Yoxud quvonch va qayg‘u, shodlik va g‘amning chegarasi bormi?
Onore de Balzak “Hayot — komediya” desa, Xeminguey “Hayot — tragediya, chunki oqibati ma’lum”, deydi. Demak, hayot tragokomediya, ya’ni quvonch va qayg‘u, qahqaha va hasrat, musibatu mamnunlik, mahzunligu maynavozchilikdan iborat ekan. Biroq hayot voqea-hodisalarga, urf-odatlarga kimning qanday munosabatda bo‘lishiga bog‘liq. Birov uchun fojeali narsa boshqa birovga kulgili bo‘lishi mumkin. Masalan, bizda ota-onani sensirab gapirish erish tuyuladi. Ayrim xalqlar uchun buning hech qanaqa fojeaviy jihati yo‘q ekan. Ba’zi elatlarda esa o‘z xotiniga sizlab murojaat qilgan odamning ustidan kulisharkan.
Demokratiya cho‘qqisiga chiqqan ba’zi G‘arb davlatlarida yigit-qizlarning ota-ona, jamoatchilik oldida yarim yalang‘och yurishi odatiy hol. Bizda esa behayolik, uyat va nomusdir. Adabiyotimiz g‘oyalari ham shunday — iboli. Shu bois Fitrat: “G‘arb adabiyoti Sharq adabiyoti oldida shlyapasini olib salom berib o‘tadi”, degan.
Endi bir voqeani olaylik: poraxo‘r amaldorlarga vositachilik qilib yuradigan bir kimsa yaqinda qo‘lga tushib qoldi. Uni sud qilishayotganda bechora jovdirab: “Menga bir burda tegadi, xolos. Qolganini kattalarga taqsimlaguncha ona sutim og‘zimga keladi. Menga ham oson tutmanglar-da”, degan edi, hamma kulib yubordi. Ko‘ryapsizmi, vositachi uchun sudlanish — tragediya, zaldagilar uchun komediya.
Kulgi va fojeaga munosabat davr va davlatlarga ham bog‘liq. Mustabid tuzum davridagi ba’zi qiliqlarimizni hozir birovga aytsangiz miriqib kuladi. Shulardan ayrimlarini yoshlarga ibrat uchun eslatib o‘tamiz. Biz, o‘sha davrning yoshlari Stalinni — otamiz, Leninni — bobomiz, derdik, go‘yo hammamiz o‘sha dahriy zotlardan tarqagandik. Sen asli kimning pushti kamaridan bo‘lgansan, deb hech kim so‘ramasdi. Brejnev degan podsho g‘alla haqida “noyob” bir gap aytdi: “G‘allang bo‘lsa, og‘zingdan qo‘shiq ham tushmaydi”. Donolar uchun kulgili, nodonlar uchun yangilik bo‘lgan bu shiorni fermadagi og‘ilxonalarga ham yopishtirib tashlashdi. Bir mahalliy rahbar shu shiorga bag‘ishlangan majlisda: “Non yesak qornimiz to‘yarkan, o‘rtoqlar”, degan edi, hamma qarsak chalib yubordi. Agar majlisda Suqrot bo‘lganda, shu zotning qulog‘i tagiga bir tarsaki solib: “Qorning to‘q — g‘aming yo‘q”, deb qo‘ya qolardi. Chunki donning rizqi ro‘z ekanligini yosh bola ham bilardi. Bizning adabiyot o‘qituvchimiz Brejnevdan aqlliroq edi: “Och qoringa Betxovenning muzikasi yoqmaydi”, derdi. Davr ekan-da, nima deysiz? Namoz o‘qigan, otasining janozasida qatnashgan kishilar lavozimidan bo‘shatilardi. Minglab masjid va madrasalar, Islom universiteti va ma’hadlar emin-erkin faoliyat yuritayotgan bugungi ozod yurtimizning yosh fuqarolari uchun bu gaplar kulgili tuyuladi. Biroq zug‘um va zulmga asoslangan imonsiz sho‘roviy tuzumdan har “hunar”ni kutish mumkin edi. O‘sha paytlarda iste’dodli bir ijodkorni mukofotga tavsiya qilishgan ekan. “Iste’dod” degan atamaga mutlaqo aloqasi yo‘q bir so‘ltamat mukofotni ilib ketibdi, chunki “uzatvorgan” ekan. Iste’dodsizlar uchun — bayram, iste’dodlilar uchun motam, bu hodisa. Unvonlaru amallar, ordenlaru medallar sotiladigan o‘sha mustabid tuzumdan qutulganimizga shukur qilishimiz kerak.
Vatanparvar ikki toifa bo‘ladi: zohiriy va botiniylar. Zohiriylar “vatan, vatan” deb ko‘ksiga uradi-yu, aslida ko‘ksi bo‘m-bo‘sh bo‘ladi, “Vatanni sevmoq iymondandir” degan hadisning tub mohiyatini tushunmaydi, maddohlik bilan kun ko‘radi, fe’l-atvori parraksimon bo‘lib, shamolning esishiga qarab o‘zgarib turadi. Riyokor va munofiqlar ko‘proq shu toifadan chiqadi. Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Men kofirlardan qo‘rqmayman, o‘zimizdan chiqadigan munofiqlardan xavotirdaman”, deganlarida, ehtimol shunaqa kimsalarni nazarda tutgan bo‘lsalar kerak. Mustabid tuzum hukmronligida aksar ana shunaqa maddohlar va tuturuqsizlar mukofotlanardi. Botiniylar Vatanni qalbdan sevishadi, iymonlari butun bo‘ladi, Vatanning sha’nini bulg‘aydigan illatlar, taraqqiyotga tushov bo‘ladigan qabohatlarga qarshi kurashib, Yurtboshimiz Islom Karimov aytganlaridek, yonib-kuyib yashaydilar. Ular mukofotdan ko‘ra ko‘proq millatni, mamlakatni o‘ylaydilar.
