OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

A'zam shoirning o‘ktam ovozi

Iste’dodli shoir A’zam O’ktamdan muxlislariga “Kuzda kulgan chechaklar”, “Kuzatish”, “Ziyorat”, “Taraddud”, “Ikki dunyo saodati”, “Qirqinchi bahor” kabi she’riy to‘plamlari hamda “Xabar” qissasi meros bo‘lib qoldi.

A’zam O’ktamning adabiy shaxsiyati va qiyofasini, iste’dodining asosiy qirrasini she’riy asarlari belgilaydi. Uning she’rlari hikmatli, iztirobli, o‘yinli, hisli, tazodli, tashbehli, irsoli masalli, piching-kinoyali... Ijodkorning she’rlarida “o‘z” va “o‘zga”, “men” va “sen”, “birov” juftligi ko‘p ishlatiladi. Lirik “men”ni aksar hollarda ijodkor meni bilan to‘la-to‘kis yonma-yon qo‘yishda xatolik yo‘q. Ammo, “sen” hamda “birov”ning ko‘lami keng. “Birov” ortida yor, do‘st, dushman, shogird, ustoz kabi obrazlar va, hatto, “men” ham turadi.

A’zam O’ktam tabiatiga xos to‘g‘rilik, qat’iyat, askiya, hazilga moyillik, hozirjavoblik kabi xususiyatlar she’rlarida ham mujassamini topgan. Aslida, so‘zga e’tibor, so‘zida turish, so‘zini birovlar ixtiyoriga bermaslik shoirning yuksak madaniyatidan darak beradi. Ortiqcha gapirib qo‘yish – xatarli. Inson qalban hidoyat topgan bo‘lishi mumkin ammo o‘rinsiz gapirib qo‘yish yomon: “Tilim, qo‘rqinchlarim sendan, Xatarli senga erk bermoq”. (“O’tinch”).

Ijodkor poetik dunyosini dunyoqarashidan ajratib tasavvur qilib bo‘lmaydi. Sobitsiz dunyoqarash va e’tiqodsiz so‘z o‘tkinchi; nazariy nuqtai nazardan uning badiiy talqin mezonlarida nuqson bo‘ladi. Ulkan sinovlarga bardosh berib kelayotgan insoniyat tomonidan ijod etilgan dunyo adabiyotining durdona asarlari shunga guvohlik beradi. A’zam O’ktam iymon-e’tiqodli inson sifatida yuragini qog‘ozga to‘kar ekan, ijodi uchun adabiy mezonni, chegaralarni aniq belgilab oladi:

Bir kishi holidan, Olloh,
Saqlagil, bergil amon –
Uxlagay mo‘min bo‘lib ul,
Uyg‘onur kofir bo‘lib! ( “Har balo...” ).

Yoki:

Bas qil emdi, har so‘zingda
Bitta ta’na, iddao,
Chunki minnat aylamak ham
Bo‘lmas emish islomda. (“Tongda erkin...”).

Shoir hayotdagi a’moli va amaliga mos kelmaydigan gaplar bilan so‘zamollik qilishni xush ko‘rmaydi; so‘zni tejaydi, ortiqcha isrof etmaydi. Ayniqsa, “Qirqinchi bahor” to‘plamiga kirgan she’rlari qisqa, lo‘nda, kam so‘z bilan ko‘p ma’nolar anglatgan, anglatadigan she’rlardir. Shoir nazdida, “Yomg‘ir – bu pichirlab qilingan duo”. Adabiy-e’tiqodiy tafakkur iplari azaliy ildizlarga borib taqalgan A’zam O’ktam she’rlaridagi bunday badiiy san’atlar chin insonga xos tarzda jaranglaydi: “Ariqdan suv ichib turgan ul qushlar – Og‘iz chayqayotgan muslimga o‘xshar”. (“O’xshashlik”).

A’zam O’ktam she’rlarida mantiq kuchli, shiddat va o‘ktamlik, lirik qahramon ruhiyatida ulkan bir dard va alam bor. Shoir she’rlarida maqol yoki matallar, iboralar, xalqona frazeologik birliklar vositasida obraz yaratadi. Ba’zi o‘rinlarda: “Hayot menga do‘stmas, ha, yot”, “Olloh, panohingga ol-l, oh”, “Ko‘pirtirdi: ziyoli “ziyonli”ga aylandi” kabi so‘z o‘yinlari uchraydi. So‘zdagi birgina urg‘u, nuqta, ohang, bo‘linish yangi ma’nolarga olib kelishi tabiiy.

