamida yangi natijalarga erishish uchun qilinayotgan harakat edi.

Sochini o'rab qo'yayotgan onasidan Zaara so'radi: 
— Onajon, siz uchun otam jonlarini fido qilishga tayyormilar?
— Qayoqdagi gaplarni gapirmagin qizim.
— Nima, sizningcha muhabbatlari jon fido qilishga tayyor emasmi?
— Qizginam, muhabbat bu kitoblarda bo'ladi, kinolarda bo'ladi, hayotda esa muhabbat yo'q! U oila barpo bo'lishi bilan tugaydi!
— Onajon, Razo men uchun jonini fido qilishga tayyormi?
— Nimalarni gapiryapsan, esing og'ib qoldimi?
— Lekin men bir insonni bilaman. U chegara ortida bo'lsa-da, men uchun jonini ham berishga tayyor!
— Nima deding, nimalarni gapiryapsan. Qani, nimalar qilib kelding, Hindistonda? E, hudo! O'zing insof bergin bu qizga!

Tez orada fotiha marosimi bo'ladi. Zaara o'zligidan ayrilgan edi. U uchun hamma narza Vir edi. Ko'ziga faqat Vir ko'rinardi. Oyanaga qarasa ham, fotiha uchun chiqsa ham Vir ko'z oldidan ketmas edi. Uni harchand quchmoqchi bo'lganda esa Vir yo'qolib qolardi. Dardini singlisiga to'kib soldi. Singlisi Hindistonga telefon qilib vaziyatni Virga tushuntirdi va opam Zaara aytiki, siz u uchun joningizni fido qilishga ham tayyor ekansiz.

Samia: Siz nima qildingiz. Ishingizni tashlab bo'lsa-da, 22 yillik umringizni hazon qilgan Pokistonga yo'l olaverdingizmi?
Vir: Qalbim meni sevgim oldiga borishga chorlar edi. Garchi ishdan kechib bo'lsa-da Lahorga yo'l oldim. Meni Zaaraning singlisi kutib oldi. Ertaga nikoh marosimi ekanligini, uni bir yo'lini topib, bu yerdan olib ketishini so'radi. Ertasi kuni pokistonlik kiyimida nikoh marosimiga bordim.

Yomg'ir yog'ardi. Osmon ham bizning dardimizdan to'yib-to'yib yig'lardi. Zaarani nikoh uchun domla qoshiga olib borishardi. Shu payt men keldim. Zaara ham meni ko'rdi... U o'zini unutdi. Ota-onasi, qaylig'iga qaramay, men tomon keldi-da, quchib oldi... Buni ko'pchilik ko'rdi. Otasi bunga chiday olmay kasal bo'lib qoldi. Razo esa hali ham maqsadidan qaytmagan edi.

Kechqurun, Zaaraning onasini meni yo'qlab keldi va: "Sizga Zaaraning baxti kerak bo'lsa, uni tinch qo'ying, otasi og'ir ahvolda yotibdilar.", - dedi. Men esa: "Men sizlarning fotihangizni olmasdan Zaarani o'z yurtimga olib ketolmayman", dedim. Onasi:
— Yurtingizdagi hamma yigitlar sizdekmi?
— Yigitlarni bilmadim-u, lekin hamma onalar sizdek, onajon!
Kechroq Zaara keldi. Men u bilan hayrlashdim. Bir kun kelib, albatta uchrashishimizni, u paytda u 9-10 bolaning onasi bo'lishligini, men uni velosipedimda sayr qildirishimni aytdim. U esa: - u paytda velosipedingga sig'mayman dedi....U qishlog'imizga yana bir marta borishga va'da berdi. Biz og'ir hayrlashdik.....

Lahordagi stansiyada meni Zaaraning onasi va singlisi kuzatib qolishdi. Onasi menga bir tumor berib, seni asraydi dedi. Avtobusga chiqdim. Ular ketishdi. Shu payt ikkita politsiyachi keldi-da, meni idoralariga eltishdi. Ular menga mana buni o'qib chiqb qo'l qo'y, bo'lmasa yomon bo'ladi, deyishdi.

Samia: Siz nima qildingiz? Unda nimalar yozilgan edi?
Vir: Unda mening ismim umuman boshqa, meni Hindiston josusi deya yozilgan edi. Nega endi deb turib oldim. Ular guvohimiz bor deyishdi. Ne ko' bilan ko'rayki, guvoh Razo bo'lib chiqdi. U menga qarata shunday dedi. - Sen mening baxtimni tortib olmoqchi bo'lding-a, sen Zaarani sevarding-a? Uning baxtli bo'lishini hohlarding-a? Agar hali ham shuni hohlasang, shu qog'ozga imzo chek va Zaara va uning oilasi haqida umuman so'z ochmayman deb va'da ber. Agar shunday qilsang, Zaara baxtli bo'ladi. Aks holda uning hayotini do'zaxga almashtiraman.
Men rozi bo'ldim. Aksiga olib men o'tirgan avtobus yo'da portlatildi. Portlatilgan avtobus yo'lovchisi sifatida mening nomim ham bor edi. Hindiston uchun endi men yo'q edim, meni o'lgan hisoblashardi. Pokiston uchun esa - men hamon yetti yuz sakson oltinchiman. Shu paytgacha hali hech kimga bu haqda og'iz ochmagandim.

Samia: Nega bo'lmasa menga gapirdingiz?
Vir: Siz meni inson sifatida o'z nomim bilan chaqirdingiz. Shu paytgacha meni bir mahbus sifatida qarashardi. Siz esa menga mehribonlik ko'rsatdingiz.