Ota-ona nomining o‘zagida turli millat bo‘lishiga qaramay ohangdoshlik bor: biz onajonlarimizni “momo” desak, ruslar “mama”, inglizlar “maze(r)”, nemislar “mater” deydi, biz “ota” desak, ruslar “otets” , ko‘plab turkiy xalqlar “ato” deydi. Bu — barchamiz Odam Ato va Momo Havodan tarqalganimizga ishora emasmi? Hammamiz Allohning bandasi, bir ota-onadan tarqagan qon-qardosh ekanmiz, ma’rifiy targ‘ibotimizda insoniylik tarixiga chuqurroq kirib borishimizga to‘g‘ri keladi, aks holda ma’ruzamiz quruq, bilimimiz sayozligi bilinib qoladi.
Shu bois ham hurmatli Prezidentimizning “Milliy g‘oya targ‘iboti va ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish to‘g‘risida”gi qarorida “... targ‘ibot ishlarini milliy va umumbashariy qadriyatlar uyg‘unligi asosida tashkil etish” vazifasi qo‘yildi.
Alloh bandasi uchun Vatan qilib bergan, Odam Atodan meros bo‘lib qolgan tabarruk tuprog‘imizda “terrorist” degan mahluq paydo bo‘ldi va kurrai zaminni bulg‘ab tashladi. Beslandagi maktab o‘quvchilarini otgan terrorchilarni rosssiyalik madaniyat arboblaridan biri: “Bular o‘zga sayyoradan kelgan yovuz mahluqlar bo‘lsa kerak. Chunki har qanday bandit bolalarni otmaydi”, dedi. O‘tmishdagi faylasuflar orasida “Odam maxluqmi yo xoliqmi?” degan masala ustida ko‘p tortishuvlar bo‘lib turgan. Aftidan odam dastlab mahluq, so‘ng odam, inson, shaxs bo‘lgan. Odam bor, inson bor, shaxs bor — bular orasida farq bor. Ayrim kimsalarning fitratida mahluqlik xususiyati vaqti-vaqti bilan xuruj qilib tursa kerak. Ko‘rkam shaharu qishloqlar, mashinayu metrolar, maktabu madrasalar, hatto Allohning uyi hisoblangan masjidlarda portlashlar sodir etayotgan, o‘z birodarlarining joniga qasd qilayotgan, qurbon bo‘lgan o‘z vatandoshlari ustidan kulayotgan bu diyonatsizlarni kim deb atash mumkin? “Kimda kim qasddan bir mo‘minni o‘ldirsa, uning jazosi jahannamda abadiy qolishdir. Yana unga Alloh g‘azab qilgay, la’natlagay va ulkan azobni tayyorlab qo‘ygan” (Qur’oni karim. Niso surasi, 93-oyat).
Butun vujudi bilan Yaratganga singib ketgan Mansur Xallojning “Analhaq” (Men — Haq), ya’ni “Xoliqman” degan falsafasini ulamolar e’tirof qilishgan. Darhaqiqat, Alloh o‘zining barcha go‘zal sifatlarini insonda zuhur etdi. U bizni yaratdi va biz unga qaytamiz, hisob beramiz. Shunday ekan, bizning zimmamizda adashganlarni shaytoniy va hayvoniy harakatlardan qaytarib, rahmoniy yo‘lga burib, tarbiyalamoq vazifasi turibdi.
Mirzo Bobur: “Bu olamda o‘zumni chun yaxshi-yomondin o‘tkardim”, deganidek, yaxshi va yomonlarga to‘la bu bevafo, besaranjom dunyoda rohatu ranj, muhabbatu makkorlik, sadoqatu xiyonat, farog‘atu fojealar, shodligu g‘amlar aro kun kechirish qismatimizda bor ekan, biz uchun eng muhimi, arosatda adashib, dovdirab qolmaslik, o‘zimizni anglab, imonimizga putur yetkazmaslik, kelgusi avlodlar oldida kulgi bo‘lib, xijolat tortmaslikdir.
Balzak va Xemingueydan yuz chandon oshirib aytilgan, qudsiy bir hadis bor. Unda: “Quvonchli kunlaringga ko‘p quvonma, ortida tashvish bordir. Qayg‘uli kunlaringdan ko‘p qayg‘urma, ortida shodlik bordir”, deb hayotning qonuniyligi, uning issiq-sovug‘iga sabrli bo‘lish uqtiriladi. Biz hamisha sabr-toqat va orzu-umid bilan yashashga o‘rgangan, ma’naviyati boy va pokiza xalqmiz. Bunday xalqning shuurida tafakkur nuri bo‘ladi. Bu nur o‘zining ham, boshqalarning ham qalbini charog‘on qilib, ezgulikka chorlab turadi. Zero, bizni yangi — “Ijtimoiy himoya yili”da ham nurli manzillar kutib turibdi.
Abdug‘ani ABDUVALIYEV
"Hurriyat" gazetasidan olindi (2007).