Ma’lumki, mumtoz badiiy san’atlardan biri qalb deb nomlanadi; unda so‘zlar o‘ng va teskari o‘qilganda ham ma’no beradi. Lug‘aviy jihatdan “ag‘darilish, o‘zgarish, aylanish” ma’nolarni anglatadigan bu badiiy san’atda so‘zdagi tovushlarning o‘rni almashadi.

Darada hayqirdim:
“Men ulug‘, ulug‘!”
Qaytarilar:
“G’ulu”.
“Fol och, – dedim, –
Kelajakdan fol”.
Eshitilar:
“Lof”.
Ingradim:
“Oh, oh, oh”.
Gumburlaydi:
“Ho, ho, ho”. (“O’yin”).

She’rdagi “ulug‘-g‘ulu”, “fol-lof”, “Oh, oh – ho, ho” so‘zlari fonetik

o‘zgarishga uchragan va har ikki holatda ham ma’no ifodalaydi.

She’riy misralardagi: “Oh urib, dod dedim ichim yongan dam”, “Qo‘zg‘aldim, tomirda tirildi isyon”, “O’v, kimlarni yig‘ding yoningga”, “Shartta yulib beray, qon yuragimni”, “Shart guvranib o‘rnimdan turdim”, kabi tuyg‘ular shoir tabiatidagi jahdni, shiddatli ruhiy holatni namoyon etadi. Sokin va xotirjam mahalida o‘sha holatlarni qo‘msaydi: «Qani, qayda qoldi kechagi jahdim?”

A’zam O’ktam o‘ziga xos she’riy uslubga ega shoir. Shu bois, uning she’rlari o‘zidan boshqa hech kimga o‘xshamaydi. Shuning uchun she’riy misralardan shoirning o‘ktam ovozi kelib turadi: jiddiy, salobatli, ijtimoiyatli, kutilmaganda favqulodda va tagdor. Ba’zan o‘yinga solingan va kinoyali, ammo ma’nodor:

Tilingizda o‘sha xush navo,
Qo‘lingizda o‘zim bilgan soz.
Tanimayroq turibman ammo,
Yangirganga o‘xshaysiz bir oz.
Iqbolingiz tag‘in ham kulsin,
Boshingizda so‘nmasin shu’la.
Aravangiz muborak bo‘lsin,
Qulluq bo‘lsin yangi ashula. (“ Tabrik”).

Shoirning “Taraddud” to‘plamida “Bir kun”, “Bir tun” degan zid sarlavhali hajmi katta ikkita she’r bor. A’zam O’ktam unda umr mazmuniga, qalbiga, tegrasiga, do‘stlariga, ustoz-shogirdlar, katta-kichiklar holiga, eng muhimi, o‘z-o‘ziga qayta-qayta nazar soladi.

Tong yaqin!
Uzun kun boshlanar shu zum,
Tong – bu qora tunga bo‘lur nihoya.
O’zingdan kerakdir o‘zingga hujum,
O’zingga kerakdir o‘zdan himoya.
“Bir kun” shunday yakun topadi.

“Bir tun”da o‘zlikka teran nazar bilan birga tazarru kayfiyati ustuvorlik qiladi:

...Vujudim sog‘lomdir, biroq dil mayib,
Qilt etgim kelmayur, turarman shunday:
Birov salom, desa, kundek jilmayib,
Xayr, degim kelar, xo‘mrayib tunday...

Ziddiyatilarga to‘la hayotni ravonlashtirish, ziddiyatlarga to‘la dunyoni

sokinlashtirish, halovatda turmush kechirish insonning o‘ziga bog‘liq.

A’zam O’ktamning adabiy-estetik borlig‘ini, she’riyatiga xos xususiyatlarni birgina shu she’ri vositasida ham tasavvur qilish qiyin emas. She’rda lirik qahramon ruhiyati, kayfiyatiga mos sog‘lom-mayib, salom-xayr, jilmayib-xo‘mrayib, muslim-kofir va boshqa tazodlar ko‘p qo‘llangan. “Malomat” (“Kulgali kuch behisobdur, Yig‘lamoq odat emas”); “Nasliga tortish” (“yuksaldi-ku pastkashlar”), “Kosa tagida nimkosa” (“issiq-sovuq, yoz-qish”) kabi she’rlari, umuman, shu badiiy san’at asosiga qurilgandir.

“Qirqinchi bahor” to‘plamida shoirning “Harakat” sarlavhali mansur she’ri bor: “Qarshilik. Qamoq. Qiynoq. Qasos. Qin. Qilich. Qalqon. Quyuladi qon qaynoq. Qattol, qattiq qatag‘on. O’lar. O’kirar. O’ylar.O’prilar. O’rtanar. O’nglanar. O’qir. O’ynar. O’sar. O’tar. O’rganar. Quvonch qahat. Qotadi. Qora qismat. Qayg‘u. Qon. Qadim qudrat qaytadi qachon, qachon, qachon? Olish. Otish. Obodlik. Og‘ir ojiz olamga. Omonligu ozodlik omonatdir odamga. Notiqlar nomard, noqis. Nechun nolish, nasihat? Najot – norozi nafas. Nafrat – nasiba, ne’mat”.