Sud kuni belgilandi. Qoralovchi tayinlandi. U Lahorning eng katta qoralovchisi, hali sudlarda biron marta yengilmagan Zohir Ahmad edi. 3 kundan keyinga sud belgilandi. Advokat Virni sud zaliga havo kuchlari mayori Vir Pratap Singh sifatida chiqishga ko'ndirdi. Vir esa sudda biron marta ham Zaara va Hayotxon nomlarini ta'kidlamaslikni advokatdan iltimos qildi.

Sud boshlandi. Avvaliga qoralovchi Zohir Ahmad o'z mulohazalarini bildirdi va guvohlarini keltirdi. Guvohlar esa Zohir Ahmad foydasiga gapirishar edi. Bundan Samia rosa cho'chidi. So'z Samiaga berildi:
— Avvalo Zoyirxonga bergan mulohazalari uchun tashakkur! Zohir Ahmad:
— Mening ismimni to'g'ri atalishini talab qilaman! 
— 22 yil o'z ismidan mosuvo bo'lgan bir hindistonlik mahbusni yana shuncha azob-uqubatga duchor qilishni uyat deb bilmaysiz-da, o'z ismingizning noto'g'ri aytilishini uyat bilasiz...
Samia o'z mulohazalarini bildira boshladi, lekin soxta guvohlarning ko'rsatmalari advokat gaplariga to'g'ri kelmasdi. 
Sud 1 haftaga qoldrildi.

Samia: Vir Pratapsingh! Keling bir marta Zaara xonadonidan biron guvoh keltiraylik, sud bizning foydamizga hal bo'ladi. Tushuning axir, bu mening birinchi ishim, bunda albatta g'alaba qozonish kerak. Nega tushunmaysiz? Odam ham shunaqa qaysar bo'ladimi? Yoki shu qorong'i xonalarda chirib ketishni hohlaysizmi?
Vir: Meni kechirasiz, singlim Samia! Bu bilan men nimaga erishaman. Agar meni ular bilib qolishsa nima bo'ladi? Zaaraning hayoti yana zulmatga aylanadi, tushunyapsizmi? Agar men Zaaraning baxtli bo'lishini hohlamaganimda 22 yil avval ham shunga rozi bo'lardim. Lekin bir mahbusni deb oilaning parokanda bo'lishi shartmi?
— Uzr, gaplarimdan hafa bo'lmang, ozgina mening insonligim advokatligimdan oshib ketdi. Agar sudda yutqazsak, mendan hafa bo'lmang.
— Yo'q aslo, lekin bir narsani sizdan so'rayman, bajara olasizmi?
— Nima ekan?
— Menga har kuni pishiriq olib kelasiz.
— Va'da beraman. Vir, men endi Hindistonga borib biror guvoh topib kelmasam bo'lmaydi.
— Mayli boring, mana bu tumor meni shuncha vaqt asradi. Endi sizni asrasin...

Samia Hindistonga Virning xonadoniga boradi. Uyoqda kop narsa o'zgarib ketgan edi. Virning bobosi va momosi allaqachon dunyodan o'tib ketgan edilar. Qo'shnilar hamma voqeani aytib berishdi. Devorda Virning xotira surati iliniq turar, tashqarida kimdir, nimadir tikish bilan band edi. Qo'shni ayol: "Zaara to'yi o'tgandan keyin Virning fojeasini eshitdi. Oilasidan kechib, bobo va mom huzuriga ko'chib keldi. Otasi esa siyosatdan yuz o'girdi va u ham vafot etdi. Onasi ham Pokistonda vafot topdi. Razo esa horijga chiqib ketdi. Uning oilasidan hech kim qolmadi. U momo va boboning ishlarini davom etiiryapti.
Samia tashqariga chiqadi va Vir bergan tumorni Zaaraga ko'rsatib haqiqatni bayon qiladi...

Sud majlisi kechikmoqda edi. Advokat hali kelmagan, katta sudya ham uni kutardi. Birdan Virning ko'ngli allaqanday hayajon bilan sud darvozasi tomon intildi. Darvoza ochildi: advokat Samia va Zaara! PS. Filmning kulminatsion joyi shu yer bo'lsa kerak. Shu yerda filmning asosiga aylangan soudtrack yayraydi: Tere Liye

...Sud Virning foydasiga hal qilinadi va u ozodlikka chiqariladi. (PS. Kinoteatrga kirgan hamma birdaniga qarsak chalib yuborishdi. Ba'zilar ko'zlariga yosh ham olishdi) Oxirgi so'z Virga beriladi. U esa cho'ntagidan bir qog'oz chiqarib quyidagilarni o'qiydi:

Men mahbus yetti yuz sakson oltinchi
Qamoq darchasidan ma'yus boqaman,
U yoqda bobom va ham momom
Vatanim tuprog'in sog'indim
.......................................
Satrlar qalbimdan quyilar,
Balki menga shunday tuyular...

...Men mahbus yetti yuz sakson oltinchi
Qamoq darchasidan ma'yus boqaman...

Advokat Samia ikki sevgili yorni chegara tomon kuzatib qo'yadi.

Virning birinchi qilgan ishi Vatani tuprogini o'pish va unga sajda qilish bo'ldi...

FILM TUGADI

Neki ko'rgan, eshitgan bo'lsa, ushbularni qog'ozga tushiruvchi
Davronbek Tojialiyev, 7.07.2005.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.