Bunda talato‘p zamonlarda inson hayotida duch kelishi mumkin bo‘lgan voqea-hodisalar, his-tuyg‘ular va tushunchalar jamlangan. Saj’, ohang, allateratsiya, takror uchun shoir maxsus so‘zlarni tanlaydi. Bunda bevosita sarlavha mohiyatini mazmunan ta’minlaydigan bir maromdagi harakat ham, ayni chog‘da, harakat sababchisi bo‘lgan o‘zaro ziddiyatlar silsilasi ham bor. Eng muhim qirrasi, bunday harakatdagi so‘z o‘yinidan, aniqrog‘i, so‘zlarning bosh harflari yig‘indisidan “Qo‘qon” so‘zi paydo bo‘ladi. Mansurada shu qadim shaharga xos xususiyat jamlangandek taassurot qoldiradi. Haqiqatan, agar bu tarixiy maskanning o‘tmishiga nazar tashlansa, qirg‘in-barotlar, qatag‘on zamonlarida ne-ne nomardlik va sotqinliklar bo‘lgani xayolga keladi. O’sha mash’um qatag‘on davri ostonasida turgan shoir Cho‘lpon bu o‘lkaga xitoban: “Ey go‘zal Farg‘ona, qonli ko‘ylakingdan aylanay, Tarqalib ketgan qora vahshiy sochingga bog‘lanay”, deb yozgan edi o‘tgan asrning yigirmanchi yillarida. A’zam O’ktam she’ridagi ruh shunday ijtimoiy pafosga ega. Erksevar Cho‘lpon qalbi, umuman, bu toifa shoirlar zanjirli muhitlarga sig‘masligi bois kishanlarga hurlikni qarshi qo‘yadi. Shunga monand A’zam O’ktam ham o‘tgan asrning saksoninchi yillar oxirlarida “Qizimga hasrat” she’rida: “Kishan bilakuzuk emasdir, tumor”, deb yozadi. Boshqa o‘rinda, yana shu obrazni qo‘llab ta’kidlaydiki: “Shayton qancha bermasin, pishang, Bo‘sag‘adan hatlatmas, axir, – Poyimdagi u kumush kishan, Bo‘ynimdagi bu tilla zanjir!” “Cho‘lpon” she’rida: “Kishan shaqirlashdan boshqani bilmas”, deydi.

Shu o‘rinda, Cho‘lponga ixlosli A’zam O’ktamning birorta adabiyotshunos tomonidan aytilmagan, faqat shoirlargina ilg‘ab oladigan bir mulohazasini eslab o‘tishni istar edim. Bir kuni uchrashib qolganida, Cho‘lpon she’rlarining yaxlit bir butunlikdan tarkib topgani yuzasidan so‘z ochib dediki: “Cho‘lponning istagan bir she’rini istalgan bir she’rining davomi yoki oralig‘iga joylashtirib o‘qish mumkin, undagi mantiq buzilmaydi”. Adashmasam, bu fikr o‘z isboti bilan radio to‘lqinlarida ham jarangladi.

A’zam O’ktam she’rlarida fikr va his-tuyg‘u o‘zaro uyg‘unlikda ijtimoiy-falsafiy ko‘lam hosil qiladi. Uning bitta she’rini tugal tushuntirish, talqin va tahlil qilish uchun istaysizmi-yo‘qmi deyarlik har bir so‘zi, misrasi borasida mulohaza yuritish lozim. Masalan, “Aldamang, ustoz!” degan ixcham bir she’rida yozadi: “Siz mendanki, Tortinmadingiz, Aniq – uyalmaysiz Tangridan, aslo”. To‘rt qatorga joylangan bu matn bor-yo‘g‘i yettita so‘zdan iborat. Ammo unda salmoqli bir fikr va tuyg‘u mujassam. Aldangan shogird qalbidagi alam hislari ifodalangan. Bundagi pafos nafosatdan ko‘ra haqoratga yaqin; bu quyushqondan chiqqan kishining alamdan chiqish uchun yozgan yetti dona so‘zi, ustozidan ko‘ngli qolgan bir kimsaning dardi bu. Buning qofiyasi yo‘q, vazni va ohangi ham o‘ziga yarasha. Ammo bunda amali so‘ziga muvofiq kelmaydi deya tasavvur qilinayotgan kimsaning g‘aroyib suvratiga ixcham bir chizgi ko‘rinadi.

Teran yozish uchun teran bir tasavvur va tafakkur lozim. Olimlardan biri aytadiki: “Loyqa, mujmal tasavvur qilingan narsalar, tusmollanib yoziladi”. A’zam O’ktamning azaliy, milliy qadriyatlar to‘g‘risida yozgan “Izoh shart emas” she’rida teranlik bor.

Ijodkor o‘z ma’naviy dunyosini, chinakam botiniy qiyofasini, toza borlig‘ini yozmasa, yolg‘on rebuslar to‘qishga, o‘zidan farishta yasash yo‘liga o‘tib oladi. Shoir she’rlarini o‘zidan, “men”idan ayirib talqin qilish mumkin emas. She’r har kimga turlicha ta’sir ko‘rsatadi, odam uni turlicha qabul qiladi. Bunday zavqni talqin qilishning ham o‘z gashti bor. She’rning tavallud ayyomini, kimga bag‘ishlangani, qachon, qanday sharoitda nima uchun yozilganini aniqlab, tarjimai hol yo‘sinda tahlil qilish ham adabiyotshunoslik tajribasida mavjud usullardan biri, albatta. Lekin A’zam O’ktamning o‘g‘il-qizlariga, ustozlari yoki yaqinlariga bag‘ishlab yozgan “Qizimga hasrat”, “To‘maris bilan suhbat”, “Maktub. Qodir Dehqonga”, “Nizomiddinni uyg‘otish” kabi she’rlarining adabiy-estetik ko‘lami keng.

A’zam O’ktam she’rlari, nasriy va publitsistik asarlari mohiyatiga oyat, hadis va hikmatlarni singdirib yozdi. “Haq so‘zni bitmakka sarflangan siyoh Jangda tomgan qondek qadrli bo‘lar!” Yana bir she’rida: “Bugun tongda negadir otam Qarab qo‘ydi norizo bo‘lib”, deydi. Otani norizo qilish ko‘ngilni besaranjom etadi. Bu o‘rinda, ota-onaning roziligiga oid hadis yodga tushadi. Darvoqe, A’zam O’ktamning “Ikki dunyo saodati” kitobi Rasululloh sallollohu alayhi vasallam aytgan qirq to‘rtta hadisning she’riy talqin va izohlaridan tarkib topgandir.

A’zam O’ktam “Xabar” nomli qissasida (“Sharq yulduzi” jurnali, 1995 yil 1-2 son) o‘tgan asrning birinchi choragidagi alg‘ov-dalg‘ovlarga, o‘zgarish va tahlikalarga to‘la davr voqealarini qalamga oladi. Sho‘ro idorasining kirib kelishi, nomigagina o‘tkazilgan saylovlar, boylar, bosmachilar va nihoyat, Akram kabi islom dini yo‘lida jon kuydirib, dinni bid’at-xurofotdan toza ko‘rish niyatidagi yigitlarning intilishlari – barcha-barcha qissada toza nazardan o‘tkaziladi. “Xabar” qissasida Akram, Tavfiqbek, Nuriddin qozi singari turli toifa kishilarining qiyofasini, ichki va tashqi olamini bir muncha teran tasavvur etish mumkin. Asarda tig‘izlik bor, voqea-hodisalar juda ixcham-muxtasar bayon etilgan. Qissaning yakunida Akram Tavfiqbekka xat yozib, el-yurt sho‘rolar qo‘liga o‘tgani xabari beriladi. Asarga sarlavha qilib olingan “Xabar”ning bir sababi shu. Ikkinchidan, ayni maktubda, Qur’oni karimning “Naba’” – “Xabar” surasining saj’li-go‘zal tarjimasi keladi. Sura mohiyati qissa mazmuniga qaysidir ma’noda bog‘liq.

A’zam O’ktamning «Ko‘zi bog‘liq qush», «Mazmuni ochilmagan...» she’r emas», «Shaytonni tanib oling, bolalar» kabi adabiy tahlil va taqrizlari, shuningdek, “Gapning indallosi”, “O’ynab gapirsang ham...”, singari ixcham publitsistik maqolalari ham o‘z vaqtida muxlislar e’tiborini tortgandi.

A’zam O’ktam bir she’rida: “O’lim demang, o‘lim o‘lsin! O’ynab-kulib yuzga to‘laman”, deb yozgan edi. Shoirni o‘lgan demang, azizlar, “o‘lim, o‘lsin!” A’zam O’ktam bu yil ellikka to‘ldi.

A’zam O’ktam “o‘ynab-kulib yuzga” ham to‘lajak!

Bahodir KARIMOV,
filologiya fanlari doktori
«Sharq yulduzi» jurnalining 2010-yil, 5-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.